Savol: Ikki joyda shtatda ishlasa, har ikkala joydan mehnat daftarchasi ochiladimi?
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 1998-yil 29-yanvarda 402-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning 1-qism, 1.5 –bandiga ko‘ra, ishga kirayotgan vaqtda ishga kirayotgan shaxs ish beruvchiga mehnat daftarchasini (birinchi marotaba ishga kirayotganlar bundan mustasno) taqdim etishi shart. O‘rindoshlik asosida ishga kirayotganlar mehnat daftarchasi o‘rniga asosiy ish joyidan ma’lumotnoma taqdim etadilar. Shu Yo‘riqnomaning 2.12 bandiga asosan, mehnat daftarchasiga xodimning yozma arizasiga binoan, o‘rindoshlik ishi to‘g‘risidagi ma’lumot xodimni o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilgan ish beruvchi tomonidan chiqargan buyrug‘iga muvofiq asosiy ish joyidagi ish beruvchi tomonidan yoziladi. Uning ishidan bo‘shaganligi to‘g‘risidagi ma’lumot ham xuddi shu tarzda mehnat daftarchasida qayd etiladi.
Demak, ikkita mehnat daftarchasi ochish mumkin emas. Bitta mehnat daftarchasidan ikki yoki undan ortiq joyda ishlaganda ham foydalanish mumkin.
O’zbekiston Respublikasining Mehnat Kodeksining 81 moddasida mehnat daftarchasi bilan bog’liq modda mavjud.
81-modda. Mehnat daftarchasi
Mehnat daftarchasi xodimning mehnat stajini tasdiqlovchi asosiy hujjatdir.
Ish beruvchi korxonada besh kundan ortiq ishlagan barcha xodimlarga mehnat daftarchasini tutishi shart, o‘rindoshlik asosida ishlovchilar bundan mustasno.
Ish beruvchi mehnat daftarchasiga ishga qabul qilish, boshqa doimiy ishga o‘tkazish va mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yozishi shart. Xodimning iltimosiga ko‘ra mehnat daftarchasiga o‘rindoshlik asosida ishlagan va vaqtincha boshqa ishga o‘tkazilgan davrlar haqidagi yozuvlar kiritiladi. Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari (sabablari) mehnat daftarchasiga yozilmaydi.(LexUZ sharhi.Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma (ro‘yxat № 402, 29.01.1998-y.).
Do'stlaringiz bilan baham: |