Zbekiston respublikasi milliy gvardiyasi harbiy-texnik instituti


Ko‘p sonli jarohatlanish va kasallanishlarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish


Download 176.75 Kb.
bet49/55
Sana16.02.2023
Hajmi176.75 Kb.
#1204192
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   55
Bog'liq
ҚЎЛЛАНМА УМУМИЙ охирги

12.2 Ko‘p sonli jarohatlanish va kasallanishlarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish

Ma’lumki, baxtsiz hodisalar, falokat, tabiiy ofat va boshqalar vaqtida voqea sodir bo‘lgan joyda ko‘p sonli jarohatlanganlar bo‘ladi. Bunday holatlarda tez yordam qanday tashkil qilinadi? Qanday yordam va u qanday ketma-ketlikda ko‘rsatiladi? Bunday hollarda voqea sodir bo‘lgan joyda tibbiyot xodimi yoki birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalariga ega bo‘lgan shaxs voqea oqibatlarini bartaraf qilish uchun qo‘llaniladigan chora-tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha javobgar bo‘ladi. U hamma jarohatlanganlarga yordam berilmaguncha yoki tez yordam brigadasi yetib kelmaguncha o‘sha joyda qolishi kerak.


Bu holatda hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy masalalar quyidagilardan iborat: shikastlanish turi bo‘yicha jarohatlanganlar guruhlarini tashkil qilish, hayotiy ko‘rsatmalar bo‘yicha tez tibbiy yordam ko‘rsatish, jarohatlanganlarni tezkorlik bilan, ularning holati va jarohati darajasiga qarab, navbat bilan davolash muassasasiga evakuatsiya qilish.
Jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatishni tashkil qilish bo‘yicha umumiy boshqaruv mahalliy sog‘liqni saqlash organlariga yuklatiladi.
Amaliy boshqaruv operativ bo‘lim orqali, o‘choqdagi (tabiiy yoki baxtsiz hodisa yuz bergan joydagi) mas’ul tibbiy xodim va tez tibbiy yordam stansiyasining mas’ul navbatchi vrachi tomonidan amalga oshiriladi. O‘choqda barcha ishlarga mas’ul feldsher tez tibbiy yordam stansiyasining mas’ul vrachiga bo‘ysunadi. U voqea sodir bo‘lgan joyga yetib kelishi bilan sharoitni baholab, barcha tibbiy xodimlarni birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltirishi, so‘ngra o‘z o‘rnini belgilashi kerak.


12.3 Shifokorgacha bo‘lgan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishning asosiy qoidalari va prinsiplari

Tinchlik vaqtida eng ko‘p uchraydigan baxtsiz hodisalarga: mexanik jarohat, kuyish, issiq va oftob urish, sovuq urish va umumiy muzlash, cho‘kish va yer bosib qolishi tufayli bo‘g‘ilish, is gazi urishi, elektrdan jarohatlanish va chaqmoqdan shikastlanish kiradi. Bu holatlarda birinchi tibbiy yordamning asosiy vazifalari shikastlanganlar hayotini eng zarur chora-tadbirlar bilan saqlab qolish, ularning azoblanishini kamaytirish, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan asoratlarning oldini olish hamda kasallik va jarohat kechuvini yengillashtirishdan iborat bo‘ladi.


Birinchi tibbiy yordam voqea sodir bo‘lgan joyda shikastlanganning o‘zi (o‘z-o‘ziga yordam) yoki boshqa kishi tomonidan (o‘zaro yordam) hamda maxsus o‘rgatilgan shaxslar tomonidan ko‘rsatiladi.
Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda tezlik bilan shikastlovchi manba (faktor)ni aniqlash, uni yo‘qotish, har bir jarohatda tavsiya qilinadigan tibbiy yordam choralarini qo‘llash, vrachni chaqirish yoki jarohatlanganni yaqin tibbiyot muassasasiga olib borish kerak. Ba’zi hollar (kuchli qon ketish, og‘ir suyak sinishlari, es-hushni yo‘qotish, nafas olish va yurak faoliyatining to‘xtashi va boshqalar)da shikastlanganlarga shu joyning o‘zida tezlik bilan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatmay turib, ularni tashish (transportirovka qilish) mutlaqo mumkin emas.
Bunday hollarda reanimatsiya chora-tadbirlari kerak bo‘ladi. Reanimatsiya (jonlantirish) o‘layotgan kishini hayotga qaytarishga, uning organ va to‘qimalarida qaytmas o‘zgarishlarning oldini olishga qaratilgan, zudlik bilan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmuidir. Bunda birinchi navbatda, shikastlanganlarning nafas olishi va qon aylanishini tiklashga va ushlab turishga erishiladi. Reanimatsiyaning murakkab bo‘lmagan choralari (sun’iy nafas oldirish, bilvosita yurak massaji) har bir kishiga ma’lum. Shu bilan bir qatorda, ko‘pgina hollarda shikastlanganlar qon to‘xtatish, og‘riq azobidan qutilish, suyagi singan qo‘l-oyoqni harakatsizlantirish, yara, kuygan va sovuq urgan yuzalarni infeksiyadan himoyalash kabi har bir kishi amalga oshirishi mumkin bo‘lgan yordamlarga muhtoj bo‘ladilar.
Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish voqea sodir bo‘lgandan so‘ng, iloji boricha, erta muddatlarda amalga oshirilishi kerak. Kuchli qon ketish, elektrdan shikastlanish, cho‘kish, bo‘g‘ilish, yurak faoliyatining to‘xtashi va boshqa qator holatlarda birinchi tibbiy yordam zudlik bilan, kechiktirmay ko‘rsatilishi lozim. Agar bir paytda bir necha kishi jarohat olsa, ko‘rsatiladigan yordam muddati va ketma-ketligi aniqlanadi. Bolalarga va shoshilinch yordamga muhtoj kishilarga kerakli yordam birinchi navbatda ko‘rsatiladi. Ko‘p sonli va qo‘shimcha jarohat olgan kishilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning ketma-ketligi aniqlanishi kerak.
Avval shikastlangan odam hayotini saqlab qolishga imkon beradigan yoki birinchi tibbiy yordamning keyingi chora-tadbirlarini qo‘llash uchun shart bo‘lgan usul-amallar bajariladi. Chunonchi, son suyagi ochiq sinib, arteriyadan qon ketib turganda birinchi navbatda, hayot uchun xavfli bo‘lgan qon ketishini to‘xtatish, so‘ngra jarohatga steril bog‘lam qo‘yish va undan keyingina oyoqni qimirlatmaydigan qilib bog‘lashga kirishish kerak. Singan joyni hech qimirlamaydigan qilib qo‘yish uchun esa maxsus shina bog‘lash yoki qo‘l ostidagi vositalardan foydalanish kerak.
Birinchi tibbiy yordamning hamma usul-amallarini ehtiyot bo‘lib va avaylab bajarish lozim. Qo‘pol harakatlar qilinadigan bo‘lsa, bu shikastlangan kishiga zarar qilishi va uning ahvolini yomonlashtirishi mumkin. Birinchi tibbiy yordamni bir emas, balki ikki yoki bir necha kishi ko‘rsatadigan bo‘lsa, u holda kelishib ish ko‘rish kerak. Bunda yordam ko‘rsatayotganlarning biri boshliq bo‘lib, birinchi tibbiy yordamning barcha usul-amallari bajarilishiga rahbarlik qilib turishi lozim.
Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitida tashxis masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki o‘z vaqtida va to‘g‘ri qo‘yilgan tashxis kasallik yoki shikastlanish turini aniqlashga va shu asosda zarur yordam ko‘rsatish tadbirlari ketma-ketligi rejasini tuzishga imkon yaratadi. Tashxis kasallik yoki jarohatning sub’ektiv va ob’ektiv belgilarini aniqlash asosida qo‘yiladi. Sub’ektiv belgilarga bemor yoki jarohatlanganning shikoyatlari (agar uning es-hushi joyida bo‘lsa) kiradi. Ob’ektiv belgilarga esa kasallik va jarohatning tashqi belgilari yoki ma’lum uslubiy yondashuv orqali aniqlanadigan, masalan, pulsni (tomir urishni) o‘lchash, nafas olish va chiqarishning miqdori, reflekslar va boshqa belgilar kiradi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, har bir Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi baxtsiz hodisalarda birinchi yordam ko‘rsatish usullari va qoidalarini bilishi muhimdir, chunki ular voqea sodir bo‘lgan joyga birinchilar qatorida yetib keladilar. Shuning uchun ham ular jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda har qanday ekstremal holatlarda, jumladan, jangovar harakatlarda ham bir-biriga va o‘z-o‘ziga yordam ko‘rsatish usullarini to‘la hajmda bilishlari lozim.



Download 176.75 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   55




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling