21-bob. Tik balandlik va nishabliklarda harakatlanish
128. Agar yo‘lning 1.13 va 1.14 yo‘l belgilari bilan belgilangan qiyaliklarda, qarama-qarshi yo‘nalishlarda harakatlanishni qiyinlashtiradigan to‘siq bo‘lsa, nishablikka harakatlanayotgan transport vositasining haydovchisi yo‘l berishi kerak.
129. Tik nishablikda, dovonda va 1.13 yo‘l belgisi o‘rnatilgan yo‘l qismida tormoz tizimi ishlamay qolgan transport vositasini to‘xtatish uchun haydovchi uni 5.40 yo‘l belgisi bilan belgilangan avariyali holatlarga mo‘ljallangan yo‘lga yo‘naltirish kerak.
130. Yo‘lning 1.13 yo‘l belgisi bilan belgilangan qismida uzatma va ilashish mexanizmi (ssepleniye) ajratilgan holatda harakatlanish taqiqlanadi.
22-bob. Yo‘nalishli transport vositalarining imtiyozlari
131. Tramvay yo‘llari chorrahadan tashqarida qatnov qismini kesib o‘tadigan joylarda tramvay relssiz transport vositalariga nisbatan imtiyozga ega bo‘ladi (depodan chiqish joylari bundan mustasno).
132. Yo‘nalishli transport vositalarining harakatlanishi uchun 5.9, 5.10.1 — 5.10.3 yo‘l belgilari bilan ajratilgan tasmada boshqa transport vositalarining harakatlanishi va to‘xtashi taqiqlanadi.
Agar 5.9 yo‘l belgisi bilan belgilangan tasma qatnov qismining boshqa tasmalardan uzuq-uzuq chiziq bilan ajratilgan bo‘lsa, burilmoqchi bo‘layotgan transport vositalari bu tasmaga qayta tizilishlari kerak.
Shuningdek, bunday joylarda yo‘nalishli transport vositalarining harakatiga xalaqit bermaslik sharti bilan yo‘lga chiqish, qatnov qismining chetki o‘ng tomonida yo‘lovchilarni chiqarish va tushirish uchun bu bo‘lakka o‘tishga ruxsat etiladi.
133. Haydovchilar aholi punktlarida bekatdan harakatlanishni boshlayotgan avtobus va trolleybuslarga yo‘l berishlari kerak. O‘z navbatida avtobus va trolleybus haydovchilari o‘zlariga yo‘l berilganligiga ishonch hosil qilganliklaridan keyingina harakatlanishni boshlashlari mumkin.
Yo‘nalishli transport vositalariga bekatlardan tashqari joylarda yo‘lovchi olish va tushirish taqiqlanadi (yo‘nalishli taksilar bundan mustasno).
Do'stlaringiz bilan baham: |