Yohann Peter Ekkerman. Gyote bilan gurunglar


Download 195.1 Kb.
bet5/7
Sana18.06.2023
Hajmi195.1 Kb.
#1555807
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Hujjat (1)

BIRINCHI QISM

1823


Vaymar, 1823 yilning 10 iyuni, seshanba
Bu yerga kelganimga bir necha kun bo’ldi; faqat bugun Gyote huzuriga keldim . U meni quchoq ochib kutib oldi, Gyotening menda qoldirgan taas-suroti shu darajada ediki, men bu kunni hayotimdagi eng baxtli kun deb hisoblayman.
Kecha unikiga kelishga ruxsat so’rab xat yozganimda u bugun tush paytiyoq kelishimga ruxsat bergandi. Shunday qilib, belgilangan vaqtda keldim, xizmatkor meni yuqoriga kuzatib chiqish uchun eshik oldida kutib turardi.
Uyning ichkari qismi menda o’ta yoqimli taassurot qoldirdi; har qanday dabdabadan xoli, hamma narsa juda oddiy va asl edi, zinapoyalarda turgan antik haykallarning nusxalari Gyotening tasviriy san’atga hamda qadim yunon tarixiga qiziqishidan dalolat berardi. Pastki qavatda bir qancha ayollar uy yumushlari bilan u yoqdan-bu yoqqa yelib-yugurishardi, Ot-tiliyaning kelgan o’g’illaridan biri yaqin kelib, menga samimiy nigoh ila boqdi.
Atrofga biroz nazar tashlab olgach, g’oyatda so’zamol xizmatkor hamrohligida ikkinchi qavatga ko’tarildim. U ostonasida samimiy mehmondo’stlikning ramzi “Xush kelibsiz” (“Salve”) degan yozuv bo’lgan xonaning eshigini ochdi , men o’sha yozuv ustidan hatlab ichkariga kirdim. U meni shu xona orqali xiyla kattaroq ikkinchi xonaga boshlab o’tdi va men haqimda xo’jayiniga xabar bergunicha shu yerda kutib turishimni so’radi. Xonaning havosi salqin va orombaxsh edi. Yerga gilam to’shalgan, qizil kanape (bosh tomoni xiyol ko’tarilgan kichikroq divan) va shu rangdagi stullar xona ko’rkiga ko’rk qo’shar, burchakda royal turar, devorlarga turli kattalikdagi rasm va kartinalar osilgandi.
Ro’paradagi ochiq eshikdan xuddi shunday kartinalar ilingan tag’in bir xona ko’rinib turar, xizmatchi o’sha orqali o’tib, men haqimda xabar qildi. Ko’p kuttirmay Gyote chiqib keldi: ustida syurtuk, oyog’ida tufli…
Qanchalar ulug’vor qiyofa! Hayratdan lol bo’lib qoldim. Biroq u darhol xushmuomalalik bilan so’z qotib, mendagi dovdirashga barham berdi. Divanga o’tirdik. Men uni ko’rib turganim, uning yonginasida o’tirganimdan shu qadar baxtli edimki , unga biron og’iz so’z aytolmasdim. U darhol mening qo’lyozmam haqida so’z ochdi.
– Men hozir go’yo Sizning yoningizdan kelayotgandekman, – dedi Gyote, – ertalabdan beri Sizning ishingizni o’qiyapman, u hech bir tavsiyanomaga muhtoj emas, o’zi o’ziga tavsiyanoma.
Keyin u tasvirning aniqligini, fikriy izchillikni maqtadi va bularning bari yaxshi o’ylanganini, puxta asosga qurilganini aytdi.
– Men uni tezroq kitob holida ko’rishni istayman, – davom etdi u, – bugunoq otliq pochta bilan Kottaga xat yuboraman, ertaga qo’lyozmani karetada jo’nataman.
Men unga nigohim bilan minnatdorchilik bildirdim. So’ng mening bundan keyingi safarim haqida so’zlashdik. Maqsadim, Rayn viloyatiga borib, u yerda bironta tinch joyni topgach, yangi bir narsa ustida ishlamoqchiligimni aytdim, so’ng Yenaga borib, o’sha yerda janob Kottaning javobini kutmoqchiligimni bildirdim.
Gyote Yenada tanishlarim bor-yo’qligini so’radi. Men janob Knebel (Knebel Karl Lyudvig fon (1744–1834) – yozuvchi, Gyotening yaqin do’sti, Vaymar shahzodasi Konstantinning muallimi.) huzuridan panoh topish niyatim borligini bildirgandim, u meni yaxshi qabul qilishlari uchun xat yozib berishini aytdi.
– Harholda yaxshi bo’ldi, – dedi u. – Siz Yenada bo’lsangiz, bir-birimizga yaqin bo’lamiz, borib-kelib turamiz, zarur bo’lganda xat yozi-shimiz ham mumkin.
Biz xotirjam, do’stona kayfiyatda uzoq gaplashdik. Gyotega turib aytmoqchi bo’lgan so’zimni yo’qotdim, unga qarab to’ymasdim. Yuzi bug’doyrang, serajin, har bir ajin ma’noga to’la. Unda shunchalar oliy-janoblik va qat’iyat, shunchalar bosiqlik va ulug’vorlik hukmron ediki…
U sokin, shoshmasdan so’zlar, go’yo ulug’ rohib so’zlayotgandek tuyulardi menga. Nazarimda u o’zgacha bir olam edi, har qanday maqtovu tanqidlardan yuqori turardi. Uning yonida o’zimni erkin his qilardim; shu lahzada meni g’aroyib xotirjamlik o’z og’ushiga olgandi.
U yozgan xatim haqida to’xtalib, fikrim to’g’ri ekanligini uqtirdi, ya’ni agar odam bir narsani aniq bayon eta olsa, u boshqa ko’p narsalarning ham uddasidan chiqa oladi.
– Nimalar bo’layotganiga o’zim ham hayronman, – dedi u keyin.
– Berlindagi bir qator oliyjanob do’stlarimni yaqinda esladim-u, shunda Siz ham yodimga tushdingiz, – dedi u, shu so’zlarni aytarkan, muloyim jilmayib. So’ngra Vaymarda nimalarni ko’rishim lozimligini uqtirdi va menga hamroh bo’lishni kotibi janob Kreyterdan iltimos qilishini aytdi. Eng avvalo teatrga borishni esdan chiqarmasligimni tayinladi. Shundan so’ng qaerda to’xtaganimga qiziqdi va meni yana ko’rmoqchi ekanligini, imkon bo’lgan zahoti odam yuborishini qo’shib qo’ydi.
Biz quyuq xayrlashdik. Men baxtli edim, negaki, uning har bir so’zidan xayrixohlik yog’ilib turar va unga ma’qul bo’lganimni his etardim.
1823 yilning 11 iyuni, chorshanba
Bugun ertalab Gyotenikiga taklifnoma oldim, buni u o’z qo’li bilan yozgan edi. Uning huzurida bir soatcha bo’ldim. Bugun u menga kechagiga nisbatan xiyla boshqacha ko’rindi, u baayni yosh yigitchadek qat’iyatli va chaqqon edi. U oldimga qo’llarida ikkita qalin kitob bilan chiqib keldi.
– Afsus, – dedi u, – bu yerdan tez jo’nab ketyapsiz-da, ikkalamiz bir-birimizni yaqindan bilib olsak, yaxshi bo’larmidi? Men siz bilan tez-tez ko’rishib, suhbatlashib turishni istayman.
«Frankfurt ilmiy axborotnomasi»ning 1772–73 yillardagi mana bu ikki jildida mening o’sha davrda yozgan deyarli barcha kichik-kichik taqrizlarim bosilgan. Ularga imzo qo’yilmagan; siz mening uslubim va fikrlash tarzimni yaxshi bilasiz, shu sababli ularni boshqa taqrizlar ichidan topa olasiz. Istagim, yoshlikda yozilgan mana shu ishlar bilan yaqindan tanishsangiz va ular haqidagi fikringizni aytsangiz. Ular kelgusidagi asarlarim to’plamiga kiritishga arziydimi-yo’qmi, shuni bilmoqchiman. Ular yodimdan deyarli chiqib ketgan, bu haqda biron narsa deyishdan ojizman. Ammo siz yoshlar, ularning sizlar uchun qizig’i bormi-yo’qmi, hozirgi kunda adabiyot uchun ular nechog’lik foydali ekanligini darhol payqaysizlar. Men ularning ro’yxatini tuzishni buyurdim, asli bilan qiyoslash uchun, keyin sizga beraman. Mufassal tahlil qilingandan so’ng, u yer-bu yerini tuzatish yoki biron fikr qo’shish kerakmi-yo’qmi, o’zi ma’lum bo’lib qoladi.
Bu ishga jon-jon deb kirishaman, deya javob qildim. Yagona istagim – buni qo’limdan kelgancha uning ko’nglidagidek qilib bajarish.
– Biroz shug’ullangach, o’zingizgayam ma’qul bo’lib qoladi, – javob berdi u, – bu ish bemalol qo’lingizdan keladi, ish o’z-o’zidan yurishib ketadi.
Keyin u sakkiz kunlardan keyin Marienbadga ketmoqchiligini ma’-lum qildi, ungacha mening Vaymarda bo’lib turishimni, shu muddat ichida ko’rishib, suhbatlashib, bir-birimizni yaqindan bilib olishimiz mumkinligini aytdi.
Yana bir istagim, – qo’shib qo’ydi u, – Siz Yenada bir necha kun yoki hafta emas, balki butun yoz bo’yi, men Marienbaddan qaytgunimcha yashab tursangiz. Kecha men u yoqqa siz uchun turar joy va
boshqa masalalar bo-rasida xat jo’natdim, u yerdagi sharoitingiz qulay va ko’ngildagidek bo’lsa deyman. U yerda bilimingizni oshirish uchun ko’pdan-ko’p manbalar, yordamchi vositalarni topasiz, ilmli, mehmondo’st davralarga duch kela-siz, go’zal tabiatni-ku aytmasayam bo’ladi. Siz u yerda yangi narsa yozish-gayam imkoniyat topasiz va bo’sh vaqtingiz ham bo’ladi, shu orada mening topshiriqlarimni ham bajarasiz.
Bunday samimiy taklifga e’tiroz bildirolmadim va uni quvonch bilan qabul qildim. Ketayotganimda u menga yanayam mehribonlik ko’rsatdi hamda ertadan keyin suhbatlashmoq uchun yana biron soatga kelishimni so’radi.
1823 yilning 16 iyuni, dushanba
Shu kunlarda men bir necha bor Gyotenikida bo’ldim. Bugun biz asosan ishlar haqida so’zlashdik. Uning Frankfurtdagi taqrizlari xususida ham so’z ochdim, ularni o’qish-o’rganish yillarining aks-sadosi deb aytgandim, bu gapim ma’qul keldi shekilli, o’sha yoshlikdagi bitiklarga qanday nuqtai nazardan yondoshish lozimligini belgilab berdi.
So’ngra u menga «San’at va moziy» jurnalining dastlabki o’n bir sonini berib, ularni “Frankfurt taqrizlari” bilan birga ikkinchi topshiriq sifatida Yenaga olib ketishimni aytdi.
– Istardimki, – dedi u, – bu jurnallarni yaxshilab o’rganib chiqsangiz, nafaqat bularning umumiy mazmuniga e’tibor qilsangiz, balki qay biri maromiga yetmagan, shuniyam belgilab chiqsangiz.
Yena, 1823 yilning 15 sentyabri, dushanba
Gyote Marienbaddan eson-omon qaytib keldi, biroq uning bu yerdagi bog’-uyidagi sharoit uncha ko’ngildagidek bo’lmagani bois Yenada bir necha kun turishga qaror qildi. U shu qadar sog’lom va tetik ediki, soatlab piyoda yo’l bosishi mumkin, uni bunday ko’rish chinakam baxt edi. Quvona-quvona ko’rishib-so’rashib olganimizdan keyin Gyote ishlarim haqida so’z ochdi.
– Ochig’ini aytsam, – dedi u, – Siz shu qishni mening yonimda, Vaymarda o’tkazsangiz deyman. – So’ng darhol maqsadga ko’chdi: – She’riyat tahlili va tanqidi masalasida sizga hech bir e’tiroz yo’q, bu sizning qoningizda bor. Bu sizdagi tug’ma iste’dod, uning etagidan tutishingiz kerak, ke-lajakda u sizning butun hayotingizni ta’min etadi. Aynan shu sohaga tegishli bo’lmagan yana ko’p narsalar borki, ularniyam o’zlashtirishingiz kerak bo’ladi. Lekin bu narsalarga juda ko’p vaqt ajratib o’tirmaslik, ularni tezroq hal qilish lozim. Qish bo’yi Vaymarda yashab, pasxagacha shu qadar ko’p narsalarni bilib olasizki, bunga o’zingiz ham hayron qolasiz. Qo’lingizda eng yaxshi manbalar bo’ladi, bunday qo’llanmalarning bari menda mavjud. O’shanda siz oyog’ingiz ostida mustahkam zaminni his eta-siz, qoniqish va o’zingizga ishonch paydo bo’ladi.
Bu taklifdan behad quvondim va tamoman uning istak-irodasiga bo’ysunishimni aytdim.
– Shu yerga yaqin joydan boshpana topishning o’zim g’amini yeyman – davom etdi Gyote. – Bu qish sizning har bir daqiqangiz mazmunli o’tishi
kerak. Vaymarda ko’p yaxshi narsalarga duch kelasiz, katta shaharlardan zinhor farq qilmaydigan davralarda bo’lasiz. Shaxsan menikiga juda ko’p taniqli kishilar tashrif buyurishadi. Asta-sekin ular bilan tanishasiz, bunday muloqotlardan behad ruhiy-ma’naviy ozuqa olasiz.
Gyote bir qator mashhur nomlarni aytdi va har birining alohida xiz-matlarini qisqa-qisqa bayon qildi.
– Bir qarich zaminning, – so’zida davom etdi u, – yana qaeridan shunday ezgu narsalarni topasiz! Bundan tashqari puxta jamlangan kutubxona, boshqa birorta nemis shaharlaridagi teatrlarga hecham bo’y bermaydigan teatr ham bor . Yana qaytaraman: yonimizda qoling, faqat bir qishgagina emas, Vaymar sizning doimiy turar joyingiz bo’lib qolsin. Bu yerdan dunyoning istalgan burchagiga yo’l va darvozalar bor. Yozda sayohat qilasiz, nimani ko’rishni istasangiz o’z vaqtida ko’raverasiz. Men Vaymarda el-lik yildan beri yashayman, qaerlarda bo’lmadim deysiz! Ammo hamisha Vaymarga sog’inch bilan qaytib kelaman.
Men yana Gyotening yonida ekanligimdan, uning so’zlarini tinglayotga-nimdan baxtli edim, unga jon-dilim bilan sodiqligimni his etardim. Toki mening yonimda faqat sen bor ekansan, bundan keyin ham bo’lsang, deya o’yladim men, boshqa hamma ishlar bitaveradi. Mening mavqeimni yaxshilash uchun unga ma’qul hamma ishlarni qilishga tayyor ekanligini takror va takror aytdi-ya.
Yena, 1823 yilning 18 sentyabri, payshanba
Kecha ertalab Gyotening Vaymarga jo’nab ketishi oldidan u bilan yana bir soatcha o’tirish baxtiga muyassar bo’ldim. U butun hayotimga samarali ta’sir ko’rsatgan, men uchun naqadar qimmatli fikrlarni aytdi. Germa-niyadagi barcha yosh shoirlar buni bilishlari lozim, bu so’zlar ular uchun ham behad foydalidir . U gapni, bu yil yozda men she’r yozdimmi-yo’qmi, shundan boshladi. Men bir nechta she’rlar yozganimni, ammo ular ustida unchalik ilhom bilan ishlamaganimni aytdim.
– Katta ishlarga urinishdan ehtiyot bo’ling, – dedi u shunda, – ko’plab zo’r shoirlarimiz, ayni o’sha iste’dodli va intiluvchanlari ana shu kasalga yo’liqishgan. O’zim ham shunday edim, bu bilan ko’p narsani yo’qotdim. Qancha yozganlarim bekor ketdi! Qo’limdan keladigan narsalarni yozganim-da edi, asarlarim yuz jilddan oshib ketardi.
Hozirgi davr o’z haq-huquqlarini o’rtaga qo’yadi; shoir qalbida kechgan fikrlaru his-tuyg’ular har kuni qog’ozga tushishini xohlaydi va shunday bo’lishi kerak. Agar sen kattaroq asarni mo’ljallagan bo’lsang, unda uning yonidan hech narsa o’sib chiqmaydi, u sening barcha fikrlaringni ortga chekintiradi va o’zing ham hayotdagi barcha xushyoqar narsalardan mosuvo bo’lasan. Yirik narsani ma’lum bir qolipga solish, tartibga keltirish uchun qanchalar g’ayrat, ruhiy kuch-quvvat sarflashing kerak. Miyangdagi fikrlaringni risoladagidek ifoda etish uchun tinch-xotirjam shart-sharoit zarur bo’ladi. Bordi-yu sen muhim joyida xatoga yo’l qo’ysang, hammasi chippakka chiqadi; o’sha kattadan -katta asaringning ma’lum o’rinlarida mavjud materialdan keragicha foydalana bilmasang, unda asaringning u yoki bu joyida nuqsonlar yuzaga keladi va buning uchun seni tanqid qilishadi. Ana o’shanda shoirning ter to’kib qilgan butun mehnati evaziga mukofot va quvonch o’rniga tinkasi qurib, hafsalasi pir bo’lgani qoladi. Aksincha, shoir kundagi tug’ilgan fikrini kunda miyasida pishitib, yangiligida qog’ozga tushiraversa, o’shanda ezgu bir narsa yaratgan bo’ladi, qaysidir yozgani yaxshi chiqmasa ham, hech gap emas.
Misol uchun kyonigsberglik Avgust Hagenni (1797–1880; shoir va san’atshunos) olaylik – ajoyib is-te’dod egasi; uning ‘‘Olfrid va Lizena’’sini o’qigandirsiz? Shunaqa joylari borki, qoyil qolmay iloj yo’q; Boltiq bo’yidagi hayot, u yerning tabiati ajoyib tasvirlangan. Bular ayrim o’rinlar, xolos, butun asar esa hech kimni to’lqinlantirmaydi. Axir buni yozguncha ozmuncha kuch-quvvat, mehnat sarflanganmi! O’shani yozguncha adoyi-tamom bo’ldi hisobi. Endi u bir fojea yozibdi.
Gyote jilmayib qo’ydi-da, bir zum jim qoldi. Shundan foydalanib men so’z qotdim va agar adashmasam, Siz «San’at va moziylik» jurnalida Hagenga, faqat mayda syujetlar ustida ishlashni maslahat bergandingiz, dedim.
– Shunday degandimku-ya, – javob qildi Gyote, – lekin kim ham biz keksalarning aytganini qiladi? Har biri nima qilishni o’zim yaxshiroq bilaman, deb o’ylaydi, shu yo’lda kimdir nobud bo’ldi, boshqasi yo’l to-polmay qiynaldi. Ammo hozir adashishning payti emas, biz, keksalar, buni boshimizdan o’tkazdik, agar siz yoshlar yana shu yo’ldan borsanglar, bizlarning adashishu izlanishlarimizdan nima foyda? Bu holda, ol-dinga siljib bo’lmaydi! Xatolarimizni biz keksalarning yuziga solib bo’lmaydi, negaki, biz tayyor yo’ldan bormadik; biroq keyinroq dunyoga kelganlardan talab boshqacha bo’ladi, ularning adashishga haqlari yo’q, keksalarning maslahatlariga quloq tutib, to’g’ri yo’ldan borishlari lozim. Maqsadga tomon qadam tashlashning o’zigina yetarli emas, har bir tashlangan qadamning o’zi maqsad bo’lmog’i va yana oldga qadam tashlanmog’i kerak.
Bu so’zlarning mag’zini chaqib ko’ring, o’ylang, ulardan qaysilari sizga asqotishi mumkin. To’g’risini aytganda, mening maslahatlarim sizning hozirgi holatingizga to’g’ri kelmaydigan bosqichdan tezroq chiqib ke-tishingizga ko’mak bersa, deyman. Ma’lum muddatgacha mayda syujetlar ustida ishlab yuring, Sizga manzur bo’layotgan tuyg’ularni peshma-pesh qog’ozga tushiring, shu tariqa qandaydir ezgu ishni amalga oshirasiz va har bir kuningiz sizga quvonch keltiradi. She’rlaringizni dastlab gazeta-jurnallarga bering; birovlarning talablariga emas, balki o’z qalbingiz ovoziga quloq tuting.
Men Gyotega yil fasllari haqida doston yozish, unda turli tabaqa va-killarining mashg’ulotlari va xursandchiliklarini tasvirlash niyatida ekanligimni aytdim.
– Mana shuni aytdim-da, – dedi bunga javoban Gyote, – ehtimol, ko’p narsalar qo’lingizdan kelar, ammo hali siz yetarlicha bilib ololmagan, mag’zini chaqolmagan ayrim jihatlarda oqsab qolishingiz mumkin. Ma-salan, baliqchini maromida tasvirlarsiz-u, ovchining tasviri chiqmay qolar. Bordi-yu butun asarda nimadir yaxshi chiqmay qolsa , bu, butun asar muvaffaqiyatsiz chiqdi, degani bo’ladi. Ayrim o’rinlar yaxshi bo’lgani bilan baribir, yetuk asar yozdim, deb aytolmaysiz. Kuchingiz yetadigan o’sha alohida o’rinlarni tasavvuringizda mustaqil bir holatda jonlantirish-ga urinib ko’ring-da, yozing, ishonamanki, go’zal bir asar chiqadi. Ayniqsa, ogohlantirib aytayki, o’zingizning cheksiz xayollaringiz ketidan erga-shing: bu har bir narsaga nisbatan aniq nuqtai nazarni talab qiladi, yosh-likda bunday nuqtai nazar hali pishib yetilmagan bo’ladi. Keyin: asardagi timsollar o’z dunyoqarashlari bilan shoirga bog’liq bo’lmagan bir tarzda hayot kechira boshlaydilar va undagi keyingi ijodi uchun kerak bo’ladigan ruhiy boyligini o’zlashtiradilar. Va nihoyat: uzuq-yuluq qismlarning ma’nosini joyiga keltirib bir-biriga bog’lash, tartibga keltirish uchun qancha vaqt sarflanadi, agar kishi o’z ishini qoyillatib bajarganida ham, hech kim, “o’h-ho’ qoyil ish bo’libdi’’, demaydi. Tayyor syujet bo’lsa ish xiyla oson ko’chadi. Bu yerda fakt va xarakterlar tayyor, badiiy qolipga solinsa kifoya. Bunda vaqt ham, kuch-quvvat ham kam sarflanadi, chunki u tayyor materialni ma’lum shaklga soladi, xolos. Yana bir gap: men oldin ishlangan syujetlarga murojaat qilishni maslahat beraman.
Gyotening so’zlaridan o’zimni xuddi bir necha yilga ilgarilagandek his etdim, haqiqiy ijodkor bilan uchrashish nechog’lik baxt ekanligini butun qalbim bilan yana bir bor anglab yetdim. Buning foydasini hech narsa bilan o’lchab bo’lmaydi.
Vaymar, 1823 yilning 2 oktyabri, payshanba
Kecha rohatijon havoda Yenadan keldim. Mening Vaymarga qaytganimni qutlash tarzida kelganim zahotiyoq Gyote teatrga yubordi. Gyotening uyi gavjum – Frankfurtdan farang elchisi graf Raynhard (1761–1837; graf, frantsuz diplomati.), Berlindan pruss davlat maslahatchisi Shults (1781–1834; Prussiya davlat maslahatchisi) uni ziyorat qilish uchun tashrif buyurishgan edi.
Bugun ertaroq Gyotenikiga keldim. U mening qaytib kelganimdan xur-sand bo’ldi. Ketmoqchi bo’lgandim, u maslahatchi Shults bilan tanishtirish maqsadida to’xtatdi. Meni yondagi xonaga boshlab kirdi, u yerda janob Shults san’at asarlarini tomosha qilish bilan band edi, Gyote meni unga tanishtirdi-da, ikkovimizni yolg’iz qoldirib chiqib ketdi.
– Sizning Vaymarda qolganingiz, – darhol so’zga kirishdi Shults, – Gyotening hozirgacha nashr etilmagan asarlarini tahrir qilishda yordam bermoqchi bo’lganingiz juda yaxshi bo’lipti. U menga, siz bilan hamkorlikdan qanday manfaat kutayotganini, ayrim boshlab qo’ygan yangi asarlarini nihoyasiga yetkazish niyatida ekanligini aytdi.
Men unga javoban, nemis adabiyotiga foyda keltirishdan o’zga maqsadim yo’qligini, shu yerda sermahsul faoliyat ko’rsataman, degan umidda o’zim ko’zlagan adabiy rejalarimni hozircha bir chetga qo’ya turishni lozim topganimni aytdim.
– So’zsiz, – dedi Shults , – Gyotedek benazir inson va ijodkorning shax-siy ta’siri tengsizdir . Men ham ana shu buyuk dahoning fikridan bir bor oziqlanish uchun bu yerga keldim.
Shundan so’ng u o’tgan yili yozda yozgan kitobimning nashri bilan qiziqdi. Men, yaqin kunlarda dastlabki nusxalarini olishim mumkinli-gini, agar u o’sha muddatgacha bu yerda qololmasa, Berlinga uning nomiga bir nusxani jo’natishimni aytdim. Shu bilan biz samimiy qo’l qisishib, xayrlashdik.
1823 yilning 14 oktyabri, seshanba
Bugun kechqurun ilk daf’a Gyotenikida tantanali ziyofatda ishti-rok etdim. Men birinchi bo’lib keldim va biridan ikkinchisiga kirib boriladigan, eshiklari lang ochiq charog’on xonalarni ko’rib yuragim hapriqib ketdi. So’nggi xonalardan birida Gyoteni ko’rdim, u g’oyatda quvnoq kayfiyatda meni qarshi oldi. Qora frak va ko’kragidagi nishon unga g’oyat yarashgan edi. Biz bir muddat yolg’iz qoldik va shifti naqshdor xonaga o’tdik, u yerda qizil divan tepasiga osilgan «Aldobranda to’yi» deb nomlangan kartina diqqatimni tortdi. Ustidagi yashil parda chetga surib qo’yilgan kartina to’la yoritilgan holda ko’z oldimda turar va uni tomosha qilib, zavq olardim.
– Ha, – dedi Gyote, – qadimgi ijodkorlarda nafaqat buyuk g’oyalar bo’lgan, balki ular g’oyalarni ro’yobga chiqarishni ham bilishgan. Biz, yangi zamon kishilarida ham ulkan g’oyalar bor, biroq
ularni o’zimiz xohlagandek yorqin va tiniq qilib tasvirlab berolmaymiz.
Shu payt saroy a’yonlaridan bir qancha janob va xonimlar kirib ke-lishdi. Gyotening o’g’li va kelini fon Gyote xonim ham tashrif buyurishdi, ular bilan men ilk bor tanishdim. Xonalar borgan sari to’lib borar, hammayoqda xush kayfiyat va ko’tarinkilik hukm surardi. Yana bir necha go’zal, yosh xorijiy mehmonlar ham kelishdi, ular bilan Gyote farang tilida gaplashdi.
Davra menga yoqdi, hamma o’zini emin-erkin tutar, kim tik turgan, kim o’tirgan, kim kulgan, kim hazillashgan, xullas, kim kimni xohlasa, o’sha bilan so’zlashardi. Biz esa yosh Gyote ikkovimiz yaqinda teatrda qo’yilgan Huvald (1778–1845; dramatur)gning ‘‘Portret’’ asari haqida suhbatlashdik. Spektakl` xususida fikrimiz bir joydan chiqdi, yosh Gyote voqealarni to’lib-toshib tahlil qilishidan quvondim.
Gyotening o’zi mehmonlarga o’ta seriltifot bo’ldi. U goh unisi, goh bu-nisining yoniga borar, o’zi kam gapirar, ko’proq mehmonlarning so’zlashiga imkon berardi. Fon Gyote xonim uning yoniga tez-tez kelar, erkalanib unga suykalar, uni o’pardi. Yaqinda men unga, teatr menga katta quvonch bag’ishlayotganini, spektakllarni huzur qilib tomosha qilayotganimni, ammo ular haqida chuqur mulohazaga berilmasligimni aytgandim. U buni ma’qulladi va bu ayni damdagi kayfiyatimga mos ekanligini aytdi.
Shoir fon Gyote xonim bilan yonimga yaqinlashdi.
– Bu mening kelinim, tanishib olgandirsizlar?
Biz tanishib olganligimizni bildirdik.
– U ham xuddi sendek teatr ishqibozi, Ottiliya, – davom etdi u, biz esa ikkovimizning kasalimiz bir ekanligidan quvondik. – Mening qizim birontayam spektaklni qoldirmaydi.
– Yaxshi spektakllar qo’yilsa, – javob berdim men, – mazza qilib ko’raman, biroq yomonlari toqatingni toq qilib yuboradi.
– Shunisi borki, – javob qaytardi Gyote, – chiqib ketib bo’lmaydi, asar yomon bo’lsayam oxirigacha tomosha qilishga majbursan. Bu bizga yomon narsa-ga nisbatan nafrat qo’zg’atadi va yaxshi narsani yanada chuqurroq tushunishga o’rgatadi. Kitob o’qish boshqa narsa, kitob yoqmasa, otib yuborasan-qo’yasan, teatrda esa chidab o’tirishing kerak.
Men ma’qulladim va mo’ysafid har bir voqeaga nisbatan biron-bir ma’nodor gap aytishini ko’nglimdan kechirdim.
Biz ajralib boshqalarga qo’shilib ketdik, mehmonlar bizning atro-fimizda, boshqa xonalarda shod-xurram suhbatlashib yurishardi. Gyote xonimlar yoniga ketdi, men Rimer va Meyerlarga qo’shildim, ular bizga Italiya haqida gapirib berishdi.
Birozdan so’ng maslahatchi Shmidt royal yoniga o’tirib Betxovenning bir necha p`esalarini tingladi. Gapga usta bir ayol Betxoven hayotidan qiziq voqealarni so’zlab berdi. Shu tariqa soat ham o’nga yaqinlashdi, bu kecha men uchun so’z bilan ifoda etib bo’lmaydigan darajada ko’ngilli o’tdi.
1823 yilning 21 oktyabri, seshanba
Kechqurun Gyotenikida bo’ldim. Biz «Pandora» dramatik dostoni haqida gaplashdik. Men, bu dostonni tugallangan desa bo’ladimi yoki uning davomi bormi, deb so’radim . Davomi yo’q, dedi u, negaki, birinchi qism g’oyatda cho’zilib ketganidan ikkinchi qismini ortiq davom ettirishni lozim topmadim. Mana shu yozilganini tugal bir asar deb hisoblasa, shu bilan qanoatlansa bo’ladi.
Men ushbu murakkab dostonning mag’zini sekin-asta, juda qiyinchilik bilan chaqqanimni, uni qayta-qayta o’qiganimdan hatto yod bo’lib ketga-nini aytdim. Bunga javoban Gyote kulimsirab:
– Ishonaman, u yerda hamma narsa go’yo tilsimlangan, – dedi.
Men unga, Shubart (1796–1861; filolog, yozuvchi) ning mana shu doston haqidagi fikrlariga qo’shilmasligimni aytdim, uning fikricha ‘‘Verter’’, ‘‘Faust’’, ‘‘Vilhelm Mayster’’, ‘‘Hamroz dillar’’ asarlarida alohida tilga olingan hodisalarning bari go’yo bu dostonda jamlangan, oqibatda doston behad og’ir va murakkab bo’lib ketgan emish.
– Shubart, – dedi Gyote, – ko’pincha juda chuqur fikrlaydi; o’z ishiga o’ta pishiq, baho berishda nishonni to’g’ri oladi.
Uland (1787–1862; nemis romantik shoiri, adabiyotshunos.) haqida so’z ochdik.
– Badiiy asarlar kitobxonga zo’r ta’sir etganini ko’rsam, – dedi Gyote, – bu, albatta, bekorga emas, deb o’ylayman, Uland ham shu qadar ommalashib ketgan ekan, demak, buning ham o’ziga yarasha sabablari bo’lsa kerak. Uning ‘‘She’rlar’’i haqida men o’zim aniq bir fikr aytolmayman. To’plamini yaxshi umidlar bilan qo’limga olgandim, boshidanoq zaif, zerikarli she’rlarga duch keldim-da, hafsalam pir bo’ldi. Keyin uning ballada-larini o’qishga tutindim, shunda bildimki, u chindanam iste’dodli va mashhurligiyam bejiz emas ekan.
Shundan keyin men Gyotedan nemis fojealaridagi she’riy shaklga oid fikrini so’radim.
– Germaniyada, – javob berdi u, – aniq bir yechimga kelish qiyin. Har kim o’zi bilgancha , tanlagan mavzusiga qarab o’zicha yozaveradi. Menimcha, olti hijoli yamb eng munosibi edi-yu, ammo nemis tili uchun u xiyla uzunlik qiladi; sifatlashlarning yetishmasligi bois biz odatda besh hijolisi bilan qanoatlanib qo’ya qolamiz. Bu fikr inglizlarga yanayam ko’proq tegishli.
So’ng Gyote bir qancha misga o’yilgan gravyuralarni ko’rsatdi-da, qadimgi nemis me’morchiligi xususida so’zladi va keyin ham shunga o’xshash asar-larni menga ko’rsatish istagida ekanini aytdi.
1823 yilning 25 oktyabri, shanba
Qosh qorayganda yarim soatcha Gyote huzurida bo’ldim. U ish stoli yonida-gi oromkursida o’tirardi; men uni g’oyatda mamnun kayfiyatda uchratdim; u baayni samoviy sokinlik bag’riga sho’ng’igan, bir vaqtlar boshdan kechirgan lazzatbaxsh baxt haqida, go’yo o’sha baxt bor bo’y-basti bilan ko’zi oldida qaytadan namoyon bo’lgan odamdek o’tirardi. U xizmatkori Shtadelmannga men uchun bitta stul keltirishni buyurdi.
Biz bu qish mening asosiy mashg’ulotim bo’ladigan teatr haqida gaplash-dik . Eng so’nggi ko’rgan spektaklim Raupax (1784–1825; dramaturg)ning «Zamindagi tun»i edi. Shu haqda o’z fikrlarimni aytdim: bu p`esa muallif xayolida shakllangan holatda sahnaga qo’yilmagan, unda hayotiylikdan ko’ra g’oya, dramadan ko’ra lirika ko’proq yetakchilik qiladi, besh ko’rinish davomida cho’zilgan ipni ikki yoki uch ko’rinishga sig’dirsa bo’lardi. Gyote ham o’z navbatida p`esa aristokratiya va demokratiya atrofida aylangan, xolos, bu ommani hecham qiziqtirmaydi, dedi.
Shundan keyin men Kotsebu (1761–1819; nemis yozuvchisi va publitsisti)ning o’zim ko’rgan p`esalari , ya’ni «Qarindoshlar» bilan «Kelishuv»ni maqtadim. Uning kundalik hayotga yorqin nazar bilan qarashini, hayotning diqqattortar qirralarini dadil, juda ishonarli, shirador tasvirlaganini ta’kidladim. Gyote fikrimga qo’shildi:
– Yigirma yildan beri sahnadan tushmay, – dedi u, – xalqning e’ti-borini qozonayotgan ekan, demak, nimasidir bor. U o’z doirasida mahkam turib, imkoniyatlaridan chetga chiqmaganda edi, ancha yaxshi narsalar yozgan bo’lardi.
Gyote tag’in Kotsebuning bir necha durust p`esalarini, ayniqsa, «Ikki Klingsberglar»ni tilga oldi:
– Inkor qilib bo’lmaydi, – u hayotni yaxshi bilardi, unga ochiq ko’z bilan qarardi. Hozirgi fojeanavislarni, – deya davom etdi u, fikrlashmaydi, poetik iste’doddan mahrum, deb bo’lmaydi; ko’pchiligida yengil, jonli tasvirlash salohiyati yetishmaydi; ular o’z kuchlari yetmaydigan narsaga intilishadi, shu boisdan men ularni jadal sur’atli iste’dodlar, degim keladi.
– Bu shoirlarning, – dedim men, – p`esani nasrda yoza olishlariga ishon-mayman, menimcha, bu ularning qobiliyatini imtihon qilish bo’lardi.
Gyote so’zimni ma’qulladi va: “She’r asarga ohangdorlik bag’ishlaydi, ayniqsa, ta’sirchanligini oshiradi”, deya qo’shib qo’ydi.
Keyin qilinadigan ishlar xususida biroz so’zlashdik. Uning «Frank-furt va Shtutgart orqali Shveytsariyaga sayohat» asarini tilga oldik, bu asar uch daftarda uning o’zida saqlanar, ulardagi alohida yozuvlarni o’qib chiqib, qanday qilsa hammasini yaxlit bir asarga aylantirish mumkin-ligi haqida o’z fikrlarimni aytishim uchun menga yuborish niyatida edi.
– O’zingiz ko’rasiz, – dedi u, – ular ayni damdagi kayfiyatga qarab yozi-lavergan; na reja haqida, na badiiylik haqida qayg’urilmagan, bir so’z bilan aytganda, bu yozuvlar chelakdagi suvni to’kib yuborgandek qog’ozga tushgan.
Rejasiz bajarilgan ishni aynan xarakterlovchi bu qiyoslash menga juda yoqdi.
1823 yilning 29 oktyabri, chorshanba
Bugun kechqurun Gyotenikiga bordim. Uni g’oyatda ko’tarinki, xush kay-fiyatda uchratdim , ko’zlari sham nurining aksidan charaqlar, uning butun borlig’i quvnoq, kuch-quvvat va yoshlikka xos jo’shqinlik bilan to’lib-toshgan edi.
U men bilan xonada u yoqdan-bu yoqqa yurarkan, darhol kecha men unga yuborgan she’rlardan so’z ochdi.
– Endi bildim, – so’z boshladi u, – nega siz Yenada menga yil fasllari haqida she’r yozmoqchiman, deganingizni. Siz tabiat hodisalarini o’ziga xos idrok va o’tkir nigoh bilan kuzata olar ekansiz. She’rlar haqida ikki og’izgina gapirmoqchiman. Siz hozir shunday nuqtada turibsizki, yerdan san’atning eng baland va eng og’ir cho’qqisiga, o’zligingizni anglashga yo’l topishingiz lozim. Buning uchun siz g’oya changalidan qutulishga o’zingizda yetarli kuch to’plashingiz kerak; Sizda iste’dod bor, nimalarga qodirligingizni ko’rsatdingiz, ana endi shunday qilish payti keldi. Yaqinda siz Tifurtda bo’ldingiz, men sizga yana shunday vazifa topshirmoqchiman. Ehtimol, siz yana uch-to’rt daf’a o’sha yoqqa borib kelarsiz, u yerni atroflicha o’rganib, barcha holatlarni yaxlit bir holga keltirmaguncha Tifurtni kuzatasiz, kuch-quvvatingizni ayamasdan hammasini yaxshilab o’rganing va she’rga soling. Tifurt bunga arziydi. Bu ishni allaqachon bajargan bo’lardim, ammo men buni qilolmayman, negaki, yerdagi ko’plab o’zgarishlarda o’zim ishtirok etganman, ko’p ishlarning ichida bo’lganman, mayda-chuyda tafsilotlar menga haddan tashqari tanish. Siz u yerga begona kishi sifatida borasiz, nazoratchidan o’tmish haqida gapirib berishini so’raysiz, o’zingiz esa ko’zga yaqqol tashlanadigan, eng xarakterli narsalarnigina ko’rasiz.
Men unga xuddi aytilgandek qilishga harakat qilaman, deb va’da berdim-u, ammo vazifaning men uchun yengil emasliginiyam, menga bu soha xiyla notanishliginiyam yashirmadim.
– Bilaman, – dedi Gyote, – bu og’ir, biroq xususiy narsani anglab yetish va tasvirlash ham san’atning mohiyatini tashkil etadi. Yana bir gap: toki biz umumiy narsani asos qilib olar ekanmiz, har qanday kishi ham bizga taqlid qilishi mumkin, aslida hech kim bunday qilolmaydi. Nega? Chunki buni boshqalar sinab ko’rmagan. Lekin xususiy narsa hech qanday aks-sado bermaydi, deb qo’rqmaslik kerak. Har bir xarakter qanchalik o’ziga xos bo’lmasin, har bir tasvirlanadigan narsa, oddiy toshdan tortib inson-gacha, qandaydir umumiylikka ega; negaki, hamma narsa takrorlanadi. Dunyoda faqat bir martagina yaraladigan hech nima yo’q.
– Individual tasvirning mana shu bosqichida, – so’zida davom etdi Gyote, – ijod deb nomlangan mo»jiza boshlanadi.
Buni men unchalik tushunib yetmadim, ammo savol berishdan tiyindim. Ehtimol, o’yladim men, xayoliy narsaning real narsa bilan badiiy yax-litlanishini, bizdan tashqarida mavjud bo’lgan narsaning bizga tug’ma bo’lgan narsa bilan qo’shilishini ko’zda tutayotgandir. Butunlay boshqa narsa haqida so’z yuritayotgan bo’lsa ham ajab emas.
Gyote so’zida davom etardi:
– Keyin har bir she’ringizning ostiga yozgan sanangizni qo’ying. – Men unga savol nazari bilan qaradim, nahotki shunchalik muhim bo’lsa?
– O’shanda, – qo’shib qo’ydi u, – ular ruhiy kechinmalaringizning kun-daligi bo’ladi. Bu kichkina narsa emas. Men yillar davomida shunday qildim, buning nechog’lik ahamiyatli ekanligini bilaman.
Shu orada teatrga boradigan vaqt bo’ldi, Gyote bilan xayrlashdim.
– Shunday qilib, Finlyandiyaga ketmoqchisiz… – hazilomuz gap qotdi ortimdan.

Download 195.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling