SALTANATIMNI MUSTAHKAMLASH UCHUN QILGAN O‘NINCHI KENGASHIM
Jeta lashkarini mag‘lubiyatga uchratganimdan keyin, Badaxshon viloyatiga borib, uni egallashga, (bu bilan) saltanat ishlariga rivoj berishga qaror qildim. (Shu niyatda) daryo bo‘yidan ko‘chib Xulm degan joyga tushdim.
(Shu yerda) amir Qazag‘anning nabirasi va qaynog‘am bo‘lmish amir Husayn bilan uchrashdim. Uning sharafiga ziyofat berdim. So‘ngra u bilan kengashib, Badaxshonga borishga qaror qildim.
Qunduzga yetib borgach, burulday elining sardorlari menga kelib qo‘shilmagunlaricha o‘sha yerda kutib turdim. Kelishgach, ularning har biriga faxrli xil’atlar kiygizib, ko‘ngillarini ovladim.
Qo‘shinimning jangga hozirligi haqidagi xabar Badaxshon shohlariga yetgach, urushga tayyorgarlik ko‘ra boshladilar. O‘zimcha mushohada qilib, dushman lashkar to‘plab ulgurmasdan burun epchillik, uddaburonlik bilan zarba berib, ularni to‘zitib yubormoqchi bo‘ldim. (Shuning uchun) yurish qilib, Talliqonga yetib keldim.
Talliqonga kelganimdan Badaxshon shohlari xabardor bo‘lgach, tinch yo‘l tutib, menga mulozim bo‘lishni ixtiyor qildilar. Qo‘llagan tadbirimdan ko‘nglim to‘ldi va xato qilmaganligimni angladim. Mening saltanatim butun Badaxshon viloyatiga yoyildi. Badaxshon sipohlarining aksariyati tamom xizmatimda bo‘lishni ixtiyor etdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |