Њзбекистон Республикаси Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги


Download 0.82 Mb.
bet11/83
Sana08.01.2022
Hajmi0.82 Mb.
#235639
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   83
Bog'liq
Termiz sanoat va transport kasb-hunar kolleji a. Shukurov, N. Mu

Nutqning to‘g‘riligi. Nutqning to‘g‘ri bo‘lishi uning bosh kommunikativ xususiyati hisoblanadi. Nutqning to‘g‘ri tuzilgan bo‘lishi tomonlarning – so‘zlovchi va tinglovchining, yozuvchi va o‘quvchining bir-birlarini tez va oson tushunishlarini ta’minlaydi. Agar nutq to‘g‘ri bo‘lmasa, u aniq ham, maqsadga muvofiq ham, mantiqiy ham bo‘lmaydi. «To‘g‘rilik deganda, - deb yozadi rus tilshunosi V.G.Kostomarov, - nutq madaniyatining zarur va birinchi sharti sifatida adabiy tilning ma’lum paytda qabul qilingan me’yorining qat’iy va aniq muvofiq kelishini, uning talaffuz, orfografik, lug‘at va grammatik me’yorlarini egallashni tushunish lozim bo‘ladi» (Kostomarov V.G. Kultura rechi i stil. – M.,1960, s.24). Demak nutqning to‘g‘ri bo‘lishi dastlab uning adabiy til me’yorlariga muvofiq kelishi bo‘lib hisoblanadi.

Nutqning to‘g‘ri bo‘lishi asosan ikki me’yorga – urg‘u va grammatik me’yorga amal qilishni taqozo qiladi. So‘zlardagi ayrim bo‘g‘inlarning zarb bilan talaffuz qilinishi, ya’ni ularga urg‘uning tushishi hamma tillarda ham bir xil xusiyatga ega emas. Masalan, rus tilida urg‘u so‘zlardagi har xil bo‘g‘inlarga tushishi mumkin bo‘lgani holda, o‘zbek tilida u, asosan, so‘zning oxirgi bo‘g‘iniga tushadi. So‘zga qo‘shim-chalar qo‘shila borishi bilan urg‘uning o‘rni ham o‘zgarib boraveradi. Masalan: uy – uyi* – uyimi*z – uyimizda* – uyimizdagi* – uyimizdagila*r – uyimizdagilarda*n kabi. Talaffuzda ana shu me’yorni saqlash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ammo ba’zi hollarda so‘zlardagi urg‘uning ko‘chishi bilan ma’noning ham o‘zgarib ketishi mumkinligini esdan chiqarmasligimiz kerak. O‘zbek tilida shunday hodisa kuzatiladi. Masalan, olma so‘zini olaylik. Bu so‘zni alohida, urg‘usiz olib qaraganda uning qanday ma’no anglatayotganini bilish qiyin bo‘ladi. Urg‘u esa undagi ma’noning reallashuviga ko‘maklashadi, ya’ni o*lma tarzida urg‘u birinchi bo‘g‘inga tushganda harakat, olma* tarzida oxirgi bo‘g‘inga tushganda esa mevaning bir turi ma’nosi anglashiladi. Tilimizda bunday so‘zlar anchagina: qa*tlama – qatlama*, ho*zir – hozi*r, yigitcha* – yigi*tcha, o‘quvchi*miz – o‘quvchimi*z, ya*ngi – yangi* kabi. So‘zlardagi bu xususiyatlarni farqlamasdan, urg‘uni noto‘g‘ri qo‘llash so‘zlardagi ma’noning buzilishiga olib keladi. So‘zlar talaffuzidagi bu kabi holatlarga, ayniqsa maorif va madaniyat xodimlari e’tibor berishlari va boshqalarga o‘rnak bo‘lishlari lozim.

Biz hozir urg‘uning so‘zlardagi qaysi bo‘g‘inlarga tushishi bilan ma’noning farqlanishi mumkinligini ko‘rdik. Shu holat gaplar doirasida ham kuzatiladi. Gap tarkibidagi so‘zlarni alohida urg‘u bilan qo‘llash ham gap mazmunining va ottenkasining o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, men choy ichdim gapida kim ichganligi, nima ichganligi yoki nima ish qilinganligi nazarga olinib, gapdagi so‘zlarning har uchalasidan biriga urg‘u tushadi: men choy ichdim (boshqa kishi emas), men choy ichdim (boshqa narsani emas), men choy ichdim (ichmadim emas). Bunday paytlarda mantiqiy urg‘u har bir so‘zdagi ma’noni ta’kidlash uchun zarur. Ammo shunday holatlar ham bo‘ladiki, bo‘g‘in urg‘usida bo‘lgani kabi so‘z urg‘usini ham to‘g‘ri ishlata bilmaslik ma’noning buzilishiga olib keladi. Masalan, Onasiz bola o‘ynamas gapini olib ko‘raylik. Onasi yonida bo‘lmagan bola o‘ynamaydi deyilayaptimi yoki onasi bo‘lmagan bola haqida fikr yuritilayaptimi - bu tinglovchi yoki o‘quvchiga qorong‘i bo‘lib qoladi. Bu bahsga faqat so‘zga tushgan urg‘u aniqlik kirita oladi. Urg‘u onasiz so‘ziga tushsa birinchi ma’no, bola so‘ziga tushsa, ikkinchi ma’no anglashiladi. Demak, nutq jarayonida ma’noni to‘g‘ri anglatish uchun so‘zdagi bo‘g‘in, gapdagi so‘z urg‘usining to‘g‘ri ishlatilishiga e’tibor qilishimiz lozim bo‘ladi.

Nutq qurilishining grammatik shakllarini farqlay olish, so‘zlarni mazmuniy bog‘lanishlariga qarab joylashtirish grammatik me’yorlarni belgilar ekan, nutqning to‘g‘ri ifodalanishi uchun gap tuzish qoidalarini o‘zlashtirish, o‘zak va qo‘shimchalar o‘rtasidagi munosabatlarni, ega-kesim mosligini, ikkinchi darajali bo‘laklarning ularga bog‘lanish yo‘llarini yaxshi anglash lozim bo‘ladi. Aks holda nutqda kamchilik ro‘y beradi. Misol: Alfavitimizga qo‘shimcha harflar kiritish yoki chiqarish bilan nutq madaniyatimizni oshirish uchun imkoniyat yaratilmay, balki nutq madaniyatimiz takomillashuvida chalkashlik sodir bo‘lishi mumkin emasmi? (Gazetadan).

Nutq jarayonida morfologik va sintaktik chalkashliklar tez-tez uchrab turadi. Qaratqich va tushum kelishigi qo‘shimchalarining farqlanmasdan ishlatilish bunga misol bo‘la oladi. Abdulla Qahhor bu holatdan «San’atkor» hikoyasida asar qahramonining savodsizligini fosh etishda foydalangan: Pojarni gurgutni yerga tashlamang dedi, rejesserimiz esa gugurtning yerga tashamang dedi. Qanday chiroylik! Pojarnimi, Pojarningmi? Shoshma, nima uchun pojarni? Pojarni, albatta!

Kichkina bir parchada nutqiy buzilishlar anchagina: gugurtni-gurgutni-gurgutning, tashlamang-tashamang, chiroyli-chiroylik, pojarniy-pojarni-pojarning kabi. Ular nafaqat so‘z qo‘llash, shu bilan birga, qo‘shimchalarni (-ni - ning, -li - lik, hatto pojarni so‘zini ham o‘zbekcha anglab, tilimizga moslashgan –niy o‘rnida –ni va - ning ni qo‘llash) buzib ishlatish natijasida sodir bo‘lgan.

Darhaqiqat, nutqda sifat yasovchi –li va –lik qo‘shimchalari ham ba’zan farqlanmayapti: xorazmlik paxtakorlar - xorazmli paxtakorlar yoki guruchli ovqat - guruchlik ovqat.

Jarangsiz undosh bilan tugagan fe’llarga qo‘shilib, orttirma daraja hosil qiluvchi -kaz va –qaz qo‘shimchalari ham og‘zaki nutqda ko‘pincha farqlanmayapti: elektr liniyalari o‘tkazish – daraxt ko‘chatlari o‘tqazish.

O‘zbek tilida ko‘plik ma’nosini ifodalashning yo‘llaridan biri – lar qo‘shimchasi ekanligi ma’lum. Shu bilan birga, bu qo‘shimchaning ko‘plik doirasidan chiqib, asosan ot va fe’llarga qo‘shilganda hurmat, kinoya, piching, noaniqlik, kuchaytirish, takrorlash, ta’kid, predmetning turi, umumlashtirish, so‘zlovchi munosabatini alohida bildirish singari turli xil ma’nolarni ifodalashi uning grammatik-uslubiy imkoniyatlarining kengayib borayotganligidan dalolat beradi. Garchi qo‘shimchaning bu kabi ma’nolarni anglatish jarayonidagi so‘zlarga qo‘shilish tarzi morfologik me’yorning buzilishi sanalsa-da, uni uslubiy me’yorning buzilishi deb bo‘lmaydi: tillar, yuraklar, jigarlar, burunlar, boshlar, suvlar, qonlar, sutlar, saroblar, barglar, yo‘qlar, (ketmaydimi) chiriblar kabi.

Shunday holatlarga ham duch kelamizki, uning ayrim otlarga qo‘shilishida go‘yo morfologik me’yor buzilmaganday ko‘rinsa-da, uslubiy me’yorga jiddiy putur yetgani seziladi: dadamlar keldilar. lar ning fe’lga qo‘shilishining o‘ziyoq hurmat ma’nosini bildiradi. Ammo negadir keyingi paytlarda, ayniqsa so‘zlashuv nutqida bu qo‘shimchani dada so‘ziga qo‘shib ishlatish kuchayib bormoqda. Unga mana bunday holatgina sabab bo‘lishi mumkin: Eshik ochilib, kirib kelgan odamning kimligini bilish maqsadida yangi oila qurgan yigit kelinchagidan: – Kim keldi? –deb so‘raganida – Dadamlar…, – deb javob berishi kabilar.

Harqalay, bu o‘rinda –lar ning hurmat bildirishga nutqiy vaziyat nuqtai nazaridan baho berish to‘g‘ri bo‘ladi. (Ilmiy adabiyotlarda «Hurmat ma’nosini ifodalovchi lar alohida affiks deb, son kategoriyasi va egalik kategoriyasi sistemasidan tashqarida turuvchi mustaqil forma deb qaralishi lozim» degan fikrlar ham bor. (Q a r a n g: O‘zbek tili grammatikasi, 1 tom – Toshkent, 1975, 187- bet).

Kelinchakning yoki boshqa bir farzandning javobida birgina dadamlar so‘zi ishlatilganda u hurmat ma’nosini o‘z zimmasiga olar, ammo dadamlar keldilar gapidagi dadamlar so‘zi tarkibidagi -lar ga me’yorning va bundan kelib chiqadigan mantiqning buzilishi deb qaralishi to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki diqqat qilgan odam dadamlar so‘zidan gapiruvchining bir necha dadasi borligi ma’nosini tushunishi ham mumkin.

Afsuski, O‘zbekiston televideniyesi ko‘rsatuvlarida ayrim jurnalistlarimiz qo‘shimchadagi bu noziklikni ba’zan payqamasdan, suhbatdoshlarini teletomoshabinlarga tanishtirayotganlarida bir kishiga nisbatan ham ular, bular so‘zlarini (hatto ula, bula shaklida) qo‘llashib, «hurmat bildirishmoqdalar». Yozuvchi Said Ahmad esa ular, bular o‘rnida u kishi jumlasini qo‘llaydi va ko‘zda tutilgan ma’noni to‘li- g‘icha saqlab qoladi: Ammo G‘afur aka yozishga shoshilmasdi. Sababini so‘raganimda, u kishi shunday deb javob bergan edilar (Nazm chorrahasida).

Yana bir holatga e’tibor beraylik. Fe’llarga qo‘shilganda –lar qo‘shimchasi hurmat yoki boshqa ma’nolarni anglatar ekan, uni mana bu misoldagidek ishlatish ham me’yorning, binobarin, mantiqning buzilganligi deb qaralishi kerak: Intellektual so‘zlar umumiste’moldagi leksikaga xos bo‘lganliklaridan, har qanday janrda ishlatilaveradilar va stilistik jihatdan chegaralanmagan bo‘ladilar. Shunga ko‘ra ularni stilistik neytral bo‘lgan leksika deb ham ataydilar (A.Shomaqsudov). Misoldagi ularni, ataydilar so‘zlari haqida bu gapni aytib bo‘lmaydi. Ular grammatik-uslubiy jihatdan to‘g‘ri qo‘llangan.

Nutqda sintaktik me’yorlarning buzilishi ham kuzatiladi. Shukrullo, Mirmuhsin, Turob To‘la, Po‘lat Mo‘min asarlari sintaksisini tahlil qilgan F.Is’hoqov bu buzilishlarni tanqid qilib quyidagi misollarni keltiradi: so‘z tartibning buzilishi: Otadek farzandiga kim kuyar axir, / O, naqadar og‘ir farzandning dog‘i (Shukrullo), G‘alvirakning o‘zi xunuk, lekin mag‘zi soz bo‘lur, / Pistaning ham qattig‘idan ochiq og‘zi soz bo‘lur (Shukrullo); ega-kesim nomuvofiqligi: Nima yetishmasdi? Yetishmasdi faqat / Mangu bahor olib keluvchi bizlar (Mirmuhsin). F.Is’hoqov shoir Turob To‘la ijodida, hatto uning prozaik asarlarida inversiyaning haddan tashqari, cheklanmagan darajada ko‘p ishlatilishini achinib gapiradi. Ayrim namunalar: Mana kim bo‘lsa, deydi farzandim inson. Domla o‘ylab turib, bu «Sadrash» bo‘lsin dedi, bo‘lmasa. O‘shanda o‘sha shoir ukrain tilida «Pushkin va chaqmoq» degan she’r o‘qib ketdi, yodaki birdaniga… (Is’hoqov F. E’tiqodimiz ham bor, e’tirozlarimiz ham // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to‘plami. – Toshkent, 1973, 112-119-betlar.)

To‘g‘ri, poetik sintaksisda inversiya me’yoriy hodisa sanaladi, ammo unga murojaat qilishda ham andisha kerak. Gapdagi har qanday o‘rin almashtirishlarni ham inversiya deyaverish ma’qul bo‘lmaydi.

Ma’noning to‘g‘ri, maqsadga muvofiq ifoda etilishida ohangning ham xizmati katta. So‘zlarga qaysi yo‘sinda urg‘u berilishiga qarab ma’no ottenkalari o‘zgarib borishi mumkin. Masalan, nutq jarayonida keling so‘zidagi samimiyat, piching, masxaralash, norozilik kabi ottenkalar faqat ohang yordamidagina reallashadi.

Xullas, ona tili xazinasidan kerakli grammatik shakllarni tanlash va ularni joy-joyida ishlatish, nutqni to‘g‘ri tuzishga erishish, har bir til birligini o‘rniga qo‘yib talaffuz qilish nutq madaniyatining asosiy talablaridan sanaladi.




Download 0.82 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   83




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling