Xankeldiyeva G. Sh., Muminova E. A., Mirzayev A. T., Asraqulov A. S global iqtisodiy rivojlanish (darslik)


Download 1.08 Mb.
bet130/176
Sana27.10.2023
Hajmi1.08 Mb.
#1728474
1   ...   126   127   128   129   130   131   132   133   ...   176
Bog'liq
Global iqtisodiy rivojlanish-hozir.org (1)

Tayanch iboralar
Transmilliy korporatsiyalar, ko‘pmillatli korporatsiya, transmilliylashuv indeksi, eksportyor mamlakatlar, importyor mamlakatlar, kapital ekspansiyasi, investitsiya, xalqaro korporatsiyalar, xalqaro kapital migratsiyasi, strategik alyanslar, strategik tizimlar, kapital importi koeffitsiyenti, kapital eksporti koeffitsiyenti.
Nazorat uchun savollar
1. Transmilliy korporatsiyalar turlari va ularning xalqaro kapitalni taqsimlash bo‘yicha xususiyatlarini tushuntiring.
2. Transmilliy korporatsiya (TMK) larning mohiyatini tushuntiring va ularni mamlakatlar iqtisodiyoti samaradorlik holatini izohlang.
3. Ko‘pmillatli korporatsiyalarning maqsad va vazifalarini tushuntiring.
4. TMKlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik munosabatlari qanday shakllarda namoyon bo‘ladi?
5. Strategik alyanslar yaratishdan maqsad nima?
6. Kapital migratsiyasining asosiy sabablari nimalardan iborat?
7. Xorijiy investitsiyalar butunjahon iqtisodiyotiga va xalqaro biznesga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
8. Jahon iqtisodiyotida katta foyda uchun kapital olib chiqishning eng muhim sabablari nimalardan iborat?
9. Iqtisodiy adabiyotda xalqaro kapital migratsiyasining mohiyatini ochib beruvchi qanday yondashuvlar mavjud?
10. Xalqaro korporatsiyalar tomonidan raqobat afzalliklarini qo‘lga kiritish usullarini tushuntiring.
11. TMKlar qanday xusususiyatlari bilan boshqa kompaniyalardan farqlanadi?
12. Transmilliylashuv indeksining qanday turlari mavjud?
13. TMKlar qanday sabablarga ko‘ra bevosita investitsiyalarni amalga oshiradilar?
14. Kapitallashuv darajasini baholashning iqtisodiy mezonlaridan tashqari kompaniyani TMK sifatida tasniflashning qanday mezonlari mavjud?


X BOB. JAHON IQTISODIYOTI GLOBALLASHUVI SHAROITIDA IQTISODIY XAVFSIZLIK VA MILLIY IQTISODIYOT RAQOBATBARDOSHLIGINI TA’MINLASH MUAMMOLARI


10.1. Milliy xavfsizlik tushunchasining mohiyati, turlari va ularning guruhlanishi
Xavfsizlik muammosi mustaqil davlatchilikning shakllanishi va jamiyatda ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy manfaatlarning qaror topishi bilan bir paytda vujudga keladi. Rober ma’lumotnomasiga ko‘ra, “xavfsizlik” tushunchasi 1190 yilda paydo bo‘ldi. Bu tushuncha o‘zini har qanday xavf-xatardan himoyalangan deb hisoblovchi inson ruhining xotirjam holatini ifodalagan183. Mazkur termin G‘arbiy Yevropa xalqlarida XVII asrgacha ushbu ma’noda qo‘llangan. Tarixning keyingi davrlarida davlat tuzilmalarining shakllanishi bilan bog‘liq ravishda xavfsizlik tushunchasi moddiy, siyosiy va iqtisodiy sohalarda davlat qurilishi, boshqarish organlari tendensiyalariga mos keladigan real xavf-xatar (jismoniy va ma’naviy)ning yo‘qligi natijasida vujudga keladigan tinchlik holati ma’nosini anglatgan184.
XX asrning oxirlariga kelib, «xavfsizlik» va «milliy xavfsizlik» tushunchalari bizning leksikonimizda tez-tez qo‘llanila boshladi. Bu insoniyat rivojlanishining murakkablashuvi, yadro, atom va boshqa ommaviy qirg‘in qurollarining keng tarqalishi, ekologik vaziushbu xatar yatning og‘irligi, yangi xavfli kasalliklarning vujudga kelishi, terrorizm xavfining kuchayishi, totalitar tuzum yemirilganidan keyin davlatlari o‘rtasidagi muvozanatning buzilishi, yangi mustaqil davlatlarning paydo bo‘lishi, ularda bozor islohotlarining amalga oshirilishi bilan izohlanadi. Dunyodagi bunday o‘zgarishlar xavfsizlik, umumiy va milliy xavfsizlik muammolariga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirdi.
“Xavfsizlik” tushunchasi ko‘p qirrali bo‘lib, turli ma’nolarda talqin etiladi. Shunga qaramasdan, ularda umumiy g‘oya ham mavjud bo‘lib, bunga ko‘ra xavfsizlik insoniyat hayotining turli sohalarida vujudga keladigan xavf-xatardan himoyalanish, kafolatlanish ma’nosini anglatadi. Xavf-xatar esa davlat va jamiyat rivojlanishiga, normal amal qilishiga tahdid soluvchi potensial yoki real kuch, omil hisoblanadi. Xavf-xatar namoyon bo‘lishining keskin shakllariga tabiiy, ijtimoiy kataklizmalar, portlashlar va larzalar, krizislar, tangliklar, revolyutsiya, qo‘zg‘olon, isyon, urush, qurolli to‘qnashuvlar kiradi.
Xavfsizlik qanday sohada, qanday shakl va qiyofada namoyon bo‘lmasin ularning barchasi umumiylik xususiyatiga egadir. Umuman, xavfsizlik xavf-xatardan himoyalanish sharti va strategiyasi sifatida ijtimoiy tizim, shaxs, jamiyat va davlat hayot-faoliyatining normal amal qilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Shuningdek, u hokimiyat institutlarining iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan, milliy manfaatlarni himoya qilish va ro‘yobga chiqarish hamda jamiyatning ijtimoiy-siyosiy barqarorligini ta’minlash mexanizmlarini yaratishga qodirligi va tayyorligi sifatida ham talqin etiladi185.
“Xavfsizlik” tushunchasi ko‘p qirrali bo‘lib, o‘zining ob’ektlari va sub’ektlari nuqtai nazaridan turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Ammo hozirgi davrda bu tushunchaning umumlashgan shakli milliy xavfsizlik deb ataladi.
Milliy xavfsizlik manfaatlarni himoyalashning umumiy shakli hisoblanadi. Shuningdek, u mamlakat milliy manfaat ehtiyojlarining namoyon bo‘lish shakli hamdir. Boshqacha aytganda, manfaat ehtiyojlarini qondirish va moddiy, ma’naviy, umuminsoniy qadriyatlardan bahramand bo‘lish va farovonlikka intilish to‘g‘risidagi tasavvurlarning jamini ifodalaydi.
Milliy xavfsizlik fuqarolar, ya’ni shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Shaxs, fuqaro manfaatlari o‘z ichiga ularning konstitutsion huquq va erkinliklari, yashash xavfsizligini ta’minlash, turmush darajasi va sifatini oshirish, jismoniy, ma’naviy, intellektual rivojlanishini ko‘rsatadi.
Jamiyat manfaatlari demokratiyani mustahkamlash, ijtimoiy-siyosiy barqarorlik, fuqarolar o‘rtasida tinchlik va millatlararo totuvlikni saqlash, aholining yaratuvchanlik faoliyatini oshirish va uning barcha ijtimoiy va etnik guruhlarining ma’naviy rivojlanishini ta’minlashni o‘z ichiga oladi.
Davlat manfaatlari esa konstitutsion tuzum, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitlikni himoya qilish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni qaror toptirish, qonunlarning so‘zsiz amal qilishini ta’minlash, huquq-tartibotni qo‘llab-quvvatlash va teng sheriklik asosida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Ushbu manfaatlar bir-birlari bilan o‘zaro bog‘langan bo‘lib, ular jamiyat a’zolarining mustaqilligini ta’minlash, xalq farovonligi va turmush darajasini oshirish, uning madaniyati ma’naviy qadriyatlarini saqlashga bo‘lgan intilishlarini ifodalaydi. Shu boisdan har qanday mamlakat manfaatlari uchta muhim maqsadga yo‘naltirilgan bo‘ladi:
- xalq farovonligini oshirish;
- mamlakat hayot faoliyati va hududini himoya qilish hamda obod etish;
- milliy madaniyatni rivojlantirish186.
Mamlakatning milliy xavfsizligi uning milliy manfaatini turli siyosiy, harbiy, iqtisodiy, ekologik, g‘oyaviy, informatsion va boshqa omillar hamda tahdidlardan himoya qilishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Shu boisdan milliy xavfsizlik tarkibi murakkab tuzilishga ega bo‘lib, siyosiy, harbiy-mudofaa, g‘oyaviy, iqtisodiy, ekologik, informatsion xavfsizliklarni o‘z ichiga oladi.
Siyosiy xavfsizlik mamlakatning milliy davlat tuzilishini, konstitutsion tuzumni himoya qilishga yo‘naltiriladi. Harbiy-mudofaa xavfsizligi mamlakat mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va sarhadlar daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan. G‘oyaviy, mafkuraviy xavfsizlik hozirgi davrda dolzarb ahamiyat kasb etib, u har qanday jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi. Chunki mafkura mavjud bo‘lmasa, har qanday jamiyat o‘z tanlagan yo‘lini yo‘qotishi mumkin, qayerda mafkuraviy bo‘shliq vujudga kelsa, o‘sha yerda begona mafkura hukmronlik qilishga intiladi.
Ekologik xavfsizlik tabiat va insonning o‘zaro munosabatlaridagi muayyan qonuniyatlarning buzilishi oqibatida yuzaga keladigan ekologik falokatlarning oldini olishga qaratilgan. Bu xavf-xatar, falokatlar insonning tabiat imkoniyatlarini va uning rivojlanish qonuniyatlarini hisobga olmasdan, tabiiy va mineral xomashyo zahiralaridan vahshiylarcha, ekstensiv usulda, katta xarajatlar va isrofgarchiliklar bilan foydalanishga asoslanib, xo‘jalik faoliyatini yuritish oqibatida yuzaga keladi.
Iqtisodiy xavfsizlik mamlakatning iqtisodiy jihatdan mustaqil, barqaror rivojlanishga qodirligini ta’minlashga yo‘naltiriladi.
Axborot xavfsizligi yuqorida ko‘rib o‘tilgan milliy xavfsizlikning barcha shakllarini, ayniqsa, g‘oyaviy, mafkuraviy xavfsizlikni ta’minlashning muhim vositasi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Shuni ta’kidlash joizki, “milliy xavfsizlik” tushunchasi ko‘p qirrali va xilma-xil shakllarda namoyon bo‘ladi. Ammo shunga qaramay, u quyidagi xususiyatlarga ega:
- birinchidan, milliy xavfsizlik aniq tarixiy mazmunga ega, ya’ni jamiyatga qaysi sohalarda va qanday darajada tahdidlarning vujudga kelayotganligini aniqlashga qaratilgan aniq holatlardagi tahlillarni talab qiladi.
- ikkinchidan, milliy xavfsizlik bir-biriga zid o‘lchamlar, jamiyatga xavf soluvchi tahdidlar va ularni bartaraf etadigan ijtimoiy-iqtisodiy parametrlar hamda ko‘rsatkichlar bilan ifodalanadi.
- uchinchidan, milliy xavfsizlik muammosining ahamiyati va keskinligi jahon hamjamiyati hamda ayrim mamlakat, hudud taraqqiyotining burilish davrlarida g‘oyatda oshadi.
- to‘rtinchidan, milliy xavfsizlik tamoyillari va parametrlari, ko‘rsatkichlari o‘zgaruvchan hamda turli mamlakatlarda o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘ladi. Ammo shunga qaramasdan, har bir mamlakatning milliy xavfsizligi insoniyatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotining umumiy tendensiyalari bilan bog‘liqdir. Shuningdek, umumbashariy, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy munosabatlar tizimidagi o‘zgarishlar milliy xavfsizlikka ta’sir o‘tkazib turadi.
- beshinchidan, xavfsizlikka milliy davlat manfaatlari va milliy g‘oya, milliy mafkura ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
- oltinchidan, milliy xavfsizlikni ta’minlashda iqtisodiy xavfsizlik muhim o‘rin tutadi. Chunki milliy xavfsizlikni, jumladan, mamlakatning siyosiy, konstitutsion tuzumini, davlat mustaqilligini va suverenitetini saqlash, harbiy qudratini oshirish, ekologik muammolarni yumshatish va hal etish, avvalambor, mamlakatning iqtisodiy salohiyatiga va qudratiga, uning iqtisodiy xavfsizligining qay darajada ta’minlanganligiga bog‘liq.



Download 1.08 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   126   127   128   129   130   131   132   133   ...   176




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling