Xxi asr-global miqyosda ekoturizmning rivojlanish davri muxammadiyev G’ayrat Baxodir o’g’li


Download 23.77 Kb.
Sana18.12.2022
Hajmi23.77 Kb.
#1029093
Bog'liq
Maqola. Ekoturizm


XXI ASR-GLOBAL MIQYOSDA EKOTURIZMNING RIVOJLANISH DAVRI
Muxammadiyev G’ayrat Baxodir o’g’li
O’zMU Geografiya va tabiiy resurslar fakulteti 2-bosqich magistranti
Ishqurbonova Dilshoda Xolboy qizi
O’zMU Geografiya va tabiiy resurslar fakulteti 1-bosqich magistranti
Xudoyberdiyev Davlatbek Muhammadqul o’g’li
O’zMU Geografiya va tabiiy resurslar fakulteti 1-bosqich magistranti
Annotatsiya: Dunyoda turizm sohasining ekologik turizm yo‘nalishi insoniyat oldidagi ekologik inqirozning oldini olishga, insoniyatning barqaror rivojlanishi va yashab qolishi uchun, sayyoramiz tabiati va uning resurslarini saqlab qolishdagi najot yo‘llarini axtarish zaminida shakllandi va rivojlanib bormoqda. Insoniyat oldida turgan sayyoraviy ekologik muammolarni insoniyatning o‘zi bartaraf etishga majbur. Shu nuqtayi nazardan ham, mamlakatimizda ekoturizmni rivojlantirish masalalarini o‘z vaqtida hal qilishimiz, tabiatimizdagi bioxilma-xillikni saqlab qolish, tabiiy resurslarimizni muhofaza qilish hamda xalqaro ekologik inqirozlarning oldini olishga qo‘shgan hissamiz bo‘ladi.
Kalit so‘zlar: Ekoturistik tashkilotlar, ekologik inqiroz, BMT, O’zbekistondagi biologik xilma-xillik, Ekologik turizmni rivojlantirish Konsepsiyasi.
2001-yilda Rossiyada ekoturizm assotsiatsiyasi tashkil etildi. 2002-yil BMTning atrof-muhit dasturi (YUNEP) va Butunjahon turistik tashkilotining (BTT) tashabbusi bilan “Xalqaro ekoturizm yili” deb e’lon qilindi. Ekoturizmni rejasiz, tabiatning qonuniyatlarini hisobga olmasdan ommaviy rivojlantirishdagi yuqorida qayd qilingan holatlar insoniyatni xalqaro miqyoslarda tashvish va noroziliklarga olib keldi. Natijada Butunjahon Turizm Tashkilotining (BTT) va “Yashil dunyo” ekologik tashkilotining samarali mehnatlari tufayli “XXI asrda turizmning barqaror rivojlanishi Konsepsiyasi” ishlab chiqildi.
Insoniyat oldida turgan ekologik inqirozning oldini olish bo‘yicha qabul qilingan bu muhim hujjatni jahondagi davlatlar o‘z imkoniyatlari darajalarida ishlab chiqdilar va ekologik inqirozning oldini olishning eng maqbul usullaridan biri ekoturizmni rivojlantirish degan xulosalarga to‘xtaldi. Natijada sayyoraning tabiiy muhitini saqlab qolish va muhofaza qilishga bag‘ishlangan tadqiqotlar xalqaro miqyosda kuchayib bordi. Ushbu yo‘nalishda birgina 1999-yilda 400 dan ortiq ilmiy maqolalar xalqaro miqyosda tan olingan nashriyotlarda chop qilindi.
Insoniyat oldidagi global ekologik muammolarning yechimlaridan eng maqbul yo‘llaridan biri ekoturizmni rivojlantirish ekanligini xulosa qilgan BMT 2002-yilni «Xalqaro ekoturizm» yili deb e’lon qildi. Hozirga kelib ekoturizm xalqaro hamjamiyatda sayyoramiz tabiatini saqlash va muhofaza qilishda kutilgan va kutilayotgan natijalarni bermoqda.
Jahonda ekologik turizmning yoki ekoturizm atamasining kelib chiqishi XX asrning so‘nggi choragida insoniyat jamiyati oldida global ekologik muammolarning kuchayib ketganligi hisoblanadi. Bu davrda insoniyatning atrof muhitga, tabiiy resurslarga salbiy ta’siri kuchayganligi natijasida ekologik inqiroz sayyoraviy hududlarda insoniyatning kelgusida yashab qolishini og‘irlashtirishini xalqaro miqyosda kun tartibiga qo‘ydi. Shu o‘rinda tabiat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar hozirga kelib qanday darajalarga kelib qolganligi haqida qisqacha to‘xtalish zarurati bor. Ikkinchidan, o‘tgan asrning 70-yillariga kelib AQSH, Kanada va Yevropa davlatlarida ommaviy turizmning keskin rivojlanishi ham nafaqat tabiiy resurslar inqirozini kuchaytirdi balki, ijtimoiy-madaniy resurslarning butun saqlanishiga xavf sola boshladi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilish, ekologiya va tabiatdan oqilona foydalanish ishlarida ham yildan yilga faollashib bormoqda. Hozirga kelib O‘zbekiston Respublikasi biologik xilma-xillikni saqlash, iqlimning sayyoraviy o‘zgarib borishining oldini olish, ozon qatlami buzilishining oldini olish, betakror tabiiy mintaqalarning ekologik muvozanatini saqlab qolish, tabiat resurslaridan zamonaviy texnologiyalar asosida foydalanish bo‘yicha xalqaro hamkorlikda faol qatnashmoqda. Hozirga kelib O‘zbekiston Respublikasi tabiat muhofazasi va tabiatdan foydalanishda 50 dan ziyod xalqaro shartnomalarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Bizning davlatimiz atrof-muhit va tabiat muhofazasida tarixan muhim bo‘lgan quyidagi xalqaro hamkorliklarning tashabbuskori hisoblanadi: Ozon qatlamini muhofaza qilish bo‘yicha Vena konvensiyasi, Ozon qatlamini buzuvchi moddalar bo‘yicha Monreal Bayonnomasi, Tabiiy muhitga zarar keltiruvchi har qanday harbiy va dushmanlik qiluvchi foydalanishni taqiq qiluvchi Konvensiya, BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Konvensiyasi, Kiota bayonnomasi va boshqa shartnomalarda faol ishtirok etib kelmoqda.
O‘zbekistonda ekoturizmni rivojlantirishda ekologik resurslardan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganishda biz birinchi navbatda mamlakatimizdagi milliy parklar, davlat tabiat qo‘riqxonalari va alohida muhofazadagi hududlar (davlat tabiat buyurtmaxonalari – zakazniklar), xalqaro miqyosdagi «Qizil kitob» va O‘zbekiston «Qizil kitob»idagi noyob hayvonlar turlari, o‘simliklar turlarini va betakror tabiiy landshaftlarni, hayvonot olami va o‘simliklar dunyosidagi endemik turlarni (endemik-faqat tub joy sharoitida yashaydi va o‘sadi) ro‘yxatga olishimiz va ularning ta’rif, tavsiflarini tayyorlashimiz kerak. Shuningdek, hozirgi axborotlarimizdan ma’lumki, hozirgacha vatanimizga kelib ketayotgan xalqaro turistlar Orol dengizi qoldiqlariga, Amudaryoning quyi sohillariga, tog‘larimizdagi qadimiy shakllar va rasmlarga, ming yillik daraxtlarga va rekreatsion buloqlar, sharsharalarga qiziqmoqdalar. Respublikamiz turizm xavfsizligi masalalari dolzarbligiga qaramasdan hozirgacha turizm mutaxassislari e’tibordan chetda hisoblanadi. Turizm mutaxassislari va bakalavrlarni tayyorlaydigan kollej, institut va universitetlarda turizmda hayot xavfsizligini ta’minlash kursini o‘qitish vaqti keldi. Chunki, mamlakatimizga xalqaro turistik oqim yildan yilga ortib bormoqda, bu ko’rsatkich 2020-yilda bir muncha pasaydi, bunga pandemiya (Covid-19) katta ta’sir ko’rsatti, ishonchim komilki tez fursatlarda insoniyat ushbu balodan holis bo’ladi.
Foydalanilgan Adabiyotlar.

  1. R.Xayitboyev “Ekologik turizm” Toshkent, 2018, 26-bet.

  2. O‘zbekistonda ekologik turizmni rivojlantirish Konsepsiyasi. Ekologiya xabarnomasi, . 2. – Toshkent, 2007, 5–14-bb.

  3. www.ecotourism.org

Download 23.77 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling