Xalqaro jinoyatlarni ko’rib chiqishda Xalqaro jinoyat sudlarining ahamiyati mavzusida 1-5a-16 guruh talabasi Aminov Azamatning ilmiy maqolasi Annotatsiya


Download 22.18 Kb.
Sana04.05.2020
Hajmi22.18 Kb.
#103217
Bog'liq
Ilmiy maqola


Xalqaro jinoyatlarni ko’rib chiqishda Xalqaro jinoyat sudlarining ahamiyati mavzusida 1-5a-16 guruh talabasi Aminov Azamatning ilmiy maqolasi

Annotatsiya. Mazkur maqolada xalqaro jinoyat sudlarining paydo bo’lishi, ular tomonidan ko’rib chiqilgan jinoiy ishlar, Nyunberg va Tokyo Tribunallari yurisdiksiyasiga olingan jinoyatlar turlari, ushbu Tribunallar tomonidan jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar va ularga chiqarilgan hukmlar mazmuni va mohiyati, Xalqaro jinoyat sudining tashkil etilishi, uning vakolatlari va yurisdiksiyasiga kiritilgan xalqaro jinoyatlar to’g’risida ma’lumotlar berilgan. Shuningdek ushbu maqolada xalqaro jinoyatlarning turlari, ularning mazmuni va mohiyati yoritib berilgan jumladan, harbiy jinoyatlar, agressiya, genosid, insoniyatga qarshi jinoyatlar haqida ma’lumotlar berib o’tilgan. Bugungi xalqaro jinoyat sudining xalqaro huquqda tutgan o’rni, xalqaro javobgarlik va subyektlilik masalalari hamda xalqaro jinoyatlarni sodir etganlarni jinoiy javobgarlikka tortishda yuzaga kelayotgan muammolarning sabablari tahlil qilingan va ochib berilgan.

Kalit so’zlar: xalqaro jinoyatlar, genosid, harbiy jinoyatlar, agressiya akti, insoniyatga qarshi jinoyatlar, xalqaro javobgarlik, xalqaro harbiy tribunal, Nyunberg va Tokyo tribunallari, xalqaro konvensiyalar, gumanitar huquq, Rim Statuti, xalqaro huquqbuzarlik, xalqaro jinoyat sudi, xalqaro va mintaqaviy harbiy nizolar.

Insoniyat tarixida juda ko’plab urushlar va harbiy to’qnashuvlar bo’lgan hamda ushbu janglar insoniyat boshiga juda ko’plab talofatlar keltirgan va bu davr mobaynida bir qator jinoyatlar sodir etilgan bo’lib, ushbu jinoyatlar uchun javobgarlik kelib chiqmagan. Bundan jinoyatlar nafaqat mintaqa uchun balki butun dunyo hamjamiyatiga qarshi qaratilgan ijtimoiy xavfli qilmishlardir. Ikkinchi jahon urushidan keyingina mazkur turdagi jinoyatlar alohida kategoriyaga ya’ni xalqaro jinoyatlarga bo’lindi va xalqaro huquqda yangi soha xalqaro jinoyat huquqi paydo bo’ldi.

Xalqaro jinoyatlar – bu xalqaro xavfli huquqbuzarlik bo’lib, davlatlar va millatlarning muhim hayotiy manfaatlariga, hayotiy asoslariga putur yetkazadi, xalqaro huquqning muhim prinsiplari va normalarini qo’pol ravishda buzadi, xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid soladi va zarar yetkazadi.

Birinchi marta xalqaro jinoyatlarning ro’yxati 1945-yilgi Nyunberg xalqaro harbiy tribunalining nizomiga va 1946-yilgi xuddi shunday tribunalning Uzoq Sharq bo’yicha tribunal nizomida keltirilgan edi.

Xalqaro huquq subyekti xalqaro-huquqiy javobgarligining paydo bo’lishiga uning tomonidan xalqaro huquqbuzarlikning sodir etilishi asos bo’ladi. Davlatlar xalqaro huquq normalarining buzilishiga va zarar yetishiga olib kelgan o’z harakatlarini oqlash uchun hech qanday milliy qonun va qoidalarga murojaat qila olmaydilar.

Xalqaro jinoyat sodir etgan jismoniy shaxslar shu jinoyatlari uchun beriladigan jazolarni nazarda tutuvchi amaldagi xalqaro shartnomalarga muvofiq javobgarlikka tortiladi. Xalqaro jinoyat subyekti bo’lgan jismoniy shaxslar orasida bosh jinoyatchilar alohida o’rin tutadi. Ularning qatoriga davlat va vakillik rahbarlari, vazirlik va muassasa rahbarlari, oliy harbiy qo’mondonlik kabilar kirishi mumkin. Bu kabi jinoyatchilarning nomlari sodir etilgan jinoyatlarning og’irligi yoki ko’lamini e’tiborga olgan holda belgilanadi. Bosh jinoyatchilardan tashqari, xalqaro jinoiy javobgarlikka jinoiy buyruqlarni bergan yoki ijro etgan shaxslar va shu bilan birga o’z tashabbusi bilan jinoyatni sodir etgan shaxslar ham tortilishi mumkin.

Xalqaro jinoyatlarni sodir etgan jinoyatchilarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun Ikkinchi jahon urushigacha hech qanday instituti tashkil qilinmagan edi. Birinchi jahon urushi tugagandan keyin xalqaro hajamiyat agressiv urushlarning keltirib chiqarish bilan bog’liq bo’lgan eng og’ir xalqaro jinoyatlarni amalga oshirgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish masalasini ko’rib chiqishga uringan edi. Masalan, Versal sulh bitimi og’ir jinoyatlari uchun Kayzer Germaniyasini xalqaro jinoiy sudga tortish haiqda bandga ega edi, ammo bu amalga oshmadi. Ikkinchi jahon urushi boshlangandan so’ng va ayniqsa, fashistlar Germaniyasining SSSRga hujumidan so’ng bu urushlarni keltirib chiqarishga sabab bo’lgan harbiy jinoyatlarni jazolash g’oyasi ko’pgina xalqaro huquqiy hujjatlarda o’z aksini topdi. 1943-yilning 30-oktyabrdagi gitlerchilarning o’z bosqinchiliklari uchun javobgarligi to’g’risidagi Buyuk Britaniya va SSSR hukumatlarining Deklaratsiyasida ham o’z aksini topdi va bu hujjatda jazoga tortiluvchi shaxslar, aholini yo’q qilish yoki ommaviy qirg’in qilishda aybdor fashistar partiyasi a’zolari, shuningdek Germaniya askarlari va ofitserlari deb belgilandi. 1945-yilning 8-avgustidaa AQSH, SSSR, Buyuk Britaniya va Fransiya vakillari o’rtasidagi muzokaralar natijasida Londonda Yevropa mamlakatlari ittifoqi “Bosh harbiy jinoyatchilarning ishini sudda ko’rib chiqish va jazolash to’g’risida”gi bitimni imzoladi va ushbu tribunal nizomini qabul qildi.

Tribunal nizomida uning yurisdiksiyasi ta’riflanib, umumiy prinsiplari belgilab berilgan edi. Tribunal quyida ko’rsatilgan jinoyatlarni sodir etgan nemis harbiy jinoyatchilarini sud qilish va jazolash huquqiga ega edi:



Tinchlikka qarshi jinoyatlar, ya’ni agressiv urushlarni rejalashtirish, tayyorlash, olib borish yoki xalqaro shartnomalarni, bitimlarni buzgan holda urush olib borish yoki yuqorida bayon qilinganlarni amalgaa oshirishga qaratilgan fitnada ishtirok etish;

Harbiy jinoyatlar ya’ni urush olib borish qonunlari va odatlarini buzish. Bunday huquqbuzarliklarga okkupatsiya qilingan hududdagi aholini o’ldirish, jabr-zulm qilish, qulikka solish, harbiy asirlarni sud qilmasdan o’ldirish va insoniyatga qarshi jinoyatlar.

Tribunal nizomi asosida bosh harbiy jinoyatchilarni ayblash va tergov ishlarini olib borish uchun qo’mita tuzildi. Ana shu maqsadda bitim va nizom bo’yicha tomonlar bosh qoralovchini tayinladilar. Qoralovchilar qo’mita a’zosi sifatida quydagi maqsadlarga erishish uchun faoliyat olib bordilar:



  1. Har bir qoralovchining shaxsiy ish rejasi bian tanishish va ularning shtatlarini belgilash;

  2. Tribunal sudida ishni ko’rib chiqiladigan shaxsni aniqlash;

  3. Tribunal ish tartibining loyihasi yuzasidan tavsiyalar tuzish.

Sudda ishtirok etish 1945-yilning 20-noyabridan boshlandi. Sudda 24ta bosh nemis harbiy jinoyatchilarining ishi ko’rib chiqildi. Ayblov akti Gitler Germaniyasining quydagi guruh va tashkilotlarini jinoiy guruh va tashkilotlar deb tan oldi.1) imperiya ministrlar kabineti; 2) fashistlar partiyasining rahbar tarkibi; 3) fashistlar partiyasining muhofaza qiluvchi otryadlarini (SS), xavfsizlik xizmati (SD); 4) davlat yashirin politsiyasi (GESTAPO); 5) fashistlar partiyasining shtrumchi otryadlari; 6) Germaniya qurolli kuchlarining bosh shtabi va oliy bosh qo’mondonligini.

Hammasi bo’lib tribunalning ochiq sud majlisi bo’lib o’tdi. Tribunal 3 mingdan oshiq hujjatlar bilan ta’minlanib, 200 ga yaqin guvohlarni so’roq qildi. 1946-yilning 1-oktyabrida hukm e’lon qilindi. 12 bosh harbiy jinoyatchi otib o’ldirishga, uchtasi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi, 4 tasi 10 yildan 20 yilgacha qamoq jazosiga tortildi. Tribunal SS, SD, GESTAPO va fashistlar partiyasining rahbariy tarkibini jinoiy tashkilotlar deb tan oldi. Tribunal 3 taharbiy jinoyatchini aybi yo’q deb hisobladi va oliy qo’mondonligi, fashistlar partiyasining shtrumchi otryadlarini jinoyatchi tshkilotlar deb tan olish yuzasidan bergan takliflarni rad etdi.



Tokyo harbiy tribunali. 1945-yilning 3-sentyabrida Ikkinchi jahon urushi Yaponiyaning mag’lubiyati bilan tugadi. Yapon militaristlari xalqlarga qarshi eng og’ir jinoyatlarni sodir etdilar. Shu sababli Postdam konferensiyasi qarorlari va yapon harbiy jinoyatchilarini jazolash masalasi ham ko’rib chiqildi. Yaponiya taslim bo’lgandan keyin 1945-yilning dekabr oyida Moskvada bo’lgan SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya tashqi ishlar kengashi yig’ilishida Uzoq Sharq komissiyasi va Yaponiya umumittifoq kengashini tashkil qilish va ularning huquq doirasini belgilash to’g’risida bitim qabul qilindi. 1946-yilning 19-yanvardgi ittifoqchi davlatlardan so’ng Uzoq Sharq uchun xalqaro tribunal nizomi tasdiqlandi.

Nizomga asosan tribunal “Uzoq Sharqdagi bosh harbiy jinoyatchilarni adolatli ravishda va tezlikda sud qilib jazoga tortish uchun” tuzilgan edi. Tokyo tribunal sudiga 28 ta Yaponiyaning rahbarlari topshirildi. Tribunal 25 ta sudlanuvchiga nisbatan ayblov hukmini e’lon qildi, ularning 7 tasi otib o’ldirishga, 16 tasi umrbod qamoqqa, 2 tasi 20 va 7 yil ozodlikdan mahrum qilishga hukm qildi. 1948-yilning 22-dekabrida o’lim jazosi berilganlar ustidan hukm ijro etildi. Nyunberg sudi kabi, Tokyo sudi ham xalqaro jinoyatlar uchun javobgarlik to’g’risidagi xalqaro huquq prinsiplari va normalarining rivojlanishiga o’z ta’sirini o’tkazdi.

Xalqaro jinoyat sudi. Xalqaro jinoyat sudi g’oyasi uzoq tarixga ega emas. Huquq tizimi mavjud ekan, uning harakati jinoiy-huquqiy vositalar bilan ta’minlanishi lozim. Nyunberg harbiy tribunal chiqargan hukmlarda xalqaro jinoyatlarni davlatlar emas, balki kishilar sodir etadi, deb qayd etilgan.

Bu qoidaning ma’nosi tushunarli bo’lsada, lekin u unchalik to’g’ri emas. Xalqaro huquq davlatlar tomonidan ham buzilishi mumkin. Masalan, agressiya – bu davlat tomonidan amalga oshiriladigan jinoyatdir. Ammo bu yerda javobgarlikka davlatgina emas, uning ma’lum qarorlarini qabul qilgan rahbarlari ham javogar bo’ladi. Bunda javobgarlik turlichadir. Davlat xalqaro-huquqiy javobgarlikka, jismoniy shaxs esa jinoiy javobgarlikka tortiladi.

1948-yili BMT o’z faoliyatini boshlayotgan davrda, Bosh Assambleya xalqaro huquq Komissiyasiga xalqaro jinoiy sudlarni yaratish to’g’risidagi masalani korib chiqishni taklif qildi. Komissiya 1994-yili xalqaro jinoiy sud Nizomining loyihasi ustida ishni tamomlab, Bosh Assambleyaga konvensiyani qabul qilish uchun konferensiya chaqirishni tavsiya qildi.

Xalqaro huquq Komissiyasining loyihasidan foydalangan holda BMT Xavfsizlik Kengashi sobiq Yugaslaviya va Ruanda uchun xalqaro tribunallarni ta’sis etdi. Bu tribunallar ham bir davlatni yoki boshqa bir davlatlarning fuqarolarini sud qilish uchun tuzilgan deb xulosa qilishimizga imkon beradi.

1998-yilning 17-iyulida Rimda diplomatik konferensiyaning muxtor vakillari BMT homiyligida Xalqaro jinoiy sudning “Rim Statuti”ni qabul qildi. Konferensiya ishida 160 davlatning delegatlari ishtirok etdi. Statutni qabul qilish uchun120 ta davlat ovoz berdi, 21 davlat betaraf qoldi va 7 ta davlat qarshi ovoz berdi. Rim konferenisyasida sudning vaklatlarini kamaytirish tarafdorlari bo’lib bir qancha davlat vakillari faol qatnashdilar. Ular sudning yurisdiksiyasiga faqat genosid jinoyatini sud qilish vakolatini qoldirishni yoqlab chiqdilar.

Sud xalqaro hamjamiyatga qarshi qaratilgan eng jiddiy jinoyatlarni amalga oshirgan shaxslarni sud qiladigan doimiy organ sifatida ta’sis etildi. Mazkur Xalqaro jinoyat sudining yurisdiksiyasiga esa quydagi jinoyatlar taaluqli ekanligi belgilab qo’yildi:



  • Genosid jinoyatlari;

  • Insoniyatga qarshi jinoyatlar;

  • Harbiy jinoyatlar;

  • Agressiya akti.

Genosid – bu ma’lum bir milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhni qisman yoki to’liq jismonan yo’q qilish maqsadini ko’zlab sodir etiladigan xalqaro jinoyat hisoblanadi.

Insoniyatg qarshi jinoyatlar – bu urushgacha yoki urush davrida tinch aholini o’ldirish, yo’q qilish, qul qilib sotish, surgun qilish va boshqa qa’tiy choralarni qo’llash bilan sodir qilinadigan xalqaro jinoyat hisoblanadi.

Harbiy jinoyatlar – urush olib borish qonunlari va odatlarini buzgan holda, bosib olingan hududdagi aholini o’ldirish, qiynoqqa solish, asirga olinganlarni o’ldirish, umumiy yoki xususiy mulkni talash, harbiy zarurat bo’lmagan holda shahar va qishloqlarni hech qanday sababsiz vayron qilish va boshqa shu kabi xalqaro jinoyatlarga aytiladi.

Agressiya akti – bu bir davlat tomonidan ikkinchi davlatning yoki davlatlar guruhining hududiy yaxlitligi, siyosiy mustaqilligiga qarshi harbiy kuch ishlatishga qaratilgan xalqaro jinoyatga aytiladi.

Sud tarkibiga quydagi organlar kiradi: rayosat, appelyatsiya bo’linmasi, sud bo’linmasi, sud ishini yuritish bo’linmasi, prokuror devoni va kotibyat. Sudda 18 ta sudya mavjud bo’lib, ular saylangan zahotiyoq, agar zarurat tug’ilmasa, o’z majburiyatlarini bajaradilar.

Statut ishtirokchi davlatlari sud yurisdiksiyasiga kiradigan jinoyatlarni tergov qilishda va aybdorlarni jazolashda sud bilan hamkorlik qilishga majburdirlar. Davlatlar milliy huquqlarida sud bilan ana shubday hamkorlikning normalari mavjud bo’lishini ta’minlaydilar. Ozodlikdan mahrum etish bilan bog’liq jazoni shaxs sud tomonidan belgilangan davlatlarning birida o’taydi. Qaysi bir davlatda jazoni o’tshni belgilashda sud quydagilarni hisobga oladi: a) davlatlar o’rtasidagi majburiyatni adolatli taqsimlash; b) davlatlarning mahkumlar bilan munosabatida standartlarga roiya qilish; c) mahkumning xohishi va fuqaroligi.

Xalqaro jinoiy sud mahkumning ahvoli xalqaro shartnoma standartlariga javob berishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Jazoni o’tashda shaxs hech bir jinoiy ta’qibga yoki jazoga uchramasligi, shuningdek jazo o’tayotgan davlatdan boshqa bir davlatga berib yubormasligi kerak. Agar shaxs jazo o’tayotgan davlat sudiga so’rovnoma yuborib, suddan jazolash yoki boshqa bir davlatga berib yuborish uchun ruxsat olgan bo’lsa mumkin bo’ladi.

Shunday qilib, Xalqaro jinoiy sudining ta’sis etilishi xalqaro jinoyat huquqining rivojlanishida yangi bir bosqich bo’ldi. Shu bilan birga kelajakda ham xalqaro jinoyat huquqini qo’llashda asosiy ro’l milliy adliyaga tegishli bo’ladi. Xalqaro jinoiy sudning o’zi xalqaro jinoyatlarning hammasiga bas kela olmaydi. Buni sobiq Yugaslaviya xalqaro Tribunali faoliyatining tajribasi ham tasdqilaydi. Bundan tashqari davlatlarning sudlari adliyaning butun bir mexanizmini o’z ichiga oladi.

Bugungi kunda mazkur xalqaro jinoyatlar davlatlar tomonidan sodir etilgan taqdirda bu Xalqaro jinoyat sudining yurisdiksiyasiga olinib alohida jinoyat ishi ochilgan holda, jinoiy javobgarlikka tortish uchun sabab bo’ladi. Ammo hozirgi davrda davlatlarni javobgarlikka tortish mexanizmi amaliyotda oqsoqlamoqda. XX-asrning 50-yillaridan to hozirgi kungacha bo’lib o’tgan va bo’layotgan qurolli nizolarga e’tibor qaratsak juda ko’p jihatdan xalqaro jinoyat huquqi bilan taqiqlangan ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etilayotganiga guvoh bo’lishimiz mumkin. Lekin hozirga qadar xalqaro jinoyatlar bo’yicha juda kam jinoiy ish qo’zg’atilgan va jinoyat sodir etganlarni jinoiy javobgarlikka tortish jarayoni juda murakkabligi ko’zga tashlanadi.

Bugungi kunda ushbu jinoyatlarni sodir etganlarni javobgarlikka tortishda nimalar to’siq bo’lmoqda?

Birinchidan, xalqaro huquqda davlatni jinoiy javobgarlikka tortib bo’lmaydi, faqatgina davlat o’zi yetkazgan zarar va ziyon uchungina moddiy javobgar bo’lishi mumkin. Unda ham davlatning o’z aybini tan olib, harbiy kuch va siyosiy bosim ostidagina sodir qilingan harakatlar uchun javobgar bo’lishi mumkin, boshqa usullar bilan esa davlatlarning javogarlikka tortib bo’lmasligi xalqaro jinoiy javobgarlikka tortishni istisno qiladi.



Ikkinchidan, Xalqaro jinoyat huquqida individni jinoiy javobgarlikka tortish amaliyoti qo’llanilib, xalqaro jinoyatlarni sodir etgan davlatlarning rahbari, oliy mansabdor shaxslari va oliy harbiy unvonga ega bo’lgan harbiy mansabdorlarnigina javobgarlikka tortilishi keng tarqalgan. Bu esa davlatlar tomonidan o’z rahbarlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni yashirishga, ularni himoya qilishga harakat qilishiga olib keladi hamda ularni boshqa davlat yoki xalqaro jinoyat sudining ish ko’ruviga topshirishga yo’l qo’ymaydi.

Uchinchidan, bugungi xalqaro huquqning va BMTning davlatlar ortasidagi o’zaro munosabatlarini tartibga solishda mavqeyi tushib ketganligi va xalqaro tartib qoidalarning bajarilishini hamda xalqaro shartnomalarni, xalqaro huquqning buzgan huquqbuzar davlatni ushbu normalarga amal qilishga majburlovchi va ularga nisbatan sanksiya qo’llovchi birorta ham xalqaro instituti yo’qligi.

To’rtinchidan, jahon siyosatining xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan normalaridan ilgarilab ketgani, davlatlar o’z manfaatini ko’zlab kerak paytda xalqaro huquqqa amal qilib, boshqa vaqtda unga amal qilishdan bo’yin tovlab, xalqaro konvensiyalardan chiqishi ham asosiy omillardan biridir.

Beshinchidan, xalqaro jinoyatlarni sodir etilganligining isbot qilish protsessi juda murakkab va ko’p vaqt talab qiladigan jaroyon bo’lib, sodir etilgan jinoyatni isbot qiluvchi ashyoviy dalillarni yo’qolib ketishga olib keladi, ayniqsa qurolli mojoralar davrida ushbu hududga kirishning qiyinligi va tergovni chalg’itadigan hamda xalaqit beradigan vositalarning qo’llanilishi ham sababdir.



Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, bugungi xalqaro jinoyat sudlarining mavqeyi uncha yuqori emasligi, xalqaro jinoyatlarni sodir etishning turli xil ko’rinishlari ko’payganligi va hozirda davlatlar to’g’ridan – to’g’ri urushlarga emas, balki proksi urushlar ya’ni mintaqaviy mojaroda biror bir tomoni qo’llab-quvvatlash yoki yashirincha urushlarga aralashish yoxud xususiy harbiy kompaniyalardan foydalanib urush olib borishi xalqaro gumanitar huquqning va xalqaro huquqning buzilishiga sabab bo’lmoqda hamda ushbu xalqaro jinoyatlarni sodir etgan jinoyatchilarni xalqaro jinoiy javobgarlikka tortishni istisno qilishda asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Римский статут Международного уголовного суда, распространенного в качестве документа A/CONF.183/9 от 17 июля 1998 года с изменениями на основе протоколов от 10 ноября 1998 года, 12 июля 1999 года, 30 ноября 1999 года, 8 мая 2000 года, 17 января 2001 года и 16 января 2002 года. Статут вступил в силу 1 июлю 2002 года.

  2. UN Documents S/25704. 4 may 1993.

  3. Конвенция о пресечении преступления апартеида и наказания за него от 1973 г.

  4. Резолюция 3074 Генеральной Ассамблеи ООН

  5. А.В Наумов, А.Г. Кибальник, В.Н. Орлов, П.В Волосюк Международное уголовное право, М.: издательство Юрайт, 2014. – 513 с.

Download 22.18 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling