Zargarlik buyumlari tasnifi va assortimenti. Zargarlik buyumlari sifati va tamg‘alanishi
Zargarlik buyumlarining ishlatilishi bo‘yicha quyidagi guruhlari mavjud: zeb-ziynat buyumlari, stol (dasturxon) tuzash, binoning (interyer) ichki qismini bezatish, yasan-tusan (tualet) buyumlari, soat uchun anjomlar va sovg‘a (suvenir)lar. Nar bir guruh o‘z navbatida bir necha turdagi buyumlarni o‘z ichiga oladi. Zeb-ziynat buyumlariga quyidagilar kiradi: bilaguzuklar, jevak (brelok)lar, to‘g‘nag‘ich (brosh)lar, munchoqlar, halqalar, soch-to‘g‘nag‘ichlar, marjonlar, medalyonlar, marvarid marjonlar, sirg‘alar, zanjirlar va boshqalar.
Stol (dasturxon) tuzash buyumlariga qimmatbaho yoki rangli oltin qoplangan metallardan tayyorlangan idish-tovoqlar va oshxona anjomlari taalluqli. Yasan-tusan buyumlarining assortimenti upadon, duxilar uchun shishachalar, ishquti (shkatulka)lar, nafis sandiqchalar, yasan-tusan to‘plamlari, galstuk hamda shlyapalar uchun to‘g‘nag‘ichlar va boshqalardan tuzilgan. Zargarlik buyumlarining assortimenti juda keng va ular bir-biridan ishlatilishi, pardozining murakkabligi, materiali va boshqa belgilari bo‘yicha farqlanadi.
Zargarlik buyumlari sifati va tamg‘alanishi
Zargarlik buyumlari sifatini nazorat qilish har bir buyumda Davlat namuna (proba) nazorati inspeksiyasi va ishlab chiqarish korxonasining tamg‘asiga mos keladigan kuzatuvchi hujjatning bor- yo‘qligini tekshirish bilan boshlanadi. Juft buyumlar ya’ni zirak, ilmatugma (zaponka) o‘lchami, shakli, qirra turi, qo‘yilgan toshning rangi va rasmi bo‘yicha bir xil bo‘lishi kerak. Buyumlarning sinida yoriqlar, g‘adirliklar, kovaklar, dog‘lar, tirnalgan joylar va boshqa nuqsonlar bo‘lishiga ruxsat etilmaydi.
Emal qoplamli buyumlar silliq, yaltiroq, yoriqsiz, dog‘siz va metall nuqsonlari bo‘lmasligi lozim. Qo‘yilgan narsa (vstavka)lar buyum gardishiga qimirlamaydigan qilib o‘rnatilgan bo‘lbhi talab etiladi.
Oltin qotishmasidan tayyorlangan zirak, to‘g‘nag‘ich, bilaguzuk va bo‘yinga taqadigan taqinchoqlar qulfchalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Zanjirlar egiluvchan, halqacha (zveno)lari qiyshaymagan va ag‘darilib qolgan bo‘lmasligi zarur. Buyumlarning tashqi ko‘rinishi, tamg‘alanish va joylanish sifati yorug‘likda ko‘z bilan ko‘rish orqali tekshiriladi. Qimmatbaho metallardan tayyorlangan zargarlik buyumlariga har xil shaklga ega bo‘lgan tamg‘alar qo‘yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |