Xorazm maqomlarining umumiy tavsifi. Chertim yо‘li. Aytim yо‘li


Download 0.6 Mb.
bet3/3
Sana04.02.2023
Hajmi0.6 Mb.
#1158396
1   2   3
Bog'liq
10-мавзу

3. Aytim yо‘li
Xorazm maqomlari ashula bo‘limi tarkibidagi sho‘balar Shashmaqom yo‘llarining ko‘p jihatlarini asosan saqlab qolgan. Lekin, so‘nggi yillarda Xorazm ashula ijrochiligidagi o‘ziga xos xususiyatlarga bog‘liq holda ba’zi ashula yo‘llari tanib bo‘lmaslik darajada o‘zgarib ketgan.
Xorazm maqom sho‘balarining ba’zi qismlari bizgacha yetib kelmagan, ba’zi taronalar unutilib yuborilgan. Ko‘p ashula yo‘llari esa tarona nomi bilan emas, maxsus boshqa nomlar bilan ataladi. Masalan, tarona qismlari Rost maqomida Suvora, Naqsh, Faryod; Buzrukda esa Sayri Gulshan; Navoda Suvora, Faryod, Naqsh; Dugohda Suvora; Segohda Naqsh va Muqaddima deb nomlanadi. Binobarin, Aytim yо‘li tani maqom, talqin, nasr kabi asosiy qismlar — shо‘balar va ular negizida tuzilgan tarona, suvora, naqsh, faryod va ufar deb nomlangan variant qismlardan tashkil topadi. Bundan tashqari, ba’zi taronalarning o‘rni o‘zgartirilgan. Ko‘pincha saraxbor taronalari nasr sho‘balarida yoki aksincha foydalana beradi. Yana shunisi diqqatga sazovorki, Iroq maqomida ashula bo‘limi sho‘balari umuman uchramaydi va allaqachon unutilib yuborilgan. Hatto Xorazm tanbur chizig‘ida, Matyusuf Xarratovning «Xorazm musiqiy tarixchasi» kitobida ham Iroqning ashula bo‘lim sho‘balari aks ettirilmagan. Dastlab Xorazm maqomlari ijrosida fors-tojik (Hofiz, Jomiy kabi) va keyinchalik о‘zbek, ozar mumtoz shoirlari (Navoiy, Fuzuliy, Munis, Ogahiylar)ning g‘azallaridan foydalanilgan.
Maqomlar ashula bo‘limlarining bosh sho‘basi bo‘lgan saraxborlar Xorazmda maqomlar nomi bilan – Maqomi Rost, Maqomi Buzruk, Maqomi Navo, Maqomi Dugoh, Maqomi Segoh kabi nomlanadi. Xuddi shunday holni cholg‘u bo‘limlarida ham uchratgan edik. Bunga sabab Xorazm maqomlarida cholg‘u va ashula bo‘limlari bosh qismlarining kuy tuzilishi va ohanglari bir xilligidir, ya’ni ular ma’lum musiqa asarining cholg‘u va ashula shakllaridir. Maqomlarning bosh mavzusi bo‘lgan birinchi sho‘balaridan umumiy taassurot olish uchun Maqomi Dugohni tahlil qilib chiqamiz.
Maqomi Dugohning, ya’ni Xorazmcha «Saraxbori Dugoh»ning kuy tuzilishi Shashmaqomdagi kabi ohanglardan iborat bo‘lsa-da, biroz o‘zgartirilib ijro etiladi. «O‘zbek xalq musiqasi» turkumida bosilib chiqqan oltinchi jild bo‘lmish «Xorazm maqomlari» kitobida Saraxbori Dugoh – Maqomi Dugoh nomi bilan atalib, ashula boshlanadigan asl tonika – birinchi oktavaning «re» pardasi o‘rniga kichik oktavaning «lya» pardasi, ya’ni to‘rt parda pastga tushirilgan. Uning birinchi xati ikki marta takrorlanadigan ashula jumlalaridan iborat. Har biri she’rning bitta bayti bilan o‘qiladigan ikkita xati daromad tuzilmasi bo‘lib, she’r matnisiz aytiladigan ohanglar bilan asl boshlang‘ich pardaga tushiriladi. Uchinchi xat o‘rta pardalarda ijro etiladigan miyonxat bo‘lib, uning har bir ashula jumlasi she’r matnisiz aytiladigan ohanglar bilan ashula boshlangan pardaga qaytib tushadi. Ashulaning to‘rtinchi xati asar boshlanish jumlalarining yuqori pardalaridagi takrori bo‘lmish dunasr, beshinchi va oltinchi xatlari Muxayyari Chorgoh namudi, yettinchi xati tushirim qismlaridan iborat. Ularning hammasi she’r so‘zlarisiz ijro etiladigan ohanglar bilan yakunlanadi.
Xorazm maqomlaridagi bosh ashula yo‘llari taxminan XIX asrning oxirgi choragidan boshlab maqomlar nomi bilan atala boshladi. Xorazm maqomlari she’r matnlari to‘plamlarida esa, ular «saraxbor» deb ko‘rsatilgan. Saraxborlarning kuy-ohanglari, doira usuli va ularga aytiladigan she’r o‘lchovlari Buxoro va Xorazm ko‘rinishlarida deyarli bir xil desa bo‘ladi.
Saraxborlarning ba’zi taronalari Xorazmda terma qilinib ishlangan. Ularga avjlar kiritilib, yirik shakldagi ashula holiga keltirilgan. Saraxbori Rostda uchta tarona mavjud bo‘lib, Tarona, Suvora va Naqsh deb nomlanadi. Uning taronasi Shashmaqomdagi Saraxbori Rost uchinchi taronasining ritmik variantidir. Suvora yo‘li esa Shashamaqomdagi Rostning uchinchi, to‘rtinchi taronalari asosida yaratilgan bo‘lib, Xorazmda juda ham mashhur. Hozirda esa zamonaviy mavzudagi «O‘zbekiston gullari» ashulasi shu Suvora asosida yaratilgan. Naqsh ashula yo‘li Nasri Ushshoqning birinchi va ikkinchi taronasi bo‘lib, uning ma’lum ko‘rinishi Xorazmda «Hanuz» nomi bilan mashhurdir.
Naqshi Rost Shashmaqomdagi shaklidan farq etadi. Unga xorazmlik bastakorlar Ushshoq va Uzzol namudlarini kiritganlar. Buzruk maqomining taronalari – Sayri Gulshan, ikkinchi va uchinchi taronalariga ham Uzzol va Muxayyari Chorgoh namudlari avjiga kiritilib, ashula yo‘llari ancha kengaytirilgan. Navo maqomining birinchi taronasi Shashmaqomdagi kabi bo‘lib, mahalliy ashula ijrochiligiga moslashtirilgan.
Navo maqomining Suvorasi Saraxbori Navo ikkinchi taronasining ma’lum ko‘rinishidir. Saraxbori Dugohning taronalari asosida Xorazmda ularning noyob namunasi yaratilgan. Saraxbori Segohning birinchi va ikkinchi taronalari xorazmcha misolida ancha yiriklashtirilgan. Saraxborlar hamma taronalari-ning takt o‘lchovi, doira usuli, ular boshlanadigan pardalar o‘zgacha tarzda olinganligi ularning o‘zgarib ketishiga olib keladi.
Saraxborlar taronalari bilan aytilgandan so‘ng Xorazm maqomlarida ham talqin deyilgan sho‘balarga o‘tiladi. Tilga olingan «Xorazm musiqiy tarixchasi» risolasida yettita talqin keltirilgan bo‘lib, Xorazm maqomlari nota to‘plamida to‘rttasigina beriladi. Ular Talqini Rost, Talqini Buzruk, Talqini Navo, Talqini Segoh deb nomlanadi. Qolgan talqin yo‘llari Xorazmda unutilib yuborilgan bo‘lsa kerak.
Talqini Rost Shashmaqomdagi Talqini Ushshoqning o‘zidir. Uning tarkibida Talqini Ushshoqdagi hamma tuzilmalar mavjud. Talqini Rost daromad bilan boshlanadi. Keyin miyonxat, Uzzol va Muxayyari Chorgoh namudlari ma’lum o‘zgartishlar bilan avj sifatida foydalanilib, tushirim qismi bilan yakunlanadi. Uning doira usuli va she’r o‘lchovi Talqini Ushshoqdagi kabidir. Bu sho‘ba «ramali musammani mahzuf» vaznidagi g‘azallar bilan aytiladi:

Gul kerakmasdur menga majlisda sahbo bo‘lmasa,


Naylayin sahboni gul majlisaro bo‘lmasa.

Boshqa taronalar ham Xorazm turida ancha o‘zgarishlarga uchragan. Masalan, Talqini Buzruk Talqini Uzzolning ma’lum ko‘rinishi bo‘lib, uning kuy qiyofasi, tarkibiy qismlari Shashmaqomdagi kabidir. Uzzol ohangining kvarta darajasidagi sakrama harakati o‘rniga pog‘onama-pog‘ona yuriladi. Talqini Navo – Talqini Bayotning o‘zi, lekin juda o‘zgartirib yuborilgan. «Xorazm maqomlari» nota to‘plamida qisqa va noto‘g‘ri pardalarda berilgan. Talqini Segoh Talqini Ushshoq ohanglariga o‘xshaydi va Shashmaqomdagidan farq qiladi.


Shunday qilib, talqin yo‘llari ham Xorazm mahalliy ijrochilik uslubiga moslanib olinganligi ularning kuy qiyofasida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lishiga olib kelgan. Mazkur kitobda Rost va Navo maqomlarini talqin yo‘llarida bittadan tarona keltirib, ular Faryod deb nomlangan. Faryod yo‘llari ham namudli avjlar bilan kengaytirib qayta bastalangan.
Nasr sho‘balarining ba’zilari hozirda unutilib yuborilgan. Xarratov o‘n beshta nasr yo‘lini sanab o‘tgan. «Xorazm maqomlari» nota to‘plamida esa sakkizta nasr sho‘balari beriladi. Ular Rost maqomida Navro‘zi Sabo, Buzrukda Nasrulloyi, Navoda Faryod va Orazi Navo, Dugohda Chorgoh va Bayot, Segohda Sabo, Navro‘zi Xoro, Nasri Ajam deb nomlanadi. Shuni aytish kerakki, Navodagi Faryod Husayniy Dugohning o‘zidir. Mazkur kitobda Bayot negadir Navo maqomi tarkibida berilmay, Dugoh maqomining sho‘balari tarzida keltirilgan. Bunday o‘zgartishlar Xorazm maqomlarini o‘rganishda chalkashliklar tug‘diradi.
Endi nasr sho‘balaridan umumiy taassurot olish uchun ularning ba’zilari bilan tanishib chiqamiz. Masalan, Nasri Rost sho‘basi Shashmaqomdagi Nasri Ushshoqning ayni o‘zidir. Nasri Rost daromad tuzilmasi bilan boshlanadi. Keyingi xatlari miyonxat, Uzzol va Muxayyari Chorgoh namudlari hamda tushirim qismlaridan iborat. Bu ashula yo‘li Xorazmda «Shitob aylab» nomi bilan mashhur. U «hazaji musammani solim» deyilgan vazndagi she’rlar bilan ijro etiladi. Masalan, Navoiyning quyidagicha boshlanadigan g‘azaliga o‘qiladi:

Tun oqshom keldi kulbam sori ul gulrux shitob aylab,


Xiromi sur’atidin gul uza haydin gulob aylab.

Shuni alohida aytish kerakki, bu mashhur ashula yo‘li noma’lum sabablarga ko‘ra «Xorazm maqomlari» nota to‘plamiga kiritilmagan.


Nasr sho‘balaridan yana biri Nasrulloyi Xorazmda yangicha sharh va yangicha sayqal topgan. Shashmaqomdagi Nasrulloyiga ko‘ra, boshqacha mazmun va ohangdorlik kasb etgan. Lekin uning tarkibidagi dunasr va Turk avji saqlangan holda kishida butunlay yangi ashula yo‘li bo‘lib taassurot qoldiradi.
Nasr yo‘llarining ba’zilarida taronalar mavjud bo‘lib, ular suvora, naqsh, tarona nomlari bilan mashhurdir. Shuni ta’kidlash kerakki, naqsh iborasi temuriylar davridan boshlab qo‘llanib kelingan. Lekin Buxoro maqomdonlari tomonidan unutilib yuboril-gan bo‘lsa-da, Xorazmda bu nom hozirgacha qo‘llaniladi. Buxoroda esa naqsh ashula yo‘llari tarona deb nomlanadi. «Naqsh» so‘zi arabcha bo‘lib, «bezak», «sayqal» kabi ma’nolarni bildiradi. Bunda yirik shakldagi ashulalarga bastalangan kichikroq shakldagi ashula yo‘llari ko‘zda tutilib, ular maqom turkumlariga haqiqatdan sayqal bo‘lib xizmat qiladi.
Nasrlarning tarona yo‘llaridan yana biri suvora ham naqshlar vazifasini o‘taydi. Suvora atamasi fors-tojikcha «otliq», «chavandoz» ma’nolarida ishlatiladi. Suvora yo‘llari tinglansa, otning yurishi bilan otliq kishining gavda harakati ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Suvoralar usuli soqiynoma yoki ufar doira usullarida bo‘ladi. Xorazm maqomlarida 13 chorakli takt o‘lchovidagi doira usulida kam keladi. Keyingi vaqtlarda ular sustroq usulda ham ijro etiladigan bo‘ldi.
Hozir Xorazmda suvora yo‘llarining turli namunalari keng tarqilgan. Ular shakl jihatidan maqom sho‘balari kabi yirikdir. Xorazm maqomlari ham ufar bilan yakunlanadi. Ufarlar esa ko‘pincha Shashmaqomdagi kabi nasrlar bilan emas, balki saraxborlarga ohangdosh.
Shunday qilib, Shashmaqom Xorazm vohasi sharoitida muhim o‘zgarishlar bilan ijodiy foydalanilgan edi. Ba’zi maqomlarning kuy yo‘llari va doira usullari hajman ixchamlashtirildi, usul sur’ati biroz tezlashtirildi. Namud, avjlari qisqartirilib olindi, kuy va ashula yo‘llari qayta bastalandi, ba’zan yangidan-yangi qismlar yaratildi. Shashmaqom Xorazmda mustaqil yashab keldi. Shuning uchun Buxoro an’anasidagi savt va mo‘g‘ulcha turidagi sho‘balar Xorazm maqomlariga kirmay qoldi. Lekin Xorazm bastakorlari maqom negizida chuqur ijodiy ishlar olib bordilar. Ular maqom uslubida suvora yo‘llarining ajoyib namunalarini, «Feruz», «Ilg‘or», «Eshvoy», «Norim-Norim» kabi noyob kuy va ashulalarni yaratdilar. Shulardan biri «Unutma» ashulasidir. Bu ashula yo‘li nasrlar usulida ijro etilib, Xorazm dostonlarida ham aytiladi. Maqom yo‘llarining xalq dostonlarida foydalanilganligi Xorazmda maqomlarning naqadar mashhur ekanidan dalolat beradi. Bastakorlar Xorazm sharoitiga mos kelmagan ba’zi maqom yo‘llari o‘rniga yangidan-yangi asarlar yaratdilar.
Xorazm maqomlarida lad-tonallik masalasida chalkashliklar mavjud. Ularni to‘g‘ri aniqlash va mazkur maqom majmuasining parda tizimini tiklash mutaxassislar oldida turgan galdagi vazifalardan biri bo‘lmog‘i lozim. Bu narsa esa maqomlarning tarixiy taraqqiyot yo‘lini to‘g‘ri yoritishga, kuy va ashula yo‘llarining badiiy-estetik qimmatini to‘la ochib berishga katta imkoniyat tug‘diradi.
Download 0.6 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling