Ikkinchi jahon urushi yillarida musiqiy hayot
Urush yillarida xalqlarning iqtisodiy turmushlari mushkul bo‘lishiga qaramasdan, O‘zbekistonda madaniy va musiqiy hayot to‘xtab qolmadi. Respublikadagi hamma teatr va konsert tashkilotlari, musiqa maktablari, o‘quv bilim yurtlari, konservatoriya va boshqa madaniyat maskanlari o‘z ish faoliyatlarini urush muhitiga moslab, davom ettirdilar. Yozuvchilar, kompozitorlar va butun san’atkorlar ahli Vatanparvarlik harakatining peshqadami bo‘ldilar. Ular bu og‘ir damlarda xalqni va ziyolilarni oldilariga qo‘yilgan jangovor vazifalarni yaxshi tushunar va amalga oshirish yo‘lida kuch – quvvat, bilim g‘ayratlarini ayamasdan ishladilar va ijod qildilar. Odatda, zambaraklar guldiraganda, musiqa sukunat saqlaydi deydilar. Ammo o‘tgan urushda buning aksi bo‘ldi. Musiqalar jarangladi, yangi – yangi vatanparvarlik, insonparvarlik qo‘shiqlar va turli janr va shakllarda mazmundor, fashizmga qarshi nafratlar nayzasi otiladigan musiqiy asarlar, konsert dasturlari va kinofilmlar bunyodga keldi.
Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama va komediya teatri
|
1940-yillar garchand xalqimizning hayotida og‘ir kunlar tarzida o‘tgan bo‘lsada, madaniyat va ma’rifat sohasida bir qator o‘quv maskanlari, madaniyat va san’at dargohlari barpo etildi. Xususan, 1941-yili Toshkent xoreografiya o‘quv bilim yurti ochildi. 1943-yili Muqimiy nomidagi Respublika davlat musiqali teatr uchun hashamatli, chiroyli, yangi bino qurildi
|
1943-yili O‘zbekiston fanlar akademiyasi va uning ayrim ilmiy institutlari tashkil qilindi. O‘zbekiston san’atshunoslik ilmiy – tadqiqot instituti qoshida 1943-yil o‘zbek xalq cholg‘ularini takomillashtirish maqsadida maxsus laboratoriya ochildi. Unda musiqashunos Ashot Ivanovich Petrosyans bilan yonma-yon Leningrad konservatoriyasining professorlari[1]: S.L.Ginzburg, B.A.Struve va X.S.Kushnaryovlar ilmiy ish olib borishdi. 1944-yili Toshkent davlat teatr va rassomchilik instituti tashkil topdi. Respublikamizning viloyat markazlarida va yirik shaharlarida o‘zbek, rus dramm teatrlari, o‘zbek musiqali drama va komediya teatrlari tomoshabinlarga madaniy xizmat qilib turdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |