Xorazmshoxlar davlatining tashkil topishi Xorazmshoxlar davlatining siyosiy axvoli va davlat tuzimi Xorazmshoxlar davlatining yuksalishi va qulashi
Xorazmshoxlar davlatining siyosiy axvoli va davlat tuzimi
Download 343.36 Kb.
|
Xorazmshoxlar davlatining yuksalishi
Xorazmshoxlar davlatining siyosiy axvoli va davlat tuzimi
Manba’lar hikoya qilishicha, otabek El-Dengizning maktubi Xorazmshohni g‘azablantiradi, shu qadar jahli chiqadiki, o‘sha yiliyoq (hijriy 562) u, Nishopur sari qo‘shin tortdi. Otabek El-Dengiz ham saljuqiylar qo‘shini bilan kelib, Bistomga yaqinlashadi. Shu yerda Xorazmshoh lashkarlari Iroq saljuq sultoni qo‘shinlari bilan birinchi marta jangga kirdilar. Har ikki taraf biron natijaga erisholmaydi. Ammo, Xorazmshoh Elarslon qo‘shinlarining bir qismini Muayyid mulklari bo‘lgan Bayxaq va Sabzavor shaharlarini zabt etish uchun jo‘natadi. 1167-yilning may oyida bu ikki shahar Xorazmshohga taslim bo‘ladi. Oy-Abo Muayyid esa qochishga majbur bo‘ladi. Xorazmshoh Nishopurni egalladi va u yerda Tojud-dunyo vad-din Malikut-turk val-ajam (Ajam va turklar podshohi) Elarslon nomiga xutba o‘qiladi (Tarixi Bayhaq, s. 284). Iroq sultonligi qo‘shinlari Xorazmshoh bilan bo‘lgan janglarda g‘alaba qozonolmaganini ko‘rgan Muayyid Oy-Abo Xorazmshohga bo‘ysunishga qaror qildi. U Xorazmshoh huzuriga qozi Faxriddin al-Kufiyni elchi qilib, quyidagi mazmunda maktub yubordi: “Xorazmshoh janobi oliylari ko‘p kuch-mablag‘ sarflab (qullaringizni) sahovat bilan taqdirladingiz. Va endi o‘ylagan maqsadingizga erishmay qaytish sizning sha’ningizga to‘g‘ri kelmaydi. (Shuning uchun) modomiki, biz tomonga qadam ranjida qilgan ekansiz, men Sizning g‘ulomingiz bo‘lishga ahd qildim. Kamina Sizning nomingizga xutba o‘qitib muborak nomingizga tangabar - dinorlar va dirhamlar zarb qilurman (rozi bo‘lsalar). Mazkur mamlakatni Sizning hukmu Farmongiz bilan idora qilsam, - degan orzuyim bor” (Al-Husayniy). Manbalarga ko‘ra, Xorazmshoh bu maktubni o‘qib, Oy-Aboning tutgan yo‘lidan xursand bo‘ldi va shu zahoti u bilan sulh tuzdi. Elchi Faxriddinni oliy sarpo va sovg‘a-salomlar bilan siylab, o‘z elchisi orqali Nishopurga, Oy-Aboga qimmatli sovg‘a-salomlar yubordi. Bular orasida uzangisi oltin va kumushdan bo‘lgan zotli tulporlar, yopinchiqlar va o‘z xazinasidagi noyob narsalarni qo‘shib sovg‘a qilib yubordi (Al-Husayniy). O‘zining vassali Oy-Abo Xorazmshohga bo‘ysunganini eshitgan otabek El-Dengiz qo‘shinlari bilan Bistomni tashlab Rayga qaytib ketishdan boshqa chora topolmaydi. Nishopurning egallanishi bilan Xorazmshohlar va saljuqiylar munosabati butunlay buziladi. Shu paytdan boshlab, Xorazmshohlar asta-sekin Ajami Iroqning ichki ishlariga aralasha boshladilar. Shu mintaqadagi mahalliy hukmdorlar saljuqiylarga va otabeklarga qarshi o‘z mustaqilligi uchun kurashlarida Xorazmshoh Elarslonni o‘z ittifoqchisi deb bildilar. Saljuqiylar sultoni Arslonshohning mana shunday dushmanlaridan biri Ray hukmdori Inanchxon edi. U saljuqiylar sultoni xazinasiga har yili o‘lpon to‘lab turardi. Endilikda otabek El-Dengiz xiroj undirish uchun Rayga odamlarini yuborganida Inanchxon Raydan (qo‘shinlari bilan) Bistomga chekinadi va o‘sha yerda turib, Xorazmshoh Elarslonga maktub yubordi. U, maktubida Xorazmshohdan panoh so‘rab, g‘ulomlari qatorida ko‘rishini istaganini bildirdi. Agar madad kuchlari yuborilsa, Fors-Iroqini zabt etib, uni Xorazm saltanatiga qo‘shishni, bu yerda (Ray va Bistom) ham ul zoti oliylarining hukm-farmonlariga itoat etishini bildirdi. Xorazmshoh Ray hukmdori Inanchxonga lutfu marhamatga limmo-lim so‘zlar bilan javob berdi. U Dehiston voliysi (chopar bilan) agar Ray hukmdori o‘sha yerga kelsa, uning ishlarini yaxshilah uchun 30 ming dinor mablag‘ va boshpana berish haqida farmon yuboradi. Xorazmshoh farmoniga ko‘ra, Inanchxon ishlari o‘nglanguncha Dehistonda kutib turishi kerak edi. (Al-Husayniy). Xuddi shu paytda otabek El-Dengizga sodiq odamlaridan maktub yetib keldiki, unda Inanchxon Xorazmshoh bilan til biriktirgani Ray va uning atroflarini Elarslon ixtiyoriga berayotgani xabar qilingan edi. Maktubda yana Xorazmshoh va Ray atrofini (saljuq sultonlaridan) tortib olish uchun mag‘ribga yirik qo‘shinlarni yuborgani, bu qo‘shinlarga qarluqlar amiri Shamsul-Mulk ibn Husayn Ayyorbek qo‘mondon qilib tayinlangani, bu qo‘shinga Iroqqa bostirib kirishga farmon berilgani ham aytilgan edi. Bu qo‘shinlarning qaysi yo‘llardan kelayotganidan xabardor bo‘lib turgan otabek El-Dengiz ham (yirik) harbiy kuchlari bilan xorazmiylarning yo‘lini to‘sish uchun safarga chiqadi. Xorazmshoh lashkarlari Raydan o‘tib, Sova shahriga yaqinlashdi. Hijriy 563 (1167)-yilda Xorazm qo‘shinlari sulton Arslonshoh va otabek El-Dengiz o‘g‘li Jahon Pahlavon yetakchiligidagi saljuqiy qo‘shinlari bilan jangga kiradi. (Sadriddin Ali “Ad-davlat as-Saljuqiya” kitobida ham, Ziyo Buniyodov kitobida ham bu jang qaysi oy va kunda bo‘lgani aytilmagan - M.M.). Bu jangda Iroq qo‘shinlari qattiq qarshilik ko‘rsatdilar, ammo xorazmiylarning hujumlariga bardosh berolmay, chekindilar. Inanchxon Taborak qal’asini qamal qiladi, ammo, mudofaachilar uni qattiq himoya qildilar. Xorazm qo‘shinlari bu qal’ani tashlab mag‘ribga yurishni davom ettirdilar. Xorazm qo‘shinlari shu yili (1167) Ozarbayjonga (Eron Ozarbayjoniga - M.M) bostirib kirib, Abxor, Zanjon va Qazvin shaharlarini egalladilar, ular bu shaharlarni talab, vayron qildilar. Xorazmiylar Qazvindan 2000 ta zotli tuyani (o‘lja qilib) olib ketdilar. Inanchxonni o‘z mulklarida (viloyatida) qoldirib, o‘zlari Xorazmga qaytdilar. Keyingi yili (564/1168) otabek El-Dengiz (katta amal yoki mol-mulk va’da qilib bo‘lsa kerak) Inanchxonning vaziri Sa’diddin al-Ashalni o‘z tomoniga og‘dirib oladi. Vazir uchta g‘ulom yordamoda Inanchxonni o‘ldiradi. Shundan so‘ng vazir otabek El-Dengiz tarafiga o‘tadi. Vazirdan va’da qilingan mukofotni ololmagan uchta g‘ulom (jangchi qullar) qochib, Xorazmshoh Elarslonga boradilar. Ammo (voqeadan xabar topgan) Elarslon bu uch xoinni o‘z xojasini o‘ldirganlari uchun qatl etdi (boshlarini oldirdi). Xorazmshoh Iroq sultonligi yerlarini bosib olishda aytarli zafar qozonolmagach, yana Movarounnahr voqealariga aralasha boshladi. Avval aytganimizdek, Qatvon cho‘lidagi jangda qarluqlar katta ish qilgan edilar. (Qarluqlar Xorazm tarafida turib qoraxitoylar va qoraxoniylar lashkarini mag‘lubiyatga uchratgan edilar, - M.M). Ular hijriy 551 (1156)-yilda Buxoro yaqinidagi jangda Samarqand hukmdori Qoraxoniy Tamg‘ochxon Ibrohim III ni o‘ldirib, jasadini cho‘lga tashlab ketgan edilar. Movarounnahrni bosib olgan qoraxitoylar qarluqlarni bu ishi uchun jazolashga qaror qildilar. Qoraxitoylar homiyligidagi Samarqandning yangi podshohi Jaloliddin Ali Chag‘rixon 558 (1158)-yili qarluqlar qo‘shinini tor-mor keltirdi. Qarluqlar yetakchisi Lochinbek bir qism qo‘shini bilan Xorazmga qochib borib, Elarslondan himoya so‘radi. Qoraxitoylar asoratidan qutulishni maqsad qilgan, ularga hamon boj-xiroj to‘lab turgan Xorazmshoh chindan ham Lochinbek yetakchiligidagi qarluqlarni yaxshi kutib oladi. Xorazmshoh qoraxitoylarga qarshi kurashda qarluqlarni katta kuch deb bilardi. 553-yilning jumadul-soniy oyida (iyul, 1158) Xorazmshoh Elarslon katta qo‘shinlar bilan Samarqandga hujum boshlaydi. Samarqand hukmdori Jaloliddin Ali shahar qal’asini mustahkamlab, o‘sha vaqtda Qorako‘l-Jand oralig‘ida yashayotgan ko‘chmanchi turkmanlardan, shuningdek, qoraxoniylardan yordam so‘raydi. So‘g‘d (Zarafshon) daryosining ikkala sohilida bo‘lgan janglarda Elig-Turkman yetakchiligidagi qoraxitoy va turkman qo‘shinlari Xorazmshoh lashkarlarining qattiq hujumlariga dosh berolmaydilar. Butunlay mag‘lub bo‘lish xavfi tug‘ilganidan Elig-turkman sulh tuzishni iltimos qiladi. Ikki o‘rtadagi sulh Samarqandning taniqli imom va ulamolari yordamida tuziladi. Xorazmshoh shu bitimga ko‘ra qarluqlarni avvalgi joylariga qaytardi va o‘zi qo‘shinlari bilan Xorazmga qaytadi. Shuni ham aytish kerakki, Xorazmshoh Samarqandga kelayotganida Buxoro yaqinidan o‘tgan. Manbalarda aytilishicha “Xorazmshoh buxoroliklarni turli va’dalar, yaxshi so‘zlar bilan tinchitib, so‘ng Samarqandga yo‘l olgan” (Juzjoniy. Juvayniy, I tom). 559 (1168)-yilda qoraxitoylar “o‘zboshimcha va isyonkor qarluqlarga qarshi” bir qancha tadbirlarni amalga oshirdilar. Ibn al-Asir xabar berishicha, qoraxitoy xoni o‘z vassali bo‘lgan Samarqand hukmdori qoraxoniy Qilich Tamg‘ochxon Abul-Muzaffar Mas’udga “Qorluqlarni Buxoro va Samarqand viloyatlaridan Qoshg‘arga ko‘chirishga” farmon bergan. Farmonda “qarluqlar qurolsizlantirilib, faqat dehqonchilik bilan shug‘ullansinlar” - deyilgan edi. Ammo qarluqlar bu farmonga bo‘ysunmay, Buxoro shahriga qarab yo‘l oladilar. Qilich Tamg‘achxon Buxoro shahrining raisi Muhammad ibn Umarga maktub yuborib, undan qarluqlarni Movarounnahrdan haydab chiqarishga sa’y-harakat qilsinlar, deb iltimos qilgan. Shundan so‘ng Qilich Tamg‘achxon o‘z qo‘shini bilan kelib, qarluqlarni katta qismini o‘ldirib, qolganlarini Buxoro sarhadlaridan quvib chiqargan. Shamsiddin ibn Husayn Ayyorbek boshchiligidagi bir qism qarluqlar Xorazmshoh huzuridan panoh topadilar. Keyinchalik ham qoraxitoylar qarluqlarni yo‘qotish uchun ko‘p marta uringanlar. Ammo, buning uchun ular Xorazmshoh Elarslon hukmrinligidagi hududlarda jang qilishlari kerak edi. Nihoyat, 567 (1171)-yilda qoraxitoylar qo‘shini Amudaryodan o‘tib, Xorazm chegaralariga kirib keldilar. Bundan xabar topgan Elarslon to‘g‘onlarni ochib, Xorazm poytaxti yaqinidagi yo‘llarni suvga bostirishga farmon beradi. Xorazmshoh o‘z qo‘shinlari bilan Omul tomonga chekinadi. Va qoraxitoylarga qarshi Shamsiddin Ayyorbek boshchiligida qo‘shin yuboradi. Xorazmshoh Elarslon kasalligi tufayli jangda qatnasholmay, Omul shahrida qoladi. Qoraxitoylar Xorazmshoh qo‘shinlarini mag‘lubiyatga uchratadilar, amir Ayyorbekni esa asir qilib, Samarqandga olib ketadilar. Xorazmshoh kasal holida poytaxti Gurganjga qaytadi. 567-yil, rajab oyining 19-kuni (1172-yil 18-mart) Xorazmshoh vafot etadi (Ibn al-Asir, 9-jild, Juvayniy, 1-jild). Xorazmshoh Elarslon, otasi Alouddin Otsnz kabi Bag‘dod xalifalari bilan o‘zaro maktublar yuborib, maktublarida xalifadan o‘z davlatining qonuniy tan olinishini so‘rar edi. Xalifa al-Muktafiy vafot etganda Elarslon yangi xalifa al-Mustanjidga maktub yuborib,, Xorazmning barcha fuqarolari nomidan marhumning vafotiga chuqur ta’ziya bildirgan va Xorazmda shu munosabat bilan uch kun motam e’lon qilinganini aytgan, Bag‘dodga marhum janozasiga borolmagani uchun uzr so‘ragan edi. Xorazmshoh Elarslon vafotidan so‘ng uning o‘g‘illari Alouddin Takash va Sultonshoh Mahmud o‘rtasida toju-taxt uchun og‘ir va ayovsiz qirg‘in urushlar boshlandi. Elarslon vafoti arafasida uning katta o‘g‘li Takash (hozirgi Jand yaqinidagi) Jand viloyatida Xorazmshoh voliysi bo‘lib turgan edi. Elarslon shu tufayli o‘limi oldidan kenja o‘g‘li Sultonshohni valiahd qilib tayinladi. Ammo, davlat va harbiy ishlarga uning onasi Turkon-xotun bosh-qosh edi. (Ibn al-Asir, Juvayniy, Rashididdin, Ibn Holdun). Sultonshoh Xorazmshoh taxtiga o‘tirgach, Jand viloyatiga (chopar yuborilib) Takashni yangi Xorazmshohga sodiqlikka qasamyod qilishga chaqirdilar. Ammo Takash ukasiga bo‘ysunishga rozi bo‘lmaydi va chopar orqali “Sultonshohni davlat rahbari deb tan olmasligini” bildiradi. Shundan keyin Turkon-xotun Jandga qo‘shin yuborib, Takashni zo‘rlab olib kelishni buyuradi. Bundan xabar topgan Takash darhol Jandni tark etib, qoraxitoylar malikasi Chen Tyan (1164-1177) ga murojaat qiladi. Malika go‘rxon Ilyos va Elyuy Toshiyning qizi edi. Takash (o‘gay) ukasi Sultonshohga va uning onasiga qarshi kurashga malika yordam bersa, u har yili qoraxitoylarga o‘lpon to‘lab turishga va’da beradi. Alouddin Takashning va’dasini olgan qoraxitoy malikasi eri Fuma qo‘mondonligidagi qo‘shinlarni Xorazmga jo‘natadi. Takash va Fuma lashkarlari Gurganjga yaqinlashganlarida Sultonshoh va onasi jang qilmasdan, Xorazmdan Xurosonga qochib borib, Nishopur hukmdori Muayyid ad-davla Oy-Abodan himoya so‘radilar. 568-yil rabiul-avval oyining 22-kuni (1172-yil, 11-dekabr) Alouddin Takash Xorazm xalqi va qo‘shinlarn madadi bilan rasman Xorazm taxtiga o‘tiradi. Ammo taxt uchun ayovsiz kurashlar hali oldinda edi (Bu kurash 20 yil davom etib, minglab odamlar halok bo‘lgan - M.M.). Sultonshohning onasi Nishopur hukmdori Oy-Aboga qimmatli sovg‘alar berib, agar bu kurashda o‘g‘liga qo‘shinlari bilan yordam bersa, Xorazmga qarashli yerlardan bir qismini hadya qilaman, deb va’da beradi. Xorazm xalqi va qo‘shinlari Sultonshoh tarafida deb, uni ishontiradi. Muayyid ad-davla aka-ukalarning bu janjalidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga (taqdir nasib etsa) Xorazmga tobe’likdan qutulib, o‘z yerlarini kengaytirib olishga umid bog‘laydi. U qo‘shin to‘plab, Sultonshoh va onasi bilan birga Xorazmga yurish boshladi. Gurganjdan 20 farsax uzoqdagi Supurli (Suburnu) shaharchasi yonida Oy-Abo qo‘shinlari Alouddin Takash qo‘shinlari bilan jangga kiradi. Xorazmshohning vassali bo‘lgan Mozandaron ispahbodi Ardasher avvalroq ikkala shahzodaning kuchlarini qiyoslab ko‘rib, Alouddinga Oy-Abo lashkarining qaysi yo‘llardan borayotganini xabar qilib turgan, shuning uchun Takash oldindan Supurlu yaqinida qulay marrani egallab, tayyorlanib turgan edi. Takash jangchilari shiddat bilan hujum qilib, Muayyid o‘rdusini mag‘lubiyatga uchratadi. Oy-Abo asir olinadi. Uni Takash huzuriga keltirishadi. Xorazmshoh uni shamshir bilan ikkiga bo‘lib tashlashga buyurdi. Oy-Abo o‘rdusining mag‘lubiyati 569-yil, zulhijja oyining 9-sida sodir bo‘ldi (1174-yil, 11-iyul). Turkon xotun va Sultonshoh (Kaspiy dengizining sharqiy sohilidagi) Dehiston shahriga qochadilar. Ammo, u yerga yetib borgan Takash shaharni qamal qiladi va egalladi. Sultonshoh qochishga muvaffaq bo‘ladi. Turkon xotun asir olinadi va qatl etiladi (Bu Gurganjni mo‘g‘ul istilochilaridan himoya qilgan malika Turkon xotun emas - M.M.). Muayyid Oy-Abo o‘limidan so‘ng Nishopurda uning o‘g‘li To‘g‘onshoh Abu Bakr (1174-1185) otasi taxtiga o‘tirgan edi. Sultonshoh shu yerda boshpana topadi. Xorazmshoh bu voqealardan so‘ng Gurganjga qaytadi (Ibn al-Asnr, Juvayniy, Rashididdin; Ibn Xaldun, V.V.Bartold). Download 343.36 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling