Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy va ilmiy merosining o‘zbek adabiyoti va tarixida tutgan o‘rni va ahamiyati


Download 18.77 Kb.
Sana16.06.2023
Hajmi18.77 Kb.
#1517091
Bog'liq
Z.M.Bobur maqola


Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy va ilmiy merosining ozbek adabiyoti va tarixida tutgan orni va ahamiyati
Jovliyeva Yulduz Abdivasi qizi
Chirchiq davlat pedagogika universiteti
O`zbek tili va adabiyoti yo`nalishi 3-kurs talabasi
yulduzjovliyeva442@gmail.com

ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur merosining o‘zbek tili, adabiyoti, tarixi, etnografiyasida tutgan o‘rni va ahamiyati haqida so‘z boradi.
Kalit sozlar: temuriyzoda, memuar, “Boburnoma”, g‘azal, ruboiy.
Zahiriddin Muhammad Bobur XV-XVI asr Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston tarixida chuqur va o`chmas iz qoldirgan buyuk shaxs, nodir iste’dod egasi. Bobur Mirzo Amir Temur hukmronligidan so‘ng Temuriylar davlatini bir qadar birlashtirishga muvaffaq bo`lgan temuriyzoda hukmdordir. Bobur Mirzo shaxsi to‘g‘risida so‘z borganda, albatta, XV-XVI asrlarda O‘rta Osiyo xususan Movarounnahr, Xuroson tarixiga alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Chunki Mirzo Bobur bu davr tarixida, siyosiy va adabiy hayotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shaxs bo‘lgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur juda erta otasi Umarshayx Mirzoning vafotidan so‘ng, atigi 12 yoshida Farg‘ona taxtiga o`tiradi. Hali yosh bo‘lishiga qaramay mard va jasur Bobur uch marotaba Samarqand taxtini egallaydi ammo o‘sha davrda hukm surgan siyosiy tarqoqlik va parokandalik tufayli taxtda uzoq qolmaydi.
Zahiriddin Muhammad Boburni tarixda nafaqat buyuk hukmdor balki, o‘zidan boy adabiy-memuar meros qoldirgan adib sifatida ham bilamiz. U o’zbek adabiyotidagi dastlabki nasriy-memuar, tarixiy-ilmiy asar “Boburnomani” yaratgan. Ushbu asar O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston, Eron xalqlari tarixi, geografiyasi, etnografiyasiga oid nodir va qimmatli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan va o‘sha davr o‘zbek mumtoz adabiyoti va adabiy tilining yorqin namunasi bo‘lgan. Shu bilan birga “Mubayyin al-zakot”, “Muxtasar”, “Harb ishi”, “Musiqa ilmi”, “Kobul devoni”, “Hind devoni” kabi bir qator asarlari ham mashhur. Afsuski, “Harb ishi”, “Musiqa ilmi”, “Kobul devoni” singari asarlari topilmagan.
Zahiriddin Muhammad Bobur 16-17 yoshidan boshlab badiiy ijod bilan shug‘ullanib, o‘zbek va tojik tillarida she’rlar yozadi. U asosan hajman ixcham g‘azallar yaratgan, she’riy asarlarining yarmini ruboiylar tashkil etadi. Bizgacha yetib kelgan she’rlarining umumiy soni 400 dan oshiq bo‘lsa, shulardan 119 tasi g‘azal, 231 tasi ruboiydir. Bundan ko‘rinib turibdiki, bobomiz juda sermahsul ijod qilganlar. She’riyatining mavzulariga keladigan bo‘lsak, bunda asosan vatan ishqi, vatan sog‘inchi mavzusi yetakchilik qiladi. G‘azal va ruboiylari nihoyatda samimiy tuyg‘ular bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, asosan hasbu hol xususiyatiga ega. Shoir garchi taqdir taqozosi bilan o‘zga ellarda yashashga majbur bo‘lsada, o‘z vatanini, ona yurtini aslo unutmaydi, uni sog‘inib, qo‘msab yashaydi. Barchamizga sevib o‘qiydigan, hammamizga yod bo‘lgan ushbu ruboiy fikrimizning yorqin isboti bo‘la oladi:
Tole yo‘qi jonimg'a balolig' bo‘ldi,
Har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig' bo‘ldi.
Bobur – yuksak badiiy mahorat sohibi. O‘zbek adabiyotida Alisher
Navoyidan so‘ng she’riyat (lirika) ravnaqi va takomilida Zahiriddin Muhammad Bobur alohida o‘rin tutadi. U Navoiy hazratlarini o‘ziga ustoz deb biladi. Haqiqatdan ham Zahiriddin Muhammad Bobur adabiyotimizning Alisher Navoiydan keyingi eng zabardast va iste’dodli vakilidir.
Bobur o‘zining ma’lum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir, ijtimoiy masalalar yechimiga o‘z hissasini qo‘shgan olim sifatida xalqimiz ma’naviyatida, tarixida munosib o‘rin egallaydi. Buyuk ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, ularning dono hikmatlarini pand-o‘gitlarini hayotimizga tadbiq etmog‘imiz lozim. Zero, buyuk ajdodlarga munosib avlod bo‘lmoq barchamizning eng oliy vazifamizdir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

  1. Sh.Sariyev ,,Adabiyot fanidan yaxlit o‘quv-didaktik qo‘llanma” Sharq nashriyoti Toshkent 2014 (166-bet)

  2. «Ma’naviyat yulduzlari», «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent -2011

  3. Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” Toshkent “IJOD-PRESS” 2020

  4. www.ziyonet.uz

Download 18.77 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling