Xvi-xvii asrlarda katolik cherkovi


Download 213.28 Kb.
bet2/4
Sana25.01.2023
Hajmi213.28 Kb.
#1120277
1   2   3   4
Bog'liq
AZIMJON DIPLOMATIYA

Katolik oqimi Xristianlikning eng katta yo'nalishlaridan biri katolik cherkovidir. BMTning ma'lumotlariga ko'ra, XX asrning oxirlarida katoliklarning soni 900 mln. kishini tashkil etgan. Katoliklar asosan G'arbiy, Janubi-sharqiy va Markaziy Yevropada, Lotin Amerikasida keng yoyilgan. Afrika aholisining 1/3 qismi katoliklardir. Cherkov Shimoliy Amerikada kuchli ta'sirga ega bo'lib, dunyoning boshqa mintaqalarida ham keng yoyilgan.
Katolitsizm ta'limotining manbaini muqaddas bitiklar va rivoyatlar tashkil etadi. Bu ikki manba xristianlikda ahamiyati jihatidan teng hisoblansa-da, katolitsizmda boshqa yo'nalishlardan farqli o'laroq, muqaddas rivoyatlardan kengroq foydalaniladi. Katolitsizmda «cherkov otalari»ning (patristika) ilohiyotga bag'ishlangan asarlari, Jahon soborlari va Rim papasining rasmiy hujjatlari, qadimiy ibodat tajribalari muqaddas rivoyatlar sifatida qabul qilingan.
Katolitsizm aqidalari va marosimlari pravoslaviyenikiga yaqin turadi. Unda pravoslaviyedagi kabi «e'tiqod ramzi»ning 12 aqidasi va 7 ta sirli marosimi tan olinadi. Lekin e'tiqod ramzi aqidalariga bir qator qo'shimchalar kiritilgan. 589 yilda qabul qilingan filioka (lotinchadan so'zma-so'z tarjimasi o'g'ildan ham degan ma'noni anglatadi) aqidasiga binoan, xudo Muqaddas Ruh xudo Ota va xudo O'g'il (Iso)dan paydo bo'lgan. Mazkur aqida katolitsizmda Isoning yerdagi noibi deb tan olingan Rim papasining hokimiyatini yanada mustahkamlaydi. Papa hokimiyati avliyolar va farishtalar hokimiyatidan ham yuqori qo'yiladi.
Shuningdek, katolitsizmda odam o'lganidan keyin ruhi jannat va do'zax oralig'idagi a'rofga tushishi to'g'risidagi aqida mavjud. Unga ko'ra, tirikligida gunohlari yuvilmagan, lekin «kechirilmas gunoh» sodir etmagan kishilarning ruhi a'rof olovida tozalanganidan keyin jannatga tushishi mumkin. Lekin bu murakkab jarayon, chunki ruhning a'rofdan chiqib ketishi uchun boshqa kishi o'zining ortiqcha savobini berishi lozim. Shu bois cherkov savob ishlarning zaxirasini vujudga keltiradi. A'rofda qiynoqqa duchor qilingan odamlar o'z ruhlarini jannatga o'tkazish uchun zaxiradan foydalanadilar. Savob ishlar zaxirasi Iso Masih, Bibi Mariyam, avliyolar va dindor kishilarning ortiqcha savob ishlari, xizmatlaridan hosil qilinadi va doimo to'ldirib boriladi. Zaxira doimo to'ldirib turilishi uchun cherkov kishilarni doimo savob ishlar qilishga da'vat etadi. O'rta Asrlarda a'rof haqidagi aqida indulgensiyalar (lotincha indulgere - marhamat qilish, shafqat qilish degan ma'nolarni anglatadi) sotishdek noxush hodisani vujudga keltirgan. Qayd etish joizki, XII asrgacha indulgensiyalar cherkovga xush keladigan ishlarni bajaruvchilarga, ya'ni cherkov o'rnatgan tartiblarga qat'iy amal qilganlar, muqaddas joylarni ziyorat qilganlar va salib yurishlarida ishtirok etganlarga berilgan. XII asrdan boshlab indulgensiyani sotish tartibi joriy qilingan. Masalaning salbiy jihati Shundaki, mulkdor kishi «kechirilmas gunohi»dan tashqari, barcha sodir etgan gunohlarini pul to'lab yuvishi mumkin bo'lgan. Hattoki kishi qaysi gunohi uchun qancha pul to'lashi kerakligi to'g'risidagi jadval ishlab chiqilgan. Cherkov indulgensiyalarni sotish tartibini XIX asrgacha qo'llab kelgan. Katolitsizmda Bibi Mariyamni ulug'lashga katta e'tibor beriladi. 1854-yilda papa Piy I Bibi Mariyamning ilohiy homiladorlik bilan tug'ilganligi to'g'risidagi aqidani tasdiqlagan. Keyinchalik Bibi Mariyam xudoning marhamati bilan birlamchi gunoh ta'siridan himoyalanganligi e'lon qilingan. Keyinchalik Bibi Mariyamning vafot etganidan keyin jasadi va ruhi osmonga ko'tarilib ketganligi qayd etilgan. Ushbu aqidaga asoslanib, 1954-yilda «falakning malikasi» sharafiga bag'ishlanuvchi diniy bayramning o'tkazilishi joriy qilingan. Katoliklar Bibi Mariyamni avliyolar kabi ulug'lash bilan birga xotin-qizlarning gunohlarini xudodan so'rab beruvchi homiy deb biladilar.
Katolitsizmda Rim papasi xristianlarning rahbari ekanligi to'g'risida aqida mavjud. Katoliklar o'z e'tiqodlarini xristianlik ta'limotini to'liq ifodalaydigan yo'nalish deb biladilar. Shu bois Rim papasi Isoning yerdagi noibi, Rimning birinchi yepiskopi, havariy Pavelning vorisi deb tan olinadi. 1870-yilda Vatikanda Rim papasining benuqsonligi haqidagi aqida qabul qilingan. Unga binoan, papaning rasmiy chiqishlarida din va axloq masalalarida aytgan fikrlari benuqson yoki, boshqacha aytganda, u xudoning irodasini yetkazuvchi vakildir. Ruhoniylarning ijtimoiy ahvoli masalasida katolitsizm boshqa yo'nalishlardan sezilarli darajada farqlanadi. Katolik cherkovida ruhoniylarning maishiy turmushida XI asrdan boshlab selebat, ya'ni rohib va rohibalarning turmush qurmasligi qoidasiga amal qilinadi. Ruhoniy xudo va odamlar o'rtasidagi vositachi deb tan olinadi. Odamlarning o'zlari ruhoniyning yordamisiz va murabbiyligisiz mustaqil ilohiy haqiqatga erisha olmaydilar deb hisoblanadi. Ular diniy tashkilot vazifasini bajaruvchi ordenlarga birlashganlar. Katolik cherkovida iyezuitlar (Iso jamiyati), fransiskanlar, salezianlar, dominikanlar, kaputsinlar, xristian birodarlari, benediktlar kabi katta-katta rohiblik ordenlari mavjud. Orden a'zolari kiyim-kechagi bilan bir-biridan farq qiladilar. Katoliklarning diniy marosimlarida ham xristianlikning boshqa yo'nalish va oqimlaridan farqlar mavjud. Masalan, yetti sirli marosimni olib ko'raylik. Cho'qintirish sirli marosimini bajarishda rohib cho'qintirilayotgan kishining ustidan suv quyadi yoki uni suvga botirib oladi. Miro yog'ini surish sirli marosimi katoliklarda «konformatsiya» deb ataladi. Marosim kishining bolalik yoki o'smirlik yoshida bajariladi. Non va vino tortish sirli marosimida pravoslaviyeda maxsus pishirilgan kulcha non (prosfora)dan foydalanilsa, katoliklarda kvas qo'shib qorilgan xamirdan tayyorlangan quymoq shaklidagi non (prosfora) ishlatiladi. Umuman, katoliklarning sirli marosimlarni bajarish usullarida qisman tafovut bo'lsa-da, aslida, pravoslaviyedagiga o'xshash ekanligini qayd etish mumkin.
Diniy ibodatni tashkil etishda ham bir qator o'ziga xos jihatlar mavjud. Diniy marosimlarni bajarish vaqtida cherkovda dindorlar o'tirishlari mumkin, faqat ayrim duolar tik turib o'qiladi. Shuning uchun katolik cherkovlarida kursilar qo'yilgan. Diniy marosimlar lotin tilida olib boriladi. Ularni bajarish vaqtida organ yoki dam berib chalinadigan musiqa asboblari (filgarmoniya)dan foydalaniladi.
Diniy tashkilotlarni boshqarishning murakkab tizimi vujudga keltirilgan. Yuqorida qayd etilganidek, katoliklar Yer sharining barcha qit'alariga yoyilgan va xalqaro markazi Vatikanda joylashgan. Unga Rim papasi rahbarlik qiladi. Vatikan Rim shahrining markazida joylashgan. Maydoni 44 gektar. 1929- yilda Musolini hukumati va Rim papasi Piy XI o'rtasida tuzilgan Lateran shartnomasiga binoan Vatikanga shahar-davlat maqomi berilgan va u davlat suverenitetiga ega bo'lgan. Har qanday suveren davlat kabi uning hududi, chegarasi, fuqarolari, gerbi, bayrog'i va madhiyasi bor. Vatikanni dunyoning ko'p mamlakatlari tan olgan va u bilan diplomatik aloqalar o'rnatgan. Aksariyat xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT, YUNESKO, MAGATE, Yevropa Kengashi kabilarning ishlarida Vatikan kuzatuvchilari ishtirok etadi.
Rim papasini kardinallar (lotincha cardinalis - asosiy, katta, eng muhim degan ma'nolarni anglatadi), ya'ni katolik cherkovida papadan keyin turuvchi mansabdor shaxs kollegiyasi umrbod muddatga saylaydi. Hozirgi kunda Rim papasi nemis millatiga mansub Benedikt XVI.
Vatikan davlatining asosiy qonuni sifatida Konstitutsiya qabul qilingan. Unga ko'ra, Rim papasi qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatining boshlig'idir. Davlatning Markaziy ma'muriy boshqaruv apparatiga Rim kuriyasi rahbarlik qiladi. U dunyoning ko'pchilik mamlakatlarida faoliyat ko'rsatayotgan katolik cherkovi va Vatikanga bo'ysunuvchi dunyoviy tashkilotlarning ishlarini boshqaradi. Rim kuriyasi davlat kotibiyati, 9 ta kongregatsiya (lotincha congregatio - ittifoq, birlashma degan ma'nolarni anglatadi, davlat vazirliklari vazifasini bajaradi), 12 ta kengash, 3 ta tribunal va 3 ta devonxonadan iborat.

Download 213.28 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling