Yusuf Xos Hojib hayot yo’li. «Qutadg’u bilig» qo’l yozma nusxalari. “Qutadg’u bilig” asarida obrazlar tasviri


“Qutadg’u bilig” asarida obrazlar tasviri


Download 39.94 Kb.
bet5/13
Sana18.11.2023
Hajmi39.94 Kb.
#1784669
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Bog'liq
Yusuf Xos Hojib hayot yo

3. “Qutadg’u bilig” asarida obrazlar tasviri.

Doston mazmuni shoir tasavvuridagi shunday bir badiiy olamni aks ettiradiki, uning asosiy qahramonlari 4 timsoldan tashkil topgan. Birinchisi, Adolat – u bosh hukmdor, uning nomi Kuntugʻdi, u quyoshdek barchaga barobar nur taratadi. Ikkinchisi, Dav-lat – turkiyda Qut, u bosh vazir, uning ismi Oytoʻldi. Qut yoki Davlat ichki mazmuniy tushuncha boʻlib, Boylik, Baraka, Omad, Baxt, Kudrat maʼnolarini oʻzida jamlagan, hukmdorning tayanchi, uning beliga quvvat, koʻziga nur, mulkiga farovonlik baxsh etuvchi bosh maslahatchi va nozir. Ammo Oytoʻldining umri foniy, Davlat, Baxt, Omad degan narsalar poydor emas, osmondagi Oy singari goh toʻlib balqiydi, goh Hilol singari noziklashib, quvvatdan ketadi, orada koʻrinmay qolishi ham mumkin. Oytoʻldi asar davomida xastalanib vafot etadi. Ammo uning vorisi, oʻgʻli Oʻgdulmish uning oʻrinbosari, hukmdorning yaqin maslahatchisi boʻlib qoladi. Oʻgdulmish Aql va Bilim ramzi. Agar Boylik, Omad, Baxt oʻtkinchi boʻlsa, kishi qoʻlida doimiy turmasa, Aql va Bilim ularning oʻrnini bosa oladi. Asli asarning bosh qahramoni Oʻgdulmish, yaʼni Aql va Bilimdir. Shu sababli kitobning asl nomi ham “Qutadgʻu bilig” (“Baxtga eltuvchi bilim”). Baxt, qut-baraka, omad, qudrat manbai boʻlmish bilim bilan bogʻliqdir. Asardagi toʻrtinchi timsol – Qanoat. Agar insonda, jamiyatda qanoat boʻlmasa, uning barcha xosiyati bir pul, oqibati ayanchlidir. Qanoatning ismi Oʻzgʻurmish boʻlib, u Oytoʻddining, yaʼni Baxt va Davlatning, Oʻgdulmishning, yaʼni Aql va bilimning qarindoshidir. Ammo Oytoʻldi qarindoshini eslamaydi. Baxt va Omad Qanoatni xotirga keltirmaydi. Hukmdorga Oʻzgʻurmish qarindoshi haqida Oʻgdulmish eslatadi, yaʼni Adolat Aql yordamida Kanoatdan xabar topadi va uning suhbatini istaydi. Asar oxirida Oʻzgʻurmish ham xastalanib vafot etadi. Quntugʻdi va Oʻgdulmish, yaʼni Adolat va uning bosh maslahatchisi Aql qoladilar.


Bular islom maʼnaviyatining bosh timsollari edi. “Qutadgʻu bilig”ning ayricha ahamiyati ana shunda. Ammo asar mavhum timsollar va ramzlardan iborat emas. Asar qahramonlari jonli shaxslar – Elig – Kuntugʻdi – adolatli, insofli hukmdor, Oytoʻldi – donishmand, tadbirli, tarjibali alloma, murakkab xarakterli shaxs, yurt, jamiyatga foydasi tegishini oʻylab poytaxtga keladi va musofirparvar Koʻsalish yordamida Eligning Xos Hojibi Ersig bilan tanishib, u tufayli Kuntugʻdi saroyiga kirib boradi. Elig bilan tanishadi. Elig va Oytoʻldi orasida koʻp suhbatlar boʻlib oʻtadi. Ular bir-birining botiniy qiyofasi, feʼl-atvorlarini yaxshi oʻrganib, asta-sekin umumiy til topishadi, orada baʼzi ginaxonliklar ham boʻlib oʻtadi. Oytoʻldining xastaligi va oʻlimi, unga Elig va Oʻgdulmishning qaygʻurishi, hamdardligi juda tabiiy, hayotiy kechinmalarda tasvirlanadi. Oʻgdulmish Aql timsoli boʻlgani bilan, u avval oʻzini yosh yigitlarga xos tutadi, Elig unga qancha pand-nasihatlar beradi, tarbiyalaydi. Keyingi Oʻzgʻurmish bilan boʻlgan suhbatlar taʼsirida ham Oʻgdulmishning ongi oʻzgarib, rivojlanib boradi. U maʼlum vaqt Oʻzgʻurmish taʼsirida tavba-tazarruga berilib, moddiy dunyo tashvishlaridan oʻzini olib qochmoqchi boʻladi, ammo Oʻzgʻurmish va Kuntoʻldilar yana uni bu niyatdan qaytaradilar, el-yurt tashvishi bilan yashashga undaydilar. Shoir Aql va Bilimni el-yurt, xalq farovonligi yoʻlida xizmat ettirish eng asosiy burch deb hisoblaydi. Aql avvalo Adolatga himoyachi va maslahatgoʻy boʻlmogʻi talab etiladi. Oʻzgʻurmish shaxsi tarkidunyo etgan, zohid-lik va taqvoni yashash tarziga aylantirgan soʻfiylarni eslatadi. Yusuf Xos Hojib tasavvuf gʻoyalari, amaliyotidan chuqur xabardor ekanligini ushbu qahramoni tavsifida ayon etgan. Tasavvuf, taqvo, zohidlik va faqir shoir nazdida avvalo Qanoatning timsoli, yorqin namoyondasidir. Qanoat Oqibatni oʻylash bilan boʻladi, u insonga Ofiyat (ruhiy osoyishtalik, qoniqish) keltiradi. Adolat Qanoatsiz boʻlmaydi. Hukmdor soʻfiyning, zohidning suhbatidan bahramand boʻlib turishi kerak. Soʻfiy hukmdorni qidirib kelmaydi, hukmdor uni oʻzi qidirishi, suhbatiga intiq boʻlishi kerak. Kuntugʻdi, Oʻgdulmishni Oʻzgʻurmishga maktub bilan uch marta joʻnatadi. Shoir fikricha, agar hukmdor eʼtibor koʻrsatsa va mayl bildirsa, soʻfiy ham suhbatdan bosh tortmasligi kerak. Albatta, zohid Oʻzgʻurmish saroy ayoniga aylanmaydi, u maʼlum vaqg Elig bilan fikr almashib, yana oʻz kulbasiga qaytib ketadi, hayot tarzini oʻzgartirmaydi.
Yusuf Xos Hojib tasavvuf gʻoyalariga, haqiqiy taqvo egalariga yuksak ehtirom bilan qaraydi, ammo jamiyat, xalq baxti uchun, Adolat tantanasi uchun oʻz umrini bagʻishlash uning bosh yoʻnalishi boʻlib qoladi. Uning suyukli qahramoni Oʻgdulmish – Aql va Bilim ega-si, umrini Adolat xizmatiga bagʻishlangan shaxsdir.
“Qutadgʻu bilig” qahramonlari faqat toʻrt kishi emas, uning asari badiiy umumlashmalarni hayotdan uzib aks ettirgan deb boʻlmaydi. Doston hayot haqiqatlari bilan toʻlugʻdir. Unda oʻsha davr turmushining barcha qirralari, ikir-chikiri, ziddiyatlari oʻz ifodasini topgan. Yusuf Xos Hojib oʻz yuksak oʻy-xayollarini ajoyib timsollarda ifodalar ekan, hayotdan bir zum uzilmaydi, davr ziddiyatlaridan koʻz yummaydi, jamiyatdagi barcha tabaqa, toifalarga xos fazilat, qusurlar, ijtimoiy ahvolni aniq idrok qiladi. Uni bazan feodal-saroy qarashlariga tobe qilib koʻrsatishadi. Aslida bunday yanglish tasavvur Yusuf Xos Hojibning hayotiy zukkoligi, ijtimoiy aqli, tadbirkorligini notoʻgʻri talqin qilish oqibatidir.
“Qutadgʻu bilig” kitobi avom xalq uchun emas, birinchi navbatda, xoqon va beklar, yaʼni yurtning hukmdorlari uchun atab yozilgandir. Turkiy sulolalar butun islom mintaqasida hukmfarmo boʻlib ke-layotgan bir paytda, ijtimoiy jihatdan “Shohnoma” dan koʻra “Qu-tadgʻu bilig”, yaʼni “hukmdorlar Adabnomasi” koʻproq zarur va bu kitob aynan turkiy tilda yozilmogʻi kerak edi. Yusuf Xos Hojib ushbu ijtimoiy zaruratni vaqtida anglab yetdi; unga yuksak saviyada javob bera oldi. Uning asarini turkiy hukmdorlar qay darajada oʻqidi va oʻzlashtirdi, bu boshqa masala. Abu Ali Hasan Xorunxon uni yaxshi qabul qilgani, shoirni munosib taqdirlagani Kuntugʻdi va Oytoʻldi timsollari hayotiy haqiqatga ancha muvofiq kelganini koʻrsatadi.
Oʻsha davr ijtimoiy, axloqiy voqeligining juda koʻp, xilma-xil jihatlari asar mazmuniga singdirilgan. Ayniqsa, Kuntugʻdi va Oʻgdulmish suhbatlariga bagʻishlangan 15–25-boblar, Oʻgdulmish va Oʻzgʻurmish suhbatiga oid 31–53-boblar davrning barcha ijtimoiy toifalari (beklar, sipohiylar, saroy ayonlari – vazir, hojib, xazinachi, lashkarboshilar, elchilar, kotiblar, sayyidlar, shoirlar, munajjimlar, olimlar, tabiblar, dehqonlar, savdogarlar, chorvadorlar, hunarmandlar, kambagʻallar – barcha-barchasining) ahvol-ruhiyati, jamiyatdagi oʻrni, feʼl-atvori haqida mufassal tasavvur beradi, ularga hukmdor va davlat ayonlarining adolatli munosabati qanday boʻlishi kerakligini tushuntiradi.
Yusuf Xos Hojib jamiyatni tubdan oʻzgartirishni emas, muvofiqlashtirish, uygʻunlashtirish, takomil baxsh etishni maqsad qilib qoʻyadi. Chunki XI asr islom jamiyatining shakllanib, yuksalib kelayotgan davri boʻlib, unda takomillashtirish takliflari oʻrinli edi.
“Qutadgʻu bilig”ning badiiyligi juda yuqori. Undagi har bir qirra, voqealardagi hayotiylik va shoir xayoli oʻzaro nihoyatda uygʻun. Shoirning tasvirlari yorqin, tili nihoyatda shirali, mazmunga boy. Islom mintaqa sheʼriyatining eng asosiy uslubi xususiyati – har bir baytning mustaqil tasviriy, timsoliy birlik darajasiga koʻtarilish talabi Yusuf tomonidan toʻla his qilingan va amalga tadbiq etilgan. Uning juda koʻp baytlari hikmatli soʻz (aforizm) darajasiga koʻtarilgan. Har bir bayt tugal tasvir (yaxlit obraz) beradi. Asar tavhid yoki yagona Alloh hamdi bilan boshlanadi. 32 baytli bu bobda islomning bosh tushunchasi har taraflama tavsiflab berilgan.
Xullas, turkiy tilda yaratilgan bu buyuk asar mintaqa adabiyoti rivojining birinchi bosqichi uchun maʼlum maʼnoda yakunlovchi asar boʻldi. Bu bosqichning oʻziga xos ikki jihatini qayd etib oʻtmoq kerak.
Birinchidan, bu davrda ilm-fan va yozma badiiy adabiyot asosan turli hukmdorlar saroyi qoshida, ular homiyligida rivoj olib, gullab-yashnadi. Agar Abbosiy xalifalar saroyida arab tilidagi sheʼriyat, Somoniy va Gʻaznaviylar huzurida fors tilidagi adabi-yot panoh topgan boʻlsa, Qoraxoniylar dargohida turkiy sheʼriyatning buyuk namunasi dunyoga keldi.
Ikkinchidan, bu adabiyotning oʻziga xos tomoni maʼrifatchilik edi. Nafaqat adabiyot, balki bu davrning butun maʼnaviyatida yetakchi ruhni aqlga tayanish, bilimga chorlash, ijtimoiy adolat, margʻub axloqni aql, zakovat kuchi bilan oʻrnatishga ishonch tashkil qilar edi. Bu adabiyot birinchi navbatda hukmdor tabaqaga, beklar, zodagonlarga moʻljallangan va oʻshalarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishni maqsad qilgan edi.



Download 39.94 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling