Xorazmshohlar davlatining zavol topishi Reja
Download 49.45 Kb.
|
Xorazmshohlar davlatining zavol topishi
- Bu sahifa navigatsiya:
- Мo’g’ullаr tоmоnidаn Моvаrоunnаhrning bоsib оlinishi Xorazmshohlar hudud va harbiy jihatdan ulkan davlat bo’lishiga qaramay, siyosiy jihatdan zaif
Xorazmshohlar davlatining zavol topishi Reja: Mo’g’ullar tomonidan Movarounnahrning istilo qilinishi Jaloliddin Manguberdining mo’g’ullarga qarshi kurashi Vatandan ketgan xorazmliklar taqdiri Мo’g’ullаr tоmоnidаn Моvаrоunnаhrning bоsib оlinishi Xorazmshohlar hudud va harbiy jihatdan ulkan davlat bo’lishiga qaramay, siyosiy jihatdan zaif edi. Buning bir necha sabablari bor edi. Birinchidan, Xorazmshoh Alouddin Muhammadning hokimiyati mutlaq emas edi. Uning onasi Turkon xotun o’zining qudratli qipchoq qabilasi amirlariga tayangan holda, davlat ishlariga aralashar, hatto o’g’lining farmonlarini bekor qilish darajasiga yetib borar edi. Ikkinchidan, Xorazmshohlar davlatida turli turkiy qabilalar o’rtasida davlatni boshqarishda yetakchi mavqega ega bo’lish uchun zimdan kurash ketardi. Bu kurashda Turkon xotunning qo’llab-quvvatlashi tufayli qipchoqlarning qo’li baland keldi. Qipchoqlar davlat boshqaruvi va qo’shinda yetakchi rol o’ynar edilar. Hatto xorazmshoh Alouddin Muhammad ham ulardan qo’rqar va ularning ra’yiga qarshi borolmas edi. Uchinchidan, Xorazmshoh bosib olgan hududlarida bu yerdagi oldingi hukmdorlarni asir etib, keyin qatl etib yubordi. Xorazmliklar bo’ysundirilgan mamlakat va viloyatlarda o’zlarini haqiqiy bosqinchilar sifatida namoyon etdilar, xalqqa jabr-zulm o’tkazdilar. Natijada xalq ommasi eng qiyin paytlarda, ya’ni mo’g’ullar istilosi davrida davlatni qo’llab-quvvatlamadi. Xorazmshohlar davlatining ahvolini og’irlashuviga Alouddin Muhammadning tashqi siyosatda ham yo’l qo’ygan xatoliklari sabab bo’ldi. Sharqdan davlat uchun juda katta xavf-xatar paydo bo’lgan bir paytda u qo’shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilashi, ular bilan ittifoq tuzishi zarur edi. Ammo xorazmshoh bunday qilmadi, aksincha, Sharqiy Turkiston hukmdori Qushluxon hamda Bag’dod xalifasi an-Nosir bilan do’stona munosabatda bo’lmadi. Alouddin Muhammadning Bag’dodga qilgan muvaffaqiyatsiz yurishdan so’ng (1217) xalifa an-Nosir Chingizxonga maktub yo’llab, uni Xorazmshohlar davlatiga yurish qilishga undadi. Xitoyning poytaxti Pekinni bosib olgan Chingizxon dastlab Xorazmshohlar davlati bilan elchilik aloqalarini yo’lga qo’yib, tinch-totuv yashash va ikki tomonlama savdo aloqalarini rivojlantirish istagini bildirdi. Ammo ayni paytda u elchi va savdogarlar, ayg’oqchilar orqali Xorazmshohlar davlati haqida ma’lumotlar to’plab bordi. 1218 yilning bahorida Buxoroga Mahmud Yalavoch boshchiligidagi Chingizxon elchilari va savdo karvoni yetib keldi. Chingizxonning xorazmshohga yuborgan maktubida quyidagi so’zlar bor edi: “Sen bilan totuvlikni saqlashni men o’zimning vazifalarimdan biri deb bilaman. Sen mening uchun eng aziz o’g’limdeksan. ... Agar sen ikkala taraf savdogarlariga yo’l ochish mumkin deb topsang, bu hamma uchun va umumiy manfaat uchun foydali bo’lardi”. Ushbu parchada Chingizxon xorazmshohni “o’g’limdeksan” deb ataydi. Bu esa sharq diplomatiyasi tilida xorazmshohga o’zining vassali sifatida qarayotganligini bildirardi. Demak, Chingizxonning O’rta Osiyoni bosib olish niyati bo’lgan va xorazmshohni g’aflatda qoldirib, yurish boshlash uchun qulay payt poylar edi. Ko’p vaqt o’tmay Chingizxonning Xorazmshohlar davlatiga qarshi urush boshlashi uchun bahona topildi. 1218 yilning kuzida chegaradagi shahar O’trorga Chingizxon yuborgan navbatdagi savdo karvoni yetib keldi. Karvonga Umarxo’ja al-O’troriy, Jamol al-Marog’iy, Faxriddin Dizakiy va Aminuddin Hiraviylar boshchilik qilar edilar. Hammasi bo’lib savdo karvoni bilan 450 nafar musulmon savdogarlar va 100 yaqin mo’g’ul elchilari O’trorga keldilar. Elchilar har bir mo’g’ul qabilasidan 2-3 nafardan tanlab olingan bo’lib, ularga Uhuna ismli zodagon kishi boshchilik qilardi. Biroq, O’trorga kelganda Chingizxonning karvoni, savdogarlari va elchilarini O’tror noibi, xorazmshoh tog’asining o’g’li G’ayirxon Inal ushlab qoldi. Xorazmshoh nomiga yuborgan maktubida G’ayirxon elchi va savdogarlarni josuslar sifatida asir qilganligini ma’lum qildi. Xorazmshoh ularni tutqunlikda saqlashni buyurdi, ammo G’ayirxon ularning hammasini qatl etdi va karvondagi hamma narsani olib qo’ydi. Chingizxon O’trordan qochib, omon qolgan birgina savdogardan elchi va savdogarlarning taqdiridan ogoh bo’lgach, urush boshlashga qaror qildi. Uning o’g’illari va amaldorlari darhol urush boshlash tarafdori edilar, ammo Chingizxon hujumni biroz kechiktirib, Xorazmshoh huzuriga Ibn Kafroj Bug’ro boshchiligida elchilar yubordi. Xorazmshoh nomiga yuborgan maktubida u Inalni unga topshirishni talab qilib, aks holda urush boshlanishi muqarrar ekanligini ma’lum etdi. Ammo xorazmshoh Inalni Chingizxon huzuriga yuborishdan bosh tortdi, chunki qo’shin va oliy martabali amirlarning ko’pchiligi Inalning qarindoshlari edi. Shuning uchun u elchi va savdogarlar uning, ya’ni xorazmshohning buyrug’i bilan o’ldirildi, deb ma’lum qildi. Xorazmshoh ibn Kafroj Bug’roni ham o’ldirishni buyurdi. Bu hol Chingizxon sabr kosasini to’ldirgan so’nggi tomchi bo’ldi. Mo’g’ullar bosqini arafasida xorazmshoh chaqirgan harbiy kengashda atoqli davlat arbobi Shahobiddin Xevaqiy hamma qo’shinni Sirdaryo bo’yida to’plashni va uzoq yo’l bosib kelayotgan dushmanga hujum qilishni maslahat berdi. Biroq, Alouddin Muhammad harbiy kengashda mo’g’ullarga qarshi harakatning taklif etilgan barcha rejalarini rad etdi va noto’g’ri qaror qabul qildi. U barcha qo’shinni shahar va qal’alarga bo’lib tashlash hamda ularni alohida mudofaa qilish haqida ko’rsatma berdi. Mo’g’ullar birinchi zarbani 1219 yil sentyabr oyida O’trorga berdilar. Bu shaharning noibi G’ayirxon bilan Chingizxonning alohida hisob-kitobi bor edi. Shaharni Inalxon boshchiligidagi 50 ming va Qoracha hojib qo’l ostidagi 10 ming askar himoya qilar edi. Shahar yaxshi istehkomlangan edi. Chingizxon O’tror qamali uzoqqa cho’zilishini tushunib, shahar yaqinida o’g’illari Chig’atoy va O’qtoy boshchiligida qo’shinlarning bir qismini qoldirdi. Shundan so’ng lashkarining asosiy kuchlarini uch qismga bo’ldi: birini katta o’g’li Jo’chi boshchiligida O’trordan shimoldagi Jand va Barchig’likentni bo’ysundirishga yubordi, ikkinchisini Uloq nuyon va Sukstu Cherbi boshchiligida O’trordan janubdagi Banokat va Xo’jandni bosib olishga yubordi. O’zi esa o’g’li To’luy hamda Jebe va Subutoylar bilan Movarounnaharga hujum qilib, Buxoro tarafiga yurdi. O’tror qamali besh oy davom etdi. O’trorliklarning qahramonona qarshiligiga qaramay, ularning ahvoli tobora og’irlashib bordi, oziq-ovqat tanqisligi sezildi. Shu paytda Qoracha hojib Inalxonga qarshilikni to’xtatish va shaharni mo’g’ullarga topshirishini taklif etdi. Ammo Inalxon uning taklifini rad etdi. Shundan so’ng Qoracha hojib o’z askarlari bilan shaharni tashlab ketdi va mo’g’ullarga taslim bo’ldi. Uning xiyonati mo’g’ullarga So’fixona darvozasi orqali shaharga kirish imkonini berdi. Inalxon 20 ming askar bilan shahar qo’rg’oniga bekinib, yana bir oy dushmanga qarshilik ko’rsatdi. Nihoyat, qo’rg’on olingandan so’ng Inalxon va uning askarlari halok bo’ldilar. Qoracha hojib esa Chingizxon o’g’illari oldiga keltirilganda, ular o’z xojasiga xiyonat qilgan shaxs mo’g’ullarga ham sadoqat ko’rsatmasligini aytib, u va uning askarlarini qatl etishga buyurdilar. Bu paytda Sirdaryoning quyi oqimida harakat qilayotgan Jo’chi boshchiligidagi qo’shin Sig’noq shahriga yaqinlashib keldilar. Jo’chi savdogar Hoja Hasanni elchi sifatida yuborib, taslim bo’lishni taklif etdi. Ammo sig’noqliklar bu taklifni rad etdilar va Hoji Hasanni o’ldirdilar. Shundan so’ng shahar uchun 7 kun qattiq janglar bo’ldi. Mo’g’ullar shaharni olib, barcha sig’noqliklarni qirib tashladilar. Shundan keyin Jo’chi askarlari O’zgand, Barchig’likent va Ashnosni bosib oldilar. Jand shahridagi xorazmshoh noibi Qutlug’xon esa o’zining 10 ming askari bilan shaharni o’z holiga tashlab, Xorazmga qochib ketdi. Shahar mo’g’ullar tomonidan jangsiz olinib, talon-taroj etildi. Mo’g’ul askarlarining Sirdaryoning yuqori oqimida harakat qilayotgan guruhi Oloq qo’yon, Suketu Cherbi va Toqay boshchiligida Banokat shahrini uch kunlik janglardan keyin egalladilar. Aholi shahardan haydab chiqarildi. Ular orasidan usta va hunarmandlar ajratib olinib, qolganlarni boshqa shaharlarni qamal qilish ishlariga jalb qildilar. Xo’jand shahri mudofaasini jasur lashkarboshi Temur Malik boshqardi. Mo’g’ul qo’shini 20 ming askar va 50 ming hashar ishlariga haydab kelingan mahalliy aholidan iborat edi. Temur Malik bu qo’shinga qarshilik ko’rsatish befoyda ekanligini anglagan holda, mingta dovyurak yigit bilan Sirdaryo o’rtasidagi orolga o’rnashib oldi. Temur Malik 20 ta sol yasab, ularni loy surtilgan namat bilan o’ratib, sirka septirdi. Natijada ular dushmanning o’qlari va o’t yondiruvchi qurollariga bardosh beradigan bo’ldi. Har kecha u o’z askarlari bilan dushmanga hujum qilib, unga katta talofat yetkazar edi. Dushman hashar ishlariga jalb qilingan aholi yordamida sohildan orolga qarab toshdan to’g’on barpo etishga kirishdilar. Temur Malik esa orolni himoya qilishga ko’zi yetmay, o’z askarlari bilan 70 ta qayiqda Sirdaryoning quyi oqimiga qarab suzib ketdi. Mo’g’ullar sohil yoqalab harakat qilib, ikki tomondan ularga o’q uzar edilar. Banokat shahri yaqinida ular sohildan sohilgacha zanjir tortib, Temurmalikni to’xtatmoqchi bo’ldilar, ammo u zanjirni kesib tashlab, o’z yo’lida ketaverdi va Sirdaryoning quyi oqimidagi Barchig’likent shahriga yaqinlashdi. Bu yerda mo’g’ullar sohildan sohilgacha qayiqlardan ko’prik yasab, uning oldini to’sdilar. Temur Malik o’z askarlari bilan sohilga chiqishga majbur bo’ldi. Mo’g’ullar bilan janglarda uning barcha askarlari halok bo’ldi, o’zi esa omon qolib, Urganch shahriga yetib keldi. Mo’g’ul qo’shinlarining asosiy qismi Chingizxon boshchiligida O’trordan Qizilqum orqali Buxoro sari harakat qildi. Ular yo’ldagi Zarnuq shahriga yaqinlashdilar. Shaharga Chingizxon hojib Donishmandni elchi qilib yubordi va u orqali taslim bo’lishini taklif etdi. Zarnuq jangsiz taslim bo’ldi. Chingizxon bundan mamnun bo’lib, bu shaharni “Qutlug’ Baliq” (“Qutli shahar”) deb atadi. Undan keyin Nuri Buxoro shahri ham xuddi shu yo’sinda egallandi. 1220 yilning 7 fevralida Chingizxon Buxoro shahrini qamal qila boshladi. Shaharni himoya qilish amir Ixtiyoriddin Qushlu va hojib O’g’ul Inonchlar boshchiligidagi 30 ming askar zimmasiga yuklatilgan edi. Shahar devorlari yonida uch kun qattiq janglar bo’ldi. Ammo amir Tohur Qushlu va boshqa amirlar shaharni himoya qila olishga ko’zlari yetmay, mo’g’ullar qurshovini yorib o’tib, bu yerdan ketishga qaror qildilar. Ularning kutilmagan hujumidan mo’g’ullar esankirab qolib, chekinishga majbur bo’ldilar. Ammo dushmanni ta’qib etib, unga zarba berish o’rniga, xorazmshoh askarlari o’zlarining jonini saqlab qolish maqsadida qocha boshladilar. Mo’g’ullar birinchi zarbadan o’zlarini o’nglab olib, qochqinlarni ta’qib etdilar va ularning deyarli barchasini qirib tashladilar. Faqat amir Qushlu bilan kichik bir guruh qochib qutuldi, xolos. Xorazmshoh askarlari shahardan qochib ketgandan so’ng, buxoroliklar noiloj qozi Badriddinni Chingizxon huzuriga elchi qilib yubordilar va taslim bo’lishga qaror qildilar. 1220 yil 10 fevralda mo’g’ullar shaharga kirdilar. Ammo 400 nafar himoyachi shahar qo’rg’oniga bekinib, yana 12 kun qarshilik ko’rsatdilar. Bunga javoban mo’g’ullar ularning hammasini qatl etdilar. Shahar talon-taroj qilindi. Barcha erkaklar Samarqandni qamal qilishga jalb etildi, ayollarni esa mo’g’ul askarlariga bo’lib berishdi. Shundan so’ng shahar yondirildi. Buxoroni zabt etib, Chingizxon Samarqand sari yo’l oldi. Shaharni 60 ming turk, g’o’r, xalaj va xurosonlik askarlar, shuningdek 50 ming “lashkari birun”dan iborat qo’shin himoya qilardi. Ularga Turkon xotunning ukasi Tog’ayxon boshchilik qilardi. Tog’ayxon ikki marta o’z qo’shinini shahardan tashqariga olib chiqib, mo’g’ullar bilan jang qildi, lekin har gal muvaffaqiyatsizlikka uchradi va ko’p talofat berdi. Shundan so’ng Samarqand aholisi shahar qozisi va shayxulislomni Chingizxon huzuriga yuborib, omonlik tiladilar. Shahar 1220 yil 17 martda mo’g’ullar qo’liga o’tdi. Bosqinchilar barcha erkak turklarni o’ldirib (30 ming kishi), ularning xotin va mollarini mo’g’ul askarlariga bo’lib berdilar. 30 ming hunarmand asir qilib olib ketildi. Qisman shaharliklar hashar ishlariga jalb qilindi. Qolgan aholiga 200 ming dinor “jon solig’i” solindi. Xorazmshoh Muhammad esa Movarounnahrni tashlab, Xurosonga qochib ketdi. Chingizxon uni ta’qib etish va qo’lga olish uchun Jebe no’yon va Subutoy bahodir boshchiligida 20 ming saralangan askar yubordi. Xorazmshoh mo’g’ullardan qo’rqib shaharma-shahar qochib yurishga majbur bo’ldi. Uning xazinasi qisman Amudaryoni kechish paytida suvga cho’kib ketdi, qisman mo’g’ullar qo’liga tushdi. Alouddin oxir-oqibat Jurjon (Kaspiy) dengizining janubiy havzasidagi Ashur oroliga o’tib oldi. Bu yerda u qayg’u-alam va mahrumliklar tufayli betob bo’lib qoldi. O’limidan oldin u onasining tazyiqi ostida Qutbiddin O’zloqshohni valiahd deb tayinlagan qarorini bekor qildi va katta o’g’li Jaloliddinni taxta vorisi etib tayinladi. Alouddin Muhammad 1220 yil dekabr oyida vafot etdi va o’sha orolda ko’mildi. O’likni o’rash uchun hatto kafan ham topilmadi. Keyinchalik Jaloliddin otasining xokini Isfahonga, uning xotirasiga qurilgan madrasaga ko’chirishni buyurdi. Isfahon mo’g’ullar tomonidan olingandan so’ng, ular Alouddin Muhammad suyaklarini qabridan kavlab olib, yoqib yubordilar. Mamlakat poytaxti Gurganj shahrida Turkon xotun hukmronlik qilardi. Chingizxon uning huzuriga hojib Donishmandni elchi qilib yuborib, sulh tuzishni va Jayhundan janubdagi yerlarni unga berishini ma’lum qildi. Ammo vahimaga tushgan Turkon xotun Xorazmshohning xazinasi, xotin va bolalarini olib shaharni tashlab ketdi. U Mozandarondagi Ilal qal’asiga yashirindi. Mo’g’ullar bu yerga yetib kelib, 4 oy davomida qal’ani egallab oldilar. Suvsizlikdan tinka madori qurigan Turkon xotun dushmanga taslim bo’ldi. Mo’g’ullar xorazmshohning bolalarini o’ldirib, xotinlarini Chingizxonga yaqin kishilarga taqsimlab berishdi. Turkon xotun Chingizxon huzuriga, so’ngra Qoraqurumga yuborildi va xoru zorlikda 1233 yilda vafot etdi. Otasini ko’mgandan so’ng Jaloliddin o’z ukalari O’zloqshoh va Oqshoh bilan Gurganjga yetib keldi. Ammo qipchoq amirlari Jaloliddinning taxtga bo’lgan huquqini tan olmadilar. Ular Turkon xotunning ukasi Xumor Tekinni sulton deb e’lon qildilar. Uning ixtiyorida 90 ming turk askarlari bor edi. Amirlar Jaloliddinga qarshi suiqasd uyushtirdilar, ammo u bundan xabar topib, qochishga ulgurdi. Jaloliddin uch yuz askari hamda Temurmalik bilan birga Gurganjni tashlab ketishga majbur bo’ldi. Tez orada Gurganjga mo’g’ullarning ilg’or qismi yetib keldi. Dushman shaharni qamal qila boshladi. Ularning soni 100 ming kishidan ortdi. Ammo gurganjilklar shaharni matonat bilan himoya qildilar. Qamal 7 oyga cho’zilib ketdi. Bunga asosiy sabab qamalga boshchilik qilgan Chingizxon o’g’illari o’rtasidagi raqobat edi. Shunda Chingizxon butun mo’g’ul qo’shinlari va shahzodalarni kenja o’g’li O’qtoyga bo’ysundirdi. Shundan so’ng mo’g’ullar ishtiyoq bilan Gurganjga muntazam hujum qila boshladilar. Xumortegin va uning mulozimlari mo’g’ullarga taslim bo’lishga qaror qildilar. Ammo Gurganj aholisi 7 kun davomida mo’g’ullar bilan ko’cha janglari olib bordi. Shahar olingandan so’ng hunarmandlar ajratib olinib, qolgan aholi qirib tashlandi. So’ngra Amudaryo to’g’oni buzilib, shahar suvga bostirildi. Tarixiy manbalardan birida yozilishicha, Gurganj “qashqirlar makoni hamda boyo’g’li va qarg’alarning maskani”ga aylandi. Download 49.45 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling