Optika (yun. ὀπτική — „koʻrinish“) fizikaning sohasi boʻlib, yorugʻlik tarz va xususiyatlarini, uning materiya bilan oʻzaro taʼsirini, optik anjomlar qurishni oʻrganadi.[2] Optika odatda koʻrinuvchi, ultrabinafsha va infraqizil yorugʻlik bilan shugʻullanadi. Yorugʻlik elektromagnit toʻlqin boʻlgani uchun, rentgen nuri, mikrotoʻlqinlar va radiotoʻlqinlar kabi boshqa elektromagnit radiatsiya shakllari oʻxshash xususiyatlarni namoyon etadi.[2]
Aksariyat optik hodisalar yorugʻlikning klassik elektromagnit taʼrifi bilan tushuntirilishi mumkin. Yorugʻlikning toʻliq elektromagnetik taʼriflari amaliyotda qoʻllash uchun nihoyatda murakkabdir. Amaliy optika odatda soddalashtirilgan modellar bilan bajariladi. Ulardan eng keng tarqalgani, geometrik optika, yorugʻlikni toʻgʻri chiziq boʻylab harakat etuvchi va moddalardan oʻtganda yoki qaytganda sinuvchi nurlar toʻplami deb qaraydi. Fizik optika esa yorugʻlikning nisbatan murakkab modeli boʻlib, oʻz ichiga geometrik optika bilan izohlanib boʻlmaydigan difraksiya va interferensiya kabi toʻlqin samaralarini oladi. Tarixan, birinchi boʻlib yorugʻlikning nurga asoslangan modeli, keyin toʻlqin modeli ishlab chiqilgan. XIX asrda elektromagnit nazariya ilgʻorlashi yorugʻlik toʻlqinlari aslida elektromagnit radiatsiya ekanligi kashfiyotiga olib keldi.
Baʼzi hodisalar yorugʻlik ham toʻlqin, ham zarracha xossalariga ega boʻlgani bilan izohlanadi. Ushbu samaralarni tushuntirish uchun kvant mexanikasiga murojaat etiladi. Yorugʻlikning zarrachasimon xususiyatlarini inobatga olishda yorugʻlik „fotonlar“ deb ataluvchi zarrachalar toʻplami, deb modellashtiriladi. Kvant optikasi kvant mexanikasining optik tizimlarga tadbiq etilishi bilan shugʻullanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |