«yurisprudensiya»


-mavzu XORIJIY MAMLAKATLARDA SUV HUQUQI Xalqaro suv huquqi


Download 1.39 Mb.
bet54/77
Sana22.11.2023
Hajmi1.39 Mb.
#1793703
1   ...   50   51   52   53   54   55   56   57   ...   77
Bog'liq
suv huquqi majmua

15-mavzu XORIJIY MAMLAKATLARDA SUV HUQUQI Xalqaro suv huquqi
Reja:
1. Bozor iqtisodiyotiga o‘tib borayotgan davlatlarda suv huquqi
2. Xorijiy mamlakatlarda suv huquqi
3. Xalqaro suv huquqi tushunchasi va tamoyillari
4. Xalqaro suv huquqi manbalari
5. Davlatlararo suv nizolarini hal etishda xalqaro suv huquqining ro’li


1. Bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan davlatlarda suv huquqi
Bizning fikrimizcha, mustaqil Respublikamizda yuzaga kelayotgan barcha ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda o‘z boy tariximizga suyangan holda chet el tajribasini o‘rganishimiz juda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, donishmandlar aytganidek, o‘zganing yutuqlaridan foydalangan va xatolarini qaytarmagan tarzda o‘z rivojlanish yo‘lini belgilab olish - barqaror rivojlanishning bosh mezonidir. Shuning uchun ham biz ushbu darslikda bozor munosabatlari shakllangan va unga o‘tayotgan davlatlarda suvga oid munosabatlarni tartibga solish tajribasini ko‘rib chiqamiz.
Rossiya Federatsiyasi (RF). Sobiq ittifoq parchalangandan so‘ng Rossiya Federatsiyasi Ittifoqqa tegishli barcha mol–mulkning merosxo‘ri bo‘lib qoldi. Lekin suv kabi tabiiy boyliklar bundan istisno edi. Chunki suvni na ko‘chirib olib ketish va na saqlab qo‘yish imkoniyati yo‘q. Uning moddiyligi va qiymatining yo‘qligi hamda ajralmasligi tabiat obyektlariga nisbatan mulk huquqining o‘ziga xos jihatlaridan biri hisoblanadi. Natijada har bir yangi mustaqil davlatlar o‘z ma’muriy birliklarida suvni alohida yoki birgalikda muhofaza qilish va undan foydalanishni huquqiy asosini yarata boshladilar.
Suv zaxiralari bo‘yicha dunyoning yetakchi o‘rnilarida turgan Rossiya Federatsiyasida (1993 yil 12 dekabrda qabul qilingan) Konstitutsiyaning 9-moddasiga muvofiq yer va boshqa tabiiy resurslar xususiy, davlat, munitsipal va boshqa mulk shaklida bo‘lishi mumkin. 1989 yil 18 oktyabrda Davlat dumasi tomonidan qabul qilingan va 2001-2002 yillar unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan Suv kodeksining 34-moddasiga ko‘ra, RFda suvga nisbatan munitsipal va xususiy mulkchilik faqatgina «holis suv obyektlari»ga nisbatan o‘rnatilgan, holos. Holis suv obyektlariga yopiq suvlar, ya’ni kichik maydondagi tabiiy yoki sun’iy ko‘llar va ko‘lchalar, xovuz va ariqlar, drenaj, qollektor va kanallar kiradi. Agarda ushbu yopiq suv havzalari yirik gidrografik tarmoqlar bilan ulangan bo‘lsa, unday holatda holis suv obyektlari faqatgina federativ yoki RF subyektlarining mulki bo‘lib hisoblaniladi.
Suv kodeksining 36-moddasida ko‘rsatilganidek quyidagi suv obyektlari faqatgina federativ mulk tariqasida e’tirof etiladi:
- ikki va undan ortiq federatsiya subyektlari hududlarida joylashgan suv akvatoriyasi yoki havzasi;
- ikki va undan ortiq federatsiya subyektlarida joylashgan yer osti suvlar;
- muayyan federatsiya subyekti hududida joylashgan, lekin mudofaa, xavfsizlik, federativ energetika tizimi, transport va boshqa davlat ahamiyatiga molik yer usti va yer osti suvlar;
- anadrom va katadrom baliq turlari yashaydigan suv obyektlari;
- transchegara va chegaradagi suv obyektlar;
- RFning ma’muriy hududidagi dengizlar;
- ichki dengiz suvlari;
- federativ ahamiyatdagi alohida muhofaza etiladigan hududlar yoki uning bir qismiga tegishli bo‘lgan suv obyektlari;
- federal ahamiyatga molik kurort va davolash–sog‘lomlashtirish hudu-didagi suv obyektlari.
RF subyektlarining mulki bo‘lib suv obyektlari, akvatoriyalari yoki xavzalari butunlay tegishli subyekt hududida joylashgan va Federativ mulk obyektlariga kirmaydiganlari hisoblanadi. RF subyektlariga 21 ta federativ respublika (Adigey, Oltoy, Boshqirtiston va boshqalar), 1ta avtonom viloyat (Yevrey), 49ta viloyat, 6ta o‘lka, 2ta shahar, 10ta avtonom okruglar kiradi (RFning Konstitutsiyasi 65-m).
Suv kodeksining 2-bobida berilganidek suv obyekti turlari qilib: yer usti suvlar, yer osti suvlar, ichki dengiz suvlari, RFning hududiy dengizlari olinadi. Ular, o‘z navbatida bir necha ichki tasniflash ko‘rinishlariga ega. Masalan, yer usti suvlari, yer usti suv obyektlari, yer usti oqadigan suvlar, yer usti hovuzlar.
Umuman olganda, RFning Suv kodeksi mukammal ishlangan qonunlar toifasiga kiradi.1 U umumiy, maxsus va xulosalash qismlardan iborat. qismlar o‘z navbatida VI bo‘lim, 16 bob, 148 moddaga ajratilgan.
Umumiy qismda Kodeksda ishlatiladigan asosiy tushunchalar, uning maqsadlari, suv munosabatlarini tartibga solishga oid qonunchilik hamda amal qilish muddati berilgan.
Kodeksda suv munosabatlarining obyekti va ularga nisbatan yuzaga keladigan mulk huquqi keng yoritilgan. Unda egallash huquqi suvga nisbatan ishlatilib bo‘linmasligi va suv doimo harakatda ekanligi 31-moddada aniq qilib ko‘rsatilib o‘tilgan.
Mazkur kodeksning 3 va 6-boblari suv munosabatlari subyektlari, ularning suvdan foydalanish qoidalari, foydalanish huquqiga ega bo‘lish va ularni to‘xtatilish asoslari, davlat tomonidan ushbu huquqlarni muhofaza etish tartibi belgilangan. Unda suvdan foydalanish litsenziyalarini olish uchun asoslar, litsenziyaning mazmun va mohiyati, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish imkoniyati, litsenziyani bekor qilish asoslari ko‘rsatib o‘tilgan. Fuqaroviy xuquqiy nuqtai nazardan suvdan foydalanish shartnomalarining turi, tuzish tartibi, ularning mazmuni va mohiyati, davlat organlari tomonidan shartnomalarni ro‘yxatga olish va ularni bekor qilish tartibi atroflicha yoritib berilgan.
RFda suv fondini boshqarish o‘ta murakkab tizimli vaqolat, funksiya va usullar yig‘indisidan iborat. Umumiy va maxsus vaqolatlangan Federativ davlat boshqaruv organlari zimmasiga 17,1 mln. kv.km yer yuzasidagi va suv akvatoriyasidagi barcha suv obyektlarini yagona tizimda ushlab turish, ulardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishni ta’minlash topshirilgan. RF subyektlariga esa «katta mashinaning turli qismlaridan» bir paytning o‘zida respublika, o‘lka, viloyat, okrug, shaharlarda suvga oid mahalliy va mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan munosabatlarni tartibga solish vazifasi yuklatilgan. Har bir subyektning suv qonunlarini chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud va huquq tartiboti idoralarining mavjudligi – davlat suv boshqaruvini nechog‘li murakkab va ko‘p tarmoqli ekanligidan dalolat beradi. Shuning uchun ham Suv kodeksining alohida 67-69 moddalarida davlat organlarining suvga oid munosabatlarini tartibga solishdagi vaoklatlarining bo‘linish prinsiplari, 70 – 74 moddalarda davlatning boshqaruv tizimi kengaytirilgan tarzda yoritib berilgan. Kodeksning 9-bobiga suvdan foydalanish va ularni muhofaza qilish borasida davlat boshqaruvining sohalari kiritilgan. Unda suv xo‘jalik balanslarini tuzish, suv resurslaridan kompleks foydalanish va muhofazalash sxemalarini tuzish, dasturlarini yaratish, monitoringini olib borish, suvlarni hisobini olish va kadastrlash, ekspertizalash, nazoratlash, me’yorlash, litsenziyalash va tartibga solishning normativ me’yorlari va qoidalari berilgan.
Suv obyektlaridan RFda 14 turdan ziyod halq xo‘jaligi tarmoqlarida foydalanish va bir paytning o‘zida muhofaza qilish rejimi o‘rnatilgan. RFda ham, O‘zbekistonda bo‘lgani kabi, ichimlik va maishiy-xo‘jalik maqsadlarda suvdan foydalanish prioritet (birlamchi) norma hisoblaniladi. Suv obyektlaridan yer osti boyliklarini qazib olish va yog‘och oqizishda foydalanish rejimi alohida-alohida boblarda ifoda etilgan.
Kodeksda suvdan umumiy va maxsus foydalanishdan tashqari, undan alohida foydalanish qoidalari o‘rnatilgan. Alohida foydalanish suv ob’-yektlaridan federal muhofaza, energetika, transport va boshqa davlat ahamiyatiga molik foydalanishni inobatga oladi. RFning suv qonunchiligi suv obyektlarini muhofaza qilishga juda katta e’tibor beradi. Suvlarni muhofaza qilishga oid minglab qonun osti me’yoriy hujjatlar, Suv kodeksida esa 27 ta modda aynan eqologik muammolarni hal qilishga qaratilgandir. Masalan: «Hududiy suv obyektlarida dengizlarning, kontinental shelfida va RFning iqtisodiy zonasida tabiiy boyliklarni muhofaza qilish to‘g‘risida» «Kavkazdagi Federal ahamiyatdagi mineral suvlar mintaqasi tug‘risida» Prezident farmonlari, «RF Hukumati huzuridagi Suv xo‘jaligi qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizom», «Davlat suv kadastri to‘g‘risidagi Nizom» RF Hukumati tomonidan chiqarilgan qarorlar asosida tasdiqlangan.
RFda suv qonunchiligi suv fondidan unumli foylanish uchun havzaviy boshqaruv usulini qo‘llash va havzalararo kelishuvlarni amalga oshirish tartibini o‘rnatadi. Ushbu boshqarish yo‘li katta hududga ega bo‘lgan davlatlarda juda qo‘l kelishini zamonning o‘zi RF misolida isbotlamoqda.
Suv obyektlarini tiklash va ularni muhofaza qilish maqsadida RFda ham iqtisodiy mexanizmning huquqiy asoslari yaratilgan. Unda suvdan foydalanishning pullik tizimi, suv solig‘i, suvdan foydalanish huquqini berishdagi pul yig‘imlari, oqilona suvdan foydalanuvchilarni rag‘batlantirish va turli imtiyozlar berish tartibi berilgan.
Suv kodeksining maxsus qismi suv obyektlaridan maqsadli foydalanish me’yorlari va qoidalarini belgilab beradi. Unda suv fondidan ichimlik va miashiy-xizmat maqsadlarida foydalanish, ularni zaxiralash, markaziy va markazlashmagan ichimlik suvi ta’minoti va turli halq xo‘jaligi tarmoqlari bo‘yicha suvdan foydalanish tartibi o‘rnatilgan.
Kodeksning yakuniy qismi mazkur qonunlar majmuasini amalga tadbiq etish va avvalgi qonunlarni o‘z ko‘chini yo‘qatgan deb e’lon qilishga bag‘ishlangandir.
Suv fondidan foydalanish va muhofaza qilishda yuzaga keladigan nizoli holatlarni hal etish tartibi hamda suv qonunchiligi javobgarligi Suv kodeksining V bo‘lim, 129–132–moddalarida umumlashtirilgan tarzda ifoda etilgan. Lekin suv huquqiy javobgarlik, Ma’muriy, Jinoyat va Fuqarolik kodekslarida hamda protsessual qonunchilikda atroflicha yoritib berilgandir. Xulosa qilib aytganda O‘zbekiston Respublikasida suv hayot manbai, farovonlik ko‘rsatgichi, iqtisodiy rivojlanish bazisi bo‘lgani uchun ham «Suv va suvdan foydalanish» to‘g‘risidagi qonunni, chet el tajribasidan kelib chiqqan tarzda kengaytirib, Suv kodeksiga aylantirish maqsadga muvofiq va zamon talabidir.
Kozog‘iston Respublikasi. qozog‘iston hududida asosan arid iqlimli minitaqa hukmron bo‘lganligi sababli suv hayot manbai va eng asosiy ijtimoiy munosabatlarning obyekti hisoblaniladi. 1999 yil 30 avgustda Respublika referendumida qabul qilingan qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 6-moddasi, 3-bandiga muvofiq suv, boshqa tabiiy obyektlar singari, davlat mulki hisoblaniladi. Lekin qozog‘istonda suvdan farqli yer uchastkasi xususiy mulk sifatida e’tirof etilishi mumkin.
qozog‘istonda suvga oid munosabatlar uning Konstitutsiyasi asosida qabul qilingan «Suv kodeksi» (1999 yil 31 mart № 2061-12) va boshqa normativ hujjatlar orqali tartibga solinadi. Unda sobiq ittifoq respublikalari ichida birinchilar qatorida Suv kodeksi qabul qilindi. Lekin, 1993, 1996, 1999, 2001 yilda unga bir qancha qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Oxir oqibatda, 2003 yil 9 noyabrda yangi tahrirdagi Suv kodeksi qabul qilindi va uning 32-bob, 146–moddasiga ko‘ra avvaligi normalar o‘z kuchini yo‘qotdi. Shunday qilib 2003 yildan boshlab qo‘shni Respublikada yangi suv qonunchiligi amalga tadbiq qilindi.
Yangi tahrirdagi Suv kodeksining 2-moddasiga binoan qozog‘iston Res-publikasida ratifikatsiya qilingan halqaro suv manbalari milliy qonunchilik normalariga nisbatan ustivorlikka ega. Afsuski ushbu norma avvaligi Suv kodeksida yo‘q edi. Bu yangi huquqiy holat Orol havzasida joylashgan Markaziy Osiyo davlatlarida Sirdaryo singari halqaro suv obyektlaridan kelishilgan holda foydalanishni va ularni muhofaza qilish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
Kodeksning asosiy maqsadi xavfsiz va iqtisodiy jihatdan optimal darajada aholini yashash sharoitini hamda atrof muhitni saqlab qolish va yaxshilash uchun suvdan foydalanish, suv fondini muhofaza qilishga erishish va uni ushlab turish (3-modda) dan iborat.
Ushbu maqsadga erishmoq uchun mazkur Respublikada suvga oid munosa-batlarni tartibga solib turuvchi umumiy vaqolatlangan ijro etuvchi hokimiyat - Hukumatga davlatlararo, davlat, havzalar va hududiy miqyosidagi boshqaruv vaqolati topshirilgan. Undan tashqari, suv munosabatlarini boshqarishda mahalliy vakillik va ijro organlari hamda maxsus suv xo‘jaligi vazirligi ham o‘zining vaqolatlariga ega. Yangi tahrirdagi jamoat birlashmalari va fuqarolarni mazkur boshqaruvdagi faoliyati Kodeksning 3-qismidan chiqazib tashlangan va faqatgina ularning huquqi sifatida e’tirof qilingan, holos.
Kodeksning 2-bobi 11-moddasiga ko‘ra qozog‘istonda suv munosabati obyektlari bo‘lib: yer usti suvlar, yer osti suvlar, dengiz suvlari, tranchegara (davlatlararo) suvlar hisoblaniladi. Foydalanish turiga qarab ular: umumiy, birgalikda, holis, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, alohida davlat ahamiyatiga molik suv obyektlariga bo‘linadi.
Holis foydalanishdagi suv obyektlariga jismoniy va yuridik shaxslarga to‘liq yoki qisman foydalanish uchun berilgan suvlar kiradi. Lekin ulardan foydalanish huquqi umumiy suvdan foydalanish obyektlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Suv obyektlari jismoniy va yuridik shaxslarga qisqa (5 yilgacha) va uzoq muddatli (5 yildan 49 yilgacha) foydalanishga beriladi. O‘zbekiston Respublikasi suv qonunchiligidan farqli, qozog‘istonda suv servituti (23-modda) degan tushuncha mavjud. U ommaviy va xususiy shaklda suvdan foydalanuvchilarni o‘zgalar suv obyektlaridan cheklangan tarzda foydalanish huquqidir. Suv servituti uch xil maqsadda: muayyan inshootlarni qurmasdan suv olish; sug‘orish va mollarni haydash; suv obyektlaridan paromda, qayiqda va boshqa kichik kemalar yordamida suv yo‘lidan foydalanish uchun o‘rnatiladi.
Suv xo‘jaligi inshootlariga nisbatan mulk huquqi Suv kodeksining alohida 4-bobida berilgan bo‘lib, ularga nisbatan qozog‘istonda davlat yoinki xususiy mulkchilik o‘rnatilgan. Xususiy mulk sifatida faqatgina istemol suvi ta’minoti tizimi chiqadi. Lekin u ham alohida favqulotda holatlarda Hukumat qarori bilan davlatning vaqtinchalik boshqaruv tizimiga o‘tkazilishi mumkin.
2003 yildan buyon qozog‘istonda ham, O‘zbekistonda o‘rnatilgani singari, xavzaviy suv boshqaruv tizimi joriy qilindi. Unga binoan suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish Sirdaryo, Chu, Irtish, Ural kabi daryo havzalari bo‘yicha amalga oshiriladi. Ushbu boshqaruv organlarining bo‘linmalari xavzada joylashgan viloyatlar (viloyatlar)da ham tashkil etilgandir. Kodeksning 42-moddasida Xavzalararo kelishuv va 43-moddasida Xavza kengashini tuzish tartibi hamda ularning vaqolat doirasi o‘rnatilgan.
Suv fondini muhofaza qilish va undan foydalanishni nazorat qilish davlat, ishlab chiqarish va jamoat birlashmalari orqali amalga oshiriladi. Davlat nazorati maxsus vaqolatlangan idoralar hamda mansabdor shaxslarning nazorat funksiyalaridan iboratdir. Lekin Kodeksda jamoat nazoratining huquq va majburiyatlari aks ettirilmay qolingan.
Suv fondini ekspertiza qilish davlat idoralarining 5 turdagi: suv obyektlariga ta’sir etish; loyiha va loyiha oldi; yer osti zaxiralari va ular to‘g‘risida geologik ma’lumotlash; favqulotda holatlarda suv xo‘jaligi va gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi talablariga javob bera olish; sanitariya-epidemiologiya va eqologik ekspertiza obyektlariga nisbatan o‘tkaziladi. Suvdan foydalanuvchilarga nisbatan qat’iy me’yorlangan suvdan regional (mintaqaviy) foydalanish, ularni muhofaza qilish va holatini yaxshilash talabalari o‘rnatilgan.
Suv fondi obyektlarini hisobga olish, kadastrlash, monitoringini olib borish, innovatsion–informatsion ta’minlash davlatning mutloq vaqolati va asosiy e’tibor markazi sifatida qaralgan. Jismoniy shaxslar va jamoat birlashmalari Kodeksning 62 va 63-moddalarida sanab o‘tilgan bir qator huquq va majburiyatlarga egadirlar.
Suvdan foydalanish huquqi - umumiy, maxsus, holis, birgalikda, bir-lamchi, ikkilamchi, doimiy va vaqtinchalik shakllarda o‘rnatilgan. Holis foydalanish huquqi suv obyekti faqatgina bir yuridik yoki jismoniy shaxsga foydalanish uchun berilganda yuzaga keladi. Barcha shakldagi suvdan foydalanuvchi subyektlarning huquqlari davlat tomonidan muhofaza etiladi, cheklanadi, to‘xtatiladi, litsenziyalanadi.
Davlatning suv xo‘jaligi tashkilotlari Hukumat tomonidan tuziladi va ular davlat, kommunal hamda nodavlat shaklida faoliyat yuritishlariga ruxsat etiladi. Davlat idoralari esa suv fondidan foydalanish va ularni muhofaza qilish me’yorlarini belgilaydi.
Suv fondidan foydalanish tizimi mazkur Kodeksning 6-bo‘lim, 16–bob 90-111-moddalariga binoan ahamiyatiga ko‘ra qo‘yidagi ketma-ketlikda o‘rnatilgan: ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti  sog‘lomlashtirish va rekratsiya  qishloq xo‘jaligi  sanoat va energetika  transport, yog‘och oqizish, yonqinga qarshi kurash  baliqchilik va xo‘jaligini yurgazish  alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, suv omborlarini ekspluatatsiya qilish, kanal va daryolarda gidrotexnik taqsimlagichlarni qurish.
Suv obyektlarini muhofaza qilish va suvlarga zararli ta’sir etishga qarshi kurash: suv muhofazasi faoliyatini belgilash; uning yo‘llarini huquqiy asoslash; suvlarni qattiq, erimaydigan jinslar, sanoat, maishiy va boshqa chiqindilar bilan ifloslanishini oldini olish; suvni kamayib ketishi kabi me’yorlarni o‘rnatish orqali amalga oshiriladi. Cuv muhofazasi zonalari va polosalari, sanitar muhofaza tegralari, favqulotda eqologik inqirozli va talofat holatlari tegralarini belgilash va ularning huquqiy rejimini o‘rnatish ham suv fondini muhofaza qilish chora-tadbirlar ko‘lamiga kiritilgan.
qozog‘izstonda suv qonunchiligi kichik suv obyektlarini muhofaza qilishning o‘ziga xos tomonlarini belgilaydi va ularga nisbatan ham alohida bir xuquqiy tartibni o‘rnatadi.
Suv kodeksining e’tiborga loyiq tomonlaridan yana biri suv fondidan foydalanish va uni muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmining huquqiy asosini yaratib berilganligidadir. Iqtisodiy mexanizm o‘z ichiga suv munosabatlarini iqtisodiy jihatdan tartibga solish turlari, suvga xaq to‘lash, suv xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvatlash prinsiplari, suv sug‘urtasi kabi o‘ta muhim iqtisodiy-moliyaviy institutlarni qamrab oladi.
Suvga oid huquqbuzarliklar turi, suvdan foydalanishda kelib chiqadigan nizolarni hal qilishning umumiy jihatlari suv qonunchiligida aniqlashtirib berilgan hamda tegishli jinoiy, ma’muriy, intizomiy va fuqaroviy javobgarliklarni qo‘llash orqali amalga oshiriladi.
qozog‘iston Respublikasi Suv kodeksining 11-qism, 31-bob, 141-145-moddalariga binoan halqaro suv obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish davlatlararo tuzilgan shartnomalar orqali amalga oshiradi. Halqaro hamjamiyat oldida olingan barcha majburiyatlari qozog‘istonda tegishli hujjat oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat tomonidan ratifikatsiya qilingandan so‘nggina bajarish ma’suliyati kelib chiqadi. Davlatlararo yuzaga keladigan suvga oid nizolarni ixtiyoriy, o‘zaro hurmat, teng va totuv qo‘shnichilik prinsiplariga amal qilgan holda muzokaralar o‘tkazish orqali hal qilinadi. Agarda ushbu muzokaralar natija bermasa, halqaro arbitraj jarayonlari yoki boshqa o‘zaro kelishilgan huquqiy protsessual normalar orqali hal qilishni Kodeks e’tirof etadi.
qirg‘iston Respublikasi. Orol dengizi havzasida hosil bo‘ladigan suv resurslarining 80 – 85foiz qirg‘iziston va Tojikiston respublikalarida yuzaga keladi. Chunki ushbu tog‘li hududlarning tabiiy–iqlim sharoitlari yil bo‘yi suv to‘yimi uchun zarur bo‘lgan qorlik va muzliklardan iboratdir. Shuning uchun ham ushbu davlatlarda suv obyektlariga oid munosabatlarni qay darajada huquqiy jihatdan tartibga solinishi O‘zbekiston uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
1993 yil 5 mayda qabul qilingan mustaqil qirg‘iziston Respublikasi Konstitutsiyasi 2003 yil 18 fevralda yangi tahrirda qayta ishlab chiqildi va hayotga tadbiq qilindi. Uning 1-bo‘lim 4-modda 2-3 bandlariga binoan suv boshqa tabiiy resurslar singari qirg‘iziston Respublikasi mulki hisoblanadi, ular qirg‘iziston halqining hayoti va faoliyati asosi sifatida ishlatiladi hamda uning alohida muhofazasida turadi. Tabiiy unsurlardan faqatgina yer xususiy, munitsipal va boshqa mulk shaklida bo‘lishi mumkin.
qirg‘izistonda suvga oid munosabatlar uning Konstitutsiyasi, 1994 yil 14 yanvarda Jo‘qo‘rg‘u Kenesh tomonidan qabul qilingan «Suv to‘g‘risida»gi, 2001 yil 29 iyundagi «qirg‘iziston Respublikasi suv obyektlari, suv resur-slari va suv xo‘jaligi inshootlarini davlatlararo foydalanish to‘g‘risida»gi kabi qonunlar va ular asosida qabul qilingan normativ hujjatlar orqali tartibga solinadi.
Suv to‘g‘risidagi qonunning 4-5 moddalariga ko‘ra barcha yer usti va yer osti suvlari davlat suv fondi hisoblaniladi va davlat hokimiyati hamda ijroiya organlari tomonidan boshqariladi. Suv resurslari, qonunda ko‘zda tutilgan shartlar asosida yuridik va jismoniy, jumladan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mulki ham bo‘lishi mumkin.
qirg‘iziston Respublikasi suv qonunchiligida, qozog‘iston Respublika-sidan farqli ravishda, oliy qonun chiqaruvchi hokimiyatning suvlarni mukhofaza qilish va ulardan foydalanishdagi vaqolatlari sanab o‘tilgandir. Jo‘qo‘rg‘u Kenesh suvga doir davlat siyosatini belgilashi biz uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki aynan Jo‘qo‘rg‘u Kenesh taklifi va qarori bilan 2001 yildan boshlab qirg‘iziston Respublikasining suv obyektlari, suv resurslari va suv xo‘jaligi inshootlari davlat mulki sifatida e’tirof qilinadigan bo‘ldi. Lekin, bizga ma’lumki, suv turli xil shaklda (gaz, qattiq, suyuq), turli xil holatda (yer osti, yer usti, okean, dengiz va hattoki atmosferada ham) uchraydi. qirg‘izistonda suv obyekti bo‘lib faqatgina yer osti va usti suvlari chiqadi, holos. Undan tashqari, ushbu suv obyektlari faqatgina qirg‘iziston Respublikasi ma’muriy chegarasida joylashgan bo‘lishi mumkin (Issiqko‘l, Sarichelak ko‘li, Maylisuv soyi va h.k.) yoinki u Xitoydan boshlanib qirg‘izistonga kirib kelishi yohud qirg‘izistondan boshlanib O‘zbekiston (Norin daryosi, qora daryo va hakozo) va Tojikiston respublikalariga oqib o‘tishi mumkin. Shuning uchun ham halqaro huquqda ikki va undan ortiq davlatlarning ma’muriy chegaralarida joylashgan, ulardan oqib o‘tadigan daryolar (Amudaryo, Sirdaryo, Dunay, Nil, Ural va h.k.) halqaro munosabatlar obyekti hisoblaniladi. Ushbu suv obyektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish faqatgina va yana faqatgina halqaro huquq normalari asosida tartibga solinishi lozim . Har bir davlat esa o‘z hududidagi halqaro suv obyektining tegishli qismini milliy qonunchilik asosida muhofaza etadi va undan oqilona foydalanadi. Lekin unda milliy suv qonunchiligi aslo halqaro huquq me’yor va qoidalariga zid bo‘lmasligi lozim. Aks holda halqaro suvlardan (jumladan Sirdaryo va uning irmoqlaridan) oqilona foydalanish va davlatlar o‘rtasidagi tinch totuv yashash imkoniyatini yaratish juda mushkuldir. Sobiq ittifoqdosh respublikalar mustaqilligining birinchi yilidayoq (1992 yil 22 aprel) qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Askar Akayev Markaziy Osiyo davlat boshliqlari Kengashida so‘zlagan nutqida «Ilohiy taqdir taqozosi bilan davlatlarimiz ayni bir vaqtda mustaqil va suveren davlatlar sifatida jahon hamjamiyatida tan olindi. Yagona islohiyatlar strategiyasini tanlab oldik, davlatraro munosabatlarining qalbaki mafkuraviy aqidasidan halos bo‘ldik. Va, asosiysi, eng mushkul iqtisodiy tanazzulni birgalikda bartaraf etishimiz, o‘ta murakkab siyosiy va ijtimoiy muammolarni hal qilishimiz kerak», - degan edi .
Markaziy Osiyoda o‘ta murakkab siyosiy va ijtimoiy muammolar sirasiga aynan suvga oid masalalar kiradi. «qirg‘iston Respublikasi suv obyektlari, suv resurslari va suv xo‘jaligi inshootlarini davlatlararo foydalanish to‘g‘risida»gi milliy qonunning 1-moddasida bitilgan ikki maqsaddan birinchisi - Markaziy Osiyo davlatlarini suv bilan ta’minlovchi asosiy manba bo‘lgan qirg‘iziston Respublikasida suv fondini saqlash, muhofazalash va rivojlantirish. Ikkinchi maqsad – ushbu milliy suv fondini manfaatdor mustaqil davlatlarga berishda bozor iqtisodiyotini inobatga olgan holda oqilona va o‘zaro manfaatli prinsiplar asosida tartibiga solish va reglamentatsiyalash (muayyan qoidalarni o‘rnatish). Mazkur maqsadlardan kelib chiqqan tarzda qonnunning 3-moddasida:
- qirg‘iziston ma’muriy chegarasidagi barcha suv obyektlarini davlat mulki sifatida e’tirof etilishi;
- suv-tabiiy resurs sifatida qaralib, u iqtisodiy qiymatga ega ekanligi hamda raqobatli foydalanish jarayonida tovar sifatida qaralishi;
- davlatlararo suv munosabatlarida qirg‘iziston Respublikasi suv fondidan pullik foydalanish tizimining o‘rnatilishi kabi 12 ta fundamental ko‘rinishdagi prinsip va nizomlar o‘rnatildi. Lekin, afsuski, ushbu qoidalarda suvning yer, yer osti boyliklari, o‘simlik dunyosi kabi tabiiy resurslardan o‘ziga xosligi bilan ajralib turishini inobatga olinmagan, deb o‘ylaymiz. Chunki suv doimo harakatda, ya’ni kichik va katta aylanishning eqologik tizimida turadi. Suvning ushbu muhim eqologik xususiyatini yo‘q qilishning iloji yo‘q, bo‘lgan taqdirda esa uning foydali xususiyatini yo‘qotish bilan barobardir. Hammamizga ma’lumki suv muallaq holda, yer singari, turib qolsa u ifloslanadi, buziladi va kamayadi yoki toshib ketadi. «Suv ham buzuvchi ham yaratuvchi hayot manbai» deyishadi qirg‘izlar. Shunday ekan qoradaryo yoki Norin daryosidan O‘zbekistonga oqib o‘tayotgan va «tovarga» aylantirilgan qirg‘iziston Respublikasi suv obyektini O‘zbekiston Respublikasi tomonidan sotib olish imkoniyati yoki hoxishi yo‘q deylik. Unda ushbu «milliy boylik»ni qirg‘iziston qanday qilib o‘zida «zaxira» sifatida ushlab turishi mumkin. Buning aslo iloji yo‘q. Faqatgina qirg‘iziston Respublikasi suvlarni yozda suv omborlarida ushlab turishi, qishda esa, ya’ni suv qishloq xo‘jaligiga kam talab etiladigan davrda oqizib yuborilishi mumkin. Lekin O‘zbekiston yoki qizog‘iston respublikalari ushbu «tovar»ni qishda sotib olishdan bosh tortsa nima bo‘ladi. Unda butun qirg‘izistonni suv bosadi va natijada, suv o‘zining «buzuvchi»lik xususiyatini namoyon etadi. Maylisuvni radioaktiv ifloslanishi, Tojikiston Respublikasidagi Sarez ko‘lining xavfli darajada turganligi, Orol dengizining inkirozli holati, kabi gidromuammolarning har biri Markaziy Osiyo davlatlarining milliy qonunchilik normalarini ishlab chiqishda «yetti o‘chlab bir kesishni» talab etadi. Chunki suv hayot manbai, xayotiy muammolar turli siyosiy to‘qnashuv va kelishmovchiliklarga olib kelishi hech gap emas.
qirg‘iziston Respublikasi Suv to‘g‘risidagi qonunning IX qism, 66-moddasida ko‘rsatilgan «qirg‘iziston Respublikasi suv munosabatlari sohasida o‘z siyosatini ishlab chiqishda xorijiy mamlakatlar bilan tinch qo‘shnichilik va o‘zaro yordam, umumiy eqologik xavfsizlik, tabiatni halqaro muhofaza qilishni rivojlantirish asoslariga tayanadi» degan milliy huquq normalarini amalga tadbiq etish XXI asrning o‘ta dolzarb masalasidir. 2003 yilning sentyabr oyi Dushanba shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlarining barqaror rivojlanishga bag‘ishlangan anjumanida suv muammolarini birgalikda hal qilish zarurligi yana bir bor ta’kidlanganligi bejiz emas, albatta.
Tojikiston Respublikasi. Ushbu tog‘li o‘lkada Markaziy Osiyodagi eng yirik suv arteriyasi - Amudaryo o‘z suvini yig‘adi. Pomir – Oloy tog‘ tizmasida daryolar asosan qor va muzliklardan to‘yinadi. 1994 yil 6 noyabrda vakillik va qonunchilik hokimiyati–Majlisi Oliy tomonidan qabul qilingan Tojikiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga binoan suv resurslari davlatning mutloq mulki hisoblanadi va davlat o‘z halqining manfaatlaridan kelib chiqib undan samarali foydalanish kafolatini beradi. Konstitutsiyadan avval esa 1993 yil 27 dekabrda qabul qilingan Tojikiston Respublikasi Suv kodeksi 1994 yil 1 yanvardan kuchga kirdi.
Suv kodeksi o‘zining 3-moddasi bilan suv fondini ikkiga, ya’ni: 1) mamlakat hududida joylashgan ichki daryo, ko‘l, suv omborlari, kanallar, yer osti suvlari; 2) davlatlararo (tranzit) daryolar suvi, qaysiki ularning suv yig‘ish havzasi qisman yoki umuman o‘zga davlatlar hududida joylashgan suv obyektlariga ajratilgan. Bizining fikrimizcha, Suv fondini aynan shu ta-riqa 2 toifaga ajratish juda ham to‘g‘ri va Orol dengizi yopiq havzasida joylashgan davlatlar manfaatlarini to‘liq inobatga oladi. qirg‘iziston Respublikasi suv qonunchiligidan farqli, Tojikiston Respublikasi suv qonunchiligida ikkinchi toifadagi suv fondiga bo‘lgan davlat mulkchiligi davlatlaro tuzilgan yoki tuziladigan shartnomalarga muvofiq ravishda o‘rnatilishi kerakligiga alohida urg‘u berilgan (4-modda). Bu esa suv nafaqat muayan davlat fuqarolarining boyligi bo‘libgina qolmay, balki umumsoniyat boyligi ekanligini ifoda etadi.
Tojikiston Respublikasida yer usti suvlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishning maxsus boshqaruvi Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirligi, yer osti suvlari – Vazirlar Kengashi huzuridagi Geologiya bosh boshqarmasi, termal va mineral suvlar – Vazirlar Kengashi huzuridagi Sanoatda va tog‘-kon nazoratida ishlarni bexatar olib borish davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Bir paytning o‘zida ularga tegishli suv obyektlari ustidan davlat nazoratini olib borish funksiyasi ham topshirilgan.
Suv obyektlarida turli xil halq xo‘jaligi obyektlarini qurish, loyihalash, joylashtirish va ishga tushirish talabalari Markaziy Osiyo davlatlarining suv qonunchiligidan aytarli darajada farq qilmaydi. Xuddi shunday holat suvdan foydalanuvchi subyektlar va obyektlarning turi, muddati, shakli, usullariga ham tegishlidir. Lekin Tojikiston Suv kodeksida davlatlaro suv obyektlaridan foydalanishni tartibga solish (99-modda) va davlat chegarasidagi daryolardan foydalanishga (100-modda) alohida e’tibor berilgan. qonunda aynan Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon daryosi suvlaridan foydalanish halqaro shartnomalar va kelishuvlar asosida olib borilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Bunday huquqiy holat ham halqaro qonunchilik andozalari talablariiga to‘liq mos tushadi, deyish mumkin.
Halqaro suv obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga doir nizolar davlatlarning ijroiya organlari – hukumatlari tomonidan hal etilishi Kodeksining 103 – moddasida alohida belgilangandir.
Tojikiston Respublikasi Suv kodeksining 12-moddasi suv fondini muhofaza qilish talablari bilan boyitilgan. Bu esa davlatning halqaro hamjamiyat oldidagi burchi naqadar kattaligini anglatadi. Lekin ularni amalga tadbiq etilishi hanuzgacha iqtisodiy nuqtai nazardan zamon talabida, deb aytish qiyin. Chunki Amudaryo suvining loyqaligi va Surxondaryoning turli kimyoviy chiqindilar bilan ifloslanganlik darajasi 2000 yilga kelib maksimal ko‘rsatgichlarga ega bo‘lgan. Garchand Kodeksning 134-moddasida va unga monand ravishda Jinoyat va Ma’muriy huquqbuzarlik kodekslarida bunday qonunbuzarliklar aybli va ijtimoiy xavfli qilmish sifatida e’tirof etilgan bo‘lsada.
Umuman olganda, Markaziy Osiyodagi suv muammolarini yechimini topishga qaratilgan bir qator davlatlararo uchrashuvlarining aynan Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tishi, bizningcha, Tojikiston Respublikasi milliy qonunchiligini halqaro suv obyektlariga nisbatan liberallashgan tarzda ifoda etilganidadir.
Turkmaniston Respublikasi. Garchand Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslarini hosil bo‘lishida Turkmaniston deyarli hech qanday ahamiyat kasb etmasada, halqaro hamjamiyatning to‘laqonli a’zosi va turkman halqining ham hayoti to‘g‘ridan to‘g‘ri suv bilan bog‘liqligini aslo yoddan chiqarmaslikni talab etadi. Davlatning deyarli 95 foiz hududi arid iqlimli cho‘l va sahrolardan iborat bo‘lgan Turkmaniston Respublikasining 1992 yil 18 martda qabul qilingan Konstitutsiyasida suvga oid alohida bir modda yo‘q. Lekin suv qonunchiligining asosi bo‘lmish Suv kodeksi 5 bo‘lim, 30 bob va 134 moddadan iborat bo‘lib, u 1974 yil 27 dekabr Sobiq ittifoq davrida qabul qilingan. Bu MDH davlatlari ichida SSSR suv qonunchiligi asosida o‘z mustaqilligini ifodalayotgan yagona davlatdir.

Download 1.39 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   50   51   52   53   54   55   56   57   ...   77




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling