Xankeldiyeva G. Sh., Muminova E. A., Mirzayev A. T., Asraqulov A. S global iqtisodiy rivojlanish (darslik)
-rasm. Iqtisodiy xavfsizlik mazmuni
Download 1.08 Mb.
|
Global iqtisodiy rivojlanish-hozir.org (1)
10.1-rasm. Iqtisodiy xavfsizlik mazmuni
Ushbu fikrlarga asoslangan holda “iqtisodiy xavfsizlik” tushunchasini milliy iqtisodiyot mustaqilligi, uning barqarorligi, mustahkamligi, doimo yangilanishga va o‘z-o‘zidan takomillashib borishga qodirligini ta’minlovchi shart-sharoitlar va omillar yig‘indisi, deb ta’riflash mumkin. Iqtisodiy xavfsizlik iqtisodiyotning turli sub’ektlariga tegishli bo‘lib, ular quyidagilardan iborat: - alohida fuqarolar; - xususiy tadbirkorlik, biznes; - davlat korxonalari; - milliy iqtisodiyot; - davlat. Ichki iqtisodiy sohalarda xavfsizlik tabiiy, texnikaviy-iqtisodiy, infratuzilmaviy, ijtimoiy, mikro va makroiqtisodiy rivojlanishning boshqa omillari, shuningdek, beqarorlik, tanglikni keltirib chiqaruvchi ichki va tashqi tahdidlar ta’siridan himoya qiluvchi ichki immunitetlar bilan bog‘liqdir. Tashqi iqtisodiy sohadagi xavfsizlik mamlakatning jahon bozoridagi raqobatbardoshliligi, milliy valyutasi barqarorligi, davlatning moliyaviy ahvoli bilan tavsiflanadi. Turli iqtisodiy tahdidlar, noxush holatlar oqibatida ko‘rilgan zararlarning o‘rnini qoplash uchun zarur bo‘lgan xarajatlarni prognoz qilish ham muhim ahamiyatga ega. Buning natijasida favquloddagi holatlar oqibatida ko‘riladigan zararlarni qoplash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashga yo‘naltirilgan resurslarni baholash va o‘z vaqtida shakllantirish uchun imkoniyat yaratiladi. Mamlakat iqtisodiy tizimining turli darajalaridagi iqtisodiy munosabatlar iqtisodiy xavfsizlik ob’ektlari hisoblanadi: - makroiqtisodiy darajadagi mamlakat iqtisodiyoti; - hududiy va tarmoq darajasidagi hudud va tarmoq iqtisodiyoti; - oila va shaxs darajasidagi mamlakat fuqarolarining har birining iqtisodiy manfaatlari. Yuqorida bildirilgan fikrlarga asosan xulosa qilib, keng ma’noda iqtisodiy xavfsizlikni milliy iqtisodiyotning samarali, dinamik o‘sishiga, uning jamiyat, davlat, shaxs ehtiyojlarini qondirishning, tashqi bozorda raqobatga bardoshliligini ta’minlovchi, turli tahdid va yo‘qotishlardan kafolatlovchi ichki va tashqi sharoitlar yig‘indisi deb ta’riflash mumkin. Iqtisodiy xavfsizlikning namoyon bo‘lish shakllarini uning sub’ektlari va ob’ektlari nuqtai nazaridan turkumlash mumkin. Iqtisodiyot sub’ektlari nuqtai nazaridan iqtisodiy xavfsizlik quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi: - shaxsning iqtisodiy xavfsizligi; - korxona (firma)ning iqtisodiy xavfsizligi; - davlatning iqtisodiy xavfsizligi. Shaxsning iqtisodiy xavfsizligi uning hayotiy manfaatlarining, ya’ni yashash va shaxsiy daxlsizlik, erkin mehnat qilish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, mulkdor bo‘lish, hayotiy iste’mol ehtiyojlarini qondirish, salomatligini saqlash, bilim olish va kasbga ega bo‘lish, qariganda va mehnat layoqatini yo‘qotganda ijtimoiy ta’minot olish huquqlarining himoyalanganini ifodalaydi. Korxona (firma)larning iqtisodiy xavfsizligini tahlil qilganda ularni ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, moliyaviy, savdo-tijorat va jamoatchilik tashkilotlari sifatida faoliyat yuritishi nuqtai nazaridan turkumlash maqsadga muvofiq. Korxona (firma) ixtisosligiga ko‘ra xavfsizligini ta’minlash xususiyatlari ham turlicha bo‘lishi tabiiydir. Davlatning iqtisodiy xavfsizligi uning mamlakat ichki muammolari va tashqi iqtisodiy faoliyati hamda xalqaro moliyaviy tashkilot va uyushmalarda ishtirok etishi bilan bog‘liq xavf-xatarlar nuqtai nazaridan tahlil etiladi. Iqtisodiy adabiyotlarda xavfsizlik xo‘jalik faoliyati sohalarida yuzaga kelishi nuqtai nazaridan asosan uch yo‘nalish, ya’ni ishlab chiqarish-xo‘jalik, xo‘jalik-iste’mol va moliyaviy sohalar bo‘yicha turkumlanadi192. Shu bilan birga, ushbu uch yo‘nalish barcha mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgani bilan, ayrimlari uchun qo‘shimcha yo‘nalishlar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shunga ko‘ra, bizning fikrimizcha, iqtisodiy xavfsizlikni ishlab chiqarish-xo‘jalik, xo‘jalik-iste’mol, moliyaviy, transport kommunikatsiyalari va ijtimoiy sohalar bo‘yicha turkumlash maqsadga muvofiqdir. Ko‘rsatib o‘tilgan uch yo‘nalish barcha mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgani bilan, ayrimlari uchun qo‘shimcha yo‘nalishlar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, O‘zbekiston uchun xalqaro bozorlarga chiqishda yangi transport yo‘laklari, kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish muhim hisoblanadi. Shuningdek, aholining turmush darajasi, daromadlar bo‘yicha tabaqalanishi bilan bog‘liq ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash ham alohida o‘rin tutadi. Shunga ko‘ra, iqtisodiy xavfsizlikni ishlab chiqarish-xo‘jalik, xo‘jalik-iste’mol, moliyaviy, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy sohalar bo‘yicha turkumlash samarali hisoblanadi (10.2-rasm). Ishlab chiqarish-xo‘jalik sohasida energetik va texnologik xavfsizlikni ta’minlash alohida o‘rin tutadi. Bu o‘rinda, ayniqsa, energetika resurslarining ahamiyati yuqoridir. Chunki bu resurslar har qanday mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik xomashyo hisoblanib, uning salohiyatini, mustaqil rivojlanish imkoniyatlarini belgilab beradi. Mamlakat iqtisodiyoti energetika xomashyo resurslarining importiga bog‘liq bo‘lib qolsa, u holda iqtisodiy mustaqillikka erishish imkoniyati chegaralanadi. Texnologik xavfsizlikning ta’minlanishi istiqbolda fan-texnika va texnologiya yutuqlaridan o‘z vaqtida va to‘liq foydalanish imkoniyatini, intellektual salohiyatdan iqtisodiy faoliyatda foydalanish darajasini ifodalaydi. Shu boisdan energetik va texnologik xavfsizlikning ta’minlanishi mamlakat iqtisodiyotining salohiyatini, qudratini va mustaqilligini hamda raqobatbardoshligini ifodalaydi. Download 1.08 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling