Xurshid Do’stmuhammad. Jajman (To’liq matni) & Adabiyotda kashfiyot bo’lmasa…
ADABIYOTDA KASHFIYOT BO’LMASA… Yozuvchi Xurshid Do’stmuhammad bilan suhbat Suhbatdosh: Umid Ali
Download 144.35 Kb.
|
Jajman Xurshid
ADABIYOTDA KASHFIYOT BO’LMASA…
Yozuvchi Xurshid Do’stmuhammad bilan suhbat Suhbatdosh: Umid Ali — Xurshid aka, buyuk shoir Cho’lpon bir xillik har qanday milliy adabiyotni tanazzulga olib borishini, badiiy kashfiyotlarga oshufta inson ko’ngli hamisha yangilik qidirishini yozgan edi. Adabiyotimizga razm solsak, dovruq taratib turgan adibu shoirlarimiz o’z so’zi, ohangi, ifoda tarzi, uslubi bilan ajralib turishadi. Bir so’z bilan aytganda, har biri bir olam. Biroq, muhimi, bu «olam»larning mangulikka daxldorligida emasmi? Axir vaqt va kitobxon degan hakamlar bor… — Jahon adabiyotida o’chmas iz qoldirgan juda ko’p asarlar o’z davri an’analaridan voz kechish, ulardan yuz o’girish sharofati ila dunyoga kelgan. Mana shunday izlanishlar bo’lmaganida badiiy ijod sehri siyqalashib ketgan bo’lur edi. Siz yuqorida keltirgan fikrni buyuk shoir Cho’lpon «Ulug’ hindi» maqolasida yozgandi. Diqqat qiling-a: «O’zimning yo’lsizligimdan biroz so’zlab o’tayin. Navoiy, Lutfiy, Boyqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqimiylarni o’qiyman: bir xil, bir xil, bir xil… Ko’ngil boshqa narsa qidiradir. Botu, G’ayratiy, Oltoy, Oybek, Julqunboylarni o’qiyman: quvontira dir, xolos. Ular mening uchun yong’on chiroqlar bo’lsa ham mening ertam uchun…» Buyuk bobomiz Cho’lpon asrlar osha yashab kelgan mumtoz adabiyotimizni, o’z davrida katta shuhrat qozongan bu shoiru fuzalolarning ijodiga ko’nikolmagan. Ular yaratgan asarlar bir ohang, bir yo’l, bir uslub bo’lib tuyulgan. Bu mumtoz shoirlarga taqlid qilmagan xolda yangi davr adabiyotini yaratishni, yangi ohanglar, yangi uslublarda ijod qilish payti kelganini jar solgan. Ayni shu davrda adabiyotda yangi nafaslar ufurganidan quvongan, ijodkorlarni yanada izlanishga, yangilikka chorlagan. Bir xillikdan qutulish yo’lini izlagan. Adabiyotda ijodkor o’z o’rnini topishi kerak, albatta. Har bir ijodkor yangilik qilishi, o’z ohang, uslubini yaratishi darkor. O’z oldiga shunday maqsad qo’yishi kerak: adabiyotda kashfiyot qilishim zarur! Ijodkor yozuvchilar asarlarini o’qib, shunga ergashib, taqlid qilib, ijod qilsa, bu bilan uzoqqa borolmaydi. O’z yo’lini topolmaydi. — «Jajman» xikoyangiz adabiy jarayonda bir voqea bo’lgan edi. Ramziy, o’ziga xos uslubda yozilgan mazkur asarni har bir kitobxon o’zgacha idrok qilgan bo’lsa kerak. Moxiyatan polifonik xususiyatga ega bu hikoyani bir domlamiz o’tmishda hukm surgan siyosiy tuzumlarning yemirilib, istiqlol tantana etgani deb tushungandi. Menimcha, bu fikr nisbiy bo’lsa kerak. Asl mohiyatni, maqsadni o’zingizdan eshitsak… Shuningdek, bu so’z (JAJMAN)ni ham izohlab bersangiz. — Bu hikoya yuzasidan adabiyotshunos olimlarimiz, tadqiqotchilar ko’p maqolalar yozishdi, tadqiqotlar qilishdi. Shu o’rinda mazkur hikoya bo’yicha ilmiy ish qilgan, tadqiqotlar olib borgan barcha adabiyotshunoslarga o’z minnatdorchiligimni bildiraman. To’g’ri, hikoya polifonik xususiyatga ega. Har kim o’zicha idrok qilib, o’zicha ma’no kashf qilishi mumkin. Ammo maqsad, mohiyat bitta. «Avesto»da ikki kuch: ezgulik xudosi (Axuramazda) va yovuzlik xudosi (Axriman) o’rtasida mislsiz jang boradi. Azaldan shunday: ezgulik va yovuzlik doimiy kurashda. Alaloqibat ezgulik tantana qiladi. «Jajman» so’zining izohiga kelsak, adabiy uchrashuvlarda, gurunglarda muxlislar shu savolni ko’p berishadi, ammo men har gal javobsiz qoldirganman. Bu — mening sirim, hikoyaning jozibasi shunda. O’quvchi o’zi o’ylab topsin. — Jahon tan olgan fozil, daho insonlarning badiiy siymosi aks etgan asarlarimiz ko’p. Bu an’ana hazrat Navoiy, undan oldin o’tgan ijodkorlardan boshlangan va shu kunlarga qadar davom etyapti. Asqad Muxtor, Shukur Xolmirzaevlar o’z hikoyalarida rus adibi Lev Tolstoy badiiy qiyofasini aks ettirganlar. Siz ham asarlaringizda Dostoevskiy, Edgar Po obrazlarini gavdalantirgansiz. Bir vaqtlar Kafka, Akutagava, Lev Tolstoy kabi daho adiblar obrazlarini yaratish orzuingiz borligini aytgandingiz… — Odam shunday tabiatga egaki, u nimaga yo kimga mehr qo’ysa, muhabbat bog’lasa, shu haqida ko’p ma’lumotga ega bo’lishni, u bilan birga «yashash»ni, shu jarayondan chiqmaslikni istaydi. Bu hol, ayniqsa, ijodkorlarda seziladi. Men Dostoevskiy, Edgar Po kitoblarini o’qib, shu adiblarning dunyosida yashab, ular yaratgan qahramonlar, obrazlar bilan birga nafas oldim. Xayolimda, o’ylarida, hattoki tushlarimdayam ular bilan birga edim. Oqibat Dosgoevskiy muhabbati va bu buyuk muhabbat mevasi — u ko’rgan farzand haqida hikoya yozish istagi tug’ildi. Edgar Po haqidagi fojia ham shu yo’sinda yozildi. Bu an’anani davom ettirish niyatim yo’q emas. Navoiy, Bobur, Ulug’bek, Furqat va shu kabi ko’plab buyuklarimiz siymolari badiiylashtirilgan, gavdalantirilgan asarlarimiz bor. Biroq jahonga dong’i taralgan shaxmatchilar, bastakorlar, rassomlar, adibu fuzalolar obrazlashtirilgan asarlar yaratish mumkin emasmi? O’zbek ijodkorlari ham shular haqida hikoya-qissalar, romanlar yozishsa bo’ladi-ku? — Hozirda ko’pchilik jahon adabiyotiga qiziqayapti, o’qishyapti. Afsuski, bizda jahon adabiyotining durdonalari kam tarjima qilingan. Joys, Prust, Golsuorsi, Akutagava kabi jahon adiblarining asarlari ona tilimizga o’girilganmi? — Keyingi paytlar ilm ahli, ziyolilarda negadir loqaydlik, e’tiborsizlik sezilyapti. Kafkaning «Jarayon», Nitshening «Zardusht tavallosi» asari ona tilimizga tarjima qilindi. Bu o’zbek adabiyotida favqulodda voqea. Do’ppini osmonga otib, bayram qilishimiz kerak. Tadqiqotchilar, adabiyotshunoslarimiz bu borada hafsalasizlik qilishyapti. Holbuki, sho’ro davrida bu asarlarni topishning o’zi amrimahol edi. Istiqlol sharofati bilan bu nodir asarlar tarjima qilinyapti, kitobxonlar qo’liga yetib boryapti. «Jaqon adabiyoti» jurnalida Joysning turkum hikoyalari Axmad Otaboev tarjimasida o’zbek tilida chop etildi. Ibrohim G’afurov bu adibning ko’p shov-shuvlarga sabab bo’lgan «Uliss» asarini tarjima qildi. — Yaqinda iste’dodli ijodkor Vafo Fayzullo tarjimasida avstriyalik buyuk yozuvchi Frants Kafkaning «Jarayon» romani kitob holida nashrdan chiqdi. Kitobda sizning so’zboshingiz bor. Adibga ehtiromingiz cheksizligi bildirilgan. Yana qaysi adiblarga o’zgacha mehr, muhabbat bilan yondashasiz, takror-takror o’qiydigan kitoblaringiz? — Adib Frants Kafkaning asarlari bilan tanishuvim uning «Evrilish» («Prevrashenie») hikoyasidan boshlangan. Hozir yodimda yo’q, do’stlarimizning birining qo’lida shu hikoyani ko’rib qolganman. Uyga olib kelib hijjalab o’qib chiqqanman. Nihoyatda ta’sir qilgan edi. Frants Kafka bu hikoyasida insondan hasharotga aylanib qolish hodisasiga, ertak, afsona, fantastika deb emas, real voqelik sifatida yondashadi. Bu holatni sira ikkilanmay tom ma’nodagi hayotiy voqea sifatida realistik hikoya tarziga olib kiradi. Shundan so’ng bu adibga hurmatim oshib, uning barcha asarlarini topib o’qishga harakat qildim. Asarlari meni hayajonga solgan, chuqur taassurot qoldirgan adiblar ko’p: Folkner, Xeminguey, Kamyu, Akutagava, Prust…. — «Bozor adabiyoti» degan atama paydo bo’ldi. Bu azaldan davom etib kelyotgan jarayonmi yo shu kunlarda yuzaga kelgan holmi? — «Bozor adabiyoti»… Bu «adabiyot» Alisher Navoiy, undan oldin o’tgan ijodkorlar zamonidan buyon mavjud. Buni taqiqlab ham bo’lmaydi. Shu «san’at»ning muxlislari bor ekanki, faoliyat yurityapti. Bu yengil, o’ta jo’n adabiyotning san’atga, xususan, so’z san’atiga hech qanday aloqasi yo’q. Shuningdek, badhazm, murakkab tipdagi adabiyot mahsullari borki, bular san’atning durdona namunalari sifatida jahon miqyosida tan olingan. Marsel Prust, Kamyu, Kafka singari adabiyot darg’alarining asarlari shu toifaga mansubdir. Shunisi ayonki, «bozor adabiyoti» uchun yozilgan asarning umri uzoqqa cho’zilmaydi. — Bugungi mutolaa borasidagi fikringiz va kitob, adabiyot muhiblariga tilaklaringiz. — Yaqinda bir narsadan hayratlandim. Bir yosh tadbirkor (nomi yodimda yo’q) Nobel mukofoti sovrindori O’rxun Pomuq asarlari haqida iliq fikrlar aytib qoldi. Taajublandim. Men bu adibning asarlarini hali o’qiganimcha yo’q. Yana hayratlanarlisi, u asarni dastlab asliyatda (turkchada), keyin rus tilida mutolaa qilibdi. Ozmi, ko’pmi, kitob mutolaasi bo’lib turibdi. Har kim o’zi xohagan kitobini topib o’qiyapti. Mamlakatimizda «Sharq», «Yangi asr avlodi», «O’zbekiston», «Ma’naviyat», G’afur G’ulom nomidagi va boshqa ko’plab nashriyotlar borki, kitobxonlar uchun xizmat qilyapti. Odamlar qalbiga ziyo, nur sochyapti. Manba: «Bekajon», 2008 yil, 72-son Download 144.35 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling