Yaman inqirozi. Xusiylar kimlar?
Download 95.09 Kb.
|
Yanam inqrozi
- Bu sahifa navigatsiya:
- Xusiylarning kelib chiqishi
- Xusiylar qo‘zg‘olonining boshlanishi va sabablari
- Vaziyatdan foydalanib qolishga urinayotgan terrorchilik tashkilotlari
- Kasallik va ochlik — Yaman inqirozining badali
Yaman inqirozi. Xusiylar kimlar? Mana bir necha yildirki, Yamandagi vaziyat juda ayanchli holatga tushib qolgan. BMT hisobotlariga ko‘ra, bugungi kundagi eng halokatli gumanitar inqiroz aynan Yamanda sodir bo‘lmoqda. Yamanda xusiylar hokimiyat tepasida turibdi. Xo‘sh, ular kimlar, qayerdan va qachon paydo bo‘ldi, maqsadlari nima, boshliqlari kim, ularning ortida kim turibdi? “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov o‘z maqolasida shu kabi savollarga javob topishga harakat qilib ko‘rdi. Foto: Google Photos Xusiylarning kelib chiqishi Xusiylar nomi ularning g‘oyaviy yetakchisi hisoblangan Husayn Badriddin al-Xusiy nomidan olingan bo‘lib qurolli, siyosiy va zaydiy mazhabiga amal qiluvchi tashkilot bo‘lib, Yamanning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Sada gubernatorligida tashkil topgan. 1992-yilda Husayn Badriddin al-Xusiy va Muhammad Azzanlar “Yosh mo‘minlar forumi” deb ataladigan diniy-madaniy uyushmani tashkil qilgan. Asosan tinch namoyishlar uyushtiradigan harakat keyinchalik ikki oqimga ajralib ketdi. Biri tinch namoyishlar tarafdori bo‘lsa, ikkinchisi qurolli kurash tarafdori edi. Aynan mana shu ikkinchi oqimdan xusiylar paydo bo‘ldi. Xusiylar qo‘zg‘olonining boshlanishi va sabablari 1918-yilgacha Usmonli imperiyasi ostida bo‘lgan Shimoliy Yamanda aynan mana shu yili shialarning uch katta yo‘nalishlaridan biri bo‘lmish zaydiylar imomi Yahyo Muhammad Hamididdin mustaqil Mutavakkiliylar qirolligini tuzdi. 1948-yilda Yahyo Muhammad o‘ldirib ketildi va taxtga o‘g‘li Ahmad ibn Yahyo o‘tirdi. U sovetlar blokiga yaqinlashish siyosatini olib bordi. Ahmad ibn Yahyoning vafotidan keyin 1962-yilda taxtga o‘g‘li Muhammad Badr o‘tirdi va qirollikda fuqarolar urushi boshlanib ketdi. 1962-yil 27-sentabr kuni shialar qirolligi tugatildi va mamlakatda (Shimoliy Yamanda) Misr armiyasi yordamida hukumatga kelgan sunniylar Yaman arab respublikasi deb ataluvchi yangi davlat tuzdi. 1970-yilga kelib shu paytgacha qirollik oilasini qo‘llab kelayotgan Saudiya Arabistoni respublika mustaqilligini tan olishga majbur bo‘ldi va keyinchalik boshqa G‘arb davlatlari ham tan olishdi. Bu paytda Yamanning janubiy qismida 1967-yilda tuzilgan Yaman xalq demokratik respublikasi mavjud edi. 1967-yilda Britaniya harbiylari Adan portini tark etganidan keyin ikkala mamlakat o‘zaro yaqinlashish yo‘lini tutdi. Jumladan, 1979-yil mart oyida Kuvaytda uchrashgan ikki mamlakat rahbarlari mamlakat birlashuvining tarafdorlari ekanliklarini e’lon qildi. Nihoyat, bir necha yillik muzokaralardan so‘ng 1990-yil 22-may kuni ikki mamlakat birlashuvi yuz berdi va Yaman respublikasi tashkil topdi. Mamlakatga shu paytgacha Shimoliy Yamanni boshqarib kelayotgan Ali Abdulloh Saloh prezident etib saylandi. Shu yili Yaman Iroq–Kuvayt urushida Iroqqa yon bosdi va bu unga qimmatga tushdi. 1994-yilda Janubiy Yaman mamlakatdan ajralib chiqish uchun harakat qilib ko‘rdi, ammo bu harakatlar besamar ketdi. Bu to‘qnashuvlar natijasida 7 000 dan 10 000 gacha inson halok bo‘ldi. Inqiroz tufayli 2000-yillar boshida hukumat bir necha bor isyonchi guruhlar qarshiligiga uchradi. Shulardan biri xusiylar edi. Mamlakatda o‘z haq-huquqlari poymol etilayotganini iddao qilgan xusiylar 1962-yildan oldingi mavqelarini qaytarib olish uchun hukumatga qarshi isyon boshladi. Bu isyon 2004-yilda boshlandi va Sada’ urushi deb nomlandi. Fransiyaning Aix en Provence siyosatshunoslik instituti o‘qituvchisi Sami Dorlianning fikricha, isyonning ildizi 2002-yil 17-yanvarga borib taqaladi. O‘shanda xusiylar yetakchisi, 1993–1997-yillarda “Hizb ul-haq” partiyasi deputati bo‘lgan Husayn al-Xusiy Sada’ viloyatida konferensiya uyushtirdi. Konferensiya davomida musulmon va arab dunyosida Amerika gegemonligiga qarshi urush qilishga chaqirdi. Bunga sabab esa Yaman rasmiylarining 2001-yil 11-sentabr voqealaridan keyin terrorga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlik qilayotgani edi. Natijada uning ushbu bayonotidan keyin bir necha yuz kishi hukumat kuchlari tomonidan qo‘lga olindi. Shunday qilib, Yamanda xusiylar qo‘zg‘oloni boshlandi. Hukumat ularga qarshi shialar davlatini tuzishga urinish aybini qo‘ydi va bu xusiylar tomonidan diniy kamsitilish deya baholandi. 2004-yilda boshlangan Sada’ urushida Saudiya Arabistoni hukumatni qo‘llab quvvatladi. Shu yilning 10-sentabr kuni xusiylar yetakchisi Husayn Badriddin al-Xusiy o‘ldirildi. Uning qabri ibodat joyi bo‘lishidan qo‘rqqan hukumat uning jasadini qamoqxonada dafn etishga qaror qildi. Harakatga uning ukasi Abdulmalik al-Xusiy rahbarlik qila boshladi. Hukumat ushbu janglardan keyin 600 ga yaqin kishini qo‘lga oldi. Xusiylar yetakchisining o‘ldirilishi mojaroga chek qo‘yadi deb o‘ylagan Ali Abdulloh Saloh yanglishgan edi. 2005-yilning mart–aprel oylariga qadar mamlakatda nisbatan tinch hayot hukm surdi. Ammo keyinroq yana to‘qnashuvlar boshlanib ketdi va 200 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi. Shunday vaziyatda may oyida mojaroga nuqta qo‘yishi mumkin bo‘lgan birinchi harakat amalga oshirildi. Prezident Saloh mojaro nihoyasiga yetsa, barcha isyonchilar kechirilishini ma’lum qildi. Lekin 2005-yilning mayida xusiylar bu avfni qabul qilmadi. Bunga sabab hukumat ular tomonidan qo‘yilgan shartlarga rozi bo‘lmagani edi. Natijada mojaro yana davom etdi. 21-may kuni hukumat qo‘zg‘olon keltirgan zararlarni hisoblab chiqdi : 552 kishi halok bo‘lgan, 2708 kishi jarohatlangan, iqtisodiyotga 270 million dollardan ko‘proq zarar keltirgan. Lekin, bir necha to‘qnashuvlarga qaramay, tinchlik yo‘lidagi intilishlar samara bera boshlagandek ko‘rindi. 2004-yilda hibsga olingan 600 kishi 2006-yil mart oyida ozodlikka chiqarildi. 2006-yilda amalda hech qanday o‘zgarish yuz bermadi. Hech qanday to‘qnashuvlar bo‘lmagan esa-da, vaziyat hamon tarangligicha qolmoqda edi. 2006-yilgi prezident saylovlari vaziyatni yana izdan chiqarib yubordi. 2007-yil yanvar-mart oylarida yangidan janglar boshlanib ketdi. 2007-yilning 10-fevral kuni mamlakat parlamenti hukumat kuchlariga qo‘zg‘olonni qurolli yo‘l bilan bostirish ga ruxsat berdi. Mojaroni yumshatish uchun qilingan sa’y-harakatlarning eng ko‘zga ko‘ringani Qatarning aralashuvi bo‘ldi. Buning natijasida iyun oyida mamlakatda uchinchi bor o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishuvga erishildi. Bu kelishuv 2008-yilning yanvar oyiga qadar davom etdi. 2007-yil 15-oktabrida hukumat janglar natijasida 290 nafar qo‘zg‘olonchi va 132 harbiy, ikki yevropalikning o‘lgani haqidagi xabarni e’lon qildi. 2008-yil onda-sonda mayda to‘qnashuvlar bo‘lib turdi. Jumladan, 5–6-aprel kunlari shunday janglardan biri bo‘lib o‘tdi. 2009-yil 11–12-avgust kunlari yana janglar boshlanib ketdi. Hukumat kuchlari qo‘zg‘olonchilarga qarshi “Yongan yer” operatsiyasini uyushtirishdi. Ammo bu operatsiya muvaffaqiyatsiz tugadi. Hukumat kuchlariga tegishli uchta samolyot yo‘q qilindi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2009-yil dekabrida mamlakatni tark etgan qochqinlar soni 2004-yildan buyon 175 000 nafarni tashkil etdi, avgust oyidan dekabrgacha esa 55 000 kishi mamlakatdan qochib chiqishga majbur bo‘lgan. 2009-yil 4-noyabrida Saudiya chegarasi yaqinidagi Jabal ad-Duxon mintaqasida nazoratni qo‘lga olgan xusiylar hujumlarning birida Saudiya xavfsizlik kuchlari zobitini o‘ldirib qo‘ydi; bunga javoban Saudiya armiyasi 5-noyabr kuni qo‘zg‘olonchilarga qarshi havodan hujumlar uyushtirdi va o‘z qo‘shinlarini chegara yaqiniga joylashtirdi. Saudiyaliklar bu hujumlar davomida faqatgina qo‘zg‘olonchilar joylashgan hududlarnigina mo‘ljalga olishganini aytib o‘tgan. Shu yilning 22-dekabr kuni Saudiya rasmiylari ushbu harakatlar natijasida yuz bergan jami yo‘qotishlari haqida bayonot berdi. Unga ko‘ra, 73 harbiy halok bo‘lgan, 26 nafari esa bedarak yo‘qolgan, 470 kishi jarohatlanib, 60 nafari kasalxonaga yotqizilgan. Al-Jabiyra deb nomlanuvchi qishloq xusiylar nazorati ostida qolgan. 2010-yil davomida ham janglar davom etdi. 2011-yili arab dunyosida boshlanib ketgan “Arab bahori” shundoq ham og‘ir inqirozni boshidan kechirayotgan Yamanda voqealar rivojini keskinlashtirib yubordi. Tunis va Misrda yuz bergan davlat to‘ntarishlaridan ta’sirlangan Yaman xalqi endi demokratiya, korrupsiyaga barham berish, 22 yildan buyon hukumatda qolayotgan partiya va amaldagi prezident iste’fosini talab qilib namoyishlarga chiqdi. Bu namoyishlar natijasida va xalqaro hamjamiyat bosimi ostida Shimoliy Yamandagi prezidentlik davri bilan qo‘shib hisoblaganda 33 yil hukmronlik qilgan Ali Abdulloh Saloh iste’foga chiqdi. Unga va yaqinlariga dahlsizlik huquqi berildi. 2012-yilda prezidentlik saylovlari o‘tkazildi va Abdu Raboh Mansur Xodiy prezident etib saylandi. Oradan ikki yil o‘tganidan keyin 2014-yil sentabrda sobiq prezident Ali Abdulloh Saloh xusiylar bilan birlashib amaldagi hukumatga qarshi bosh ko‘tardi. Shu yili xusiylar Yaman poytaxti Sano shahrini egalladi. Mamlakat prezidenti esa janubga qochishga majbur bo‘ldi. 2015-yilgacha Saloh xusiylar bilan birlashganini sir tutdi va 11-may kuni bu haqda bayonot berdi. 2004-yildan boshlanib, 2014-yilgacha davom etgan Sada’ urushi nihoyasiga yetib, endi mamlakat fuqarolar urushi girdobiga tortildi va bu urush hamon davom etmoqda. 2015-yili mamlakat janubidagi Adanga qochib ketgan amaldagi prezident xusiylarning janubga tomon muvaffaqiyatli yurishlaridan keyin Saudiya harbiylari himoyasi ostida Saudiya Arabistoniga qochib ketishga majbur bo‘ldi. 2015-yilning 26-martidan boshlab Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab davlatlari xalqaro koalitsiyasi Yamandagi xusiylar bazalariga qarshi havodan zarbalar berib kelmoqda. O‘z navbatida, xusiylarni mintaqadagi Saudiyaning ashaddiy dushmani — Eron qo‘llab kelishi aytiladi. Vaziyatdan foydalanib qolishga urinayotgan terrorchilik tashkilotlari Yamandagi vaziyatning izdan chiqishidan bir qator xalqaro terrorchilik tashkilotlari uchun ayni muddao bo‘ldi. Jumladan, Arab yarim orolidagi “Al-Qoida” guruhi mintaqadagi o‘z nufuzini mustahkamlash uchun ushbu urushdan foydalanib qoldi. 2002-yildan buyon Yamanda qolayotgan AQSh mamlakatdagi o‘z nufuzini yanvar oyidan boshlab mustahkamladi va Donald Tramp jamoasining asosiy maqsadi esa terrorchilik tashkilotini yo‘q qilib tashlash bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, IShID ham mamlakatdagi o‘z mavqeini mustahkamlash uchun bu urushdan foydalanib qolishga harakat qilmoqda. Shu maqsadda 2016-yil Adanda amalga oshiriligan va 40 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan teraktni o‘z zimmasiga oldi. Bir necha oydan keyin yana shu shaharda politsiya va harbiylarga qarshi bir necha teraktlarni amalga oshirdi.
Bir necha yildan buyon davom etayotgan urush mamlakatdagi sanitar holatni ham izdan chiqarib yubordi. Mamlakatda xolera vabo epidemiyasi tarqaldi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 380 000 holat kuzatilib, 1 800 kishi epidemiyadan vafot etdi. Epidemiyaga chalinganlarning eng ko‘p qismi 30 yoshga yetmaganlardir. Ushbu epidemiya natijasida har 10 daqiqada bor bola vafot etmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra noyabr oyida kasallanganlar soni 1 millionga yaqinlashgan. Kasallik bilan birgalikda mamlakatda misli ko‘rilmagan ochlik hukm surmoqda. Bunga sabab esa Saudiya Arabistoni tomonidan o‘rnatilgan qamal bo‘lib qolmoqda. Natijada mamlakatda yetarli oziq-ovqat mahsulotlari kiritilmayapti. Noyabr oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 21 million kishi oziq-ovqat mahsulotlariga muhtoj, 7 million kishi esa ochlik ostonasida turibdi. Ochlik tufayli har 10 daqiqada 5 yoshga to‘lmagan bir bola vafot etmoqda. Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimanki, urush qanday maqsadlarda amalga oshirilmasin, uning badalini doim oddiy xalq to‘lashga majbur bo‘ladi. Hali bu urush yana qancha davom etadi, bunisi bizga qorong‘u. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin. IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan. Download 95.09 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling