Maktabga ishga kirish uchun ariza onlayn beriladi
2022 yil 1 sentabrga qadar fan o‘qituvchisi va maktab direktori lavozimlari uchun tanlovda ishtirok etishga onlayn ariza topshirish va nomzod haqida ma’lumotlarni joylashtirish imkonini beradigan maxsus elektron portal yaratiladi.
Maxsus elektron portalda amaldagi hamda istiqbolda kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj, shuningdek, vakant lavozimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va fanlar kesimida joylashtirish orqali milliy kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.
Qisman akademik erkinlik
Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda o‘quv jarayoniga xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarini joriy qilish, shu jumladan, davlat ta’lim standartlari doirasida o‘quv dasturlariga o‘zgartirish kiritish hamda darsliklarni tanlashga (ona tili, adabiyot, tarix, tarbiya va huquq fanlaridan tashqari) ruxsat etildi.
Bir oy muddatda davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quv jarayoniga xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarini joriy qilish tartibi XTV tomonidan tasdiqlanadi. Ikki oy muddatda xalqaro tan olingan ta’lim dasturlari ro‘yxati shakllantirilib, XTV rasmiy saytiga joylanadi.
Vazirlik o‘quv jarayoniga xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarini joriy qilishga ko‘maklashadi, shu jumladan, ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy tashkilotlar bilan muzokaralar olib borib, dasturlarni sotib olish va amaliyotga tatbiq etish uchun zarur mablag‘larni ajratadi.
Xalq ta’limi vazirligidan tashqari boshqa vazirlik va idoralarga umumiy o‘rta ta’limning o‘quv-rejalari va dasturlariga o‘zgartirish kiritish va maktablarda yangi fan joriy qilishni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbus bilan chiqish taqiqlandi.
Vazirlar Mahkamasiga vazirlik va idoralar tomonidan mazkur bandda nazarda tutilgan taqiqqa amal qilinishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.
Qisman moliyaviy erkinlik
2022 yil 1 sentabrdan boshlab:
xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlar rahbarlariga budjetdan tashqari mablag‘larini mustaqil tasarruf etish huquqi beriladi;
2025 yil 1 yanvarga qadar xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi;
qo‘shimcha xizmat ko‘rsatishdan tushgan budjetdan tashqari mablag‘larni yashirgan, shuningdek, xodimlarga norasmiy ish haqi to‘lagan xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning rahbarlari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan pedagoglarni qo‘shimcha rag‘batlantirish va malakali xodimlar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi tashkil etiladi.
2022 yilda jamg‘armaga davlat budjetidan 300 milliard so‘m ajratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |