Yohann Peter Ekkerman. Gyote bilan gurunglar


Download 195.1 Kb.
bet6/7
Sana18.06.2023
Hajmi195.1 Kb.
#1555807
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Hujjat (1)

1824


1824 yilning 27 yanvari, seshanba
Gyote men bilan hozir o’zi mashg’ul bo’layotgan tarjimai holining da-vomi haqida gaplashdi. Uning fikricha , hayotining davomi «She’riyat va haqiqat»da yozilgan yoshlik yillaridek detallarga boy emas ekan.
– Keyingi yillarni, – dedi Gyote, – xuddi yilnomadek tasvirlashim kerak; bunda hayot yo’limdan ko’ra ko’proq ijodiy faoliyatim qalamga olinishi lozim. Umuman olganda, shaxs hayotining eng ko’zga ko’ringan davri – bu taraqqiyot davri bo’ladi, mening misolimda bu ‘‘She’riyat va haqiqat’’ning poyoniga yetgan jildlaridir. Keyinroq esa atrofdagilar bilan kelishmovchiliklar boshlanadi, bu narsa biron qimmatga ega bo’lsagina boshqalar uchun qiziq bo’ladi. Va nihoyat, nemis olimining hayoti nima degan narsa? Bordi-yu, hayotim men uchun biron ko’zga ko’rinarli narsa bo’ladigan bo’lsa, bu haqda odatda aytilmaydi. Qani o’sha, ishtiyoq bilan aytganingni tinglaydigan odamlar?
Yoshlik yillarimga nazar tashlab, mana endi qarigan chog’imda, o’yga tolaman: men tengilar qancha qoldi?.. Buni doimo yozgi kurortlardagi holatga qiyoslagim kelaveradi . U yerga borgandanoq, yaqin orada ketadigan odamlar bilan tanishib, do’stlashib olasan kishi. Ajralish og’ir. Ik-kinchi avlodga ko’nikishga to’g’ri keladi, ular bilan ham xiyla vaqt birga bo’lib, dildan bog’lanib qolasan. Bular ham ketishadi-da, sen uchinchisi bilan qolishga majbur bo’lasan, ular ketishingdan sal oldin kelgan bo’lishadi va seni qiziqtirmaydi ham.
Hamisha odamlar meni baxtdan yolchigan deyishadi. To’g’ri, qismatimdan nolimayman, hayotimdan norozi emasman . Aslida butun hayotim mehnat va intilishdan iborat, to’g’risini aytadigan bo’lsam, yetmish besh yil-lik hayotim davomida biron oy yo’qki, o’z huzur -halovatimni o’ylab yashagan bo’lsam. Nazarimda butun umr bitta toshni joyidan qo’zg’atishga urindim-u, ammo sira qo’zg’atolmadim. Bu bilan nima demoqchi ekanligim-ni memuarlarim oydinlashtirib beradi. Mening ijodiy faoliyatimga, xoh ichdan bo’lsin , xoh tashdan bo’lsin, juda katta talablar qo’yildi. Poetik tafakkurim va ijodim – mening haqiqiy baxtimdir. Ammo ijti-moiy mavqeim unga qanchalar xalaqit berdi, chegaraladi, bo’g’di. Agar men saroydagi amal va vazifalardan o’zimni olib qochib, ko’proq tanholikda yashaganimda edi , yanada baxtliroq va ijodkor sifatida yanada ko’proq ish qilgan bo’lardim . «Gets» bilan «Verter» kabi asarlarim chiqqandan so’ng qaysi bir donishmandning so’zlari mening qismatimda amalga oshdi, u shunday degan edi: «Agar sen insoniyat uchun biror yaxshilik qilgan bo’lsang, buni ikkinchi marta takrorlamasliging uchun uning o’zi harakat qiladi».
Shon-shuhrat, jamiyatdagi yuksak mavqe – bular yaxshi. Ammo butun shon-shuhratim va martabamga qaramasdan doimo boshqalarning fikriga quloq tutib, birovning ko’nglini og’ritib qo’ymaslikka, albatta harakat qildim. Agar boshqalar miyamda nimalar borligini bilmagani holda menda ularning fikrini o’qiy olish qobiliyatim bo’lmaganida ko’ngil bo’shligim yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin edi.
1824 yilning 15 fevrali, yakshanba
Gyote bugun meni tushlikkacha faytunda aylanib kelishga taklif qildi. Kelsam, nonushta qilayotgan ekan. Ko’rinishdan kayfiyati zo’r.
– Haligina yoqimtoy mehmon kelgandi, – dedi u meni shodon qarshilarkan, – g’oyat umidli, vestfaliyalik Meyer degan yigit. Uning yozgan she’rlari kelajagi borligidan darak beradi. Yoshi o’n sakkizda bo’lsa-da, ancha ilgarilab ketgan. Mening yoshim o’n sakkizda emasligi-dan xursandman, – dedi Gyote kulimsirab. – Men o’n sakkizda ekanimda Germaniya ham endigina o’n sakkizda edi. O’sha paytda biron narsa qilsa bo’lardi; hozir esa talablar juda katta, hamma yo’llar berk.
Germaniya deyarli barcha sohalarda shu qadar ilgarilab ketdiki, hammasini ilg’ab olish qiyin , tag’in biz yunon va lotin, ingliz va fran-suz bo’lishimiz kerak! Buning ustiga, sharqniyam ko’rsatadigan berahmlar ham topiladi, bunday ahvolda bechora yigit nima qilishi mumkin! Uni yupatish maqsadida Yunonaning ulkan haykalini ko’rsatdim, toki bu uning uchun yunonlarga suyanish va ulardan yupanch topishda ramz bo’lsin, dedim. U ajoyib yigit. Agar goh unga, goh bunga urinishdan o’zini tiy-sa, undan bir nima chiqadi. Lekin o’zim , mana shu ich-ichidan buzilgan davrda yosh bo’lmaganimga Tangriga shukronalar aytaman. Qanday hayot kechirishniyam bilmagan bo’lardim. Bordi-yu, Amerikaga qochib ketish-ni xayol qilganimdayam, kechikkan bo’lardim, u yerda ham allaqachon tong yorishgan bo’lardi.
1824 yilning 22 fevrali, yakshanba
Gyote va o’g’li bilan tushlik qildik, u Haydelbergdagi talabalik yilla-rida yuz bergan qiziq voqealarni so’zlab berdi. U do’stlari bilan ta’til paytlari Rayn bo’yida dam olishgani, u yerdagi bir qo’li ochiq oshxona egasi haqidagi yorqin xotiralarini esladi. Bir kuni o’nta talaba unikida tunab qolishgan, u bo’lsa o’z ‘‘biznes’’idan bor-yo’g’i rohatlanish uchungina bularni vino bilan bepul mehmon qilgan ekan.
Tushlikdan so’ng Gyote bizga Italiya, ayniqsa, shimoliy Italiya va Lago-Majjora tasviri tushirilgan rangli suratlarni ko’rsatdi. Suvda Borromey orollari aks etib turar, qirg’oqda baliqchilarning qayiqlari va asbob- anjomlari ko’zga tashlanardi. Bu ‘‘Vilgelm Maysterning jahongashtalik yillari’’ da tasvirlangan ko’l , deya tushuntirdi Gyote. Shimoli-g’arb tomonda, Monte-Roza yo’nalishida quyosh botgandan keyingi g’ira-shiralikda ko’k -qora rangda ko’zga tashlanayotgan, ko’lni chegaralab turgan keng adirlar yastangan edi .
– Bunday tog’larning zim-ziyo ulug’vorligi, – dedim, – mendek tekis joylarda tug’ilib o’sgan kishining yuragiga qo’rquv soladi, men bunday daralarda sayohat qilishni hecham istamagan bo’lardim.
– Bu tabiiy, – dedi Gyote, – odamning qaerda va nima uchun tug’ilgani o’ziga muhim-da, axir. Agar odamni yuksak maqsadlar musofirlikka yetaklamasa, u o’z uyida hammadan baxtli-da. Shveytsariya dastlab menda shunday kuchli taassurot qoldirdiki, hayajondan o’zimni yo’qotish dara-jasiga bordim; ammo bir necha yillar o’tgach, u yerga takroran borganimda, tog’larni sof mineralogik nuqtai nazardan kuzatdim, ularni xotirjam idrok qildim.
Shundan so’ng, biz bir frantsuz galereyasidagi zamonaviy rassomlar asarlari asosida misga o’yib ishlangan gravyuralar majmuasini tomosha qildik. Bular shu qadar bo’sh ishlangan ediki, qirqta rasmdan faqat to’rt-beshtasigagina ijobiy baho berdik, xolos. Chunonchi, bittasida muhabbat maktubini aytib yozdirayotgan qiz; boshqasida uyini sotmoqchi bo’lgan, lekin hech kim sotib olishni istamayotgan ayol; uchinchisida baliq ovi; to’rtinchisida Bibi Maryam surati oldidagi musiqachilar tasvirlangan suratlar. Bulardan tashqari, frantsuz rassomi Pusson uslubida chizilgan tabiat manzarasi ham yomon emasdi, bu haqda Gyote quyidagilarni aytdi:
– Bunday rassomlar, Pusson chizgan tabiat manzaralari haqida umu-miy tushunchani o’zlariga singdirib olishgan-da, shunga muvofiq ijod qilishgandi. Ularning rasmlarini yaxshi ham, yomon ham deb bo’lmaydi. Ular yomon emas, negaki, hammasida mohirona o’zlashtirilgan namuna ko’zga tashlanib turadi. Yaxshi ham deyolmaysan, chunki ularda Pussonga xos o’ziga xoslik yetishmaydi. Shoirlar ham xuddi shunga o’xshaydi, ularning ko’pchiligi, masalan, ulug’ Shekspir uslubini o’zlashtirishga uringanla-rida, shubhasiz, buning uddasidan chiqishlari gumon edi.
Oxirida Raux tomonidan Frankfurt uchun ishlangan Gyote haykali modelini uzoq tomosha qilib, muhokama etdik.
1824 yilning 24 fevrali, seshanba
Bugun soat birda Gyotenikida edim. U menga ‘‘San’at va moziylik’’ jur-nali beshinchi jildining birinchi daftari uchun mo’ljallab aytib turib yozdirgan qo’lyozmani ko’rsatdi. U mening «Mazluma»ga yozgan taqrizimga ilova qo’shgan, unda frantsuz tragediyasi va o’z lirik trilogiyasi haqida gapirib, bu bilan ushbu mavzularni bir-biriga ulagan edi.
– Siz taqriz yozish asnosida, – dedi Gyote, – Hindistonning o’ziga xosliklari bilan tanishib olganingiz yaxshi bo’ldi, chunki biz o’rgangan ilmlardan oxir-oqibat xotiramizda amalda qo’llaganimiz qoladi, xolos.
Uning fikrini ma’qulladim va buni men universitetda o’qib yur-ganimda o’zim sinaganimni, professorlarning ma’ruzalaridan faqat keyin amalda qo’llaganinigina esda saqlab qolganimni aytdim; amalda kerak bo’lmaganlarini esa, aksincha, tamoman unutib yubordim. Heeren bizga qadimgi va yangi tarixdan ma’ruzalar o’qigan edi, ulardan biron-ta so’z ham yodimda yo’q. Bordiyu men hozir, aytaylik, biron drama yozish maqsadidami, tarixning biror davrini o’rganmoqchi bo’lsam, bunday ilm bir umrga yodimda qolgan bo’lardi.
– Umuman, – dedi Gyote, – universitetlarda juda ko’p narsalarni, ayniqsa, juda ko’p keraksiz narsalarni o’rgatishadi. Ayrim professor-lar esa o’z fanlarida talabalarga kerak bo’lganidan ham ko’proq bilim berishadi. Ilgarilari kimyo bilan botanikani farmokologiyaga qo’shimcha fan sifatida o’tilar, shifokorlar uchun shu yetarli bo’lardi. Endi bo’lsa kimyo ham, botanika ham mustaqil muhim fanlarga aylanganki, ularning har birini inson umri davomida o’rganadi, shifokorlarniyam ularni o’rganishga majbur qilishadi! Bundan hech bir foyda chiqmaydi, na uni-sini, na bunisini durust o’rganmay, oxiri hammasi unutiladi. Aqli bor odam fikrini chalg’itadigan barcha talablarni chetga surib qo’yadi-da, bitta soha bilan chegaralanadi va o’sha sohani chuqur egallaydi.
Shundan so’ng Gyote menga Bayronning ‘‘Kain’’ (‘‘Qobil’’) p`esasi haqida o’zi yozgan qisqagina tanqidiy maqolani ko’rsatdi, uni men katta qiziqish bilan o’qidim.
– Bayrondek erkin fikrli kishi, – dedi Gyote, – qanday qilib cherkov aqidalarining puchligini isbotlab, mana shu p`esa orqali o’ziga maj-buran yuklangan diniy ta’limotdan ozod bo’lishga uringani ko’rinib turipti. Angliya ruhoniylari, shubhasiz, buning uchun unga tashakkur bildirishmaydi; agar u Injildagi yonma-yon syujetlarni qayta ishlashda davom etsa-yu, Sodom va Gomorraning halokatidek mavzuni chetlab o’tsa, hayron qolgan bo’lardim.
Shunday adabiy kuzatishlardan so’ng Gyote diqqatimni nafis san’atga tortdi-da, oldimga antik o’ymakorlik uslubida bezatilgan toshni qo’ydi, bu haqda u menga bir kun oldin hayajon bilan gapirgan edi. Men tasvir-dagi jozibali soddalikni ko’rib hayratga tushdim: bolaga suv ichirish uchun bir odam yelkasidagi og’ir idishni yerga qo’ymoqda. Ammo bolaning og’zi idishga yetmaydi, suv quyila qolmaydi; shunda u ikkala qo’lchalari bilan idishga yopishib olib, u odamning yuziga boqib, tag’in biroz egi-lishini so’raydi.
– Xo’sh, bu sizga yoqdimi? – so’radi Gyote, – biz, yangi zamon kishilari, albatta, bunday sof tabiiy, sof sodda motivning go’zalligini his etamiz, buni qanday qilish haqida bilimu malakamiz ham bor, biroq qilmaymiz, aql-idrok ustunlik qiladi, ana shu soddalik jozibasi bizda yetishmay qoladi.
Shundan so’ng berlinlik o’ymakor usta Brandning medalini tomosha qildik, unda tosh ostidan otasining qurolini topib olgan yosh Tezey tasvirlangan edi. Gavdaning turishi ancha durust ishlangan bo’lsa-da, biroq toshni siljitayotgan paytdagi mushaklarning zo’riqishi sezilmas-di. Yigitning bir qo’li bilan toshni ko’tarib, ikkinchisi bilan qurolni olayotgani ham ishonarli chiqmagan edi. Aslida u oldin toshni bir chetga surib qo’yib, keyin qurolni olsa, tabiiy chiqqan bo’lardi.
– Endi esa, – dedi Gyote. – men Sizga tag’in bir naqshdor toshni ko’rsataman, bu yerda ham xuddi o’sha syujet qadimgi rassom tomonidan ishlangan.
U Shtadelmannga bir qutini keltirishni buyurdi, unda Gyote Italiyaga safar qilgan paytida Rimdan olib kelgan antik davr naqshdor toshla-rining bir necha yuztasi yotardi. Ularning ichida men qadimgi yunon ras-somi ishlagan xuddi o’sha syujetni ko’rdim – farqi qanchalar! Yigit bor gavdasi bilan toshga yopishgan, bunga uning kuchi yetadi, chunki o’z ishini uddalayotgani ko’rinib turardi, u toshni bir chetga uloqtirib tashlash darajasida ko’tarib turardi. Yosh qahramon butun gavdasining kuchini og’ir yuk tomon yo’naltirgan, faqat nigohlari pastga – tosh ostida yotgan qurolga qaratilgan edi.
Biz ushbu tasvirning o’ta tabiiyligidan zavqlandik.
– Meyerning yaxshi bir gapi bor, – kulib gap qo’shdi Gyote, – ‘‘o’ylash bun-chalar og’ir bo’lmasa edi!’’ – Eng yomoni shundaki, o’ylash bilan o’zingga ko’mak berolmaysan, odam tabiatan shunday bo’lishi kerakki, yaxshi fikrlar Yarat-ganning erkin zurriyotlaridek «Mana biz!» deb doimo xitob qilsinlar va ro’parangda tursinlar.
1824 yilning 25 fevrali, chorshanba
Gyote bugun menga ikkita g’aroyib she’rni ko’rsatdi. Ikkalasi ham o’z yo’nalishiga ko’ra yuksak axloqli, ammo ayrim tasvirlarda tiyiqsiz darajada tabiiy va haqqoniy bo’lib, odatda oliy davralarda bunday she’rlarni odobdan tashqari deb hisoblashadi, shu boisdan Gyote ularni sir saqlar, chop ettirish haqida o’ylamasdi ham .
– Agar aql va bilim, – dedi Gyote, – umum mulki bo’lganida edi, shoirga yashash osonroq ko’chardi ; u hamisha haqiqatni aytgan, o’zining eng ezgu his-tuyg’ularini ifoda etishdan cho’chib o’tirmagan bo’lardi. Aks holda u hamisha ma’lum bir bosqichdan nari o’tmasligi lozim. She’rlari xilma-xil odamlarning qo’liga borib tushishini shoir esida tutishi, ochiq-oshkora fikrlari bilan ko’plab odamshavanda kishilarning ko’nglini og’ritib qo’yishdan ehtiyot bo’lishga majbur. Buning ustiga vaqt degani ham g’alati narsa. U shafqat qilmaydi, o’z hukmini o’tkazadi, odam nima qilmasin va nima demasin, unga nisbatan har bir asarda o’z munosabatini o’zgartiradi. Chunonchi, qadimgi yunonlar aytishi mumkin bo’lgan narsani biz endi aytolmasligimiz kerak, yoki bo’lmasa, Shekspirning baquvvat zamondoshlari didiga mos tushgan gapga 1820 yildagi inglizlar bardosh berolmaydi, shuning uchun bizning davrimizda “Family-Shakespeare”( SH ye k s p i r n i n g «Oilaviy o’qish kitobi» (ing.) nashriga ehtiyoj tug’iladi.
– Ko’p narsa shaklga ham bog’liq, – qo’shimcha qildim men, – anavi ikkita she’rdan bittasi qadimgi yunon she’riyati ohangi va o’lchoviga ko’ra kitobxonning uncha g’ashiga tegmaydi. Ayrim o’rinlar, ehtimol, ancha-muncha quyushqondan chiqqandir, lekin, umuman olganda tasvir shu qadar ulug’vorlikka va fazilatga egaki, go’yo qadimgi Yunon shoirining ovozini eshitayotgandek, go’yo yengilmas Yunon qahramonlari davriga o’tib qolgandek bo’lamiz. Ariosto ohangi va uslubidagi ikkinchi she’r esa ancha qaltis ketgan. Unda muayyan davrdagi sarguzasht hech bir niqobsiz bizning bugungi voqeligimizga to’g’ri kirib borgani sababli undagi ayrim dadilliklar birmuncha qo’pol tuyuladi.
– Siz haqsiz, – dedi Gyote. – Har bir poetik shakl o’z sirli ta’sir kuchiga ega. Agar mening “Rim elegiyalari” mazmunini Bayronning “Don Juan”i ohanggi va uslubiga ko’chirilsa, barcha gaplarim yaramas bir nar-saga aylanib qolgan bo’lur edi.
Shu payt frantsuz gazetalarini olib kelishdi. Frantsuzlarning gertsog Angulem qo’mondonligidagi Ispaniyaga yurishining tugallanishi Gyoteda katta qiziqish uyg’otdi.
– Burbonlar (frantsuz qirollik sulolasi (1589 – 1792yy. va 1815 – 1830 yy.) ning bu yurishi, shubhasiz, maqtovga loyiq, – dedi Gyote, – shu yo’l bilan ular armiyani qo’lga kiritib, endi taxtni ham egallashadi. Bu ham egallandi. Askar o’z qiroliga sodiq holda uyiga qaytadi, chunki
o’z g’alabasi hamda bir tomonga bo’ysunish afzal ekanligiga ishonch hosil qilgan. Armiya o’zining qadimgi shon-shuhratini namoyon qildi va qudratli ekanligini hamda Napoleonsiz ham g’alaba qozonishga qodirligini isbotladi.
Gyote gap mavzusini tarixiy voqealarga burdi va Yetti yillik urush davridagi pruss armiyasi haqida gapira boshladi: “Buyuk Fridrih” ularni doimiy g’alabalaridan ruhlantirib, taltaytirib yuborganidan keyinroq o’zlariga behad ishonib, tez-tez mag’lubiyatga uchrayverganlar. U barcha voqealarni mayda-chuydasigacha esladi, men bo’lsam, uning benazir xotirasidan hayratga tushardim.
– Men omadli odamman, – davom etdi u, – butun umrim bo’yi davom etib kelayotgan jahonshumul voqealar davrida tug’ilganman. Yetti yillik urushning, Amerikaning Angliyadan ajralib chiqishi, keyinroq farang inqilobining, nihoyat, Napoleon hukmronligi davridan qahramonning halokatigacha va keyingi qator voqealarning tirik guvohiman. Shuning uchun men keyinroq tug’ilib, bunday buyuk voqealarni o’zlari tushunmaydigan kitoblardan o’qib-o’rganadigan odamlarga nisbatan tamoman boshqacha fikr va xulosaga kelganman.
Kelgusi yillar bizga nimalar olib kelishi hali noma’lum; hali-beri tinchlik-xotirjamlikka erisha olmaymiz, deb qo’rqaman. Odamzod o’zini cheklashni bilmaydi: amal egalari hokimiyatni suiiste’mol qilishdan o’zlarini tiyyolmaydilar. Insoniyatni bekamu ko’st qilish imkoni bo’lganida edi, shart-sharoit haqida o’ylasa bo’lardi; aks holda u na u yoqlik bo’lolmaydi, na bu yoqlik. Bir qismi to’kin-sochinlikda yashagan bir paytda, ikkinchi qismi azob -uqubatda hayot kechiradi. Yomonlikning ikki qanoti bo’lgan xudbinlik va hasad hamisha harakatda bo’ladi, partiyalar-ning kurashi ham uzluksiz davom etaveradi.
Eng oqilona ish shuki, har kim nimani o’rgangan bo’lsa, o’sha bilan shug’ullansin, boshqalarni ham o’z vazifalarini bajarishlariga xalaqit bermasin. Kosib o’z qolipi bilan ish ko’rsin, dehqon dalada ishlasin, hukmdor xalqni boshqarsin. Bu ham bir hunar, buni ham o’rganish kerak, qo’lidan kelmaydigan har qanday odam bunga urinmasligi lozim.
Gyote tag’in farang gazetalari haqida so’z yuritdi:
– Liberallar gap sotishaversin, agar haq bo’lishsa, ularga jon deb quloq solishadi. Ijrochi hokimiyatni qo’lida tutib turgan monarxist-larga gap sotish yarashmaydi, ular harakat qilishlari lozim. Armiyani urushga yo’llashsin, boshlarini tanidan judo qilishsin, osishsin, bu ularga to’g’ri keladi, ammo gazetalarda bahslashish, o’z qilmishlarini oqlashga urinish – bu ularga yarashmaydi. Qirollar yig’ini bo’lganda edi, gapirishsa bo’lardi. O’z hayotim va faoliyatim davomida, hamisha monar-xist bo’lib kelganman. Boshqalar istagancha safsata sotishaversin, men nimani ma’qul ko’rsam, shuni qilganman. O’z faoliyatim doirasini ko’ra olganman va maqsadim nimaligini aniq bilganman. Yolg’iz o’zim xatoga yo’l qo’ygan bo’lsam, buni tuzatolganman. Bordi-yu ko’pchilik men bilan birgalikda xato qilgan bo’lsa, buni tuzatish imkoni yo’q, chunki ko’pni fikri bir xil bo’lmaydi.
Gyote behad zo’r kayfiyatda edi. U menga fon Shpigel xonimning al`bomini ko’rsatdi, unga Gyote ajoyib she’r bitgan edi. Buning uchun qoldirilgan joy ikki yildan beri bo’sh yotardi, Gyote qachonlardir bergan va’dasining ustidan endi chiqolganidan shod edi. Fon Shpigel xonimga bag’ishlangan she’rni o’qib bo’lgach, al`bomni varaqlashda davom etdim va qator mashhur nomlarga duch keldim.
– Qiziqib ketib, – uning she’ri yoniga bir necha satr yozib qo’ymoqchi ham bo’lgandim, – dedi Gyote, bunday qilmaganimdan xursandman, chunki fikrlarimni tutib turolmaganimdan necha martalab yaxshi odamlarni o’zimdan chetlashtirganman, eng yaxshi ijod namunalarimning ta’siriga putur yetkazganman.
– Rostini aytsam, – davom etdi Gyote, – shunday payt ham bo’lgan ediki, ‘‘Uraniya’’dan bo’lak hech narsa kuylanmas, hech narsa ifodali o’qilmas edi. Qayoqqa borma, stol ustida ‘‘Uraniya”ni ko’rarding; har qanday suhbatning mavzusi shu edi. Men o’zimni abadiyatga ishonch baxtidan mahrum qilmoqchi emasman; aksincha, Lorenso fon Medichining so’zlarini takror aytishga tayyorman: narigi dunyodagi hayotga ishonmaydigan odam bunisida ham o’likdir. Lekin bunday aqlga sig’maydigan tushunchalar kundalik bahslar va fikrni chalg’itadigan gap sotishlarga mavzu bo’lmasligi kerak. Yana bir gap: kim narigi dunyodagi hayotga ishonsa, jimgina xursand bo’lib yuraver-sin, ammo o’zicha gerdayishiga hech bir asos yo’q. Tedgening ‘‘Uraniya’’si bahonasida men shuni payqadimki, qora xalq ham xuddi asilzodalarga o’xshab o’zlarini katta olaboshladilar. Shunday befarosat ayollarni ham uchratdimki, ular Tidge bilan birgalikda abadiylikka ishonganlari uchun mag’rurlanishardi. Bu ham yetmagandek, o’sha befahmlar hatto bu masalaga munosabatimni bilish uchun meni so’roqqa tutishlariga toqat qilishimga to’g’ri keldi. ‘‘Bu hayotimiz tugasa, keyingisi bizni baxtli qilaveradi, nuqul Xudoga yolvoramanki, u yerda menga bu dunyoda abadiyatga ishon-ganlardan hech kim duch kelmasin, negaki ana shunda mening azoblarim boshlanadi! Xudojo’y xonimlar meni o’rab olishib: Biz haq ekanmizmi? Shuni bashorat qilmaganmidik? Aytganimiz bo’ldimi, deb so’roqqa tutishadi. Undan keyin narigi dunyodagi hayotimda ham zerikishning cheki bo’lmaydi’’, deya ularning jig’iga tegaman.
– Abadiylik g’oyalari bilan shug’ullanish, – so’zida davom etdi Gyote, – aslzoda tabaqa vakillari, ayniqsa, bekorchi xonimlarning ishi. Yer yuzida biron ko’zga ko’rinarli ish qilish tashvishida bo’lgan serg’ayrat odam esa, narigi dunyo haqida o’ylashga ham vaqt topmay qoladi, shu bilan bu dunyoda foyda keltirishga urinadi . Bundan tashqari, abadiylik haqidagi o’ylar bu dunyoda baxt masalasida omadi yurishmaganlar uchun ham zarur; garov bog’laymanki, mana shu yoqimtoy Tidgening hayoti ko’ngildagidek bo’lganida edi, xayollar ham shunga yarasha bo’lardi.
1824 yilning 26 fevrali, payshanba
Gyote bilan tushlik qildik. Ovqatlanib bo’lgach, u Shtadelmannga misga o’yilgan gravyuralar solingan katta-katta jildlarni keltirishni bu-yurdi. Jildlarning ustini biroz chang bosgan edi, yaqin atrofda artish uchun yumshoq latta bo’lmaganidan Gyote achchiqlanib, xizmatkorini koyidi:
– Oxirgi marta seni ogohlantiraman, – dedi u, – agar bugunoq borib, bizga tez-tez kerak bo’lib turadigan yumshoq lattalarni sotib olmasang, ertaga o’zim boraman, bilasan-ku, men so’zimdan qaytmayman.
Shtadelmann ketdi.
– Bir kuni aktyor Bekker bilan ham xuddi shunday voqea sodir bo’lgan edi, – gapida davom etdi Gyote menga yuzlanib, – u «Vallenshtayn»dagi otliq askarlardan birining rolini o’ynashdan bosh tortdi. Men: unga aytinglar, agar rozi bo’lmasa, bu rolni o’zim o’ynayman, dedim. Gapim ta’sir qildi. Aktyorlar meni yaxshi bilishardi, bunday paytlarda hazilni ko’tarmasligim, so’zimdan qaytmay, har qanday ahmoqlik qilishim mum-kinligini yaxshi bilishardi.
– Rostdan ham shu rolni o’ynarmidingiz? – so’radim men.
– Ha, – dedi Gyote, – o’ynardim, qanday o’ynashni janob Bekkerga ko’rsatib qo’yardim, negaki rolni undan ko’ra yaxshiroq bilardim.
Keyin biz jildlarni ochib, gravyura va rasmlarni tomosha qilishga kirishdik. Bunday paytlarda Gyote menga juda ehtiyotkorlik bilan muno-sabatda bo’ladi, u mening nafis san’atni kuzatish va idrok etishda xiyla yuqori pillapoyalarga ko’tarilishimni istashini sezib turaman. U menga o’ziga xos yetuk asarlarni ko’rsatadi va eng mashhur rassomlarning ichki dunyosiga kirib borishim, fikrlarini mulohaza qilishim uchun ularning g’oyalari haqida gapirib beradi.
– Did atalmish narsa, – dedi bugun, – mana shunday shakllanadi. Did o’rtacha emas, balki eng sara muhitda shakllanadi. Shu boisdan men Siz-ga eng yaxshilarini namoyish qilyapman. Agar Siz shularni tushunishni o’rgansangiz, boshqalariga me’yorida baho beradigan bo’lasiz. Men Sizni har bir janrning eng yaxshi namunalari bilan tanishtiraman, ularning birortasiga beparvo qaramang, agar unda ulkan iste’dod o’z cho’qqisiga yetgan bo’lsa, har biri bizga o’zgacha quvonch bag’ishlashini esda tuting. Masalan, frantsuz rassomining mana bu kartinasi behad nafis, shuning uchun u o’z janrining namunasi hisoblanadi.
Gyote menga varaqni uzatdi, men uni hayrat ichida tomosha qildim. Yozgi saroyning lang ochiq deraza va eshiklari bog’ tomonga qaragan orastagina xonasida bir guruh g’oyatda yoqimtoy kishilar o’tirishipti. O’ttiz yoshlar-dagi go’zal ayol hozirgina kuylashdan to’xtagan bo’lsa kerak, qo’lida nota daftarini ushlab olgan. Uning yonida, sal ichkariroqda, o’n besh yoshlardagi qiz stol suyanchig’iga suyanib o’tirardi. Yon tomonda, ochiq deraza oldida yana bir yosh xonim turipti, u qo’lida arfa ushlab olgan , aftidan, haliyam torlarni chertayotgandek tuyuladi. Shu asnoda xonaga bir yigit kirib keladi, barcha ayollarning nazari unga qadalgan. U musiqali mashg’ulotni bilgan, shekilli, go’yo ulardan buning uchun uzr so’rayotgandek, salgina bosh egib turipti, ayollar esa unga iltifot bilan quloq tutib turishardi.
– Menimcha, – dedi Gyote, – bu kartina Kalderon ((1600 – 1681; ispan dramaturgi) ning p`esalaridek diltortar, mana, Siz shu janrdagi eng go’zal asarni ko’rdingiz. Xo’sh, bu haqda fikringiz qanday?
Shunday deya u menga hayvonlar tasvirini ishlovchi mashhur rassom Roosning bir qancha gravyuralarini uzatdi: nuqul qo’ylar, turli qiyofa va holatdagi hayvonlar tasviri. Basharalaridagi ma’nosiz ifoda, pax-maygan junlari, hamma-hammasi tabiatda qanday bo’lsa, shundayligicha, haqqoniy chizilgan edi.
– Bu hayvonlarga qarab qo’rqib ketaman, – dedi Gyote, – ularning qiyofalaridagi, ko’zlaridagi ma’nosizlik, mudroq bosgan holatlari go’yo menga ham o’tayotgandek tuyuladi. Nazarimda, bunga qarab turgan odam hayvonga aylanib qoladigandek bo’ladi, hatto rassom ham hayvonmi, degan o’yga borasan, kishi. Baribir, rassom bu jonivorlarning ichki dunyosiga shunchalik kirolgani, fe’l-atvorini shu qadar his etolgani, ularning mohiyatini sirtida shunchalik haqqoniy namoyon qilolgani hayratomuz hodisa, albatta. Agar ulug’ iste’dod egasi o’z salohiyatiga mos mavzuga sodiq qolsa, nimalarga qodir bo’lishi o’z-o’zidan ko’rinib turipti.
– Bu rassom, – dedim men, – itlarni, mushuklarni, yovvoyi hayvonlarni ham xuddi shunday tabiiy chizgan bo’lsa kerak? Boshqalarning ichki ola-miga kira olishdek yuksak qobiliyatiga qaraganda u odamlarning ham aft-angorlariyu fe’l-atvorlariniyam bera olgandir?
– Yo’q, – dedi Gyote, – bular uning diqqat doirasiga kirmaydi, aksincha, u yuvosh, o’txo’r hayvonlarni, ya’ni qo’ylar, echkilar, sigirlar va shunga o’xshashlarni chizishdan bir umr charchamadi. Bu undagi iste’dodning o’z jabhasi, u bundan hech qachon ayrilmadi. To’g’ri qildiyam! Bu jonivorlar-ning kundalik hayotiga g’amxo’rlik qilish undagi tug’ma odat, u hayvonlar ruhiyati haqidagi bilimlarni ham o’zlashtirgan, shu boisdan ularning butun turq-tarovatini ziyraklik bilan o’zlashtirgan edi. Boshqa jonzot-larni, ehtimol bunchalik mukammal bilmasa kerak, ularni tasvir etishga na istak, na salohiyat yetishdi.
Gyotening bu fikrlaridan keyin juda ko’p shunga o’xshash voqealar mi-yamda qaytadan ko’z ochdi. Masalan, yaqinda u menga aytgandiki , haqiqiy shoirda hayot haqida tug’ma bilim bo’ladi, uni tasvirlash uchun tajriba, amaliy ko’nikma kerak bo’lmaydi.
Men «Gets fon Berlixingen»ni, – degan edi u, – yigirma ikki yoshli yigit paytimda yozganman, oradan o’n yil o’tgach, o’z tasvirlarimning haqqoniyligidan hayratga tushganman. Ma’lumki, bunaqa hodisalarni ko’rmaganman ham, eshitmaganman ham, lekin inson ichki olamining rango-rang qirralari haqidagi bilimni antisipatsiya (voqea-hodisalarni oldindan his-tuyg’u orqali ko’ra-bilish.) orqali egallaganman.
Umuman, men tashqi dunyoni bilgunimga qadar o’z ichki dunyomni tas-virlashdan zavq olardim. Voqelikni xayolimda qanday tasavvur qilgan bo’lsam, keyinroq u mening nafratimni qo’zg’ay boshladi va uni tasvir-lashga zarracha ham qiziqishim qolmadi. Hatto aytishim mumkin: bordi-yu men borliqning mohiyatiga yetgunimga qadar uni tasvirlashdan tiyilib turganimda edi, tasvirlarim karikaturaning o’zi bo’lardi.
– Inson fe’l-atvoriga, – degan edi boshqa payt Gyote, – o’ziga xos qat’iyat, ma’lum ma’noda qaysarlik xoski, shuning ta’sirida u yoki bu asosiy xususiyat go’yo ko’plab ikkinchi darajali xususiyatlarni keltirib chiqaradi. Bu tajribadan ma’lum; biroq ayrim shaxslarda bu bilim tug’ma bo’lishi mumkin. Menda tug’ma bilim va tajriba qo’shilib ketganmi-yo’qmi, bunga bosh qotirib o’tirmayman. Ammo bir narsa ayon: agar birov bilan o’n besh daqiqa so’zlashsam, keyingi ikki soat davomida uning nima deyishini aniq bilaman. Chunonchi, Bayron haqida gapirib, butun borliq unga kunday ravshan, voqelikni u antisipatsiya orqali tasvirlayveradi, degan edi.
Men bunga javoban, Bayron, aytaylik, yoqimsiz hayvon qiyofasini tasvirlashga muvaffaq bo’la olarmidi, menimcha, undagi kuchli indivi-duallik bunday mavzularni ishtiyoq bilan qog’ozga tushirishga monelik qilsa kerak, deya shubha bildirdim. Gyote buni ma’qulladi va antisipatsiya shoir iste’dodiga mavzu mos kelgan joygacha yetib boradi, dedi. Ikko-vimiz shunday xulosaga keldikki, antisipatsiyaning chegaralanganligi yoki keng qamrovliligiga qarab, iste’dod ham yuksak yoki o’rta darajada bo’lishi mumkin.
– Siz janobi oliylarining fikricha, – dedim men, – borliqni bi-lish ijodkordagi tug’ma qobiliyat ekan, unda siz, ko’rinib turgan voqea-hodisalar va narsalarni emas, balki ichki olamni nazarda tutyapsiz shekilli, mana shularning barchasini ijodkor haqqoniy tasvirlashga erishmog’i uchun voqelikni ich-ichidan anglab yetishi kerak emasmi?
– Shubhasiz, shunday, – javob berdi Gyote, – muhabbat, nafrat, umid, umidsizlik va inson qalbiga xos ko’plab ehtiros va iztiroblar – bular shoirga berilgan tug’ma bilimlar, bularni tasvirlash shoirga qiyin emas, biroq, sud jarayoni yoki bo’lmasa imperatorga toj kiygizish marosimi haqidagi bilim tug’ma bo’lolmaydi, tasvir haqiqatga zid bo’lmasligi uchun shoir ularni yo o’z tajribasi asosida o’rganishi yoki boshqalardan o’zlashtirishi kerak. Masalan, «Faust»da qahramonning hayotdan hafsalasi pir bo’lgan holatini, shuningdek, Gretxenning sevgi iztiroblarini men antisipatsiya orqali namoyon qilishga erishganman, olaylik, quyidagi:
Qora tuman ichra bo’lib asira
Ma’yus nur taratar yarim oy xira,
(E.Vohidov tarjimasi)
misralarini yozish uchun tabiatni kuzatishimga to’g’ri keldi.
– Lekin, – dedim men, – «Faust»da biron satr yo’qki, unda butun borliq va hayotni o’rganishning aniq-ravshan izlari aks etmagan bo’lsin, bularning barisini sizga birov hadya qilmagani, ular o’z tajribangiz mevasi ekanligi shundoqqina ko’rinib turipti.
– Bo’lsa bordir, – javob qaytardi Gyote, – ammo agar men antisipatsiya orqali butun borliqni o’zimga singdirmaganimda edi, ko’zim ochiq tur-gani holda ko’r bo’lib qolardim, butun bilim va tajribam ham o’lik va bekorchi urinish bo’lib qolaverardi. Nur bor, ranglar bizni o’rab turib-di; biroq o’z ko’zimizda nur va ranglar bo’lmaganida edi, unda biz ularni ilg’ayolmagan bo’lardik.
1824 yilning 28 fevrali, shanba
– Shunday jiddiy odamlar ham borki, – dedi Gyote, – ular biror ishni yo’l-yo’lakay, qo’l uchida qilolmaydilar, ularning tabiati har bir ishni maromiga yetkazib bajarishni taqozo qiladi. Bunday iste’dodlar ba’zi-da ensamizni qotiradi, istagan narsamizni hozirning o’zidayoq ulardan ololmaymiz, ammo oliy maqsadga odam xuddi o’sha yo’l bilan yetishadi-da.
Men Ramberg haqida so’z ochdim.
– Endi bu tamoman o’ziga xos rassom, – dedi Gyote, – bunday iste’dod kishini quvontiradi, u tengi yo’q improvizator. Bir kuni u Drezdenda mendan mavzu berishimni so’radi. Men unga mana bu mavzuni berdim: Aga-memnon Troyadan vataniga qaytib, ikki g’ildirakli aravadan tushadi va uyining ostonasiga qadam qo’yganida yuragini vahima bosadi. Bu g’oyatda qiyin mavzu ekanligini inkor etib bo’lmaydi, boshqa rassom bo’lganida buning ustida uzoq mulohaza yuritgan bo’lardi. Ammo men fikrimni ay-tib ulgurmasimdanoq, Ramberg chizishga tutindi, uning mavzuni darhol aniq-tiniq o’zlashtirganidan hayratda qoldim, xolos. Rostini aytsam, Rambergning rasmlaridan bir nechasi qo’limda bo’lishini istayman.
Shundan so’ng boshqa, o’z asarlariga yuzaki munosabatda bo’ladigan, oxir-oqibat odatga qul bo’lib, san’atni gumdon qiladigan rassomlar haqida gurunglashdik.
– Odat, – dedi Gyote, – sirtdan qaraganda barqaror bir narsaga o’xshaydi-yu, lekin ijodkorga huzur bag’ishlamaydi. Tom ma’nodagi ulkan iste’dod egalari yaratuvchilikni oliy baxt deb biladilar. Roos charchash nimaligini bilmay o’z qo’y-echkilarining junlarini chizardi, mana shu cheksiz harakatdan ko’rinib turadiki, u ijod paytida eng beg’ubor huzur-halovatni his etardi, uni tezroq tugatishni xayoliga ham keltirmasdi.
O’rtacha qobiliyat egalariga bunday san’at yetishmaydi; ish paytida ularning ko’z oldida tayyor asar orqasidan kelishiga ishonishadigan daromad turadi, xolos. Bu taxlit manfaatni ko’zlovchi maqsadlar bilan hech qachon buyuk asar yaratib bo’lmaydi.
1824 yilning 22 marti, dushanba
Tushlikdan oldin Gyote bilan uning bog’iga bordik. Bu bog’ Ilm daryo-sining narigi qirg’og’ida, park yaqinida, tepalikning g’arbiy yonbag’rida yastangan bo’lib, chinakam xushmanzara joy. Shimoli-sharqiy shamollardan pana, janub va g’arbdan keluvchi iliq hamda yoqimli havo oqimi yaxshi o’tib turadigan bu go’sha ayniqsa kuz va bahor oylarida ta’rifga sig’mas darajada go’zallashib ketadi.
Havo yozdagidek yoqimli edi; janubi-g’arb tomondan mayin shabada esardi. Tiniq osmonning ba’zi-ba’zi joylarida qora bulut parchalari suzib yurardi; huv tepada tarqalib borayotgan parsimon bulutlar ko’zga tashlanadi. Bulutlarni diqqat bilan kuzatgach, ko’rdikki, pastda suzib yurgan to’da-to’da bulutlar tarqalib borardi, Gyote shundan xulosa chiqarib, barometr ko’tarilgan bo’lsa kerak, dedi.
U barometr millarining tushishi va ko’tarilishi haqida ko’p gapirdi va buni «namlikning inkori va tasdig’i» deb atadi. Shu bilan birga u abadiy qonunlar asosida yerning nafas olishi va nafas chiqarishi haqida, borgan sari namlik oshib boraversa, suv toshqini yuz berishi mumkinli-gi haqida ham gapirdi. Bundan tashqari: har bir joy o’z atmosferasiga ega, ammo shunga qaramasdan, Ovrupoda barometr ko’rsatkichlari hamisha bir xil. Tabiat nomutanosib, shunchalik istisno holatlarga qaramasdan qonuniyatni aniqlash qiyin kechadi, dedi.
U menga shu taxlit hayotiy o’gitlarini singdirarkan, bog’ning qumloq yo’lagida u yoqdan-bu yoqqa borib kelardik. Biz bir uyga yaqinlashdik, Gyote xizmatkoriga uy eshigini ochishni buyurdi, keyinroq uy ichini menga ko’rsatmoqchi edi. Uyning oqlangan sirtqi devorlari bo’ylab atirgul tuplari chirmashib ketgan, hatto tomgacha yetgan edi. Uyni aylanib chiqib, nihoyatda hayratga tushdimki, atirgul tuplarining butoqlarida o’tgan yozdan beri saqlanib qolgan xilma-xil qushlarning inlari bo’lib, ular hozir yaproqlar to’kilib ketgani sababli shundoqqina ko’rinib turardi, ayniqsa, bu yerda urug’xo’r sayroqi qushlarning inlari ko’p edi, ular o’z inlarini yerga yaqin joyga ham, yuqoriroqqa ham quraverishardi.
Keyin Gyote meni uy ichiga boshlab kirdi, o’tgan yili yozda bu yerga ki-rish nasib qilmagan edi, uning devorlariga karta va gravyuralar hamda Gyotening bo’yi baravar rangli portreti osib qo’yilgan edi, uni Meyer ikkovlari Italiya safaridan qaytib kelishgandan so’ng ishlagan edilar.
Gyote rasmda qirchillama yoshda, quyoshda qoraygan, xiyla baquvvat ko’rinardi. Biroz sokin chehrasidagi ifoda juda jiddiy, go’yo ro’parangda kelgusida qilinajak ishlar yuki yelkasini zildek bosib turgan odamni ko’rayotgandek bo’lasan kishi.
Biz zinapoya orqali yuqoriga ko’tarildik; u yerda uchta xona va bitta hujracha bo’lib, hammasi juda kichik va aytarli hech qanday qulayliklar yo’q edi. Gyote bu yerda ilgarilari uzoq yashab, xotirjam, mazza qilib ijod qilganini esladi.
Xonalarning havosi ancha salqin edi ; biz yana ochiq havoga chiqishga shoshildik. Tushki quyosh nurlari ostida bosh yo’lak bo’ylab yurarkanmiz, suhbat mavzui hozirgi adabiyotga burildi, Shelling (1775 – 1854; nemis faylasufi) haqida, boshqalar qatori Platenning yangi p`esalari haqida gaplashdik.
Bog’ning tepalik yonbag’ridagi yuqori qismi yalanglik bo’lib, unda yak-kam-dukkam mevali daraxtlar o’sib yotardi . Yo’lkalar yuqoriga ilonizi bo’lib chiqib, cho’qqini aylanib o’tadi-da, tag’in pastga tushib ketadi, bu menda atrofni yuqoridan turib tomosha qilish istagini tug’dirdi. Gyote o’sha yo’lkalar bo’ylab mendan oldinda tepaga ko’tarila boshladi, men uning bardamligidan quvondim. Yuqorida, buta to’siq yonida moda tovusni uchratdik, u aftidan gertsog bog’idan bu yoqqa o’tgan bo’lsa kerak. Gyotening aytishicha, u yoz kunlari tovuslarni chorlab, ularga don berib, bu yerga o’rgatarkan.
Ilonizi yo’lkaning boshqa tarafi bo’ylab tushib kelarkanman, butalar bilan o’ralgan, ustiga mashhur she’rning quyidagi misrasi o’yib yozilgan toshni ko’rib qoldim:
Ushbu sokinlikda o’z ma’shuqasin esladi oshiq.
Nazarimda men antik davr yodgorligi oldida turgandek edim. Buning yonginasida pastakkina emanlar, archalar, qayinlar, qora
qayinlar o’sib yotgan chakalakzor bor edi. Archalar ostidan yirtqich qushning to’kilgan patlarini topib oldim, bularni Gyotega ko’rsatgan edim, u bunday narsalar bu yerlarda tez-tez topilib turishini aytdi, o’yladimki, demak, ushbu archalar bu yerlarda ko’plab uchraydigan, boyo’g’lilar in qo’yadigan sevimli joy ekan. Chakalakzorni aylanib o’tib, biz yana uyning yonidagi bosh yo’lkaga – emanlar , archalaru qayin va qora qayinlar to’sib, yarim doira hosil qilgandi, bu yerdagi yumaloq stol atrofiga qo’yilgan stulchalarga joylashdik.
– Jazirama yoz kunlari, – dedi Gyote, – men uchun bu yerdan yaxshi manzil bo’lmaydi. Mana shu daraxtlarni bundan qirq yil avval o’z qo’llarim bilan ekkanman, ularning bo’y cho’zishlarini ko’rib quvonganman, mana endi necha yillardan beri ularning soyasida huzur qilib o’tiraman. Bu emanlar, qora qayinlarning barglari orasidan har qanday kuydiruvchi quyosh nuri ham o’tolmaydi; issiq yoz kunlari tushlikdan keyin shu yerga kelib o’tiraman, o’tloq va bog’da shunaqa sukunat hukm suradiki, bunday paytni qadimgilar «Pan uxladi» deyishgan.
Shu payt shahardan soat ikkiga zang urilgani eshitildi va biz ortga qaytdik.
1824 yilning 9 dekabri, payshanba
Kechga tomon Gyotenikiga bordim. U menga do’stona qo’l uzatdi, salom-lasharkan, Vaymar davlat arxiv rahbari Shelgorn yubileyi munosabati bilan yozgan she’rimni maqtadi. Men o’z navbatida unga inglizlar takli-fini rad etib, xat yozib yuborganimni ma’lum qildim.
– Xudoga shukr, – dedi u, – mana endi bo’sh va xotirjamsiz. Men sizni yana bir narsadan ogohlantirmog’im lozim. Hali kompozitorlar kelishadi-da, sizdan opera librettosini yozib berishingizni iltimos qilishadi; buni ham rad eting va o’z so’zingizda qat’iy turing, bu ham vaqt sarflashga arzimaydigan befoyda mashg’ulot.
Shundan so’ng Gyote, Bonnga, “Pariya”ning ( nemis dramaturgi Mixail Ber (1800-1833) yozgan fojiaviy asar) muallifiga Nis fon Ezen-bek orqali teatr dasturini jo’natganini aytdi, bu dasturdan shoir o’z p`esasi bu yerda qo’yilayotganini bilib oldi.
– Umr qisqa, – qo’shib qo’ydi u, – odamlar bir-birlariga yaxshilik qilishga intilishlari kerak.
Uning qarshisida Berlin gazetalari yotardi, u Peterburgdagi dahshatli suv toshqini haqida gapirdi. Mana, o’zingiz o’qib oling, deya gazetani uzat-di. Keyin Peterburg joylashgan yerning noqulayligini aytdi-da, kulib Russoning: olov purkab turgan vulqon yaqiniga shahar qurib, zilzilani bartaraf etolmaysan, degan gaplarini esladi.
– Tabiat o’z yo’lida davom etaveradi , – dedi u, – biz qoidadan tashqari deb o’ylagan narsa – aslida qoidaning o’zi.
Suhbat yo’sini deyarli barcha sohillarda quturgan bo’ronga, gazetalar-da yozilayotgan boshqa tabiat hodisalariga burildi. Men Gyotedan, bular o’rtasida qanday bog’liqlik borligini bilib bo’ladimi, deb so’radim.
– Buni hech kim bilmaydi, – javob berdi Gyote, – biz bunday sirli hodisalar haqida tasavvurga ham ega emasmiz, qanday qilib u haqda fikr bildiraylik.
Xizmatkor bosh me’mor Kudre va professor Rimer tashrif buyu-rishganini bildirdi; ular kirib o’tirishdi va gurung mavzusi yana Peterburgdagi suv toshqini borasida davom etdi , Kudre Peterburgning joylashish holati, Neva daryosining unga doimo xavf solib turishi va boshqa jihatlar to’g’risida mufassal ma’lumot berdi.

Download 195.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling