Янги информацион технология


Zamonaviy axborot texnologiyalari – har bir oilaga


Download 265 Kb.
bet6/6
Sana17.06.2023
Hajmi265 Kb.
#1548996
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
Янги информацион технология

Zamonaviy axborot texnologiyalari – har bir oilaga


Bugun mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qo‘llanilmayotgan birorta ham soha yo‘q. Hayotimizning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa jabhalarida milliy salohiyatni yanada oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni jadallashtirish jarayonida ularni keng miqyosda o‘zlashtirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Izchil davom etayotgan tub o‘zgarishlarning samaradorligi ko‘p jihatdan salohiyatli yosh avlodni tarbiyalash, har tomonlama bilimli, tashabbuskor va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga bog‘liq. Bu borada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni katta. Shu sababli Prezidentmiz Islom Karimovning 2010 yil 27 yanvarda qabul qilingan «Barkamol avlod yili» Davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarorida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli va keng formatli telekommunikatsiya aloqa vositalari hamda internet tizimini yanada rivojlantirish, ularni har bir oila hayotiga joriy etish va keng o‘zlashtirish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Ushbu hujjat ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilayotgan ishlarda mamlakatimizning ko‘plab vazirlik, idora va tashkilotlari ishtirok etmoqda. O‘zbekistonning barcha hududlarida aholining zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish borasida amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga doir o‘quv kurslarining tashkil etilgani bunday samarali hamkorlikning yorqin namunasidir. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasi asosida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, «Mahalla» jamg‘armasi hamda «Kelajak ovozi» yoshlar tashabbuslari markazi ko‘magida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tomonidan amalga oshirilmoqda.
Tadbir doirasida bepul o‘quv kurslarini o‘tkazish uchun mamlakatimizning har bir tuman, shahar va yirik aholi punktlarida internetga ulangan va yaxshi jihozlangan kompyuter sinflariga ega 200 ta o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylar tanlab olindi. Ushbu o‘quv kurslarida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy filiallari yuqori kurs talabalaridan tarkib topgan «Kompyuter savodxonligi» talaba-yoshlar otradlari a’zolari – o‘quv jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida o‘z iqtidorini yorqin namoyon etgan 400 nafar yigit-qiz mashg‘ulot olib bormoqda.
Kurslar o‘quv dasturi va mashg‘ulotlar nafaqat o‘quvchi-yoshlarni, balki zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashdan manfaatdor bo‘lgan turli yoshdagi kishilarni ham qamrab olish maqsadida tashkil etilgan. Ushbu yozgi ta’til davrida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari tomonidan tashkil etilayotgan aholini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan amaliy foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha o‘qitish jami to‘rt kursdan iborat bo‘lib, ularning har biri bir haftaga mo‘ljallangan. Dastlabki kursda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘quvchi hamda o‘qituvchilari, keyingisida «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati va «Kelajak ovozi» yoshlar tashabbuslari markazi faollari o‘qidi. Endi mahallalar faollari va aholisi, jumladan yoshlar va maktab o‘quvchilari o‘qitilmoqda. Yakunlovchi kurslarda esa aloqa va axborotlashtirish sohasi korxonalari hamda mahalliy hokimlik organlari xodimlari zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
Ushbu kurslar mashg‘ulotlari uchun yangi texnologiya – axborot texnologiyalari bo‘yicha multimediali interfaol o‘rgatuvchi maxsus dasturiy majmua (iSoft.uz) ishlab chiqildi. Uning yordamida har bir kishi kompyuterdan foydalanishni mustaqil ravishda o‘rganishi mumkin. Universitetda dasturiy majmuani ishlab chiqish uchun o‘qituvchilar va iqtidorli talabalardan iborat ijodiy jamoa tashkil etildi. Dasturiy majmua 8 bo‘lim va 400 dan ortiq mashg‘ulotdan iborat bo‘lib, mashg‘ulotlar izohli, grafikali, tovushli va animatsiyali ko‘rinishda multimedia vositalari yordamida namoyish etiladi. Bundan tashqari majmuada olingan bilimni amaliy mustahkamlash uchun maxsus interfaol mashqlar, ya’ni 350 dan ortiq trenajer mashg‘ulotlari ham nazarda tutilgan. Ushbu bo‘limlarni bosqichma-bosqich o‘rganish davomida zamonaviy kompyuterning tuzilishi bilan batafsil tanishish, bugungi kunda butun dunyoda ommalashgan “Microsoft Windows XP”, “Microsoft Word”, “Microsoft Excel”, “Microsoft Power Point” kabi dasturlarda bemalol ishlash, shuningdek, internet hamda elektron pochtadan foydalanishni o‘zlashtirish mumkin.
E’tiborli jihati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi zamonaviy bilimning barcha asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan o‘quv dasturi va unga ilova qilingan “UzMOT” milliy operatsiya tizimi to‘liq o‘zbek tilida ishlab chiqilgan. “UzMOT” operatsiya tizimi universitet mutaxassislari va talabalari tomonidan mashhur “Linux” operatsiya tizimi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, bepul hamda erkin tarqatishga mo‘ljallangan. Demak, undan barcha bemalol foydalanishi mumkin. “UzMOT” tizimining afzalligi shundaki, u ishonchliligi, kompyuter viruslari bilan zararlanish ehtimoli kamligi bilan ajralib turadi. Uning negizida operatsiya tizimini zararli dasturlardan himoya qiladigan qo‘shimcha dastur moduli ishlab chiqilgan. “UzMOT” tizimi foydalanuvchini resurslarni taqsimlash va boshqarish, talablarni tahlil qilish hamda bajarishdan xalos qilgan holda, uning kompyuterda ishlashini yengillashtiradi. Ushbu operatsiya tizimini amaliyotga keng joriy qilish litsenziyaga ega xorijiy shunday tizimlarni xarid qilishga ketadigan valuta mablag‘larini tejash, mamlakatimizda dasturiy ta’minot milliy sanoatini rivojlantirish, kompyuter texnologiyalari hamda ko‘nikmalarini yanada ommalashtirish va joriy etish imkonini beradi.
Barcha instruktor-talabalar kurslar boshlanishidan oldin o‘quv materiallari va multimedia dasturlarini o‘z ichiga olgan DVD-disklar hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tomonidan mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun maxsus tayyorlangan va chop etilgan qo‘llanmalar bilan ta’minlangan. O‘quv kurslari nihoyasiga yetgach, elektron manbalar va tarqatma materiallar mazkur kasb-hunar kolleji va litseylarda qoladi hamda aholi o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini kelgusida ham o‘rganish va bu boradagi bilimni boyitishda ishlatiladi. Mashg‘ulotlar ishtirokchilarining fikricha, universitetda ishlab chiqilgan yangi o‘quv dasturlaridan foydalanishning oddiyligi va osonligi tufayli har bir kishi ular yordamida o‘z kompyuterida materiallarni o‘zlashtirishi mumkin.
– Aholining zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha keng ko‘lamligiga qaramay, uni hozircha tajriba loyihasi deyish mumkin, – deydi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Sodiqjon Qosimov. – Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bir oy davomida O‘zbekistonning barcha hududlarida qariyb 14 ming kishi, birinchi navbatda, yoshlar o‘qitiladi. Bu galgi o‘quv kurslarini o‘tkazish chog‘ida to‘plangan ijobiy tajribani ushbu yo‘nalishdagi keyingi ishlarimizda ham qo‘llash niyatidamiz.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jamiyatimiz hayotining barcha jabhalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada qator maqsadli davlat dasturlari amalga oshirilmoqda, xorijnikidan qolishmaydigan o‘zimizning yangi dasturiy mahsulotlarimizni ishlab chiqish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, bu ishlarga talabalar – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining bo‘lg‘usi mutaxassislari ham jalb qilingan. Bu borada malakali kadrlar tayyorlash jarayoni muntazam takomillashmoqda. «Barkamol avlod yili» Davlat dasturi yoshlarning ijodiy, ilmiy salohiyatini rivojlantirish, ularning ilg‘or jahon standartlari darajasida bilim olishi uchun yangi, yanada keng imkoniyatlarni ochib bermoqda.
Download 265 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling