Yohann Peter Ekkerman. Gyote bilan gurunglar
Download 195.1 Kb.
|
Hujjat (1)
18251825 yilning 10 yanvari, dushanba Inglizlarga bo’lgan katta qiziqishi tufayli Gyote shahrimizda mehmon bo’lib turgan inglizlarni vaqti-vaqti bilan uning huzuriga olib kelib turishimni so’radi. Bugun soat beshda u meni ingliz harbiy muhandisi janob H1. bilan kelishimni tayinladi, men Gyotega u haqda oldindan ko’p yaxshi gaplarni aytdim. Biz belgilangan soatda hozir bo’ldik, xizmatkor bizni yaxshi isitilgan xonaga boshlab kirdi, odatda bu xonada Gyote tushdan keyin va kechqurunlari o’tirishni xush ko’rardi. Stol ustida uchta sham yonib turardi, ammo u yerda Gyote yo’q edi, devor ortidagi zaldan uning ovozi eshitildi. Janob H. xonani ko’zdan kechirdi, rasmlar va devorga ilingan tog’lar xaritasidan tashqari u nazarini bir qancha papkalar taxlab qo’yilgan tokchalarga qaratdi, men unga bu papkalarda mashhur musavvirlarning o’z qo’llari bilan chizilgan suratlar va turli maktablarga mansub rasm-larning gravyuralari saqlanishini , Gyote ularni butun umri davomida to’plagani, vaqti-vaqti bilan ko’zdan kechirishni yaxshi ko’rishini aytdim. Bir oz kutganimizdan so’ng Gyote kirib keldi va biz bilan iliq salomlashdi. – Siz bilan nemischa gaplashaversam bo’ladi, aftidan, – murojaat qildi u janob H.ga, – gaplashayotganlaringda sezdimki, siz nemis tilini durustgina o’rganib olibsiz. Janob H. (Hutton so’zining bosh harfi – ingliz muhandisi.) u bilan uncha ochilib salomlashmadi, Gyote bizni o’tirishga taklif qildi. Mehmon Gyoteda yaxshi taassurot qoldirdi shekilli, uning bu kishiga nisbatan behad izzat-ikrom ko’rsatishi oliy darajada namoyon bo’ldi. – Nemis tilini o’rganish uchun bizning yurtimizga kelib to’g’ri qilgan-siz, – dedi u, – Siz bu yerda tilni oson va tez o’zlashtiribgina qolmay, uni yuzaga keltirgan asoslarni ham, bizning yer-suvimiz, iqlim, yashash tarzimiz, urf-odatlarimiz, ijtimoiy va siyosiy tuzumimiz haqidagi bilimlarni ham o’zingiz bilan Angliyaga olib ketasiz. – Hozirgi paytda Angliyada nemis tiliga qiziqish juda katta, – dedi janob H., – kundan-kunga oshib bormoqda, hozir o’ziga to’q oiladan chiqqan har bir yosh ingliz nemis tilini o’rganadi. – Biz nemislar, – javob berdi Gyote muloyimlik bilan, – bu masalada sizlardan yarim asrga ilgarilab ketganmiz. Men o’zim ellik yildan beri ingliz tili va adabiyoti bilan shug’ullanaman, sizlardagi yozuvchilarni ham, hayot tarzi va o’ziga xos tartiblarni ham yaxshi bilaman. Agar Angli-yaga borib qolsam, u yerda o’zimni begonadek xis qilmayman. Aytib o’tganimdek, Sizning yosh hamyurtlaringiz bizning yurtimizga kelib, tilimizni o’rganishayotgani yaxshi hodisa. Bunga sabab bizning ada-biyotimiz shunga munosib ekanligigina emas, balki hozir nemis tilini bilgan odam boshqa tilni bilmasa ham bo’laveradi, degan fikrni hech kim rad etmasligi hamdir. Frantsuz tili haqida gapirib o’tirmayman, u so’zlashuv tili, sayohatlarda kerak bo’lib qoladi, chunki uni hamma tushunadi, ko’plab mamlakatlarda u tildan yaxshi tilmoch o’rnida foyda-lansa bo’ladi. Yunon, lotin, ital`yan, ispan tillariga keladigan bo’lsak, bu tillarda yaratilgan eng yaxshi asarlarni zo’r nemischa tarjimalarda o’qishimiz mumkin, demak, ma’lum bir sabablar bo’lmasa, bu tillarni chuqur o’rganishga vaqt sarflab o’tirishga hojat ham yo’q. Nemislarning tabiatida har qanday xorijiy madaniyatga o’ziga xos tarzda hurmat bilan qarash, uning xilma-xil jihatlariga moslashish odati bor. Ayni shu xususiyat hamda tilimizning qulay imkoniyatlari tarjimalarning aniq va mukammal bo’lishini ta’minlaydi. Yaxshi tarjima ko’p narsalarga qodirligini inkor etib bo’lmaydi. Buyuk Fridrix lotin tilini bilmasdi, ammo u sevikli Sitseronini frantsuzcha tarjimada o’qib, biz asliyatdan olganimizdan kam zavq-shavq olmasdi. Gapni teatr mavzusiga aylantirgan Gyote janob H.dan, teatrga tez-tez borib turasizmi? – deb so’radi. – Men teatrga har kech boraman, – javob berdi u, – bu tilni tushunishga juda katta yordam beradi. – Juda qiziq-da, – javob berdi Gyote, – eshitish va umuman, tushunish qobiliyati gapirish qobiliyatiga nisbatan ilgarilab ketgan, odam bi-ror narsani tez tushunib oladi-yu, ammo uni to’lig’icha so’zda ifodalay olmaydi. – Bu fikrning to’g’riligiga men har kuni amin bo’laman, – javob qaytardi janob H., – tevarak-atrofimizdagi odamlarning gaplarini, o’qigan narsa-larimni to’liq tushunaman, hatto biror kishi nemischa gapirganda xatoga yo’l qo’yganini ham sezaman. Biroq gapirmoqchi bo’ldimmi, tamom, tilim tutilib, aytmoqchi bo’lgan fikrimni ifoda etolmay qolaman. Saroydagi oldi-qochdi suhbatlar, xonimlar bilan hazillashish, raqs tushish payti-dagi muloqotlarda qiynalmayman. Ammo birorta muhim mavzuda fikr bildirmoqchi bo’lsam, tilim aylanmay, so’z topolmay qolaman. – Xotirjam bo’ling, – javob berdi Gyote, – bunday o’ziga xos fikrlarni ba’zan o’z ona tilimizda ifodalashga qiynalib qolamiz. So’ngra Gyote janob H.dan nemis adabiyotidan nimalarni o’qiganini so’radi. – “Egmont”ni o’qidim, – javob berdi u, – kitob menga shunday huzur bag’ishladiki, uni uch bora o’qib chiqdim. Shuningdek, “Torkvato Tasso”ni ham mazza qilib o’qidim. Hozir “Faust”ni o’qiyapman, bu men uchun hali ancha murakkab deb hisoblayman. Bu so’zlardan Gyote kulib yubordi. – Gapning rosti, – dedi u, – hozircha “Faust”ni o’qishni Sizga maslahat bermagan bo’lardim. Bu odamni telba qiladigan narsa, u odatiy tasav-vurlar doirasiga sig’maydi. Modomiki, Siz mendan so’rab ham o’tirmay, uni o’qishga kirishgan ekansiz, ko’ring-chi, bundan nima chiqarkin? Faust – favqulodda shaxs, kamdan-kam odamlar uning ichki dunyosiga kirib bora oladi. Odamni butun borlig’i bilan anglashning tirik namunasi bo’lgan, boshdan-oyoq kinoya bilan yo’g’rilgan Mefistofelni anglab yetish ham mushkul ish. Endi ko’ramiz, ular qanday ranglarda Sizga yuz ocharkin. “Tasso” esa, aksincha, odatdagi insoniy tuyg’ularga birmuncha yaqinroq, uning shaklan silliqligi ham tushunishni osonlashtiradi. – Shunga qaramay, – javob berdi janob H., – Germaniyada “Tasso”ni o’qilishi qiyin deyishadi, men uni o’qiyapman desam, ayrimlar hayron bo’lishdi. – “Tasso”ni tushunishdagi eng asosiy narsa shuki, – dedi Gyote, – uni o’qiyotganda odam o’zining endi yosh bola emasligini his qilishi va o’sha davraga xos taomillarni inkor etmasligi lozim. Yaxshi oiladan chiqqan, yuksak aql-zakovatga ega bo’lgan yigit yuqori tabaqaga mansub yetuk kishi-lar bilan muloqotda orttirgan bilimlari yuzaki bo’lsa-da, “Tasso”ni qiyin deb hisoblamasligi kerak.. Gap mavzusi “Egmont”ga ko’chdi, Gyote bu xususda quyidagilarni aytdi: – “Egmont”ni 1775 yilda, ya’ni bundan ellik yil burun yozganman. Men tarixga sodiq qolganman, binobarin, iloji boricha haqiqatni yozishga intilganman. Shundan so’ng oradan o’n yil o’tib, Rimda bo’lgan paytimda gazetalarda o’qidimki, unda tasvirlangan inqilobiy sahnalar Nider-landiyada aynan takrorlangan ekan. Bundan shunday xulosaga keldimki, dunyo hamisha o’zgarmay qolaveradi, mening yozganlarim ham aslida hayotiy haqiqatdan o’zga narsa emas. Shu taxlit gurung asnosida teatrga ketish vaqti ham bo’lib qoldi, biz qo’zg’aldik, Gyote biz bilan iliq xayrlashdi. Uyga ketayotib men janob H.dan Gyote unda qanday taassurot qoldirganini so’radim. – Hozirgacha men, – javob berdi u, – bitta odamda o’ta muloyimlik bilan birga tug’ma mag’rurlikning mujassam bo’lganini ko’rmaganman. U qanchalik ko’ngli bo’sh yoki takabbur bo’lmasin, har qanday holatda ham buyukdir Download 195.1 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling