Xoja buxoriy


II.2. Mazhabsizlik va uning oqibatlari


Download 62.81 Kb.
bet6/7
Sana06.04.2023
Hajmi62.81 Kb.
#1331699
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Yurtimiz allomalarining kalom ta\'limoti rivojidagi o\'rni

II.2. Mazhabsizlik va uning oqibatlari.

Bugungi kunda turli guruhlar tarafidan mazhablarni inkor qilish holatlari uchrab turibdi. Ular mazhabsizlik g‘oyasini ilgari surib, asosiy maqsadlari asrlar davomida amal qilinib kelinayotgan fiqhiy mazhablarni inkor qilishdan iborat. Mazhabsizlik g‘oyasi deyarli 12 asrdan ortiq vaqt mobaynida yashagan minglab ulamolarning butun umrlarin davomida olgan ilmlari va qoldirgan meroslarini, yozgan asarlarini bekorga chiqaradi. Shu bilan birga asrlar davomida amal qilinib kelinayotgan an’analar noto‘g‘ri, ularga amal qilgan musulmonlar esa adashgan ekan degan xulosaga olib keladi. Bundan tashqari musulmonlar birligini xavf ostida qoldiradi. Zero, Muhammad payg‘ambar (alayhis-salom) hadislarida: «Alloh ummatimni zalolatda jamlamaydi», «Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Allohning huzurida ham yaxshidir» (hadislarni Hokim Naysapuriy rivoyat qilgan), deyilgan. Mazhablar ham musulmonlarning birligi. Olimlar butun umrini shariat ilmiga bag‘ishlab, undagi o‘ta nozik masalalarni o‘rganish uchun umrining ko‘p yillarini bag‘ishlaganlar, Qur’on va hadislarda uchraydigan va barcha insonlar tushunishi qiyin bo‘lgan holatlarni fahmlash va tushunishga oson shaklga keltirib so‘ngi xulosalarni berganlar.


Mazhabsizlik g‘oyasini soxta salafiylar ilgari surmoqda. Ularning fikricha, fiqhiy mazhablar tomonidan ishlab chiqilgan qoidalarni to‘g‘ri tushunish usuli sifatida tan olinmaydi, balki shariat ahkomlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga tadbiq etish lozim deb hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, mazhabsizlarning da’vosi bo‘yicha har bir kishi, o‘zi Qur’ondan yoki hadisdan hukm olishi mumkin. Chunki mujtahidlarning xulosasi boshqalar uchun asos bo‘la olmaydi, har bir odam o‘zi fatvo berishi mumkin. Ularning bu g‘oyasiga amal qilinsa, barcha Qur’on va hadisdan hukm olishga o‘tsa, jamiyat hayoti o‘z-o‘zidan izdan chiqadi. Chunonchi tibbiyot, arxitektura va hokazo soha vakillari ham o‘zlari mustaqil tarzda Qur’on yoki hadislarni o‘rganib o‘z masalalarini hal etishlari lozim bo‘lib qolar edi.
Mazhabsizlarning da’volaridan yana biri faqat sahih hadisga amal qilish lozim, chunki mujtahidlar har xil fatvo chiqarganlar, shuning uchun bu bo‘linish hisoblanadi, deydilar. Aslida mazhablardagi bir masalaga turlicha qarash mujtahidning o‘sha masalani qanday tushunishi bilan bog‘liq. Arab tili boy til bo‘lgani sababli, bir olim Qur’ondagi so‘zning bir ma’nosini qabul qilgan bo‘lsa, ikkinchi mujtahid boshqa ma’nosini olgan. Hukm ham, hadislardan hukm olish ham shunga yarasha bo‘lgan. Bir mujtahid bir hadisni olgan va unga qarshi bo‘lgan hadisni esa, hukmi o‘chgan deb, boshqa mujtahid esa, o‘sha hadisni hukmi o‘chmagan deb qabul qilgan.
Bulardan tashqari Payg‘ambar (alayhis-salom) tomonidan sahobalarga ham o‘z o‘rniga qarab turlicha masalahatlar berilgan. Sahobalar esa, turli joylarga tarqalib, borgan joylarida o‘zlari bilgan ilm bilan boshqalarni tanishtirganlar. Shunga o‘xshash va boshqa sabablar bilan mazhablar orasida bir masalaga turlicha fatvolar berish holatlari paydo bo‘lgan. Shunday bo‘lsada mazhablar bir-birlarining hukmlarini xato deb hisoblamaydilar va boshqa hukmni hurmat qiladilar.
Shu o‘rinda fatvo va muftiy haqida to‘xtalib o‘tish o‘rinli. «Fatvo» deb lug‘atda «mushkul ishga javob qidirish», «savolga javob berish», «shariat masalalari yuzasidan fatvo chiqarmoq», «maslahat bermoq», «muftiyning xulosasi» degan ma’nolarni bildiradi. Istilohda esa, «dalilga asoslanib, shar’iy hukmni so‘rovchiga bayon qilib berish» ga fatvo deyiladi. Hanfiy mazhabi olimlaridan Taqiy Usmoniy fatvoni «diniy masalalarga javob berishdir», degan. «Muftiy» deb shariat hukmlari borasida fatvo beradigan odamga aytiladi. Faqih Qarofiy shunday degan: «Muftiylar Alloh taoloning tarjimonlaridir. Chunki ular nass (Qur’on va hadis) ga tayangan holda hukm chiqaradilar». Imom Shotibiy: «Muftiylar ummat uchun Rasululloh (alayhis-salom) maqomlarida bo‘ladilar. Bunga dalil qilib: «Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor yoki dirham emas, balki ilmni meros qilib qoldirganlar» (imom Termiziy rivoyati), hadisini keltiradilar» deb sharhlagan.
Hanafiy olimi Taqiy Usmoniy shunday deydi: «Mohir ustozlarning huzurida fiqhni o‘rganmagan kimsaning fatvo berishi mumkin emas. Ustozlar huzurida fiqhni o‘rgangan kishining fatvo berishi mumkin bo‘lmaganidek, o‘zi (mutaqil ravishda) fiqhiy kitoblarni mutolaa qilgan kimsaning ham fatvo berishi mumkin emas. Hatto u ahkom usullari, qoidalari va illatlari bilan tanishib chiqib, malaka hosil qilgan bo‘lsa ham, mo‘‘tabar kitoblarni boshqalardan ajratib olgan bo‘lsa ham mumkin emas».
Yuqoridagilardan shunday xulosa qilish mumkinki, barcha odamlarga, hatto u diniy kitoblarni o‘qib tushunsa ham diniy masalalarda fatvo berishi mumkin emas. Balki fatvo berish chuqur bilimli, shu sohada o‘zini ko‘rsatgan mutaxassis kishilarga mumkin bo‘ladi.
Odamlar shariat bilimlarini bilish darajasiga ko‘ra xos va ommaga bo‘linadi. Xos kishilar muayyan soha bilan shug‘ullanib, uni mukammal o‘rgangan mutaxassislar hisoblanadi. Omma esa, o‘zlarining kasblari bilan mashg‘ul bo‘lib, kerakli vaqtda mutaxassisga murojaat qilib, o‘z masalasini xal qiladilar. Shariy hukmlar masalasida ham xos kishilar – mujtahid-faqihlar shug‘ullanib, ommaga uning masalalarini yetkazib, tushuntirganlar. Omma esa unga amal qilgan. Shariy nuqtai nazardan odamlar mujtahid va muqallidga bo‘linadi. Manbalarda mujtahid deb ijtihod qilish (muayyan ilmiy salohiyatga ega faqih olim shariatning mufassal dalillaridan shar’iy hukmlarni chiqarib olishi, ya’ni istinbot qilish jarayoni) faoliyati bilan shug‘ullanadigan kishiga aytilgan. Mujtahid olimlar shariatning mustaqil manbasi emas. Balki mujtahid shariat qonunlarini sharhlovchisi va uning manbalarni tushuntiruvchisi deb tan olinadi.
Omma ijtihod qila olmaydigan, boshqacha qilib aytganda, mustaqil tarzda shariat manbalarini tushunmaydi va ulardan qanday hukm olinishini bilmaydigan kishilardir. Ular mujtahidga taqlid qiladi va u muqallid-taqlid qiluvchi deyiladi. Taqlid qiluvchi mujtahidning hukmiga amal qiladi. Musulmonlarning asosiy qismi shu guruh – taqlid qiluvchilar guruhidan iborat. Shu kungacha yashagan musulmon olimlarining faoliyati natijasida mazhablar jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. Mazhabsizlik va shunga o‘xshash fikrlarni islom dushmanlari musulmonlar orasida tarqatishga harakat qilmoqda. Olimlardan Shoh Valiulloh Dehlaviy to‘rt mazhabdan biriga taqlid qilish haqida: «Bilginki, ushbu to‘rt mazhabning birini ushlashda (taqlid qilishda) ummat uchun katta foyda va afzallik bor. Ulardan yuz o‘girishda katta fasod bor», degan.
Aslini olganda, musulmonlar Payg‘ambar (alayhis-salom)ga ergashadi, mujtahidlarga taqlid qiladi xolos. Ulamolarning tutgan yo‘llari haqida mashhur muhaddis Zahabiy: «Biz, to‘rt imom (Abu Hanifa, Molik, Shofeiy, Ahmad), ikki Sufyon (Sufyon Savriy va Sufyon ibn Uyayna), Avzoiy, Dovud Zohiriy, Ishoq ibn Rohuvayh va boshqa imomlar haq yo‘lda bo‘lganlar, deb ishonishimiz lozim. Ular o‘zlari haqda aytilayotgan ayb (gap)lardan pok bo‘lib, ularga e’tibor qaratilmaydi. Boshqa mujtahid muayyan bir mazhabga ergashishi shart... Ikki haram imomi (Juvayniy) ta’kidlaganidek, sahoba va tobeinlarga ergashib bo‘lmaydi, chunki ularning mazhabi yozilmagan va shakllantirilmagan. Qozilik masalalari va fatvo berishda to‘rt mazhabdan boshqasiga taqlid qilinmaydi», degan. Boshqa bir olim Tojuddin Subkiy shunday yozadi: «Ushbu to‘rt mazhab (hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy), Alloh rahmati ila, e’tiqodda bir bo‘lgan. Ularning ayrim izdoshlari mo‘‘taziliylar va mujassimaga qo‘shilib ketganlariga qaramasdan, mutlaq ko‘pchiligi haqiqatga rioya qilganlar...». «Ahli sunna val-jamoa» olimlari to‘rt mazhabdan biriga taqlid qilish shart ekani borasida ixtilofga bormaganlar.
Xulosa qilib aytish mumkinki, islomdagi fiqhiy mazhablar musulmonlarning birligini saqlashga va xalqning diniy hukmlarga rioya etishlaridagi qiyinchiliklari oldini olishga xizmat qilgan. Biroq mazhablarni inkor qilish musulmonlar qalbiga turli shubhalarni solish barobarida sof islom aqidasini buzish va jamiyatda ixtilofli holatlarni keltirib chiqarishga qaratilgan.
Soxta salafiylar tomonidan ilgari surilayotgan mazhabsizlik g‘oyasi islom shariatini to‘g‘ri tushunishga xavf solayotgan xatarli omillardan biridir. Shariatni to‘g‘ri talqin qilishda fiqhiy mazhablarning o‘rni haqida gapirishdan avval, shariat va fiqh tushunchalarining ma’nolariga to‘xtalib o‘tamiz.
«Shariat» so‘zi arab tilida ikki ma’noda ishlatiladi: birinchisi, suvga olib boradigan yo‘l ma’nosida. Arab maqolida shu ma’noda «Suv ichishning yengil yo‘li shariatga kirishdir», deyilgan; ikkinchisi, «to‘g‘ri yo‘l» degan ma’noda. Qur’oni karimning «Josiya» surasi 18-oyatida «So‘ngra (ey, Muhammad!), Biz sizni (diniy) ishdan iborat shariat uzra (barqaror) qildik...» deyilganda shu ma’no nazarda tutilgan.
Islom huquqida «shariat» deganda, ulamolar Qur’oni karim va Payg‘ambar sunnatida kelgan ilohiy ko‘rsatmalar (hukmlar)ning majmuini tushunsalar, huquqshunoslar esa islom qonunchiligi majmuini nazarda tutadilar.
Arab tilidagi «fiqh» so‘zi o‘zbek tilida «chuqur tushunish», «idrok etish» degan ma’nolarni bildiradi. «Fiqh» so‘zi bilan bir qatorda «fahm», «ma’rifat», «ilm» so‘zlari ham anglash, bilish, idrok etish ma’nolarini bildiradi. Ammo «fiqh» deganda atroflicha, mohiyatiga yetgan holda bilish va tushunish ko‘zda tutiladi. «Rubba homili fiqhin g‘ayru faqihin», ya’ni «fiqhni tashuvchi ko‘pgina kishilar faqih emaslar» degan hadisda shu xususiyat ko‘zda tutilgandir. Payg‘ambarimizning mashhur hadislaridan birida shunday deyiladi: «Alloh kimga yaxshilikni ravo ko‘rsa uni dinda faqih qilib qo‘yadi». Bu hadis ko‘p hollarda din ilmi bilimdonlarini ulug‘lash maqsadida zikr qilinadi.
Istilohda esa «fiqh» – shariat hukmlarini o‘rganish, shariat qoidalarini barcha juz’iyoti bilan anglash hamda qaysi maqsadda ishlab chiqilganini tushunish va o‘zlashtirilgan ushbu ilmni amalga tatbiq etishdir.
Islom fiqhining alohida soha sifatida shakllanishi hamda fiqhiy mazhablarning rivojlanishi aynan shariatni to‘g‘ri tushunish va tatbiq etish borasidagi qadamlardan biri bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sunniylikdagi fiqhiy maktablarning vujudga kelishi va rivojlanishi ijtimoiy munosabatlarda shariat ko‘rsatmalarini aynan o‘z o‘rnida to‘g‘ri qo‘llash uchun munosib sharoit yaratib berdi.
Soxta salafiylarning fikriga ko‘ra fiqhiy mazhablar tomonidan ishlab chiqilgan kategoriyalar shariatni to‘g‘ri tushunish metodologiyasi sifatida tan olinmaydi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shariat ahkomlarini amalga tatbiq etish eng to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblanadi.
Soxta salafiylar ilgari surayotgan mazhabsizlik g‘oyasi o‘tgan minglab olimlarning qilgan mehnatlarini, qancha mashaqqat bilan umr sarflab yaratilgan noyob manbalarni bekorga chiqaradi. Asrlar davomida barcha musulmonlar amal qilib kelgan an’analar noto‘g‘ri, shuncha musulmon adashgan ekan, degan xulosaga olib keladi. Eng ayanchlisi, musulmonlarni birlashtirib, jamlab turgan to‘g‘ri yo‘lga putur yetkazadi. Buning natijasida esa, musulmonlar orasida o‘zaro parokandalik yuzaga keladi. Bu tarzdagi mazhabsizlikka chaqiriq mazhablar mohiyati va qiymatini umuman bilmaslikdan kelib chiqadi. Garchi mazhablar 4 ta bo‘lsa ham, ular yagona ahli sunna va jamoaning yo‘nalishlari sifatida e’tibor qilinadi va musulmon ummatini jamlaydi, birlashtiradi. Zero, Payg‘ambar (alayhis-salom) shunday marhamat qiladilar: «Alloh ummatimni biror zalolatga jamlamas». Yana bir hadisda «Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Allohning huzurida ham yaxshidir» – deyilgan.
Payg‘ambar (alayhis-salom) hayotlarining oxiriga kelib, turli qabila va yurt odamlari islomni qabul qila boshladilar. Yangi musulmonlar oldida yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida nozil bo‘lgan oyatlarni o‘rganish, shariat ahkomlarini o‘z hayotlariga tatbiq qilish vazifasi turar edi. Tabiiyki, yosh sahobiylar o‘zlaridan kattalardan, yangi musulmonlar esa, avvalgi musulmonlardan shar’iy masalalarni o‘rgana boshladilar.
Birinchi hijriy asrning ikkinchi yarmi va ikkinchi hijriy asrda islom dini dunyo bo‘ylab, turli mintaqalarda tarqaldi. Turli arab bo‘lmagan xalqlar ham musulmon bo‘ldilar. Tabiiyki, ular o‘zlariga Qur’oni karim va Payg‘ambar (alayhis-salom) sunnatlaridan shariat ahkomlarini chiqarib, tartibga solish imkoniga ega emas edilar.
Shunday qilib, jamiyatda asta-sekin kishilarga diniy hukmlarni o‘rgatadigan, ularning savollariga javob bera oladigan, muayyan ilmlarga ega insonlarga ehtiyoj tobora ortib bordi.
Shu tariqa turli diyorlarda olimlar yetishib chiqa boshladilar. Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofeiy va Imom Ahmadlar bugungi kunda ham mavjud bo‘lgan to‘rt fiqhiy mazhabga asos soldilar. Ular ibodatlar va boshqa barcha masalalarni Qur’oni karim va hadisi sharifga ko‘ra ma’lum qoidalarga solib chiqdilar. Manbaning boyligi va Rasululloh (alayhis-salom)ning ayrim vaqtlarda bir amalni turlicha bajarganlari, bir masala bo‘yicha turlicha tasarruflari haqidagi hadis va xabarlar, rivoyatlar bu olimlarning ishlarida ham ma’lum juz’iy farqlarni paydo bo‘lishiga olib keldi. Shuningdek, turli mintaqalardagi sharoitlarning turlichaligi, shariat masalalarida tabiiy tafovutlarning yuzaga kelishiga asos bo‘ldi. Masalan, shofeiy mazhabida tahoratdan so‘ng yuz-qo‘lni artmaslik afzal bo‘lsa, hanafiy mazhabida artish afzaldir. Bu o‘rinda mazhablar tarqalgan hududlardagi iqlim sharoiti ham e’tiborga olingan. Binobarin, Rasululloh (alayhis-salom)dan ikki holatni ham tasdiqlovchi rivoyatlar yetib kelgan.
Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, Imom Shofeiy Misrga kelganlaridan so‘ng, Bag‘dodda aytgan ba’zi hukmlarini urf o‘zgargani uchun o‘zgartirganlar. Masalan, ikki da’vogar o‘z da’volarida hujjatlari yo‘qligi sababidan kelisha olmasalar, urf qaysi birini quvvatlasa, hukm shuning foydasiga bo‘lishi; er bilan xotin mahrning avvaldan beriladigan va keyin beriladigan qismlariga kelisha olmasalar urfga asosan hal qilinishi; bir kishi go‘sht yemayman, deb qasam ichsada, baliq yesa, qasamiga kafforat bermasligi kabi hodisalar urfga asosan hal qilingan.
Yuqorida zikr qilinganidek juz’iy masalalarda farq bo‘lgani bilan, to‘rt sunniy mazhabda islomning asosiy masalalari bo‘yicha ixtiloflar yo‘q. Chunki har bir mazhab asoschisi o‘z so‘zlarini ishonchli dalillar bilan isbotlaganlar. Mazhablar o‘rtasidagi farqlar namoz ibodatida ko‘proq ko‘zga tashlanadi: namozda tik turganda qo‘lni bog‘lash shakli, takbirlarda qo‘lni ko‘tarish, imomga iqtido qilganda «Fotiha»ni o‘qish yoki o‘qimaslikva boshqalar.
Masalan, namoz o‘qish jarayonida qo‘llarini ko‘krak ustiga, ko‘krak quyirog‘iga, kindik quyirog‘iga yoki qo‘llarini ikki yonga tushirib turishi haqidagi tartiblarning bari hadislarda kelgan. Hamda mazhab imomlari tomonidan ushbu rivoyatlar o‘rganilib, har bir mazhabda alohida qoida muayyan asosda tanlab olingan. Bu kabi fiqhiy masalalardagi hadislarga asoslanishdagi turlilik mazhablardagi bir necha o‘rinlarda kuzatiladi. Binobarin, ularning barchalari hadislarni tanlashda turlicha yondashuvga tayanadilar. Hanafiylik mazhabi asoschisi Abu Hanifa ham hadislarga murojaat qilishda o‘ziga xos yo‘l tutgan. Rivoyatga ko‘ra, Abu Hanifa bilan Avzoiy suhbatlashganda, Avzoiy unga «Nima uchun ruku’da qo‘lingizni ko‘tarmaysizlar, deb savol beradi. Abu Hanifa «bu borada Muhammad (alahis-salom)dan sahih hadis kelmagan», deb javob beradi. Avzoiy: «Qanday qilib, Zuhriy, Solimdan u otasi Abdulloh ibn Umardan: «Muhammad (alayhis-salom) namoz boshlanishida, ruku’da va ruku’dan turganlarida ikki qo‘llarini ko‘tarardilar», deb rivoyat qilishgan-ku, deydi. Abu Hanifa: Hammod ibn Salama, Ibrohim Naxa’iydan, u Alqama va Asvaddan, ular Abdulloh ibn Mas’uddan «Muhammad (alayhis-salom) namozda faqat uning boshlanishidagina ikki qo‘llarini ko‘tarardilar, boshqa bu harakatni qilmasdilar», degan hadisni keltiradi. Avzoiy: «Men Zuhriy, Solim, Ibn Umar silsilasi bilan hadis aytsam, siz Hammodning Ibrohimdan qilgan rivoyatini ustun qo‘yyapsiz», deydi. Abu Hanifa: «Hammod Zuhriydan faqihroq, Ibrohim Solimdan faqihroq, Alqama Ibn Umardek emas, Asvad esa ko‘p fazilatlik kishi, lekin Abdulloh ibn Mas’ud esa, u Abdulloh ibn Mas’uddir», degan. Avzoiy bu so‘zlardan keyin sukut qilgan. Bundan Abu Hanifaning o‘z yechimlarini hadislarning ichidan tanlab, roviylarining fiqhdagi ilm darajalariga ham alohida e’tibor qaratgan holda o‘z xulosasini ishlab chiqqani namoyon bo‘ladi.
Haj marosimi paytida Makkadagi Masjid al-Haromda har xil yurtlardan kelgan hojilar o‘zlarida qabul qilingan qoidaga ko‘ra namoz o‘qiyveradilar va bu hech qanday e’tiroz yoki noqulaylikka sabab bo‘lmaydi. Ammo bir diyorda bir xil tartibda, bir mazhab ko‘rsatmalari doirasida ibodat qilish mahalliy aholi vakillarini jipslashtirishga xizmat qilib kelgan. Uning aksi esa turli ixtiloflarga yo‘l ochib bergan.
Islom dinining O’rta Osiyo xalqlari tarixida ijobiy rol o‘ynaganiga hech qanday shak-shubha yo‘q. Ayni vaqtda O’rta Osiyo mintaqasida shakllangan islomning umummusulmon madaniyatida o‘ziga xos salmoqli o‘rni borligi ham sir emas. Mazhabsizlik g‘oyasining asl mazmuni esa, asrlar davomida musulmonlar amal qilib kelayotgan huquqiy maktablarni bekorga chiqarishdir. Buning natijasida jamiyatda turli ixtiloflar vujudga keladi, asrlar davomida bir maromda kelayotgan hayot izidan chiqib ketishi mumkin.
Olimlar nazdida har doim odamlar shariat bilimlarini bilish darajasiga ko‘ra xos va ommaga bo‘lingan. Xos kishilar ma’lum bir soha bilan shug‘ullanib, o‘z mutaxassisligini mukammal o‘rgangan. Omma odamlar esa, o‘zlarining odatiy ishlari, kasb-hunarlari kabi ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgan va zarurat tug‘ilganda kerakli mutaxassisga murojaat qilib o‘z masalasi bo‘yicha yechim topgan. Shar’iy hukm chiqarish bilan ham xos kishilar, ya’ni mujtahid faqihlar shug‘ullangan, omma musulmonlar esa ushbu hukmlarga amal qilgan. Demak, shariat hukmlari va ularning dalillariga nisbatan odamlar ikki guruhga bo‘linadi: mujtahidlar va muqallidlar.
Mazhab va mazhabga ergashish haqida gap ketganda, ijtihod va odamlarning unga nisbatan darajalari haqida aytib o‘tish zarur, zero biror mazhabga ergashish ijtihod darajasiga yetmagan kishi uchun lozim bo‘ladi. Mazhablar ijtihodning mahsuli, ijtihod esa hammaning qo‘lidan keladigan oddiy ish emas. «Ijtihod» bu arabcha so‘z bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi qiyin bir ish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilish va bor imkoniyatlarni ishga solish, deganidir. Istilohda (fanda ko‘zda tutilgan ma’nosi) esa, ijtihod «shariatda muayyan ilmiy salohiyatga ega faqih olimning shariatning mufassal dalillaridan shar’iy hukmlarni chiqarib olish, ya’ni istinbot qilish jarayonidir. Ijtihod qilish, ya’ni huquq ijodkorligi faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxs – mujtahid deb ataladi. Mujtahid shariat hukmlarini ko‘rsatuvchi (belgilab beruvchi) dalillarni va shu dalillardan qanday hukm olishni biladi. Ular o‘z navbatida mutlaq mujtahid va muqayyad mujtahidga bo‘linadi. Mutlaq mujtahid barcha masalalarda o‘zi mustaqil ijtihod qiladi, mazhabga taqlid qilmaydi. Hozirgi kunda mutlaq mujtahidlik shartlarini o‘zida jamlagan kishilar yo‘q, deb hisoblanadi. To‘rt mazhabboshi Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofeiy va Imom Ahmad ibn Hanballar mutlaq mujtahid, deb e’tirof etiladi. Muqayyad mujtahid esa, bir mazhab doirasidagi mujtahid hisoblanadi. Hozirgi kunda bu kabi ijtihodiy masalalar xalqaro miqyosdagi fatvo kengashlari, fiqhiy akademiyalar, ulamolar kengashlari tomonidan o‘rnatiladi va tegishli ko‘rsatmalar ishlab chiqiladi.
Yuqorida ijtihod va mujtahidlar to‘g‘risida so‘z yuritdik, endi odamlarning ikkinchi guruhi – muqallidlar haqida so‘z yuritamiz.
Shariat hukmlariga dalolat qiluvchi dalillarni va shu dalillardan qanday hukm olishni umuman bilmaydigan yoki dalillarni bilsa-da, ulardan qanday hukm olinishini bilmaydigan kishi, ya’ni ijtihod qilish salohiyatiga ega bo‘lmagan kishilar mujtahidlarga ergashadi va bu taqlid qilish deyiladi. Taqlid qiluvchi esa muqallid deyiladi.
«Taqlid» arabcha so‘z bo‘lib, lug‘atda «biror narsani yoki taqinchoqni boshqa kishining bo‘yniga qo‘yish, osish» degan ma’noni anglatadi. Istilohda esa, chiqarilgan hukmga uning dalilini bilmagan holda ergashishdir. Hanafiy mazhabi olimlari va moturidiylik aqidasiga ko‘ra taqlidiy dindor bo‘lish joiz ekanligi, e’tiqod va amallarda dalillarni bilmasligi uning diniga putur yetkazmasligini ta’kidlaganlar. Umuman, aksariyat ulamolar ham taqlid qilish shariatga zid emasligi va ijtihod darajasiga yetmagan kishi agar olim bo‘lsa ham taqlid qilishi shart ekanligini ta’kidlagan holda Qur’on, ijmo’ va aqliy dalillardan quyidagilarni keltirganlar:
Qur’oni karimdan dalil:
Qur’oni karimning «...Agar (bu haqda) bilmaydigan bo‘lsangiz, ahli zikrlardan so‘rangiz!» (Nahl, 43) degan oyatiga binoan shariat hukmini hamda uning dalilini bilmaydigan kishi buni biladigan kishidan so‘rab, unga ergashishi shart bo‘ladi.
Ijmo’dan dalil:
Ibn Xaldun va boshqa tarixchi olimlar aytganidek, sahobiylarning hammasi ham fatvo bermagan, din ularning har biridan o‘rganilmagan. Balki fatvo beruvchi mujtahid sahobiylar soni fatvo so‘raydigan muqallid sahobiylarga nisbatan juda oz bo‘lgan. Mujtahid sahobiylar muqallidlarini fatvo so‘rashdan qaytarmaganlar va ularga o‘zlari ijtihod darajasini hosil qilishga ham buyurmaganlar. Payg‘ambar (alayhis-salom) ham faqih sahobiylarni aholisi islomdan bilimlari yo‘q xalqlar huzuriga yuborganlar. U yerdagi aholi o‘sha yuborilgan sahobiyning barcha fatvolariga amal qilgan. Gohida Qur’on va sunnatdan dalil topa olmagan masalalarda sahobiy ijtihod qilgan va odamlar uning ijtihodiga ergashganlar. Sahobiy va tobeiylardan hech biri buni inkor qilmaganlari taqlid qilish joiz ekanligiga sukutiy ijmo’ sifatida baholanadi.
Aqliy dalil:
Ijtihod juda oz kishilargina hosil qilishi mumkin bo‘lgan malakadir. Shunday ekan, odamlarning hammasini bunga buyurish toqatdan yuqori narsaga buyurishdir, bu shar’an mumkin emas, zero «Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi...» (Baqara, 286).
Musulmon kishi bu dunyoda hayot kechirar ekan, u yashash uchun intilishi, kasb-hunar qilishi, oilasini boqishi va boshqa yashash uchun zaruriy bo‘lgan ishlarni qilishi kerak. Agar har bir kishi hukmlarning dalillarini bilishi kerak bo‘lsa, barcha ishlarni chetga surib, shar’iy hukmlarning dalillarini o‘rganishga kirishishi kerak bo‘ladi. Natijada jamiyatdagi ijtimoiy hayot tizgini izdan chiqib, ko‘p ishlar qolib ketadi, hayot tizimi buziladi hamda odamlarga qiyinchilik tug‘diradi. Bu esa islom diniga zid, zero Alloh taolo «... dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi...» (Haj, 78). Muammoning yechimi mutaxassislar, ya’ni mujtahidlar chiqargan shar’iy hukmlarga, ya’ni mazhablarga ergashishdir. Hujjatul islom alloma Imom G’azzoliy o‘zining mashhur «Ihyo ulum ad-din» asarida shunday degan: «Avomning haqqi – imon keltirib, taslim bo‘lish hamda o‘z ibodatlari va hayot ishlari bilan shug‘ullanishdir, ilmni esa olimlarga qo‘yib berish kerak. Chunki Alloh va Uning dini borasida aniq ilmsiz holda gapirgan inson, xuddi tubsiz dengizga tushib qolgan suzishni bilmaydigan kishi kabi o‘zi bilmagan holda kufrga tushib qoladi».


XULOSA
Hozirgi davrda eng avvalo axborot chegaralarining barham topishida o‘zligini namoyon qilayotgan globallashuv sharoitida va bir paytlar xalqaro munosabatlar mazmunini belgilagan ikki qarama-qarshi kuch — sotsializm va kapitalizm o‘rtasidagi o‘zaro kurashning barham topishi natijasida ekstremizm va terrorizm mamlakatlar, mintaqalar va umuman dunyo xavfsizligiga asosiy taxdid sifatida birinchi o‘ringa chiqdi. Qo‘poruvchilik faoliyatining turli ko‘rinishlarini o‘z ichiga olgan infrastrukturani shakllantirgan va rivojlantirgan mazkur ikki dunyoqarash o‘rtasidagi kurash hozirda turli xil kuchlarni birlashtirgan ko‘p qutbli dunyoning mazkur infrastrukturaga qarshi kurashidek shakl-shamoyil kasb etmoqda.
Bugungi kunda islom diniga nisbatan butun dunyoda qiziqish va intilish kuchayib, uning shuhrati yanada keng yoyilayotganligi hammaga ma’lum. Ammo buni ko‘ra olmaydiganlar tomonidan bunga qarshi turli nayranglar o‘ylab topilayotganligi hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Musulmonlar orasida fitna qo‘zg‘ab, o‘zaro kelishmovchiliklarni keltirib chiqarish va jamiyat hayotida barqarorlikni izdan chiqarishda islomni noto‘gri talqin qilib, uning nomidan turli noto‘g‘ri g‘oya va oqimlarni paydo qilish eng sermahsul qurolga aylanib qoldi. Ayni shu asosda mazhabsizlik muammosi ham paydo bo‘lganligi ehtimoldan xoli emas.
Mazhabsizlik g‘oyasi asrlar davomida o‘tgan minglab olimlarning qilgan mehnatlarini bekorga chiqaradi. Asrlar davomida barcha musulmonlar amal qilib kelgan an’ana noto‘g‘ri, shuncha musulmon adashgan ekan degan xulosa kelib chiqadi. Bunday bo‘lishi mumkin emas, buni tilga olishni o‘zi qiyin. Bu Payg‘ambar (s.a.v.)ning sunnatiga ham to‘g‘ri kelmaydi, zero u kishi shunday marhamat qiladi: “Alloh ummatimni biror zalolatga jamlamas”. Boshqa bir hadisda “Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Allohning huzuruda ham yaxshidir” - deyilgan. Bu da’vat mazhablar mohiyati va qiymatini umuman bilmaslikdir.

Download 62.81 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling