Xalq og‘zaki ijodi bemisl boyligimiz
Download 17.28 Kb.
|
Xalq og‘zaki ijodi — bemisl boyligimiz
Xalq og‘zaki ijodi — bemisl boyligimiz Xalqimiz ma’naviy va milliy qadriyatlarga nihoyatda boy. Birgina nikoh to‘yidan keyingi marosim hisoblangan kelin salomning o‘zi har bir hududda o‘ziga xos tarzda o‘tkaziladi. Aslida kelin salom ham xalq og‘zaki ijodining yorqin bir ko‘rinishidir. Biz ertaklar, laparlar, aytishuvlar, topishmoqlar, allalar va maqollarni eshitib ulg‘ayganmiz. Xalqimizning xayoliy dunyosi, yuksak tafakkuri mahsuli bo‘lgan bu yanglig‘ xalq og‘zaki ijodi namunalarini tinglab tafakkur olamimiz kengayib, oqni qoradan, yaxshini yomondan farqlay oldik. Insonni ma’naviy yuksaklik sari etaklovchi bu boy madaniy merosimiz asrlar osha o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmay, yillar o‘tgan sari sayqal topib bormoqda. Agar alla misolida so‘z yuritadigan bo‘lsak, unda onaning farzandiga bo‘lgan cheksiz mehri, jigarbandiga atalgan go‘zal to‘yg‘ulari, xush tilaklari mujassam. Alla – hayotbaxsh, huzurbaxsh, barcha yaxshiligu, ezguliklarning debochasi, boshlanish ohangidir. Bil’aks, uning o‘zi yurakning nozik torlaridan yaralib, dunyolarga jon baxsh etadi. Ona alla aytar ekan, farzandining kelajakda baxtli, saodatli va shu bilan bir qatorda, sog‘lom, qo‘rqmas, shijoatli, botir bo‘lib ulg‘ayishini istaydi. Qo‘li arslon bilakligim, Botir, qoplon yurakligim, Yaxshi - yomon kunimda, Menga juda kerakligim Alla, bolam alla-yo, Jonim, bolam alla-yo. Alla tinglagan bola mehrni o‘z tanasiga, shuuriga singdiradi. Bu go‘zal ohang insonda, uning ong qatlamlarida bir umr nurli qo‘shiq bo‘lib saqlanib qoladi va farzandlar qalbiga mehr-oqibat, samimiylik, rahmdillik, yurtparvarlik, jasurlik kabi ijobiy xislatlarni jo qiladi. Alla nafaqat onaning bolaga mehri, balki bolaning onaga mehr-oqibatini ham ma’nan ta’minlaydi. Shu bois bu qo‘shiqning umri boqiydir. U qaysi tilda yangramasin, dillarni titratadi, qalblarga faqatgina ezgulik urug‘ini sepadi. Xalq og‘zaki ijodining boshqa bir qator janrlari ham borki, ularga biz hayotimiz davomida ko‘p bora duch kelamiz. Masalan bobo-buvilarimiz, ajdodlarimizning ko‘rgan-kechirganlari asosida dunyoga kelgan ertaklardir. Bolajonlarimiz uchun nihoyatda qiziqarli va maroqli bo‘lgan ertaklarning ham turli yo‘nalishlari mavjud. Jumladan, afsonaviy, sehrli ertaklar, sarguzasht ertaklar, hayotiy-maishiy ertaklar, hayvonlar haqidagi ertaklar, xalq qahramonlari hayoti tasvirlangan ertaklar... Folkloristik termin sifatida ertak, ayrim hududlarda esa matal deb nomlanuvchi, bolaligimizning beg‘ubor onlarida doimo bizga yo‘ldosh bo‘lgan “Zumrad va Qimmat”, “Kenjabotir”, ”Yoriltosh”, “Uch og‘ayni botirlar”, “Ur to‘qmoq”, “Chol bilan kampir”, “Ochil dasturxon”, “Ilon pari”, “Podachining qizi” kabi ertaklarni bir yodga olaylik. Xalq og‘zaki ijodiyotining eng qadimiy, ommaviy va keng tarqalgan janrlaridan bo‘lgan bu ertaklarni qayta-qayta tinglaganimiz, undagi yaxshilig-u yomonlik, ezgulig-u yovuzlikdan ta’sirlanib, buvilarimizdan eshitgan matallarimiz qahramonlariga o‘xshashga intilganlarimiz hali-hanuz yodimizda. Ta’kidlash o‘rinliki, bolalik xotiralarimizning qat-qatidan joy olgan o‘zbek xalq ertaklari xalqimizning o‘tmish hayoti, ijtimoiy munosabatlari, urf-odatlari, siyosiy va axloqiy tushunchalarini yaqqol namoyish qila olishi bilan ahamiyatlidir. Ertaklarni xalqimizning badiiy tarixi, jonli san’ati deyish mumkin. Ular uzoq o‘tmishning belgilarini saqlagan holda, insonlarning bugungi hayoti bilan hamohang tarzda o‘z qadr-qimmatini asrlar osha yo‘qotmaydi, desak xato bo‘lmaydi. Xalq og‘zaki ijodining yana bir qirrasi bu latifa va loflardir. Kichik hajmdagi nasriy asarlar ichida latifalar va loflar insonlarga bir lahzalik kulgu ulashishi, zavq bag‘ishlashi bilan ahamiyatlidir. Azaldan latifa aytuvchilar va lofchilar alohida iste’dodga ega, hayotiy tajribasi katta insonlar bo‘lgan. Aytilayotgan latifada so‘zlarga alohida urg‘u berish, qochiriq va kosa tagida nimkosa borligiga sha’ma qilish ular foydalanadigan usullardir. Hozirda Farg‘ona viloyatida xalq og‘zaki ijodining bu janridan foydalanishning o‘ziga xos maktabi yaratilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Endi keksalarimiz tomonidan aytiladigan ayrim duolar haqida to‘xtalsak. Biror safarga otlanayotganimizda kattalar “Oy borib, omon kel”, “Yo‘ling bexatar bo‘lsin”, “Olloh panohida asrasin”, deya duo qilishadi. Yoxud biror xayrli yumushni bajarganimizda “Boshing omon bo‘lsin”, “Olganing oltin bo‘lsin”, “Xonadoning farzandga to‘lsin”, deya duoga qo‘l ochishadi. Albatta, ushbu ezgulikka yo‘g‘rilgan tilaklar insonga ruhiy quvvat va o‘ziga ishonch tuyg‘ularini uyg‘otadi. Demak, xalq og‘zaki ijodining har bir qirrasida hayotiy haqiqat, xalqimizning orzu-istak va kechinmalari mujassamdir. Yana bir haqiqat shundaki, biz hali xalq ijodiyotining barcha jihatlarini o‘rganib ulgurganimiz yo‘q. Uning hali bizga notanish qirralari bisyor. Hayot davom etar ekan, xalq og‘zaki ijodi ham mazmun-mohiyatini boyitib, o‘z tarbiyaviy ahamiyati jihatidan qadr topib boraveradi. Download 17.28 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling