Xususiy mulk huquqi
Xo`jalik shirkati va jamiyatlarining mulki
Download 32.75 Kb.
|
Xususiy mulk huquqi
Xo`jalik shirkati va jamiyatlarining mulki yuridik shaxs hisoblangan xo`jalik shirkati va jamiyatining mulki qatnashchilarning qo`shgan hissasi hisobidan, xo`jalik faoliyati natijasida olingan hamda qonunda man etilmagan boshqa asoslarda ular tomonidan qo`lga kiritilgan mol-mulkdan hosil bo`ladi.
Xo`jalik shirkatlarining mol-mulki FK va «Xo`jalik shirkatlari to`g`risidagi qonunda o`z ifodasini topgan. Xo`jalik shirkatlarining mol-mulki dastlabki asosi uning ustav fondida o`z ifodasini topadi. Chunki shirkat ishtirokchilari (ta`sischilari) shirkatga a`zo bo`lib kirayotganda qo`shgan ulushlarining nominal qiymatidan tarkib topadi. Shirkat ustav fondining miqdori shirkatni davlat ro`yxatidan o`tkazish uchun hujjatlarni taqdim etish sanasidagi holatga ko`ra qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan kam bo`lmasligi kerak. Shirkat ishtirokchisining shirkat ustav fondidagi ulushining miqdori foizlarda yoki kasr ko`rinishida belgilanadi. Shirkat ishtirokchisi ulushining miqdori uning ulushining nominal qiymati bilan shirkat ustav fondining o`zaro nisbatiga muvofiq bo`lishi kerak. Shirkat ishtirokchisi ulushining haqiqiy qiymati shirkat sof aktivlari qiymatining uning shirkat ustav fondidagi ulushi miqdoriga mutanosib bo`lgan bir qismiga mos bo`ladi. Shirkat davlat ro`yxatidan o`tkaziladigan paytga qadar uning har bir ishtirokchisi o`z hissasining kamida o`ttiz foizini shirkatning ustav fondiga kiritishi shart. Hissaning qolgan qismi ta`sis shartnomasida ko`rsatilgan muddatda kiritilishi lozim bo`lib, bu muddat shirkat davlat ro`yxatidan o`tkazilgan paytdan e`tiboran bir yildan oshmasligi kerak. Pul, qimmatli qog`ozlar, boshqa ashyolar yoki mulkiy huquqlar yoxud pul bahosiga ega bo`lgan boshqa shaxsga o`tkaziladigan o`zga huquqlar ishtirokchilarning shirkat ustav fondiga qo`shadigan hamda shirkatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslarning hissalari bo`lishi mumkin. Shirkatning ustav fondiga pulsiz hissasining pul hisobidagi bahosi shirkatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadigan shirkat ishtirokchilari umumiy yig`ilishining qarori bilan tasdiqlanadi. Shirkatga tegishli mol-mulk unga ustav fondiga hissa sifatida foydalanishga berilgan muddat o`tguniga qadar mol-mulkdan foydalanish huquqi tugatilgan taqdirda, shirkatning mol-mulkni bergan ishtirokchisi shirkatning talabiga binoan unga shunday mol-mulkdan shunga o`xshash sharoitlarda qolgan muddat mobaynida foydalanganlik uchun to`lanadigan haqqa teng pul tovoni to`lashi shart. Pul tovoni shirkat tomonidan uni berish talabnomasi taqdim etilganidan e`tiboran, agar shirkat ishtirokchilari umumiy yig`ilishining qarori bilan tovon to`lashning boshqacha tartibi belgilangan bo`lmasa, bir oy ichida bir yo`la to`lanishi kerak. Bunday qaror shirkatning ustav fondiga hissa sifatida mol-mulkdan foydalanish huquqini bergan va bu huquq muddatidan ilgari tugatilgan shirkat ishtirokchisining ovozini hisobga olmagan holda shirkat ishtirokchilarining umumiy yig`ilishi tomonidan qabul qilinadi. Shirkat ishtirokchisi ustav fondiga hissa sifatida shirkatga foydalanish uchun berib qo`ygan mol-mulkdan foydalanish huquqining muddatidan ilgari tugatilganligi uchun shirkat ishtirokchisi tomonidan tovon to`lashning boshqacha tartibi ta`sis shartnomasida nazarda tutilgan bo`lishi mumkin. Shirkatdan chiqarilgan yoki undan chiqib ketgan ishtirokchi tomonidan shirkatga ustav fondiga hissa sifatida foydalanishga berilgan mol-mulk, agar ta`sis shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo`lmasa, u qancha muddatga berilgan bo`lsa, shuncha muddat davomida shirkatning foydalanishida qolaveradi. O`z hissasini to`liq kiritgan shirkat ishtirokchisiga guvohnoma beriladi. Shirkat ishtirokchisi qolgan ishtirokchilarning roziligi bilan ustav fondidagi o`z ulushini yoki uning bir qismini shirkatning boshqa ishtirokchisiga yoxud uchinchi shaxsga berishga haqli. Ulush (ulushning bir qismi) boshqa shaxsga berilganda ulushni (ulushning bir qismini) bergan ishtirokchining huquqi to`laligicha yoki huquqning tegishli qismi unga o`tadi. Ishtirokchining o`z qarzlari bo`yicha undiruvni uning shirkat ustav fondidagi ulushiga qaratishga ishtirokchining boshqa mol-mulki qarzlarini qoplash uchun yetishmagan taqdirda faqat sudning qaroriga asosan yo`l qo`yiladi. Bunday ishtirokchining kreditorlari shirkat mol-mulkining ustav fondidagi qarzdorning ulushiga to`g`ri keladigan qismini, undiruvni ana shu mol-mulkka qaratish maqsadida, ajratishni talab qilishga haqlidirlar. Shirkat mol-mulkning ajratilishi lozim bo`lgan qismi yoki uning qiymati kreditorlar tomonidan ajratish to`g`risidagi talabnoma taqdim etilgan paytdagi holatga ko`ra tuzilgan balans bo`yicha aniqlanadi. Shirkat ustav fondidagi ishtirokchining ulushiga to`g`ri keladigan mol-mulkka undiruvni qaratish uning shirkatdagi ishtirokini tugatadi. Shirkatning o`z tadbirkorlik faoliyati natijasida qo`lga kiritgan barcha mol-mulklarini o`z xoxishlaringa ko`ra egalik qiladilar, foydalanadilar va uni tasarruf etadilar. Amaldagi qonunchilikka muvofiq xo`jalik jamiyatlarining mas`uliyati cheklangan jamiyat, qo`shimcha mas`uliyatli jamiyat va aksiyadorlik jamiyatlari kabi turlari mavjud. Mas`uliyati cheklangan jamiyatlarda muassis-ta`sischi jamiyatning xo`jalik faoliyati natijasi uchun ustav fondiga o`zi kiritgan pay badali ulushi miqdorida javobgar bo`ladi. Xo`jalik jamiyati muassislari xo`jalik jamiyatlari faoliyatlarida bevosita ishtirok etishlari shart emas. Jamiyat ustav fondi uning ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatlaridan tarkib topadi. Jamiyat ustav fondining miqdori jamiyatni davlat ro`yxatidan o`tkazish uchun hujjatlarni taqdim etish sanasidagi holatga ko`ra qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan kam bo`lmasligi lozim. Jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi ulushining miqdori foizlarda yoki kasr ko`rinishida belgilanadi. Jamiyat ishtirokchisi ulushining miqdori uning ulushi nominal qiymati bilan jamiyat ustav fondining nisbatiga teng bo`lishi kerak. Jamiyat ishtirokchisi ulushining haqiqiy qiymati jamiyat sof aktivlari qiymatining uning ulushi miqdoriga mutanosib bo`lgan bir qismiga mos bo`ladi. Jamiyatning ustavi bilan jamiyat ishtirokchisi ulushining eng yuqori miqdori, shuningdek jamiyat ishtirokchilari ulushlarining nisbatini o`zgartirish imkoniyati cheklab qo`yilishi mumkin. Bunday cheklashlar jamiyatning ayrim ishtirokchilariga nisbatan belgilanishi mumkin emas. Ko`rsatib o`tilgan qoidalar jamiyat ta`sis etilayotganda uning ustavida nazarda tutilishi, shuningdek jamiyat ishtirokchilari umumiy yig`ilishining jamiyat barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadigan qaroriga binoan jamiyatning ustaviga kiritilishi, o`zgartirilishi va undan chiqarib tashlanishi mumkin. Jamiyat davlat ro`yxatidan o`tkaziladigan paytga qadar uning har bir ishtirokchisi ta`sis hujjatlarida ko`rsatilgan jamiyatning ustav fondidagi o`z hissasining kamida o`ttiz foizini kiritishi shart. Jamiyatning har bir ishtirokchisi ta`sis hujjatlarida belgilangan va jamiyat davlat ro`yxatidan o`tkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida jamiyatning ustav fondiga o`z hissasini to`liq kiritishi kerak. Jamiyatning ishtirokchisi tomonidan hissaning to`liq kiritilganligi jamiyat ishtirokchisiga beriladigan guvohnoma bilan tasdiqlanadi. Pul, qimmatli qog`ozlar, o`zga ashyolar yoki mulkiy huquqlar yoxud pul bahosiga ega bo`lgan boshqa shaxsga o`tkaziladigan o`zga huquqlar jamiyatning ustav fondiga qo`shiladigan hissalar bo`lishi mumkin. Jamiyatning ishtirokchilari va jamiyatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslar tomonidan jamiyatning ustav fondiga qo`shiladigan pulsiz hissalarning pul bahosi jamiyat ishtirokchilari umumiy yig`ilishining jamiyatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadigan qarori bilan tasdiqlanadi. Ustav fondiga hissa sifatida jamiyatga foydalanish uchun berilgan mol-mulkning muddat o`tgunga qadar ushbu mol-mulkdan foydalanish huquqi tugatilgan taqdirda, jamiyatning mol-mulkni bergan ishtirokchisi jamiyatning talabiga binoan unga shunday mol-mulkdan shunga o`xshash sharoitlarda qolgan muddat mobaynida foydalanganlik uchun to`lanadigan haqiga teng pul tovoni to`lashi shart. Pul tovoni jamiyat tomonidan uni berish talabnomasi taqdim etilganidan e`tiboran agar jamiyat ishtirokchilari umumiy yig`ilishining qarori bilan tovon to`lashning boshqacha tartibi belgilangan bo`lmasa, bir oy ichida bir yo`la to`lanishi kerak. Bunday qaror jamiyatning ustav fondiga hissa sifatida mol-mulkdan foydalanish huquqini bergan va bu huquq muddatidan ilgari tugatilgan jamiyat ishtirokchisining ovozini hisobga olmagan holda jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig`ilishi tomonidan qabul qilinadi. Ta`sis hujjatlarida jamiyat ishtirokchisi tomonidan ustav fondiga hissa sifatida jamiyatga foydalanish uchun berilgan mol-mulkdan foydalanish huquqining muddatidan ilgari tugatilganligi uchun jamiyat ishtirokchisi tomonidan tovon to`lashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo`lishi mumkin. Jamiyatdan chiqarilgan yoki undan chiqib ketgan ishtirokchi tomonidan jamiyatning ustav fondiga hissa tariqasida foydalanish uchun berilgan mol-mulk, agar ta`sis hujjatida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo`lmasa, u qancha muddatga berilgan bo`lsa, shuncha muddat davomida jamiyat foydalanishida qolaveradi. Jamiyat ustav fondini jamiyatning mol-mulki hisobiga ko`paytirish to`g`risidagi qaror bunday qaror qabul qilingan yildan oldingi yil uchun jamiyatning buxgalteriya hisoboti ma`lumotlari asosidagina qabul qilinishi mumkin. Jamiyat ustav fondi jamiyatning mol-mulki hisobiga ko`paytiriladigan summa jamiyat sof aktivlarining qiymati bilan ustav fondi hamda zaxira fondi summasi o`rtasidagi farqdan ortiq bo`lmasligi kerak. Jamiyatning ustav fondi ko`paytirilganda jamiyat barcha ishtirokchilari ulushlarining miqdorlari o`zgarmagan holda ular ulushlarining nominal qiymati mutanosib ravishda ko`payadi. Jamiyat yilning har choragida, yarim yilda bir marta yoki bir yilda bir marta o`zining sof foydasini jamiyat ishtirokchilari o`rtasida taqsimlash to`g`risida qaror qabul qilishga haqlidir. Jamiyatning jamiyat ishtirokchilari o`rtasida taqsimlanadigan foydasi qismini aniqlash to`g`risidagi qaror jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig`ilishi tomonidan qabul qilinadi. Jamiyat foydasining uning ishtirokchilari o`rtasida taqsimlash uchun mo`ljallangan qismi ularning jamiyat ustav fondidagi ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Aksiyadorlik jamiyatlari o`z ustav fondi doirasida, uning qiymatiga teng keladigan aksiyalar, ya`ni qimmatli qog`ozlar chiqarishga haqli. Aynan mazkur aksiya nominal qiymati dorirasida uning ustav fondi shakllanadi. Jamiyat ishtirokchilarining jamiyatga kiritgan ulushlari aksiya orqali rasmiylashtiriladi va bu qimmatli qog`oz kelajakda jamiyat foyda ko`rgan taqdirda, aksiyadorlarga divident olish huquqini beradi. Aksiya jamiyat umumiy yig`ilishida bir aksiya bir ovoz tamoyiliga asoslangan holda ishtirok etish huquqini ham beradi. Download 32.75 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling