Zamonaviy asarlarda milliy qadriyatlar o’rni Annotatsiya


Download 19.3 Kb.
Sana16.02.2023
Hajmi19.3 Kb.
#1204000
Bog'liq
Zamonaviy asarlarda milliy qadriyatlar o\'rni


Zamonaviy asarlarda milliy qadriyatlar o’rni

Annotatsiya. Milliy qadriyatlar har bir millatning birlamchi ildiziga borib taqaladi. Ayniqsa, adabiyot va badiiy asarlar ushbu ildizning asosiy tomiri bo’lsa. Xalqimiz qadim-qadimdan yozma asarlarga o’zgacha mehr bilan qaraydi. Shu bois badiiy adabiyot namunalari o’zbek xalqi uchun alohida ahamiyat kasb etadi va o’zida milliy qadriyatlarimizni ifodalashi bilan ajralib turadi. Ushbu maqolada muallif ayni shu milliylik xususiyatlarini o’zida mujassamlashtirgan zamonaviy adabiyot haqida batafsil to’xtalib o’tadi.
Kalit so’zlar: adabiyot, zamonaviy asarlar, milliylik, tafakkur, adabiy tanqidchilik, publitsistika va h.k.
Milliy qadriyatlar – murakkab ijtimoiy va ruhiy hodisa bo’lib, millatning tili, madaniyati, qadim tarixi, urf-odatlari, qadriyat va an’analarini, boringki, jamiyki moddiy va ma’naviy boyliklarni, iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha tomonlaridir. Milliy qadriyatlar – muayyan toifaga mansub xalqqa taalluqli bo’lgan qadriyatlar va an’analar, barcha millatga tegishli bo’lgan ma’naviy boyliklar yig’indisi demakdir. Yoshlarda milliy qadriyatlar to’g’risidagi tasavvurlarini shakllantirish uchun quyidagilar bosqichma-bosqich olib boriladi:

  • milliy qadriyatlar haqida tushuncha;

  • buyuk ajdodlarimiz tomonidan meros qilib qoldirilgan ma’naviy va intellektual moddiy boyliklar;

  • xalq og’zaki ijodi namunalari;

  • milliy qadriyatlar va ularning tarbiyaviy ahamiyatlari;

  • har bir oilani ma’naviy boyitishga yordam berish va shu kabilarga qat’iy e’tibor beriladi.

Mamlakatimizda inson olamini yuqori bosqichga ko’tarishda ta’lim-tarbiya siyosati birlamchi masala hisoblanadi. Boisi «Har kimning bilim olish huquqi» Konstitutsiyamiz tomonidan kafolatlangan bo’lib (41 - modda), shu jumladan uning komil shaxs bo’lib yetishishi uchun «fikrlash, so’z va e’tiqod erkinligi» (29 - modda) beriladi. Shu bilan birga ma’naviy tarbiya olib borish davlat nazoratidadir (57 - modda). Ushbu ma’naviy tarbiya esa milliy ruhda yozilgan asarlar yordamidagina shakllanishi mumkin. Hech kimga sir emaski, xalqimiz uzoq muddat xalqimiz qadriyatlariga teskari bo’lgan tuzumda yashashga major bo’ldik. Shu asosida badiiy adabiyotimizning otaxon asarlari negizida aynan Sobiq Sho’ro mafkurasini targ’ib qilish hukm surdi. Ahamiyatlisi shundagi, o’sha qiyin zamonlarda ham qadriyatlarimizni ulug’lovchi asarlar yozilaverdi.
XX asr oxiri – XXI asr boshlaridagi oʻzbek adabiyoti ushbu davrda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotdagi oʻzgarishlarni aks ettiradi. Bugungi kun adabiyotshunos olimlari va tanqidchilari oʻzbek adabiyoti rivojida yuz berayotgan oʻzgarishlarni anglab yetishga va ularga munosib baho berishga urinmoqdalar. “Sharq Yulduzi”, “Yoshlik”, “Tafakkur”, “Guliston”, “Oʻzbek tili va adabiyoti” kabi adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy ruhdagi yetakchi jurnallar, “Kitob dunyosi” gazetasi sahifalarida eʼlon qilinayotgan zamonaviy adabiy jarayonga bagʻishlangan bahs va munozaralar, chop etilayotgan qator maqolalar shundan dalolat beradi. Lekin shuni qayd etish kerakki, oʻzbek adabiy tanqidchiligida adabiyotning oʻz-oʻzini shakllantirishga urinishi borasida yakdil fikrlar yoʻq. Masalan, Hakimjon Karimov ilgari surgan paradigma1 inʼikos nazariyasiga va ijtimoiy-madaniy hamda adabiy tafakkurning rivojlanishida ong kategoriyasining roliga asoslanadi. Tadqiqotchi yozish uslubi rivojlanishining asosiy yoʻnalishlarini nasrning janr prinsipiga asosan boʻlinishidan kelib chiqqan holda koʻrsatib oʻtadi: 1) adabiyotda gʻoya va mavzu maydonining kengayishi; 2) ijtimoiy, axloqiy, maʼnaviy, oilaviy masalalarga eʼtiborning kuchayishi; 3) insonparvarlik mazmuni va psixologizmning chuqurlashuvi; 4) oʻzbek xalqining oʻzligini tanishi va mentaliteti masalalariga murojaat etilishi; 5) hayot mazmunini falsafiy mushohada etish.
Qator adiblar ijodida “bozor sharoitidagi inson taqdiri” mavzusi ustuvor muammo sifatida ajralib koʻrinadi. Ularning asarlaridagi bosh qahramon bozor munosabatlariga moslashib olgan yoki “ortiqcha odam”ga aylangan kishidir. Y. Solijonovning fikricha, “har bir adib yolgʻizlik fojiasini oʻzicha ochib beradi”. Olim Tohir Malik, Xurshid Doʻstmuhammad, Zulfiya Qurolboy qizi va boshqa bir qator adiblarni sanab oʻtar ekan, quyidagi belgilariga koʻra, zamonaviy badiiy asar yaratishda oʻzbek adabiyoti uchun yangilik boʻlgan oʻziga xos tendensiyalarni keltirib oʻtadi. Bular: 1) nasihatgoʻylikdan qochish; 2) zamonaviy jamiyatda ayol rolining oʻzgarganligiga urgʻu berish, ikki yoʻl oʻrtasida turgan ayolning ruhiy kechinmalarini yaratish; 3) ijtimoiy-madaniy, gʻoyaviy-axloqiy tiplarning yonma-yon, bir-birlariga ijobiy yoki salbiy taʼsir koʻrsatib yashashi; 4) oʻzbek xalqining sobiq shoʻrolar davridagi hayotini mushohada qilishga urinish; 5) joʻshqin syujetlarga intilish (“bozor adiblari” va “bozor adabiyoti”ni yaratgan salbiy tendensiya sifatida); 6) tasviriylik va publitsistikaga moyillik.
G. Garipova XXI asr adabiy jarayonini “adabiy jarayon taraqqiyotining yangi bosqichi boʻlib, u milliy adabiyot tarixining barcha davrlarini qamrab oldi” deb taʼriflaydi. Biroq XX-XXI asrlar boʻsagʻasida “XX asr (adabiy jarayon 20-80-yillar oxirini “shoʻro” davri deya belgilagan) milliy badiiyati bilan mumtoz adabiyot anʼanalari, asr boshidagi oʻzbek badiiy “yangiligi” va jahon badiiy anʼanalari hamda amaliyoti oʻrtasidagi uzilish yengib oʻtildi”, degan mulohazasi bilan tadqiqotchi oʻz fikriga oʻzi qarshi chiqadi. Zamonaviy adabiy jarayonda turlicha uslublar, janrlar va bugungi voqelikni haqqoniy aks ettira oladigan tasviriy-ifoda vositalarining yangilanishi bilan ifodalanuvchi gʻoyaviy-estetik tendensiyalarning paydo boʻlishi shu bilan izohlanadi. Mazkur tendensiya oʻzining axloqiy-gʻoyaviy tayanchlarini oʻzbek xalqining shonli oʻtmishidan izlaydi. Oʻzbek adabiyotidagi “oʻtish” davri vatanparvarlik ruhi yorqin aks etgan koʻplab asarlarning (xususan, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Shavkat Rahmon sheʼriyati, Shukur Xolmirzayev va Omon Muxtorning qator nasriy asarlari) vujudga kelishi hamda tarixiy siymolar va xalq qahramonlari obrazi yaratilishida koʻrinadi. Bunga Maqsud Qoriyevning “Ibn Sino”, “Beruniy”, Muhammad Alining “Sarbadorlar”, Saʼdulla Siyoevning “Yassaviyning soʻnggi safari”, Asad Dilmurodning “Mahmud Torobiy” kabi asarlarini misol qilib keltirish mumkin. Bu hodisaning mohiyati shundaki, xalqimizning oʻz-oʻzini anglashi, oʻzining millat sifatida noyob ekanligini idrok etishi, mustaqil hayot qurish uchun ilhomlanish manbalarini topishi zarur edi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, mazkur davr ijodkorlari adabiy pozitsiyalarining turlicha ekanligiga qaramay, boshqa-boshqa qutblarga ajralib ketmadilar.
Bundan tashqari, sobiq shoʻrolar davrini qayta baholaydigan, siyosiy qatagʻonlar va “shaxsga sigʻinish”, shoʻrolar davriga tegishli boʻlgan “xususiyatlar” – milliy anʼanalar va urf-odatlarni mensimaslik natijasida kelib chiqqan oqibatlar haqida hikoya qiluvchi asarlar yaratildi. Masalan, shu davrda yaratilgan Odil Yoqubovning “Adolat manzili”, “Oq qushlar, oppoq qushlar” romanlari “paxta ishi” va Orol muammolariga bagʻishlanadi; Nazar Eshonqulning “Urush odamlari” qissasida jahon urushi olis qishloq odamlari hayotiga keltirgan kulfatlar, “Maymun yetaklagan odam” hikoyasida esa kommunizm ideallariga ishongan inson taqdiri fojiasi aks etadi; Tohir Malikning “Murdalar gapirmaydilar” asarida “shaxsga sigʻinish” davri qatagʻonlari haqida soʻz borsa, Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romanida millatning uch avlod vakillari taqdiri qalamga olinadi. Bu tipdagi asarlarda fojiaviy ruh va millat dardini chuqur his etish ustuvorlik qiladi.
Taʼkidlash kerakki, oʻzbek ijodkorlari Gʻarb adabiyotidagi hodisalardan nusxa koʻchirmay yoki ularga taqlid qilmay, milliy anʼanalar va zamonaviy oʻzbek adabiy jarayoni taraqqiyotining ichki qonuniyatlariga tayangan holda ularni oʻzlashtirmoqdalar. Masalan, Nazar Eshonqul oʻzining “Muolaja”, “Bevaqt chalingan bong”, “Istilo”, “Tobut” kabi asarlarida arxitiplarga, motiv-obrazlar, topos-obrazlarga murojaat etadi, oʻzbek millatining oʻziga xos xususiyatlari va Sharq psixologiyasini aks ettirarkan, montaj usulidan foydalanib, alohida mavjud boʻlgan hodisalarni yaxlit voqelikka aylantiradi; Omon Muxtor “Maydon” romanida adabiy uslub va tasvir predmeti sifatida “dialog oʻyini”dan va muallif majozlaridan foydalanadi; Erkin Aʼzam oʻzining “Chapaklar va chalpaklar mamlakati” qissasida shartli-fantastik usulni, asarni rivoyat janriga yaqinlashtiruvchi ramz va majozlarni tanlaydi; Xurshid Doʻstmuhammad “Bozor” romanida inson ongining turfa shakli – falsafiy mushohadaga, xalq donishmandligiga murojaat qiladi. Modernistik ruhdagi asarlar yoʻqotish, qaygʻu, chorasizlik, qoʻrquv, ruhiyatning oʻzgarishi, fojia motivlarining yuzaga kelishi bilan belgilanadi. Shu maʼnoda oʻzbek adabiyotidagi modernizmga xos unsurlar shaxs va borliq, oʻlim va hayot, ruh va tana, din va osiylik kabi muammolarni talqin etishga qaratilgan boʻlib, uning A. Shopengauer, M. Shtirner, S. Kerkogor, F. Nitsshe, A. Bergson falsafasi bilan oʻzaro uygʻun ekanligini koʻrsatadi. Modernistik tendensiyalarda bitilgan asarlarda yoʻqotish, gʻam, chorasizlik, qoʻrquv, fojia motivlari paydo boʻla boshlaydi, lekin asar mualliflari, dunyo modernizmidan farqli oʻlaroq, ruhiy inqirozdan chiqish yoʻllarini izlaydilar va yorugʻ vaqtlar kelishiga umid bogʻlaydilar.
Zamonaviy oʻzbek adabiy jarayonida realizm pozitsiyasi ancha kuchli. Misol tariqasida Abduqayum Yoʻldoshning “Bankir”, “Puankare”, Hakim Sattoriyning “Sogʻinch”, Zulfiya Mizbaxning “Soʻfitoʻrgʻay”, Shodmon Otabekning “Agar oshiqligim aytsam…” kabi jamoatchilik eʼtiboriga hamda tanqidchilar eʼtirofiga sazovor boʻlgan asarlarini keltirish mumkin. Fikrimizcha, realizm badiiy metod sifatida kelajakda ham asosiy yoʻnalishlardan biri boʻlib qoladi. Binobarin, adiblarimiz hali bu metodning koʻplab usul va vositalarini oʻzlashtirishlari lozim. Turgan gapki, bu yangilangan realizm boʻladi, deb aytishga asosimiz bor. Chunki hayotiylik badiiyati mavjud voqelik tasvirini zamonaviy vositalar majmuida berilishini talab etadi. Ehtimol, bugun oʻzbek adabiyotida ildiz otgan boshqa tendensiya neorealizmning vujudga kelishidan nishonadir. Biz bugungi qator asarlarda kuzatilayotgan hodisa – realizm va modernizm uslubining simbiozini nazarda tutmoqdamiz.
Oʻzbek adabiyotidagi postmodernizm unsurlari haqida soʻz borar ekan, aytish joizki, bu hodisa oʻzbek adabiyotidagi milliy chizgilar va oʻzbekona matn qurilishidagi azaliy ohangdorlik xususiyatlarini oʻzlashtirgan boʻlib, poetik-uslubiy yoʻnalishi nuqtai nazaridan gʻarb va rus postmodernizmidan tubdan farq qiladi. Ushbu yoʻnalishga Omon Muxtorning “Ikki qiyofa”, Isajon Sultonning “Munojot”, Noʻmon Rahimjonovning “Jimjit jolalar” qissalarini misol qilib keltirish mumkin. Zamonaviy adiblarning jahon adabiyotida allaqachon urfdan chiqqan postmodernizmga moyilligini oqlaydigan yana bir ijobiy belgilardan biri postmodernchilar bosh prinsip deb hisoblangan prinsip – “asardan muallif shaxsini olib tashlash” prinsipini pisand qilmaslikdir.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Umurov H. Badiiy psixologizm va hozirgi o’zbek romani. – Toshkent: 1983. – 148 b.

  2. Xrapchenko M.B. Tvorcheskaya individualnost pisatelya i razvitie literaturi. – M.: Sovetskiy pisatel, 1972. – 399 b.

  3. Xudoyberganov N. Ham inson, ham tabiat. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2001. – 63 b.

  4. Sharafiddinov O. Manaviy kamolot yo’llarida. – Toshkent: Manaviyat, 2001. – 224 b.

  5. https://www.uwed.uz/uz/news/fulltext/1491

  6. https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/zamonaviy-ozbek-adabiy-jarayoni-konsepsiyasi/

Download 19.3 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling