Manfaatlar nimalardan iborat? Ular, birinchidan, mamlakatning hududiy yaxlitligi va mustaqilligini saqlash, chegaralarimiz butunligi va daxlsizligini qo‘riqlash. Buni yurtimizning fazo va vaqtdagi yaxlitligini ta'minlovchi manfaat deb atash mumkin. Ikkinchidan, yurtning tinchligi va osoyishtaligi, ya'ni davlatimizning harbiy, iqtisodiy (energetik), ekologik, informatsion va g‘oyaviy tahdidlardan muhofazalanganligi. Bu yurtning barqarorligini ta'minlash borasidagi eng muhim omillardandir. Uchunchidan, mamlakat fuqarolararo va millatlararo totuvlik, ijtimoiy barqarorlik muhitini ta'minlaydi. Bu jamiyatning ijtimoiy poydevorini mustahkam-lashga xizmat qiladigan manfaatdir. To‘rtinchidan, har bir oila va butun xalqning farovonligini ta'minlash, ya'ni badavlatlilik manfaati. Bu manfaat fuqarolarning jamiyatda milliy daromadga egalik qilish, uni ko‘paytirishdagi imkoniyatlari orqali ro‘yobga chiqadi. Beshinchidan, jamiyatda adolat ustuvorligi, demokratiya, o‘z-o‘zini boshqarish tamoyillari amal qilishining ta'minlanishi. Bu manfaat inson hayotining huquqiy jihatdan kafolatlanishini ifodalaydi.
Bunday manfaatlar barcha xalq va hamma davlatlar uchun birday xosdir. Bu manfaatlarning ta'minlanishi, eng avvalo, har qanday davlat mustaqilligining asosiy garovi bo‘lib, shundagina xalq o‘z kelajagiga o‘zi egalik qila oladi. Bu manfaatlar muayyan jamiyat fuqarolarining hamjihat mehnati va intilishlari tufayli ta'minlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |