Yuksak ma’naviyat yengilmas kuch
Download 30.5 Kb.
|
Man 3-WPS Office
Ma’lumki, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobi mamlakatimiz va dunyo jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish va e’tibor bilan kutib olindi. Ushbu kitob dunyoning bir necha tillariga tarjima qilinib, nashr etildi. Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni Podshohligi, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn kabi mamlakatlarda kitobning taqdimot marosimlari o’tkazildi. Yaqinda esa “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobi Ozarboyjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida ozarboyjon tilida chop etildi. Kitobga taniqli din va jamoat arbobi, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxul-islom Allohshukur Poshshozoda so’zboshi yozgan. Quyida ushbu so’zboshi e’tiboringizga havola etilmoqda. Bismillohir-rahmonir Rahim! Insoniyat sivilizatsiyasining shakllanish va rivojlanish tarixi har bir millat nafaqat o’z boyliklari, balki, birinchi navbatda, yuksak ma’naviyati va madaniyati bilan kuchlidir, degan oddiy haqiqatni qayta-qayta isbotlab kelmoqda. Bu borada ko’hna o’zbek diyori jahon madaniyati, ilm-fani va ma’naviyati xazinasini boyitishga beqiyos hissa qo’shib kelayotgan qutlug’ zamindir, desam, o’ylaymanki, mubolag’a bo’lmaydi. Bu yurtda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Moturidiy, Xorazmiy, Ahmad Farg’oniy, Bahouddin Naqshband, Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar va mutaffakirlar tug’ilib, dunyo tamadduni tarixida o’chmas iz qoldirgani buning yorqin isbotidir. Bu buyuk zotlarning asarlari hozirgi kungacha ham o’zining ahamiyatini yo’qotmasdan, ulkan ilmiy hamda ma’naviy boylik sifatida yuksak qadrlanib kelmoqda. Boshqacha aytganda, bu bebaho meros dunyodagi manaman degan aql-zakovat sohiblari e’tirof etadigan va butun musulmon ummati faxrlanadigan boylikdir. Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo’yicha islom tashkiloti (AYSESKO) tomonidan Toshkent shahrining 2007 yilda Islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilinishi, hech shubhasiz, o’zbek xalqi va uning buyuk ajdodlarining jahon sivilizatsiyasi hamda madaniyati rivojiga nechog’lik katta hissa qo’shganining yorqin e’tirofi bo’ldi. Buni qarangki, 2009 yilda Boku shahri ma’naviy birligimiz va o’zaro tarixiy bog’liqligimizning ramzi sifatida Islom madaniyatining poytaxti, deb e’lon qilindi. Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchimanki, meni O’zbekiston bilan ko’p rishtalar bog’lab turadi. Avvalo, mening yoshlik yillarim shu muborak zaminda kechdi, shu yerda men din arbobi bo’lib kamol topdim. Aynan shu mamlakatda o’rta va oliy diniy ma’lumot oldim, bag’rikenglik, insonparvarlik, madaniyat, an’analar, urf-odatlar haqida g’amxo’rlik qilish va umuman, inson uchun muqaddas bo’lgan barcha-barcha tushunchalar qanchalik qadr topayotganiga amalda guvoh bo’lib, ularning haqiqiy mazmun-mohiyatini aynan o’zbek diyorida anglab yetdim. O’zbekistonni men o’zimning ikkinchi ona Vatanim deb bilaman, haqiqatan ham, bu yurt menga chinakam onalik mehrini baxsh etdi va bemisl g’amxo’rlik ko’rsatdi. Bundan tashqari, O’zbekistonda ko’plab do’stlar orttirdim va ular bilan hozirga qadar yaqin munosabatlarimiz davom etmoqda. Bugungi murakkab davrda barchamiz deyarli butun dunyoni terrorizm, ekstremizm, ayirmachilik singari balo-qazolar qamrab olishga urinayotganiga shohid bo’lib turibmiz. Qabih niyatli kuchlar islom dinini o’ziga niqob qilib olib, muqaddas dinimizni obro’sizlantirish, musulmonchilik yo’lidagi insonlarni kamsitish, ularga qandaydir g’araz ko’z bilan qarash kabi illatlarni ildiz ottirishga harakat qilmoqda. Bunday salbiy holatlar tez-tez uchrab turgan murakkab bir sharoitda O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan yuritilayotgan, har tomonlama puxta o’ylangan, pragmatik va oqilona siyosat shu singari tagi puch qarashlar, sarqit va xurofotlarning tarqalishiga yo’l qo’ymaydigan mustahkam to’siq, muhim omil bo’lib xizmat qilmoqda. Bugungi kunda, Markaziy Osiyo mintaqasidagi xavfsizlik va barqarorlikka turli tahdidlar xavf solib turganiga qaramasdan, O’zbekistonda tinchlik-osoyishtalik, dinlararo bag’rikenglik mustahkam qaror topgani ana shu fikrimning yaqqol tasdig’i bo’la oladi. O’zbekiston o’z mustaqil taraqqiyotining tarixan qisqa davrida muhtaram Islom Abdug’aniyevich rahnamoligida milliy qadriyatlarni, ajdodlarning boy ilmiy va ma’naviy merosini, tarixiy obidalarni qayta tiklash borasida salmoqli natijalarga erishgani yuksak tahsinga sazovordir. Shu yo’ldagi sa’y-harakatlar tufayli yuzlab me’moriy majmualar butunlay yangicha qiyofa, ko’rku tarovat kasb etdi. Bugungi kunda ular o’ziga xos ma’naviy-axloqiy tarbiya markazlariga aylangan. Tarixi necha ming yillar bilan o’lchanadigan qadimiy shaharlarning yubileylari keng nishonlanmoqda, o’zining go’zalligi, betakrorligi va mahobati bilan har qanday odamni hayratga soladigan yangi-yangi komplekslar barpo etilmoqda. Samarqanddagi Imom Buxoriy, Shohi Zinda, Buxorodagi Bahouddin Naqshband, Toshkentdagi Hazrati Imom kabi qayta tiklangan va obod etilgan muqaddas qadamjolar hamda boshqa me’moriy majmualar bugun mo’tabar ma’naviy tarbiya maskanlari, qutlug’ ziyoratgohlar sifatida nafaqat O’zbekistondagi, balki butun dunyodagi ming-minglab odamlarni o’ziga jalb etmoqda. Yana bir quvonchli jihati shundaki, yosh mustaqil O’zbekiston davlati istiqlolning birinchi yillaridan boshlab, dinga o’z madaniy-ma’naviy an’analarining uzviy bir qismi sifatida qarab, unga munosabatni tubdan o’zgartirdi. Qardosh O’zbekistonda ma’naviy qadriyatlarni qayta tiklash, bag’rikenglik davlat siyosati darajasiga ko’tarilganiga guvoh bo’lib turibmiz. Ma’lumki, 1999 yilda O’zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning farmoniga muvofiq Toshkent islom universiteti tashkil etildi. Mintaqadagi eng yirik ushbu oliy o’quv yurtida dunyoviy va diniy bilimlarni puxta egallagan, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Men O’zbekistonda amalga oshirilgan keng ko’lamli islohot va o’zgarishlarni kuzatar ekanman, Islom Abdug’aniyevich beqiyos azmu shijoatga ega bo’lgan, uzoqni o’ylab ish tutadigan dono davlat arbobi bo'lganiga qayta-qayta ishonch hosil qilaman. O’zbekiston rahbari mamlakati erishgan yutuqlar bilan kifoyalanib qolmasdan, o’z xalqini doimo yangidan-yangi, yanada yuksak marralar sari boshlaydi. Islom Karimovning ma’naviyatning jamiyat hayotidagi o’rni va ahamiyati har tomonlama chuqur ochib berilgan “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”asarini, unda alohida urg’u berilgan o’ta muhim va dolzarb fikr va g’oyalarni bunga yorqin misol sifatida keltirish mumkin. Bu kitobda ma’naviyat sohasining hamma zamonlarda ham katta ahamiyatga molik bo’lgan jiddiy masalalari teran tahlil etib berilgani e’tiborlidir. Qadim-qadimdan bizga buyuk ajdodlarimizdan meros bo’lib qolgan boqiy qadriyatlarga amal qilib yashashga chorlaydigan, muqaddas kitoblarimizda o’zining chuqur ifodasini topgan ezgulik, olijanoblik, kamtarlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni yanada teranroq anglashga salmoqli hissa qo’shadigan bu asar nihoyatda qadrlidir. Mazkur asarning yana bir muhim xususiyati shundaki, u bizni umumiy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash yo’lida yanada qat’iy harakat qilishga da’vat etadi. Muallif jamiyatni rivojlantirishda siyosiy, iqtisodiy va harbiy omillar bilan bir qatorda yuksak ma’naviyat alohida ustuvor ahamiyat kasb etishini ilmiy va nazariy nuqtai nazardan asoslab beradi. O’zbekistonning Birinchi Prezidenti hozirgi kunda insoniyat hayotiga xavf solayotgan turli tahdidlarni bartaraf etish uchun milliy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlarni asrab-avaylash, ma’naviy yuksaklik, poklik va ezgulikka intilish zarurligi haqidagi g’oyalarni ilgari suradi. Shuningdek, kitob muallifi islom dinining pokligini saqlash, uni har xil g’arazli xuruj va bo’htonlardan himoya qilish, muqaddas dinimizning asl mazmun-mohiyatini yoshlarimiz ongiga singdirish hamda islom sivilizatsiyasi yutuqlarini keng targ’ib qilishga da’vat etadi. Bizning xalqlarimizni milliy an’analarimiz, urf-odatlarimiz, tilimiz, madaniyatimiz va dinimizning mushtarakligi birlashtiradi. Shu bois kitobning mazmuni, unda muallif tomonidan ilgari surilgan dolzarb fikr va qarashlar, mening nazarimda, mamlakatlarimiz xalqlari uchun birdek tushunarlidir. Biz ham, Ozarboyjonda diniy bag’rikenglik va barcha din vakillarining hamjihatlikda faoliyat ko’rsatishini ta’minlash, sivilizatsiyalararo muloqotni, shuningdek, asl islom dinining sofligini himoya qilish uchun ko’p ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Birinchi Prezident Islom Karimov ta’kidlagan kelajak avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash vazifasi, Ozarboyjonda yuqorida zikr etilgan xayrli ishlarni hisobga olib aytadigan bo’lsak, biz uchun ham hayotiy muhim ahamiyatga egadir. So’zimning nihoyasida shuni qat’iy ishonch bilan aytmoqchimanki, O’zbekiston birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobi nafaqat O’zbekiston xalqining farovonligi, balki butun insoniyatning yanada taraqqiy etishi yo’lida xizmat qiladi. Shayxul-islom Allohshukur Poshshozoda Foydalanilgan adabiyotlar: Yuksak ma'naviyat yengilmas kuch asari Qiyom Nazarovning Qadriyatlar falsafasi asari Download 30.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling