Xalqaro innovatsion universitet pedagogika fanlari kafedrasi


Muhammad Sodiq Qoshg‘ariyning «Odob as- solihin» asari


Download 0.76 Mb.
bet32/35
Sana23.11.2023
Hajmi0.76 Mb.
#1796001
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   35
Bog'liq
Boshlang\'ich va uzluksiz ta\'lim pedagogikasi MAJMUA

Muhammad Sodiq Qoshg‘ariyning «Odob as- solihin» asari
Muhammad Sodiq Qoshg‘ariy haqida bizgacha juda oz ma’lumot yetib kelgan. Lekin hozirgi paytda bizga ma’lum bo‘lgan «Odob as-solihin» asarining o‘ziyoq bizga uni mashhur pedagog olim sifatida tanitadi.
Muhammad Sodiq Qoshg‘ariy 1740-yilda Qoshg‘arda kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan va 1843-yilda u shu yerda vafot etgan. Biz olimning qay darajada tarbiyashunos ekanligini u tomonidan yaratilgan asarlarning mazmunidan bilamiz. Bizgacha uning «Odob as-solihin» («Yaxshi kishilar odobi»), «Zubdat al-masoyil» («Masalalarning qaymog‘i»), «Dur al-muzoxin> («Ko‘makdoshlarning durdonasi») hamda «Tazkirai xojagon» («Xojalar tazkirasi») nomli asarlari yetib kelgan.
O‘zida shaxs va uning tarbiyasini yo‘lga qo‘yish masalalarini aks ettiruvchi asarlarni yaratish an’anasi mavjud bo‘lgan davrda Muhammad Sodiq Q‘oshg‘ariy tomonidan turkiy tilda «Odob as-solihin» («Yaxshi kishilar odobi»), «Zubdat as- masoyil» («Masalalarning qaymog‘i») nomli asarlar yaratildi. «Odob as-solihin» asari 5 marta, 1889 hamda 1901-yillarda Toshkent shahrida va 1891, 1892 hamda 1986-yillarda Istambul shahrida qayta nashr etilgan.
Mazkur asarning nomi va mazmunidan ham anglanib turganidek, unda ilgari surilgan g‘oyalar insonning hayoti davomida zarur ahamiyat kasb etuvchi xulq- odob qoidalari xususida kishilar, shu jumladan, yoshlarga muayyan darajada ma’lumotlar berishga xizmat qiladi. «Odob as-solihin» asarida ijtimoiy hayot hamda kundalik turmushda har bir inson tomonidan qat’iy amal qilinishi zarur bo‘lgan zohiriy (tashqi) va botiniy (ichki) odob va axloq qoidalari, ularning ijtimoiy ahamiyati, yoshlar tarbiyasini yo‘lga qo‘yishdagi o‘rni va roli borasida batafsil so‘z yuritiladi.
Muhammad Sodiq Qoshg‘ariyning «Odob as-solihin» asari muallifning o‘zi ta’kidlaganidek, muqaddima va 7 bobdan hamda har bir bob 4 fasldan iborat.
Muqaddimada asarning maqsadi ifoda etiladi, ya’ni insonga yaxshi xulq egallash zarurligi ta’kidlanadi va u odob qoidalarini egallab olmasa, nafaqat o‘ziga, balki butun dunyoga yomonlik tarqatadi, deydi. Asarning yozilishidan ko‘zda tutilgan maqsad borasida so‘z yuritilar ekan, insonning ijobiy xulq-atvorga ega bo‘lishini taqozo etuvchi ijtimoiy zaruriyat mohiyati batafsil ochib beriladi. Asarda ilgari surilgan asosiy g‘oya - insonlarning ijobiy xulq-atvorga ega bo‘lishlari jamiyatda ruhiy xotirjamlik va moddiy farovonlikni qaror toptiruvchi asosiy omil ekanligini asoslashdan iboratdir. Alloma mazkur g‘oya mohiyatini sharhlar ekan, inson odob-axloq qoidalarini egallay olmasa hamda ijobiy xulq-atvori bilan muaddab (odobli) va muzazzab (toza) bo‘lmasa, nafaqat o‘zi, balki butun dunyoga yomonlik tarqatadi degan qarashni ilgari suradi.
Birinchi bob salomlashish, ko‘rishish, qo‘l olishish hamda ruxsat so‘rash qoidalari to‘g‘risida ma’lumotlar berishga yo‘naltirilgan bo‘lib, mazkur bob to‘rt fasldan tashkil topgan.
Ma’lumki, Sharq xalqlarida biror kimsa birorta uyga kirganda u yerga ruxsatsiz kirib boravermay, ma’lum urf-odat qoidalariga rioya qiladi. Ana shu qoidalarning eng muhimlari deb, Muhammad Sodiq Qoshg‘ariy har bir odam kelganligini bildirish (eshikni qoqish yoki yo‘talish), ovoz berilgandan so‘ng kirishga ruxsat so‘rash va so‘ng kirish kerakligi bayon etiladi.
Ikkinchi faslda esa salomlashish odobining o‘n ikki qoidasi borasida fikr yuritiladi. Shunda savol berish va javob masalasida hozirgi paytda ham yuz berayotgan munozarali fikrlarga nuqta qo‘yilgan. Muallifning fikriga ko‘ra, adabi avval-ikki mo‘min kishi kelsalar, xoh oshno va nooshno, salom berisgaydirki, salom bermak sunnatdir, javob fayz ayndur, deydi.
Ikkinchi bobda uxlamoq, kiyim kiyish, yo‘l yurish odoblari haqida fikr yuritiladi. Masalan, uxlash oldidan eshiklarni mahkamlab yopish, idishlarning og‘zini berkitish, o‘rnidagi ko‘rpa-to‘shaklarni bir bora qoqib yozish, o‘choqdagi olovni hamda chiroqni o‘chirish, uxlaydigan o‘rnini yumshoq qilmaslik, o‘ng qo‘lga bir oz suyanib yotish tavsiya etiladiki, ushbu qoidalarning ahamiyati ularga rioya qilmaslik natijasida ro‘y bergan noxush voqealar misolida ochib beriladi.
Libos kiyish qoidalari ham xulq-odob qoidalarning tarkibiy qismi sanaladi. Bunda eng muhimlaridan kishi imkon darajasida kiyinishi lozimligi, qulayligi va yoshi, jinsiga, joyiga, fasliga mos bo‘lishi, uni toza tutish, yaxshi libos kiyganda manmanlik qilmaslik, kiymaydigan ortiqcha liboslaridan muhtojlarga in’om qilish kabi tavsiyalar hozirgi davrda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Uchinchi bobda suhbatlashish odobi bayon etiladiki, bu odob qoidalariga inson har bir daqiqada rioya etshi zarur.
Suhbatning yaxshi niyatlarga boy hamda beg‘araz bo‘lishi muhim sanaladi. Muayyan mavzularda tashkil etilayotgan suhbat (bahs-munozara)ga tanning tozaligiga erishgan, shuningdek, og‘iz va tishlarni tozalagan holda pokiza libos bilan tashrif buyurish, suhbat ahlining bir-birlariga hurmat va iltifot ko‘rsatishlariga erishish, ulug‘larga e’tiborini qaratish, o‘tirish qoidalariga rioya etish, ahli suhbat kirganda va chiqqanda o‘rindan turish va ulug‘larni yuqoriga o‘tkazish, beadab so‘zlar, yomon xatti-harakatlar hamda noo‘rin jimlikdan saqlanish, barchaga yaxshi muomalada bo‘lish, ularni izzat qilish, aksa kelsa og‘zini to‘sib, past ovozda, yengil aksa urish, suhbat ahliga ish buyurmaslik, ularga beminnat xizmat ko‘rsatish, do‘st va notanishlarga bir xil ochiq chehra, go‘zal xulq va odob bilan muomalada bo‘lish, aka-ukalar, opa-singillarning xatosini kechirish hamda ularning aybini yuzlariga solmaslik, agar joiz bo‘lsa, ularga boshqalarning e’tiboridan chetda nasihat qilish, suhbat jarayonida ishtirok etayotgan biror kishining yomon qilig‘i yoki qabih fe’liga baho bermaslik, zaruriyat yuzaga kelgan holda uni suhbatdan chetlatish chora-tadbirini ko‘rish va hokazo kabi odob-axloq qoidalariga rioya etish har bir kishining insoniy burchi ekanligini ta’kidlab o‘tadi.
Mazkur o‘rinda quyidagi fikrlar ilgari suriladi: uylanadigan yigit nikohdan oldin o‘zi uylanmoqchi bo‘lgan qizni ko‘rmog‘i, uylanadigan qizning bokira bo‘lishi, shuningdek, to‘rt narsa: umrda, qomatda, molda va nasabda erdan past va uch narsa: husnu jamolda, xulq (odob)da hamda iffatda erdan yuqori bo‘lishi zarurligi muallif tomonidan alohida ta’kidlanadi. Bu fikr turmushda tinch-totuv oila qurish masalalarida isbotlangandir.
Muhammad Sodiq Qoshg‘ariy «Odob as-solihin» asarida, kasal holini so‘rash, ta’ziya va musibat odoblari haqida ham fikr yuritadi. Bu narsalarni har bir kishining bilishi muhimdir.
Bemor holini so‘rash qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, yoru birodar, shuningdek, do‘st uchun farz ekanligi, bemorning millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, uning yoniga ochiq yuz bilan kirish, unga ko‘ngilni ko‘taruvchi so‘zlar bilan murojaat qilish, bemor oldiga bashang kiyinib yoki kir libosda bormaslik, bemor yotgan xonaga kulib kirib, uning bosh tomoniga yaqin o‘tirish, ko‘p so‘zlanishib bemorni to‘liqtirib qo‘ymaslik, qo‘lni peshonasiga qo‘yib hol so‘rash, bemorni kun yoki kunora kelib to‘liqtirib qo‘ymaslik, bemorning ko‘ngli tilaydigan narsalarni so‘rab-surishtirib, ularni topib kelish, ammo bemorning muolajasida uni harom narsalardan saqlash, bemor oldida ko‘p o‘tirmaslik, agar bemor oldida uzoq vaqt qolish zaruriyati yuzaga kelsa, uning ko‘ngliga yoqadigan, xush keladigan so‘zlar yoki hikoyatlardan so‘zlab o‘tirish maqsadga muvofiq ekanligiga alohida urg‘u beradi.
Asarda musibat odoblari haqida bayon etiladiki, bularni bilish ayniqsa yoshlarga zarurdir.
Biron mo‘minning vafoti haqidagi xabarni eshitilganda ahli musibatga ta’ziya ado etiladi. Bu dafndan oldin yoki keyin ham bo‘lishi mumkin. Ta’ziya bildirish uch kungacha joiz, undan so‘ng makruh deyiladi. Tobutni olib chiqib ketayotganlar sukut saqlashlari lozimligi, ayollar tobut ko‘targan erkaklarga hamroh bo‘lib, eshikka chiqmasliklari, boshiga musibat tushgan kishilar yig‘ilganlarida ovozni baland qilib, fig‘on chekmasliklari, mayit dafn etilgach, har kim o‘z ishiga ketishi, bir yerda yig‘ilib o‘tirmasliklari kerakligi, yig‘ilish uyushtirish uchun turli tadbirlarni izlab topish va ularni o‘tkazish bid’at ekanligi, biroq qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, yoru do‘stlarning turli taomlarni tayyorlab, boshiga musibat tushgan kishilarning xonadonlariga yuborish odamgarchilikning muhim ko‘rinishlaridan biri ekanligi ta’kidlanadi.
So‘ng qabr ustida g‘isht va tosh hamda boshqa narsalarni qo‘yish, qubba va imorat qilishni bid’at sanalishi ta’kidlab o‘tiladi. Shu o‘rinda olimlar qabrlar odobiga ham to‘xtalib o‘tadi. Yana qabristonni tonggi ziyorat qilish ko‘proq erkaklaga mansubligi, ota-ona qabrlarini xotinlar ham ziyorat qilsa, man etilmasligi ta’kidlanadi. So‘ng qabristonlarni oyoq osti qilmaslik kabi odob to‘g‘risida gapirib o‘tiladi.
Asarda ziyorat, mehmondorchilik odobi haqida ham ko‘pgina ibratli gaplar yozib qoldirilgan.
Asarda ziyofat uyushtirish va mehmon kutish odobi borasida ham ko‘pgina ibratli fikrlar bayon etiladi. Xususan, mehmondorchilik odobi yuzasidan quyidagi fikrlar ifoda etiladi: mehmondorchilikka kishining boyligi, mavqei yoki mansabiga qaramay, hammaning baravar chaqirish, oila a’zolarini ham ajratmaslik, mehmon- ning izzat-hurmatini joyiga qo‘yish, lekin uch kundan so‘ng ortiqcha takalluf ko‘rsatmaslik, dabdaba qilmaslik, mehmon uchun uyni ortiqcha bezamaslik, lekin ozoda va toza ko‘rpa-to‘shaklardan foydalanish, dasturxon tuzashda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, dasturxonga taom qo‘yilganda avval mezbonning taomga qo‘l uzatishi, mehmondan oldin taomdan qo‘l tortmasligi, mehmonga nisbatan ortiqcha takalluf qilavermaslik, imkoni bo‘lsa, lazzatli va latif taomlar tayyorlab mehmonning ko‘nglini olish kabi qoidalarning mohiyati ochib beriladi.
Asarda mehmon tomonidan xonadon sohiblariga nisbatan ko‘rsatiladigan hurmat borasidagi qoidalar yuzasidan ham fikr-mulohazalar bayon etiladi. Xususan, ziyofat yoki mehmondorchilikka chaqirilganda, u xoh faqir, xoh ulug‘ martabali kishi bo‘lsin, albatta, chaqirilgan xonadonga borishi zarurligi, zolim, axloqsiz, ikkiyuzlamachi hamda xurofotchi kishilar ziyofatga chaqirganda esa bormaslik kabi odob-axloq qoidalariga rioya etish nihoyatda muhim ekanligi ta’kidlab o‘tiladi.
Yettinchi bobda eng zaruriy safar qoidalariga to‘xtalib o‘tiladi. Safar qilishni olim uch qismga bo‘linadi: farz, fazilat, muboh (ruxsat etiladigan). Bundan safar farzining o‘zini besh bo‘g‘inga bo‘ladi: jihod, hajji farz, ota va ona chaqirig‘iga binoan, raddi mazolim (zulmni qaytarish uchun) va beshinchi ilm olish uchun safar qilish.
Safar mubohni ham ikki bo‘g‘inga bo‘ladi: 1) o‘z manfaati yo‘lida, o‘zgalardan biror narsani ta’ma qilmagan holda uyushtirilgan tijorat safari. Agar kim tijoratda faqat mol-dunyo ortirish maqsadida bo‘lsa, unda bu tijorat safari ham unga ziyon yetkazadi, deydi olim. 2) ma’naviy tafarruj (ko‘ngil ochish) maqsadida safar uyushtirish. Ba’zida bunday safarlarning ham joizligi ta’kidlanadi. Ammo safarlarning barchasida ham ayollarga albatta mahrami haromlik qilishi zarur, deb hisoblaydi.
So‘ng olim safarlarning foydalari haqida og‘iz ochadi, unda safar qilgan kishi birinchidan, g‘am-anduhdan forig‘ bo‘lishi, ikkinchidan tirikchilik uchun sarmoya yig‘ish, uchinchidan ilm olish, to‘rtinchidan, to‘liq odob va axloq o‘rganish, beshinchidan, ulug‘ kishilarning suhbatlaridan bahramand bo‘lish mumkin deyiladi. Olim safarning ba’zan mashaqatlari ham bo‘lishi mumkin degan savolga yoshlarga chaqimchi va hasadchilar orasida tirik yurgandan ko‘ra, safar mashaqqatlari afzalroqdir, deb to‘g‘ri xulosa chiqaradi.



Download 0.76 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   35




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling