Xuruj kunlari qilgan yettinchi kengashim
Download 19.44 Kb.
|
17 mavzu
Temuriylar davri terminalogiyasi14 XURUJ KUNLARI QILGAN YETTINCHI KENGASHIM Lashkarimning sonini hisoblab ko‘rsam, hammasi bo‘lib uch yuz o‘n uch otliq ekan. O‘zimcha kengash qilib biron qal’ani qo‘lga kiritib, joylashishga qaror berdim. Dastlab Alachu qal’asini egallab olishga jazm qildim, Ilyos Xoja tomonidan Mengli Bug‘a Sulduz bu qal’aga qo‘yilgan ekan. U yerni oziq-ovqat va yuklar saqlanadigan joyga aylantirmoqchi bo‘ldim. Shu maqsadda Alachu qal’asiga yo‘l oldim. Sher Bahrom va (Mengli Bug‘a Sulduz) o‘rtalarida qadimdan oshnolik bo‘lganidan, u: «Men qal’aga borib, uni o‘zimizga el qilsam», — deb ruxsat so‘radi. Biroq Sher Bahrom qal’a atrofiga yetib borgach, menga: «Mengli Bug‘aning so‘ziga qaraganda, Ilyos Xoja qal’ani unga ishonib topshirgan, shunday bo‘lgach, endi Amir Temurga el tutinib, qal’ani unga topshirsa, mardlik va muruvvatdan uzoq ish bo‘lur emish. (Shuning uchun) qal’ani bizga topshirishdan bosh tortdi», — degan xabar keldi. Lekin taqdir ekan. U mening qo‘shin tortib kelayotganimdan xabar topgach, ko‘ngliga vahima tushib, qal’ani tashlab qochdi. Ilgari mening xizmatimda mulozimlik qilgan, Do‘lon Javun qavmidan uch yuz yigit u (Mengli Bug‘a) bilan shu qal’ada edi, kelib menga qo‘shildilar. (Bu yerdan ko‘chib) Darayi Suf degan joyga keldim. O‘sha vaqtda Tuman bahodirning o‘g‘li Amlas Balx shahri atrofida talonchilik bilan mashg‘ul edi. Dovrug‘imni eshitib, ikki yuz otlig‘i bilan huzurimga bosh egib keldi. Men unga adab berib, ko‘nglini ko‘tardim. Shu yerdalik chog‘imda, Tamuka bahodirga uch otliq qo‘shib, Termiz daryosidan kechib o‘tib, Jeta lashkari, uning ahvoli va rejalari to‘g‘risida xabar topib keltirishni buyurdim. Tamuka to‘rt kundan keyin shuni xabar qildiki, Jeta lashkari Termiz viloyatiga kelgan va xalqini talab, urush-talash bilan mashg‘ul emish. Buni eshitib, Daragez degan joyga borib turishni lozim ko‘rdim. Keyinroq qulay fursat topib, Jeta lashkari ustiga to‘satdan bostirib borishni o‘yladim. Daragezga kelgach, Jayhun daryosi bo‘yida joylashgan Elchi Bug‘a maydoniga kelib tushdim. Ilyos Xoja Daragezga kelganim haqida xabar topishi bilanoq qo‘shinidan bir necha favjni menga qarshi urushga hozirladi. Shu orada Jeta lashkarida ot surgan amir Sulaymon Barlos, amir Muso Barlos, amir Jaku Barlos, amir Jaloliddin, amir Hinduka Barlos Jeta amirlaridan yuz o‘girib, o‘z askarlari bilan eski Termizga kelib tushganlari haqida xabar keltirdilar. Ular mening huzurimga yuborgan To‘lan Bug‘a yetib kelib, mulozimatimda bo‘ldi hamda (nomlari yuqorida tilga olingan) amirlar ming otliq askari bilan menga qo‘shilmoqchi va mulozim bo‘lmoqchi ekanliklarini ma’lum qildi. Men ersam ularning kelishini ishimning o‘nglanishidan darakchi deb tushundim. Ular menga tunda Jeta lashkari ustiga kutilmagan bosqin qilishni maslahat berdilar. Otlanib yo‘lga chiqqan ham edikki, Jeta lashkari yetib kelganini bildirishdi. Men o‘z qo‘shinlarimni safga tizib, dushman qarshisiga borib turdim. Ikki lashkar o‘rtasida suv bor edi. G‘animlarimni chuchuk so‘z, shirin hikoyatim bilan o‘z tomonimga og‘dirib olmoqchi va ular vujudidagi yondiruvchi (g‘azab) o‘tini to‘g‘ri tadbir suvi bilan o‘chirmoqni maslahat ko‘rdim. Shu tarzda ularni rom qilmoqchi bo‘ldim va Jeta lashkarining sardori amir Abu Sa’idga (ko‘p yaxshi) so‘zlar aytdim, U aytgan gaplarimni ma’qulladi, Biroq boshqa amirlar unga qarshi chiqishib, urush qilish tarafdori bo‘ldilar. (Buni ko‘rgach) mening ham shiddat o‘tim alangalanib, lashkarimni safga tizdim.
Download 19.44 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling