4-mavzu: Qadimgi Rim adabiyoti (2 soat). Reja


Download 84.14 Kb.
bet1/6
Sana11.11.2023
Hajmi84.14 Kb.
#1765950
  1   2   3   4   5   6
Bog'liq
4 maruza qadimgi Rim adab


4-mavzu: Qadimgi Rim adabiyoti (2 soat).
Reja:

  1. Rim adabiyotining asosiy taraqqiyot bosqichlari va yo’nalishlari.

  2. Dastlabki Rim shoirlari.

  3. Rim adabiyotining “Oltin davri”.

  4. Vergiliy va Ovidiy ijodi haqida (“Eneida” –Vergeliy; “Metamorfozalar”- Ovidiy.

  5. Rim ritorik prozasi. Sitseron ijodi.

  6. Rim adabiyotining Yevropa adabiyotiga ta’siri.

Mavzu bo‘yicha tayanch so‘z va iboralar:
Rim adabiyotining asosiy taraqqiyoti, bosqichlari va yo‘nalishlari. Rim shoirlari. Rim adabiyotida tarixshunoslik. Rim adabiyotining “oltin davri”

Ma’ruza bayoni
1.Rim adabiyotining asosiy taraqqiyot bosqichlari va yo’nalishlari.
Eramizdan oldingi IV asrning oxiri – III asrning boshlarida Rim davlati Italiya yerlarining asosiy qismini egallab, xuddi Yunonistonda bo’lgani kabi, qulchilik asosiga qurilgan demokratik polis tuzumini joriy etadi. III asrning o’rtalarida rimliklarning jahongirlik siyosati tobora kuchayib, ular birin-ketin Italiya tuprog’ining qolmish qismlarini ham zabt etishga kirishadilar. Italiyaning janubiy qirg’oqlarini va Sitsiliya orolini egallash, Rim jamiyati tarixida ayniqsa juda muhim voqea bo’lgan. «Ulug’ Yunoniston» nomi bilan shuhrat taratgan bu yerlar qadim zamonlarda ellinlar qo’liga o’tib, ularning mustamlakasi bo’lib qolgan edi. Bosqinchilar ilk marta xuddi shu yerda yuksak yunon madaniyatining shohidi bo’ladilar. Italiya tuprog’ini o’zlariga itoat ettirish ishini batamom tugallagan rimliklar, bora-bora bosqinchilik siyosatini o’rta dengiz havzasiga ko’chirib, Afrikaning shimoliy qirg’og’idagi Karfagen davlatiga (hozirgi Tunis shahri yaqinida) qarshi birin-ketin uch marta ochilgan qirg’in urushdan so’ng, bu azim davlatni ham zabt etadilar va, nihoyat, II asr davomida oldinma-keyin Makedoniyani (148), Yunonistonni (146), Ispaniyaning bir qismini o’zlariga tobe qiladilar va Kichik Osiyoning g’arbiy qirg’oqlarida mustahkam o’rnashib oladilar. Shunday qilib, II asr o’rtalarida Rim yer yuzining eng qudratli davlatiga, O’rta dengizning zabardast hukmroniga aylanadi.
G’olibona urushlar, qo’lga kiritilgan mustamlakalarni talash natijasida behisob boyliklar, son-sanoqsiz qullar Rimga qarab oqa boshlaydi. Eski patriarxal odatlar barbod etilib, jamiyatning hamma tabaqalari pulparastlik, maishatbozlik va zeb-ziynat hissiga beriladi; boyib ketgan ziyoli doiralar endilikda o’zlarining iqtisodiy boyliklariga va uning samaralariga qanoat qilmasdan, nozik va nafis madaniyat matlubi bo’ladilar.
Xullas, yuqorida bayon etilgan urushlar va ularning oqibati o’laroq paydo bo’lgan qator o’zgarishlar natijasida yunon madaniyatining keng miqyosda Rim hayotiga kirib kelish xarakati boshlanadi. III asrning o’rtalarida o’z xohishi bilan Rimga ko’chib kelib muqimlashib qolgan yunonlarning soni anchagina bo’lgan. «Ulug’ Yunoniston» Rim ixtiyoriga o’tgandan keyin va ikkinchi Pun (Karfagen) urushidan so’ng bularning nufuzi yana ortadi (keyingilarning ko’pchiligi qul qilingaya asirlar edi).
Rimga kelgan yunonlar o’zlari bilan birga asrlar davomida yetishtirgan ulug’ madaniyatlari mahsullarini ham olib keladilar va Rim hayotining hamma sohalarida bab-baravar ta’sir ko’rsatadilar. Yunonlarning odat-taomillari, asbob-anjomlari, kiyimkechaklari rimliklarning turmushiga juda tez kira boshlaydi. Yunon tiliga qiziqish deyarli umumiy bir hodisa bo’lgan. Yunon alifbesini, yunon dinidagi ba’zi ma’budlarni rimliklar hatto ancha ilgari qabul qilgan edilar. Qisqasini aytganda, Rimning madaniy hayotida yunonlarning xizmati singmagan deyarli hech qanday soha bo’lmagan desak xato qilmaymiz. Ular badavlat xonadonlarda bolalarni tarbiya qiluvchi murabbiy, davlat arboblari qo’lida mirza bo’lib xizmat qiladilar; falsafa, notiqlik bobida saboq beradilar, yangidan rasmga kirayotgan teatrlarda aktyor bo’lib ishlaydilar. Hattoki, Yunonistonda yaratilgan Eney haqidagi afsonani ham Rim davlati rasmiy ravishda qabul qiladi. Bu afsonada Rim xalqining troyaliklardan tarqalganligi va (Rim shahrini barpo etgan Romul bilan Remning ajdodlari shaxsan Troya qahramoni Eney ekanligi haqida hikoya qilinar edi. Yangi g’oyalarni yoyuvchi eng muhim omillardan biri bu davrlarda adabiyot bo’lgan, albatta. Kelgusida gullab-yashnagan va ajoyib mevalar yetishtirgan ulug’ Rim adabiyoti bog’ining dastlabki nihollarini latin tuprog’iga yana shu yunonlar tikkan.
Yuqorida aytilganlardan, Rim xalqining o’z milliy adabiyoti yo’q, uning bu sohadagi faoliyati faqatgina taqlidchilikdan nariga o’tmagan ekan, degan fikrga kelish noto’g’ri, albatta. Bizgacha yetib kelgan hujjatlar hatto eramizdan oldingi V– IV asrlarda Rimning o’zida badiiy adabiyot va maxsus she’riy o’lchov bo’lganligidan darak beradi. Tarix betida ba’zi bir yozuvchilarning (Appiy Klavdiy) nomlari ham saqlanib qolgan. Bundan tashqari, yozma adabiyot yaratilishidan ancha ilgari, Italiya tuprog’ida yashovchi qabilalarning ham, barcha xalqlar singari, boy og’zaki adabiyotlari bo’lganligi shubhasizdir. Biroq yangitdan kirib kelayotgan jozibador yunon adabiyoti tazyiqi ostida mahalliy og’zaki adabiyot e’tibordan qolib, bizga uning juda kamdan-kam namunalari yetib keladi.
Shu narsani esdan chiqarmaslik kerakki, Rimning o’zi madaniyat bobida unchalik yetilmaganida, yunon adabiyoti bu yerda shu qadar katta e’tibor qozonmagan bo’lar edi.
Shu bilan biz «asl» Rim adabiyoti ustida ortiq to’xtalib o’tirmasdan, yozma badiiy ijodning dastlabki davrlari bayoniga kirishamiz.

Download 84.14 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling