Xx asr boshlarida o‘zbek musiqasi Mavzu rejasi
-yili Toshkentning Beshyog‘och dahasida pianinochi A.Toshmuhammedov rahbarligida “Toshkent shahar 7-yillik musiqa maktabi
Download 214.93 Kb.
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- 1927-yilda tashkil topgan O‘zbekiston Radio qo‘mitasi
- 1936- yilda
- 1935-yilda Moskva konservatoriyasining qoshida “O‘zbek opera studiya”si, 1936-yilda Toshkent davlat konsrvatoriyasi
- “O‘zbekiston davlat musiqali drama teatri”
1927-yili Toshkentning Beshyog‘och dahasida pianinochi A.Toshmuhammedov rahbarligida “Toshkent shahar 7-yillik musiqa maktabi” tashkil qilindi. Maktabda fortepiano, skripka, violonchel, fleyta, klarnet, truba kabi sinflarga turli millatlarning iste’dodli o‘g‘il-qizlari qabul qilinardi. 1935-36 o‘quv yilidan boshlab ta’lim jarayoniga ayrim o‘zbek xalq cholg‘ularini o‘rgatish kiritilgan edi. Yildan-yilga musiqa maktabining o‘quvchilari soni ko‘payib bordi. Ana shu maktabda mashhur kompozitor Reyngold Glier o‘zbek va rus sinflarda musiqa nazariyasidan dars bergan va kelgusi yillarda ayniqsa, ikkinchi jahon urushi va keyingi yillarda maktabning ish faoliyati bilan aloqani uzmagan edi. 1956-yili Glier vafoti tufayli mazkur maktabga uning nomi berildi va Respublika davlat 10 yillik musiqa maktab-internatiga aylantirildi.
Turkiston hokimiyati Toshkentdagi va viloyatlardagi barcha teatr, turli jamoalarni va shaxsiy boylarning binolarini davlat qaramog‘iga olish uchun 1918- yil 22 iyulda maxsus komissiya tuzib, uning taklifiga binoan Toshkent va viloyatlardagi ko‘p hashamatli binolar davlat ixtiyoriga o‘tkazildi. 1919-yilda Turkiston respublikasi Xalq maorif tashkiloti qaramog‘ida teatr bo‘limi ochildi va uning zammasiga quyidagi vazifalar yuklandi: 1. Respublikadagi jamiyki teatr ishlariga umumiy rahbarlik qilish; 2. Havaskor va professional ijodiy jamoalarning ish faoliyatini yuksaltirish va repertuarlarini boyitish; 3. Respublika bo‘ylab muntazam ravishda markaz va viloyatdagi tomoshabinlarga gastrollar uyushtirish. Shuni aytish joizki, 20 – 40 yillarda, ya’ni ikki o‘n yillik mobaynida ijtimoiy – madaniy va siyosiy – iqtisodiy hayotda bir talay o‘zgarishlar ro‘y berdi. Eng muhimi ijtimoiy ishlab chiqarishning uzluksiz o‘sishi, katta korxonalar, suv inshootlari, maktab va institut, teatr va madaniyat saroy binolarining qurilishi natijasida va mehnatkashlarning tobora ortib borgan moddiy va madaniy ehtiyojlarini to‘la qondirish imkonini berdi. Ayniqsa o‘zbek millatini va O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi boshqa xalqlarni birlashtirishda va ularni madaniy – ma’naviy talablarini qondirishda 1927-yilda tashkil topgan O‘zbekiston Radio qo‘mitasi va uning qoshida tashkil topgan musiqa bosh muharririyati, ulug‘ bastakor Yunus Rajabiy rahbarligidagi “O‘zbek xalq ansambli” (kelgusida maqomchilar ansambli), 1936-yilda tashkil topgan simfonik orkestr va xor jamoalari juda katta rol o‘ynadi. O‘zbek xalqining asrlar davomida an’ana bo‘lib kelgan milliy musiqiy san’atining jozibali, kishini maftun etadigan olam – olam zavq-u shavq bag‘ishlaydigan, estetik ruhni boyitadigan xalq hofizlarini xizmat o‘rinlari beqiyosdir. Mazkur jarayonda XIX asrning oxiri XX asr boshlarida yashagan va ijod qilgan milliy musiqiy san’atimiz namoyandalari yangi tuzumda ham xalqqa faol xizmat qildilar. Masalan, Toshkentda mashhur hofiz Shorahim Shoumarov bir guruh sozandalar ansambli asosida 1918-yili “Sanoyi nafisa” nomli birinchi kasaba uyushma tuzib, shahardagi jamiyki san’atkorlarning huquqlarini himoya qilish va musiqiy san’atni xalq orasida targ‘ibot qilishda tashabbuskorlik qildi. Uning rahbarligida tuzilgan ansamblda, ustozi Mulla To‘ychi Toshmuhammedov, Ilhomjon dutorchi, Karimbek Xo‘ja g‘ijjakchi, Shoborot – tanburchi, Ilyosxo‘ja – changchi va ularning shogirdlari: Yunus va Risxi Rajabiylar, g‘ijjakchi bastakor Imomjon Ikromov, kamonchi bastakor Po‘lat Raximov, dutorchi Abdusoat Vahobov, hofizlar Shoqosim, Shoolim, Shoakbar Shojalilovlar kabi san’at ustalari xalqqa faol xizmat qildilar. Ustoz Shorahim Shoumarovning chorsu bozori yonida joylashgan ansambli va Yunus Rajabiyning “Chaqar” mahalla choyxonasida tuzgan ansambli yosh havaskor san’atkorlar uchun haqiqiy musiqa maktabi bo‘ldi. Bu ikki dargohda Toshkent san’atkorlaridan tashqari Farg‘ona vodiysidan, Buxoro, Samarqand, Xorazmdan mashhur san’at ustalari va ularning shogirdlari ham birgalikda xalqqa o‘z san’atlarini namoyish qilishardi. Ularning konsert dasturlari asosan maqom, mumtoz ashulalar va o‘zlari bastalagan kuy va qo‘shiqlardan iborat edi. Bundan tashqari ustoz san’atkorlar o‘zlari ham turli klub – maktablarda musiqiy havaskorlar to‘garaklarini tuzib yoshlarga saboq berdilar va ko‘p yosh sozanda va xonandalarni tarbiyaladilar. Huddi shunday “Sanoyi Nafisa” kabi uyushmani 1920-yili Andijon shahrida xalq orasida Orif garmon nomi bilan tanilgan Orif Toshmatov tashkil qildi. O‘zbek san’atkor va ziyolilaridan tuzilgan jamoada Muhiddin Xo‘ja Najmiddinov, Sobirjon Siddiqov, Berkinboy Fayziev, Dexqonboy Hofizlar, Yoqibjon changchi, Ashurali Oxun dutorchi, Zokir eshon doirachi, Hayit Oxun tanburchi, Rustam Mehtar surnaychi, Ismat karnaychi, Sayfi qayroqchilar bor edi. Ularning ishtirokida zikr qilingan uyushma va “Tutzor” guzarida xalq ansambli tuzildi. Bu ansamblda g‘ijjakchi bastakor To‘xtasin Jalilov, Hayitxon tanburchilarni yonlarida: Komiljon Jabborov, Lutfullaxon Xo’jayev, Raxmat Otaboev, G‘anijon Toshmatov, Isxoq Qori, Salohiddin hoji kabi havaskor yoshlarni ham ko‘rish mumkin edi. Ansamblning dasturi keng edi. Ular nafaqat Andijon, balki Qo‘qon, Marg‘ilon, Farg‘ona, Namangan, Jalolobod, O‘sh shahar va qishloqlarida ham ish olib bordilar. Mazkur jamoani keyinchalik To‘xtasin Jalilov ham boshqargan edi. Mashhur bastakor, O‘zbekiston xalq artisti To‘xtasin Jalilov o‘zining ustozi Orif Toshmatov faoliyatini shunday ta’riflagan edi: “Bizning rahbarimiz Orif aka garmonda o‘zbek xalq kuylaridan “Abdurahmonbegi”, “Nasrulloi”, “Ajam”, “Tanavvor”, “Ufor” kabi klassik musiqalardan tashqari “Дунайские волны”, “Амурские волны”, “Краковяк”, “Полька”, “Варшавянка”, “Смело мы пойдём” kabi ruscha, bundan tashqari Hamzaning kuylarini hamda o‘zi bastalagan musiqalarni jo‘shqinlik bilan ijro etib hammani lol qoldirar edi. Shular orasidan o‘zlari yaratgan “Andijon polkasi” esa juda ham mashhur bo‘lib ketdi. Shunisiga qoyil qolar edimki, ustoz o‘zbek xalqining mumtoz kuylarini dutorda qanday chalsa garmonda ham shunday nozik mohirlik bilan ijro etar edi. Bular o‘sha muhitda o‘zbek tomoshabinlari uchun ham qiziqarli, ham yangilik edi[1]. Yana shuni aytib o‘tish joizki, “Inqilob”dan avval Farg‘ona vodiysida, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo va Qashqadaryo vohalarida istiqomat va ijod qilgan, mashhur, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan san’atkorlar, yangi Sho‘ro hokimiyati davrida ham, shogirdlari bilan, o‘z faoliyatlarini davom ettirib xalqqa xizmat qildilar. Ular yangi zamonda, shaharlarning xalq bilan gavjum bo‘lgan katta choyxonalarida o‘z san’atlarini namoyish qildilar. Ayniqsa, yuqorida zikr qilganimizdek O‘zbekistonning 1924 – 1932 yillarida poytaxti bo‘lgan Samarqand shahrining Registon yaqinidagi “Rastai Nov” choyxonasida Hoji Abdulaziz Abdurasulov ishtirokida bo‘ladigan musiqiy kechalarda ko‘pincha Buxoro, Toshkent, Farg‘ona vodiysidan, Xorazm va boshqa hududlardan kelgan mohir sozanda va xonandalar ishtirok etishardi. Ularning orasida Ota Jalol Nosirov, Levicha Boboxonov, Domla Halim Ibodov, Qori Siroj Yusupov, Tolibjon Sodiqov, Abduqodir Ismoilov, Matyusuf Xarratov, Ahmadjon Umrzoqov, Shohnazar Sohibov, Fazliddin Shahobov kabi qator san’atkorlarni ko‘rish mumkin edi. Xulosa qilib aytish joizki, yuqorida nomlari tilga olingan va juda ham ko‘p tilga olinmagan o‘zbek xalqining sevimli san’atkorlari o‘z ijrochilik san’atlarini namoyish qilish bilan birga turli musiqiy to‘garaklar tuzib, yoshlarni musiqiy meros an’analarida tarbiyaladilar va kelgusida el yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan san’atkorlarni yetkazib berdilar. Ustozlarning ayrimlari hokimiyat tomonidan tashkil qilingan musiqiy o‘quv maskanlarida teatr va konsert tashkilotlarida faol xizmat qildilar. Shuni aytish joizki, 20 – 30 yillarda yuqorida nomlari esga olingan, xalqimizning sevimli san’atkorlari, Respublikamizda tashkil topgan musiqali teatr va konsert tashkilotlarining, musiqiy ansambllarning asosiy guruhini tashkil qilishdi va respublikada hamda Butunittifoqda 1925, 1930, 1932, 1933, 1935, 1938 – yillarda o‘tkazilgan teatr va olimpiadalarda, ko‘rik – tanlovlarda faol qatnashganlar. O‘zbek musiqa san’atini namoyish qilishda, ayniqsa 1936-yilda tashkil topgan O‘zbekiston davlat Filarmoniyasi katta ro‘l o‘ynadi. Mazkur filarmoniya qoshida boshqa ijrochi jamoalar bilan birga 1936- yilda mashhur bastakor, ustoz To‘xtasin Jalilov rahbarligida 100 kishidan iborat “Etnografik ansambl” tuzildi. Bu ansamblga respublikaning ko‘plab viloyatlaridan keksa va yosh san’atkorlar jalb qilindi. Ular orasida: Usta Olim Komilov, atoqli qiziqchi Yusuf qiziq Shakarjonov, naychi Abduqodir Ismoilov, qo‘shnaychi Ahmadjon Umrzoqov, naychilar Saidjon Kalonov, Valijon Hoshimov, g‘ijjakchilar Po‘lat Raximov, Nabijon Hasanov, Doni Zokirov, Said Aliev, Xayri Izomov, Mamadali Niyozov, rubobchilar – Tavur Jumaev, Ergash Shukrullaev, changchilar – Fahriddin Sodiqov, Matyusuf Xarratov kabi sozandalar bilan birgalikda quyidagi xonanda va hofizlar qatnashdilar: Mamat bobo Sattorov, Muhiddin Qoriyoqubov, Domla Halim Ibodov, Mulla To‘ychi Toshmuhamedov, Halima Nosirova, Tamara Xonim, Abdulla baxshi Nurullaev, Erka Qori, Gabriel Mullaqandov, Karim Mo‘minov, Jo‘raxon Sultonov, Lutfixonim Sarimsoqova, Ma’murjon Xudoyberganov, Berkinboy Fayziev, Nazira Inog‘omova, Nazira Ahmedova, Fotima Boruxova, Shoista Zokirova, ular qatorida Madraxim (Sheroziy) Yoqubovlar bor edi. O‘zbek raqs san’atini dekada konsertlarida: Raxim Ollaberganov, Xoji Tam – Tam, Shukur Hamdamov, Ashur qori Rasulov, Ismoil Po‘latov, Usmon qori, Mukarrama Turg‘unboeva, Roziya Karimova, Halima Raximova, Lizaxonim va boshqalar namoyish qilishdi. Mazkur san’atkorlar Moskvada 1937-yilning may oyida o‘tgan dekada kunlari o‘zbek xalqining musiqiy san’atini shoir dramaturg Komil Yashin (Nug‘monov)ning “Sayl” ikki bo‘limli ssenariy asosida katta konsert dasturi namoyish qilindi. Sahnalashtirishda bosh rejissyor Mannon Uyg‘ur (Mannon Majidov), rejissyorlar: Yetim Bobojonov, Sora Eshonto‘raeva, rejissyor yordamchisi Miroqilov, Ali Ardobus Qo‘ldoshev, rassomlar: X.X.Ikromov va M.A.Gvozdikov, musiqa rahbari va dirijyor Tolibjon Sodiqov, dirijyorlar Muxtor Ashrafiy va Nikolay Mironov, “Etnografik ansambl”ning rahbari To‘xtasin Jalilovlar faol qatnashdilar. Umuman mazkur dekada O‘zbek xalqining boy musiqiy merosini va mohir ijrochilik san’atining katta jozibali ruhda namoyish qilishda, san’atkorlarning ko‘p guruhlari hokimiyat tomonidan orden, medal va unvonlar bilan taqdirlandilar. Umuman ushbu davrda ruspublikamizda, o‘zbek va rus san’atkorlarining hamkorligida musiqa maktablari, 1934-yilda Namangan va Buxoro musiqa o‘quv bilim yurtlari, 1935-yilda Moskva konservatoriyasining qoshida “O‘zbek opera studiya”si, 1936-yilda Toshkent davlat konsrvatoriyasi kabi musiqa o‘quv maskanlari bunyodga keldi. 1920-yilda Toshkent rus opera va balet teatri, viloyat musiqali drama teatrlari, 1926-yilda M.Qoriyoqubov rahbarligida tashkil topgan “O‘zbek etnografik ansambli” asosida 1929-yilda bunyodga kelgan “O‘zbekiston davlat musiqali drama teatri”, uning asosida 1939-yili “O‘zbek davlat opera va balet teatri” va “Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama va komediya teatr”lari faoliyat ko‘rsata boshladilar. O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tarkibida “O‘zbekiston ashula va raqs ansambli”, “Dutorchi qizlar ansambli”, “Tamaraxonim ansambli”, “Xorazm garmonchi qizlar ansambli”, “Simfonik orkestr”, “O‘zbek xalq cholg‘u asboblari orkestri”, “Xor a’kapella jamoasi” kabi ijrochi jamoalar zamonaviy o‘zbek musiqa madaniyatini rivojlantirish jarayonida samarali xizmat qildilar. Download 214.93 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling