Yangi davr pedagogik konsepsiyasining xususiyatlari va istiqbollari
XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida O‘zbekiston taraqqiyotining pedagogik fikrlari rivojlanishida asosiy yo‘nalishlar
Download 440.72 Kb.
|
MDI 2023 M.M.
2.2. XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida O‘zbekiston taraqqiyotining pedagogik fikrlari rivojlanishida asosiy yo‘nalishlar
Xalqimiz tarixidan ma’lumki, Rus chorizm XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida O‘rta Osiyoni zabt etdi va bu hududda mustamlakachilik tartibini o‘rnatdi. Chor hukumati o‘zining mustamlakachilik siyosatini amalga oshira borib, Turkiston o‘lkasi shahar va qishloqlaridagi taraqqiyparvar harakatlarga ham qarshi kurash olib bordi. Aslida Turkiston o‘lkasi ayrim tarixchilar ta’kidlaganidek, yoppasiga savodsiz aholidan iborat emas edi. Balki, XIX asrning o‘rtalarida ko‘plab boshlang‘ich ta’lim beradigan maktablar, o‘rta va oliy ta’lim beradigan madrasalar mavjud edi. Har bir shaharda, har bir qishloqda esa machit bo‘lib, uning qoshida albatta maktab bo‘lgan. Mazkur maktablarda machit imomlari, savodli domlalar dars berib borganlar. Ularda avval “Haftiyak”, keyin “Qur’on” yodlanar edi, so‘ngra “Chor kitob” ga tushilar edi. “Chor kitob” asosan to‘rt bo‘limdan iborat bo‘lib, birinchi bo‘limda – Haq – Xudoning nomi tushuntirilar edi, din qoidalari, namozga tayyorgarlik va namoz bayon etilar edi, ikkinchi bo‘limda bidon – e’tiqodni anglash, uchinchi bo‘limda “Kalomi Nabiya” – rivoyatlaridan bahs yuritilgan. Bu qo‘llanma nasr va nazmda bo‘lib, fors tilida yozilgan. Maktablarda Hofiz Sheroziy, Alisher Navoiy, Bedil, So‘fi Olloyor asarlari o‘rganilgan. Mazkur maktablarni bitirgan talabalarning bir qismi ta’limni madrasalarda davom ettirganlar. Madrasalar esa O‘rta Osiyoda IX asrda paydo bo‘lib, oliy va o‘rta diniy maktab hisoblangan. Uning o‘quv rejalari vaqt va sharoitga qarab o‘zgarib borgan. Masalan, XI asrga kelib Samarqand va Hirot madrasalarida dunyoviy bilimlar: matematika, astronomiya, musiqa va boshqa fanlar ham o‘qitila boshlagan. Markaziy Osiyo Rossiya tomonidan zabt etilgandan keyin maktab va madrasalarda ba’zi o‘zgarishlar yuz berdi. Musulmon maktablar uchun bosmaxonalarda chop etilgan darsliklar paydo bo‘ldi. Masalan, Qozondan bosmaxonada chop etilgan Qur’on va Haftiyak, Hindiston va Erondan shoirlarning litografiyada bosilgan to‘plamlari keltirilardi. Toshkentning o‘zida ham maktablar uchun darsliklar litografiya usulida chop etila boshladi. Bu davrga kelib musulmon maktablarni isloh qilish harakati boshlanib ketdi. Bu harakat “jadidizm” (arabcha “jadid” so‘zidan olingan bo‘lib, “yangi” degan ma’noni bildiradi) oqimidan iborat edi. “Jadid”larning “yangi usul” maktablari deyilar edi. Bu maktablarda bolalar partalarda o‘tirar edilar, sinf doskasi, dars jadvaliga muvofiq ma’lum darslik asosida bilim berilar edi. Mamlakatimizda jadidchilik harakatini chuqur o‘rgangan olim Begali Qosimovning ta’kidlashicha, “jadid”chilikning poydevori, tamal toshi jadid usulidagi maktab edi. Bu tabiiy albatta. Hamonki, maqsad jamiyatni yangilamoq ekan, uni yangi avlodgina qilishi mumkin edi. Yangi avlodni esa yetishtirmoq lozim edi. Eski an’anaviy usulda bu ishni amalga oshirish qiyin, chunki zamon o‘zgargan. U tezkorlikni talab qiladi. Ikkinchidan, bugungi o‘quvchi tarix, geografiya, iqtisod, fizika, kimyo, matematika kabi zamonaviy fanlarni bilishi kerak edi. So‘nggi uch – to‘rt asr dunyo taqdirini boshqa o‘zanga solib yubordi. Ovro‘pani oldinga olib chiqdi. Uning qo‘lini sarbaland qildi. Endi Ovro‘pa ilm – fanini egallamasdan dunyo bilan barobar yashab bo‘lmaydi. Bu ilm – fanni o‘zlashtirmoq uchun Ovro‘pa tillarini bilmoq kerak. Ayni paytda o‘zlikni ham saqlamoq zarur. Din – diyonat ham zarur. 56 “Jadid”chilikning otasi Ismoilbek Gaspirinskiy (Gaspirali) ta’lim – tarbiya sohasida yangi yo‘nalishlar zarur degan g‘oyani birinchi bo‘lib ilgari surdi. U 1884 yilda “Usuli jadid” nomi bilan yangi maktab ochdi va bu maktab tez orada keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Ismoilbek Gaspirali 1888 yilda ushbu maktablar uchun birinchi darslik “Xojai sibiyon” (“Bolalar muallimi”) ni bosmadan chiqardi. Unda “Usuli jadid” ga bo‘lgan extiyojni, “usuli qadim”dan farqini tushuntiradi. “Xojalarga ta’limot” (“Muallimlarga yo‘llanma”) faslida “Usuli jadid” ning osondan murakkabga borishini uqtirib , xos xususiyatlarini 15 bandda ko‘rsatib berdi. Unda bolaning eng muvofiq o‘quv yoshi (6-7) yoshdan tortib, o‘quv soatlarining taqsimlanishi lozimligigacha, o‘qish bilan yozishni qo‘shib olib borishdan har bir harfni “sadosi bilan” o‘rgatishgacha, darslar orasidagi tanaffusdan imtihongacha, qo‘yingki, bugungi zamonaviy maktablarga xos barcha masalalar qamrab olingan edi. Darslikning har bir darsidan keyin savollar berilgan bo‘lib, muallif fikricha ular o‘quvchilarning darsini anglashlari va imtihon topshirishlari uchun “buyuk vosita” edi. Shu tariqa o‘qitiladigan darsning mazmunidan uning o‘qitish usuli va baholash jarayonigacha, o‘quvchining dars tinglaydigan darsxonasidan dars jadvali-yu qishki va yozgi ta’tiligacha, maktabning joylashish o‘rnidan sinf xonalarining jihozi-yu yorug‘lik darajasigacha zamonaviy asoslarda ko‘rib chiqilib, maktab ta’limining yangi dasturi maydonga keltirildi. Bu dastur “usuli jadid” nomi bilan shuhrat topdi. “Jadid” atamasining ommalashuvi ham, birinchi navbatda, mana shu “usuli jadid” bilan bog‘langandir. XIX asrning 80 yillarida Turkistonda mahalliy aholi uchun rus-tuzem maktablari ham ochila boshladi. V.P.Nalivkin mazkur maktablarning ilk tashkilotchilaridan edi.57 Rus-tuzem maktablari uchun o‘zbek tilida chiqarilgan birinchi darslik Rasul hoji Said Azizovning “Ustodi avval” kitobi edi. Bu uzoq yillar maktablarda darslik sifatida o‘qitilib kelindi va o‘z vaqtida muhim voqea bo‘ldi. Ahmad Donish, Sayid Muhammad Rahimxon, Bahodirxon Soniy-Feruz, Komil Xorazmiy kabi ma’rifatparvar shoir va olimlar Markaziy Osiyoning madaniy-ma’rifiy hamda xo‘jalik jihatidan rivojlanishi uchun kurash olib bordilar. Turkistonda XIX asr oxiri va XX asr boshlarida musulmon maktablarini isloh qilish munosabati bilan ta’lim mazmuni o‘zgardi, tabiiy fanlar joriy qilindi, ona tilida darslik va qo‘llanmalar yaratildi, zamonaviy o‘qitish usullari qo‘llanila boshlandi. “Yangi usul” yoki “Usuli jadid” maktabining asoschisi Ismoilbek Gaspiralining izdoshlari O‘zbekistonda ko‘paydi. Fayzulla Xo‘jaev, Is’hoqxon Ibrat, Saidrasul Aziziy, So‘fizoda, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abduqodir Shakuriy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ismatulla Rahmatullaev, Abdurauf Fitrat, H.H.Niyoziy va boshqalar jadidchilik harakatining yetakchilari bo‘lib, ular istiqlol uchun millatimizning ilm-ma’rifatida dunyoning taraqqiy etgan millatlari qatorida turishi uchun harakat qildilar. Shoir Furqatning (1858-1909 yillar) xizmati shundaki, u jamiyatdagi ilg‘or g‘oyalarni hayotga tadbiq etishga harakat qilgan. Turkiston o‘lkasida ilg‘or ijtimoiy-falsafiy tafakkurning yorqin namoyondasi bo‘lgan. U dunyoviy bilimlar va madaniyatning otashin tarafdori va o‘z mamlakatining ilmiy-texnika taraqqiyoti uchun kurashuvchi ilg‘or fikrli, ma’rifatparvari edi. Saidahmad Siddiqiy (1864-1927 yillar) Yevropa va Osiyoga, Rossiyaga sayohat qilib, Samarqandga qaytgach, til o‘rganish bilan faol shug‘ullanadi, dehqon va hunarmand bolalari uchun maktab ochadi. Siddiqiy Samarqand shahridagina emas, balki viloyat qishloqlarida ham “Yangi usul” maktablarini ochadi, yangicha o‘qitish usullarini yaratadi, shuningdek, tabiatshunoslik, geografiya darslarini ochiq havoda o‘tkazib, ta’lim jarayonida undan foydalanish usullarini ishlab chiqdi. Tabiiyki, maktablar uchun darsliklar ham yozila boshlandi. Dastlab, bu maktablar Saidrasul Aziziyning rus-tuzem maktablari uchun yaratilgan “Ustodi avval” darsligidan foydalandilar. 1903 yildan boshlab jadid maktablari uchun maxsus darsliklar tuzish ko‘zga tashlandi. Ammo, bu darsliklarni nashr etish oson bo‘lmadi. Masalan, Begali Qosimovning ta’kidlashicha, Behbudiy “Kitobi muntaxabi jug‘rofiyai umumiy” ni nashr qilish uchun uzoq ovoragarchiliklardan so‘ng, 1905 yilning 24 avgustida Sankt-Peterburg senzurasidan ruxsat olishga muvaffaq bo‘lgan va kitob 1906 yildagina Samarqandda G.I.Temurov bosmaxonasida nashr etilgan. Shularga qaramay, 1907 yildan “Usuli jadid” darsliklari tez-tez nashr etila boshlandi. Jumladan, 1907-1910 yillarda Munavvar qorining “Adibi avval”, “Adibi soniy” darsliklari, Avloniyning “Adabiyot yohud millik she’rlar” majmuasi, “Birinchi muallim”, “Muxtasari tarixi anbiyo va tarixi islom”, Buxoroda Ayniyning “Tahzibus sibyon” kitoblari nashr etildi. 1911-1913 yillarda ular yoniga Rustambek Yusufbekovning “Ta’limi avval”, “Ta’limi soniy”si, Munavvar qorining “Xavoyiji diniya”, “Er yuzi (Jug‘rofiya)”, Siddiqiy- Ajziyning “Tajvid-al-qur’on” kabi ko‘plab kitoblari qo‘shildi. Fitratning “Muxtasari tarixi islom” (1915 yil), “O‘quv” (1917 yil), Ashurali Zohiriyning “Imlo” (1916 yil), Shokirjon Rahimiyning “Sovg‘a” (1922 yil) kabilar shundaylardan edi. Nihoyat, Hamzaning “Engil adabiyot” (1914 yil), “Qiroat kitobi” (1915 yil), Avloniyning “Uchinchi muallim” kabi maktablarda o‘qitilgan va lekin turli sabablarga ko‘ra bosilmay qolgan darsliklarini ham bular qatoriga qo‘shish mumkin.5859 Jadid ma’rifatchiligi hamda pedagogik fikrlar taraqqiyotiga o‘zining muhim hissasini qo‘shgan Mahmudxo‘ja Behbudiydir. (1875-1919 yillar). Mahmudxo‘ja Behbudiyning ma’rifatparvarlik faoliyati haqida Z.Ahrorovaning tadqiqoti muhim ahamiyatga ega. Behbudiy maktab ta’limini olgach, madrasada o‘qiydi. Arabiston, Misr, Turkiya, Rossiyaga sayohat qiladi. Bu mamlakatlar xalqlarining ijtimoiy ahvoli, maorif va madaniyati bilan tanishadi. Behbudiy o‘zining ma’rifatchilik faoliyatida Gaspiralining tutgan yo‘lini tanlaydi va undan maslahatlar oladi hamda unga maslakdosh bo‘ladi. Behbudiy “Usuli jadid” maktabi zarurligi, uning qonun-qoidalari, maktabda o‘qitiladigan darslar, qanday imtihonlar olinishi, maktabning qay tarzda tuzilishi, unga qanday asbob-uskunalar kerakligi, muallimlarning vazifalari, ularning ta’minoti masalalari va boshqa ko‘p jihatlarini Gaspiralidan o‘rganadi. “Usuli jadid” maktablarida hamma o‘qish huquqiga ega edi. Chor amaldorlari bu paytda Turkistondagi yangi usuldagi maktablarni biron joyda ochilganini sezib qolsa, uni darhol taftish qilardi, biror ayb topib darhol berkitib qo‘yar edi. Chunki, podsho hukumati “begona xalq”ning qisman bo‘lsa ham ilm-ma’rifatli bo‘lishini, dunyoviy bilimlarini o‘rganishini istamas edi. Yangi usul maktablarini faqat podsho hukumati emas, balki mahalliy ruhoniylar, eski maktablarning domlalari ham yoqtirmas edilar. Bunday qarash va to‘siqlarga qaramasdan Behbudiy va uning maslakdoshlari “Usuli jadid” maktablarida Turkiston farzandlarini o‘qitish ishlarini jadal sur’atda olib borganlar. Behbudiy o‘zining yangi usuldagi maktablar faoliyati, yangicha pedagogik qarashlarga oid fikr va mulohazalarini o‘sha davr matbuotida e’lon qilib boradi. Bu borada uning o‘nlab maqolalari chop etilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiyning yangi maktablar ochishi va ularga mo‘ljallab yaratgan darsliklari o‘sha davr maktablari islohotida katta voqea edi. Ayni paytda bu darsliklar ham nazariy, ham ilmiy, ham amaliy jihatdan keng qo‘llanildi. Bu kitoblar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. “Kitobat ul atfol” (“Bolalar maktubi”) asari o‘z davrida bir necha marta nashr etildi. Ushbu kitobga 40 taga yaqin forsiy va turkiy insholardan namunalar kiritilgan. XX asr boshlarida keng rivojlana boshlagan “Usuli jadid” maktablarini tashkil etish, ularni o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash, yangi-yangi darsliklar yaratishda o‘sha davrning ilg‘or fikr egalari bo‘lgan Munavvar qori Abdurashidxon o‘g‘li, Abdulla Avloniy, Muhammadsharif So‘fizoda, Abdurauf Fitrat, Hamza Hakimzoda va boshqa bir qator ma’rifatparvar ziyolilar katta sa’y-harakat qildilar. Xalqning ongini uyg‘otish, savodxon qilish, zamon bilan birga yashashga da’vat qilishga fidoiylik ko‘rsatdilar. Munavvar qori Abdurashidxon o‘g‘li Ismoilbek Gaspiralining “usuli savtiya” maktabiga o‘xshash maktablar ochadi.60 Ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning ham 1917 yilgacha bo‘lgan faoliyatida maktab ishi, xalq orasida ma’rifat tarqatish asosiy o‘rin tutadi. U bu yo‘lda katta jasorat va fidoiylik ko‘rsatadi. Chunki, o‘sha davrda chor mustamlakachilik siyosati “Yangi usul” maktablarining ochilishi, ular uchun darsliklar yaratayotgan mualliflarni qattiq nazoratga olar edi. Abdulla Avloniyning Toshkentning Mirobod tumanida ochgan maktabi 1908 yilda yopiladi. Abdulla Avloniyning 1909-1917 yillarda o‘ndan ortiq darslik tarzidagi kitoblari maydonga keldi. Pedagog adibning “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, “Turkiy guliston yohud ahloq”, “Maktab gulistoni” singari darsliklari, “Adabiyot yohud she’rlar” to‘plami 1917 yil to‘ntarilishiga qadar bir necha marta nashr etildi va o‘lkadagi yangi usul maktablari uchun qo‘llanma sifatida xizmat qildi.61 Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yohud ahloq” asari chin ma’noda ta’limiy-ahloqiy asardir. Unda olim o‘zining ijtimoiy-ta’limiy qarashlarini bayon etadi. Ushbu asar ta’lim-tarbiya tarixida muhim ahamiyat kasb etgan Kaykovusning “Qobusnoma”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Sa’diyning “Guliston”, “Bo‘ston”, Jomiyning “Bahoriston”, Navoiyning “Mahbub-ul qulub” kabi o‘ziga xos mazmunga ega bo‘lgan asarlardir. 62 Abdulla Avloniy o‘zbek pedagogikasida birinchi bo‘lib “pedagogika” tushunchasiga ta’rif beradi. Olim asarida “Tarbiyaning zamoni” haqida gapirar ekan, uy tarbiyasi, ya’ni, oila tarbiyasi, maktab va madrasa tarbiyasini nazarda tutadi. Bunda ota-ona, o‘qituvchilarning vazifalarini belgilab beradi. Badan tarbiyasida esa insonning sihat-salomatligi haqida gap ketadi. Insonning yashamog‘i uchun unga birinchi navbatda sog‘lik zarur deydi. Ayniqsa, badan tarbiyasi-jismoniy tarbiya fikr tarbiyasiga ham bog‘liqligini ta’kidlab, inson o‘zini yomon xulqlardan, zararli odatlardan saqlamog‘i lozimligini uqtiradi. Fikr tarbiyasida esa u asosiy vazifani muallimlarga yuklar ekan, ta’lim bilan tarbiyaning uzviy aloqadorligini uqtiradi. Fikr insonning g‘ayratli, shijoatli bo‘lishiga sabab bo‘ladi, deb alohida ko‘rsatib o‘tadi. Abdulla Avloniy o‘z zamonasining buyuk pedagogi sifatida bola tarbiyasining roli haqida gapirar ekan, “Agar bir kishi yoshligida nafsi buzilib, tarbiyasiz, ahloqsiz bo‘lib o‘sdimi, allohu akbar, bunday kishilardan yaxshilik kutmoq, yerdan turib yulduzlarga qo‘l uzatmoq kabidur” deydi. Haqiqatdan ham Abdulla Avloniyning tarbiyadagi asosiy g‘oya, bu bizlar uchun “Yo hayot, yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir” degan fikrlari hamon muhim va dolzarbdir. Umuman olganda, Abdulla Avloniyning pedagogik asarlari, xususan, “Turkiy guliston yoxud ahloq” asari barkamol shaxs tarbiyasida muhim yo‘llanma bo‘lib, insonning har tomonlama: aqliy, jismoniy, ahloqiy kamol topishida tarbiyaning barcha bo‘g‘inida foydalanish zarur bo‘lgan pedagogik asar sifatida hozir ham, kelajakda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi.63 O‘rta Osiyo jadidchilik harakatining mashhur vakillaridan yana biri Abdurauf Fitratdir. Abdurauf Fitratning ma’rifiy pedagogik qarashlari o‘z tadqiqotida muhim ma’lumotlarni beradi. Fitrat ham Shahrisabz va Qarshida yangi maktablar ochish bilan shug‘ullanadi. Fitartning ta’lim-tarbiyaga bag‘ishlangan eng muhim asari uning “Oila” risolasidir. Bu asarda Fitrat ota-ona o‘z farzandlarini yetuk kishilar qilib tarbiyalashi va bu borada uch muhim tarbiyaga e’tibor berishlarini ta’kidlaydi. Bular: -jismoniy tarbiya-salomatlik; -aqliy tarbiya-sog‘lom fikrlilik; -axloqiy tarbiya-ahloqiy poklikka e’tibor berishdir. Asarning “Bola tarbiyasi” bobida muallif “Tarbiyai avlod”, “tarbiyai badaniya”, “Tarbiyai fikriya” masalalariga katta e’tibor beradi: “Farzandni jisman, aqlan va ahloqan kamolga yetishtirib hayot maydoniga kuchli, aqlli va yaxshi ahloq bilan chiqarish zarur. Shuni e’tiborga olib olimlar tarbiyani uch qismdan iborat deb biladilar. Bular: badan tarbiyasi, aqliy tarbiya va ahloqiy tarbiya”. Aqliy tarbiyada odam zehni, aql-idrokini kamolga yetkazishni ilgari suradi. Bu borada yaxshi bilmoq, yaxshi o‘rganmoq va mukammal fikr yuritishni ilgari suradi. “Odam ish qilishdan oldin uni xayoliga keltiradi, o‘ylaydi, fikrlaydi, keyin amal qiladi. Ana shu tafakkurni, zehn harakatini “muhokama” deydilar. Odam aqlining kuchi va zakovati bilan to muhokama etib qaror qilmasa, bilishni boshlab yoki biror ishni to‘xtata olmaydi”. Fitrat bolani yoshligidan o‘z shaxsiyati va zehniga diqqat qilishga o‘rgatish muhimligini, bunda esda saqlash va xotira, muhokama yuritish ahamiyatliligini ta’kidlaydi. Farzandning aqliy va jismoniy tarbiyasi samarasiz bo‘lmasligi uchun ahloqiy tarbiya muhim ahamiyat kasb etadi. Ahloqiy tarbiya – odam ahloqini kamolga yetkazishdir, deydi Fitrat. Ahloqiy tarbiyada ixtiyoriy fe’l va harakatlar inson fe’lining tarbiyalash, ruhiyatini hisobga olish, bunda baxt mayli, faoliyat mayli, izzat – nafs, aloqa mayli, ibrat olib e’tiborda bo‘lish mayli, go‘zallikka mayl, iroda va ixtiyor mayli tarbiyasi kabilarni ilgari suradi. Ota-onalarga agar o‘z farzandlarini har tomonlama barkamol etib tarbiyalamoqchi bo‘lsalar, ular: - Aqliy va fikr tarbiyasiga e’tibor berish; - Farzandlari oldida doimo ibrat namunasi bo‘lish; - Farzandlarning ham irodasi va ehtiyojini hisobga olish zarurligini ilgari suradi. Demak, Fitrat o‘zining ta’lim-tarbiyaga oid qarashlarida har bir insonni barkamol bo‘lib yetishishida tarbiyaning ahamiyati beqiyos ekanligi, uni muntazam ravishda yaxshilab borish ham fikran, ham jismonan, ham ahloqan pok insonlar qilib tarbiyalash lozimligiga katta e’tibor bergan. Uning bu kabi pedagogik fikrlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.64 Download 440.72 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling