1-Mavzu: “Bolalarni maktabga tayyorlash”fanining maqsad va vazifalari. Reja: Maktabgacha ta’limning maqsad va vazifalari va mazmuni. «Bolalarni maktabga tayyorlash metodikasi»


Download 140 Kb.
Sana15.11.2023
Hajmi140 Kb.
#1775047
Bog'liq
Bolalarni maktabga tayyorlash


1-Mavzu: “Bolalarni maktabga tayyorlash”fanining maqsad va vazifalari.
REJA:

  1. Maktabgacha ta’limning maqsad va vazifalari va mazmuni.

  2. «Bolalarni maktabga tayyorlash metodikasi» fanining maqsad va vazifalari.

  3. Bolalarni maktabga tayyorlash fanining boshqa fanlar bilan aloqasi.



Tayanch tushuncha: ta’lim, maqsad. vazifa, mazmun, davlat talabi, maktabga tayyorlash, rivojlantirish.
Ma’lumki, vatan beshikdan boshlangani kabi, ta’lim-tarbiya ham beshikdanoq, hattoki, bola tug’ilmasidanoq berila boshlanishi kelajakdagi ijobiy natijalarga sabab bo’ladi.
Mamlakatimiz yoshlariga erta ta’lim tarbiya berishning hozirda yurtimizda faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari o’z zimmasiga mas’uliyatini olgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bilimlarni berish shakli mashg’ulotdir. Mashg’ulotlar jarayonida bolaning nutqi rivojlanib, undagi grammatik va fonetik qirralari sayqallanib, til boyligi oshib borish bilan birga bir qatorda, undagi psiohologik va intellektual jihatlari rivojlanib boradi.
Mustaqillik yillarida respublikada milliy ta’lim va tarbiya tizimi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo’nalishi darajasiga ko’tarildi. O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning bevosita rahbarligida ishlab chiqilgan va jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilgan, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining muvaffaqiyatli joriy yetilishi natijasida mamlakatda noyob o`zluksiz ta’lim tizimi barpo etildi. 
Maktabgacha ta’lim sohasi mazkur tizimning ilk bo’g’ini hisoblanadi va butun ta’lim-tarbiya tizimining asosiy maqsadi bo’lganbarkamol avlodni tarbiyalashga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi. 
Keyingi yillarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyat samaradorligini oshirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo’naltirilgan qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina 2015-2016-yillar davomida 459 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mukammal ta’mirlandi va zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlandi. 
Shu bilan birga, bugungi kunda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ta’lim dasturlari va o’quv-tarbiyaviy rejalariga quyilgan davlat talablarini takomillashtirish dolzarb masalaligicha qolmoqda. Aksariyat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasi zamon talablariga javob bermaydi. Bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish ko’rsatkichi hamon pastligicha qolmoqda. 
Mavjud muammolarni amaliy bartaraf etish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori qabul qilindi.
Bolalarning har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun ilg’or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda zarur shart-sharoitlar yaratish hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun pedagog kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish o’quv reja va dasturlarini zamonaviy pedagogik texnologiya va metodlarni inobatga olgan holda takomillashtirish, yuqori sifatli maktabgacha ta’limni ta’minlash, bolalarni sifatli maktabga tayyorlashni tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga muqobil dasturlarni joriy etishga, 3-6 yoshdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olinmagan bolalarni ularning ota-onalarini metodik qo’llanmalar bilan ta’minlash orqali maktab ta’limiga tayyorlashni tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Dasto’rning samarali amalga oshirilishi unda ko’zda tutilgan ko’rsatkichlar ijrosining borishini tizimli monitoring qilib borish orqali davlat organlarining doimiy nazoratida bo’ladi. 
Maktabdagi majburiy ta’lim bolaga ma’lum talablarni qo’yadi. Ma’lumki, shu bola ta’lim-tarbiyaviy tashkilotning talablarini bajara oladigan rivojlanish darajasiga yetish kerak, faqat shundagi bolani maktabga yozdirish mumkin.
Maxsus adabiyotlarda bolalarning maktabga tayyorgarligining mazmuni va mezonlari aniq ko’rsatib berilgan, lekin bolani maktabga tayyorlashda bola shaxsini qaysi tomonlari va qanday rivojlantirish kerakligi masalasida ota-onalar va bog’cha tarbiyachilar tasavvurlari turlichadir. Bola tarbiyasida ishtiroq etgan kattalar orasida o’tkazilgan so’rovlar shuni ko’rsatadiki, ko’pchilik ota-onalar uchun bolaning maktabda muvaffaqiyatli o’qishini asosiy hal qiluvchi shartni uning umumiy rivojlanishi tashkil etadi, ya’ni yaxshi sog’liq, jismoniy chiniqish, axloqiy va ijtimoiy yetuklik. Ba’zi bir kattalar (ota-onalar) faqatgina aqliy rivojlanish muvaffaqiyatli maktabda o’qishning asosiy omili deb hisoblashadi. O’z fikrlarini ular shunday asoslab berishadi, xususan, birinchi sinfda bolalarga barcha o’quv fanlari mazmunini o’zlashtirish qiyin bo’ladi va yana hozirgi ilmiy-texnikaviy rivojlanish insonning aqliy qobiliyatiga juda katta talablar qo’yadi. So’ralganlarning ko’pchiligi eng, avvalo, bolaning jismoniy va aqliy rivojlanish darajasini ko’paytirish kerak deb hisoblashadi. Ota-onalarning kamchiligi bolaning hissiy-axloqiy rivojlanish darajasini nazarda tutib, bolaning ijtimoiy rivojlanishiga asosiy kuchni qaratishadi.
Bolani maktabga tayyorlashda ota-onaning kuchlari, asosan, o’qish jarayoni bilan bevosita bog’liq, malaka va ko’nikmalarga yo’naltiriladi. Ular birinchidan-bolaning diqqatini bir joyga jalb qilishni o’rganish kerakligi, ikkinchidan uning bilimlarini to’ldirib, xotira, tafakkur va nutqini rivojlantirish kerakligi, uchinchidan-maktabga bo’lgan qiziqishini o’stirib borish kerakligini ta’kidlab aytishadi. Ba’zilar bolalarning irodaviy sifatlarini rag’batlantirish va mustahkamlash kerak deb hisoblashadi, ular bolaning qat’iyatli va tirishqoq bo’lishiga harakat qilishadi hamda bolada intizomni, harakatchanlikni shakllantirish, ya’ni uning butun xulqini shakllantirish. Qo’l amaliyotini rivojlantirish ham alohida bir qism bo’lib kiritilgan.
Ota-onalarning ko’pchiligi birinchi sinfga borishdan oldin bolaga o’qish va yozishni o’rgatish kerak emas deb hisoblashadi, chunki keyinchalik, bola maktabga borganda o’qishga qiziqishni yo’qotib qo`yish mumkin, darslarda be’tibor bo’lishi mumkin. Ularning bolaga o’qish va yozishni o’rgatmasliklarining yana bir sababi maktab talablarini bilmay turib, noto’g’ri o’rgatib quyishdan xavfsirashadi (qo’rqishadi). O’qish va yozish bu faqat maktab faoliyat turlari va ularni o’rgatish maxsus tayyorlangan o’qituvchilar ostida amalga oshish kerak deb hisoblashadi.
Ota-onalarning boshqa bir guruhi bolaning maktabga borishdan oldin o’qish va yozishga o’rgatishga intiladilar. Ular bolaga maktab tomonidan quyilgan talablari va 1-sinfda o’qitish tempi juda baland va tez, shuning uchun oldindan olingan (o’zlashtirilgan) malakalar bolaga har qanday topshiriqlarni bajarishga yordam beradi va natijada ortiqcha zo’riqishni oladi, deb asoslab berishadi.
Shunday ota-onalar ham borki, ular bolani o’z shuhratparst niyatlarga o’rgatadilar: o’quv yili boshida ularning bolalari o’z tengdoshlaridan oshib o’tib (ilgari o’tib ketib) va shu tufayli endi shakllanayotgan kollektivda manfaatli o’rinni egallaydilar.
5-6 yoshli bolalar bilan ishlaydigan bog’cha tarbiyachilar so’rovlari shuni ko’rsatdiki, ko’pchilik bolani maktabga tayyorlashda jismoniy va aqliy rivojlanishni afzal quyishmoqda. Ta’lim-tarbiyaviy ishni bolaning tafakkuri, nutqi va bilim jarayonlarini shakllantirishga yo’naltirilib, pedagoglar bolani tabiat va jamoat to’g’risida asosiy bilimlar bilan boyitishadi. Ular ota-onalar kabi aqliy va jismoniy tayyorgarlikning yuqori darajasi bolaning shu sohadagi duch kelgan qiyinchiliklardan saqlaydi, deb hisoblashadi. Bunda shaxsning iroda va intizom kabi sifatlarini tarbiyalashga kamroq e’tibor beriladi.
Qanday qilib olimlar maktabga tayyorgarlikni aniqlashadi? Pedagogik va psihologik adabiyotlarda bolaning ta’lim va tarbiya jarayoniga kirib, uning mazmunini muvaffaqiyatli o’zlashtirib olishga yo’l qo’yadigan shaxsning umumiy rivojlanganligi deb ko’rsatilgan, yana maktabgacha yoshdagi bola o’zining jismoniy, aqliy va estetik rivojlanishini egallashi kerak bo’lgan.
Maktabga tayyorgarlik darajasini bolaning katta aqliy va jihatlarning yaxlit bir sistemasi (tartibi) deb ko’rsatilgan. Jismoniy vazifalarini bajara oladigan butun organizm va asab sistemasining ma’lum yetuklik saviyasini aniqlaydi (ko’rsatadi). Shu bilan bir qatorda, tevaraq-atrof haqida olingan oddiy bilimlar, amaliy va aqliy faoliyatdagi oddiy malakalar, tafakkur, nutq va bilim qiziqishlarining rivojlanish darajasi, xulqning ijtimoiy va axloq-irodaviy sifatlarining shakllanish darajasi katta ahamiyatga yega.
Psihologlar (ruhshunoslar) maktabga umumiy tayyorgarlikning quyidagi ta’riflarini ajratadilar: jismoniy, aqliy, ijtimoiy-axloqiy (yoki ijtimoiy his -tuyg’uli) va sababli (motivli).
Boshlang’ich maktab bolani o’qitishga tayyorgarlik darajasiga o’z talablarini qo’yadi. Talablardan biri-bog’cha bolalariga xos bo’lgan kun tartibga rioya qilish. Maktabgacha bolaning bog’chaga borish vaqti oilaviy sharoitga qarab belgilanadi. Ammo maktabga borish majburiy bola darslarga har kuni kelishi shart.
Bog’cha bolasi kun bo’yi tuzilishi va mazmuni qiziq bo’lgan turli xil faoliyatlar bilan shug’ullanadi. Asosan, bola o’z xohish (istagi) bo’yicha o’ynaydi yoki ish bilan shug’ullanadi. Bola o’zining mashg’ulotlari va o’yinlari vaqti va mazmunini o’rganishi mumkin. Maktabda esa kunning birinchi qismida asosiy vaqtni tartibli (sistemali) o’qitish egallaydi; bundan tashqari, kunning ikkinchi qismida ma’lum vaqtni yana dars tayyorlashga ajratish kerak.Maktabda bola o’z xohishi va qiziqishi bilan tanlagan mashg’ulotlar chegaralangan. Bola maktab tartibi va darslar jadvaliga bo’ysunishi kerak. Har qanday ob-havoda bola maktabga vaqtida kelishi, o’quv qurollarini olib kelishi, maktab ta’lim sharoitlariga ko’nikishi kerak. Darslarda ma’lum vaqt tinch o’tirib, diqqatini bir joyga jalb qilib ishlashi tanaffusda esa nisbatan qisqa vaqt ichida o’z kuchlarini tiklab olishi kerak bo’ladi. Maktabdagi ta’limning tashkil etilishi va mazmuni o’quvchining mustaqil ishlashini ta’minlab beradigan malaka va ko’nikmalarining rivojlanishini yuqori darajasini talab qiladi. Bolaning yozuvni muvaffaqiyatli egallashi uchun, masalan, unda barmoqlarining mayda harakatlari rivojlangan bo’lishi shart.
Shunday qilib, maktab hayotiga jismoniy va ruhiy jihatdan o’rganish, uchun bolaga eng avvalo, mustahkam sog’liq, orgnizmning kasalliklarga kurashish qobiliyati, jismoniy chiniqish va chidamli bo’lish kerak. Sistemali (tartibli) ta’lim uchun bolaning aqliy rivojlanishi, ya’ni, aniqrog’i, maktabga umumiy ruhiy tayyorgarligi muhim deb hisoblanadi.
Bola birinchi sinfda uchta fan (o’qish, yozuv va matematika)ning asoslarini, tabiat va jamiyat to’g’risida oddiy bilimlarni egallaydi. Bola odamlar, jismlar va tevaraq-atrofdagi hodisalar haqida ma’lum tasavvur bilan maktabga kelishi kerak.
Bolaning o’quv materialni to’liq o’zlashtirishi va ta’limni bola qobiliyatlariga mos kelishi uning aqliy faoliyatiga bog’liq bo’ladi.
Bolaning yaxshi o’qishiga aqliy faoliyatining rivojlanish darajasi, idrok, tasavvur, xotira va tafakkur funksiyalari hamda aqliy faoliyat bilan shug’ullanish odatlari ta’sir qiladi. Bola tahlil qilish (analiz) qobiliyatiga o’rganish kerak: narsalarni (predmetlarni) idrok etganda muhim va muhim bo’lmaganlarni ajrata bilish, kuzatayotgan hodisalarni umumlashtirish, guruhlash va hokazo. Bola zehnli, ziyrak, topqir, mustaqil bo’lishi kerak. Zavq, xursandchilik keltiradigan aqliy faoliyatga nisbatan bolada qiziqish paydo bo’ladi.
Ta’limning muvaffaqiyatli bo’lishi ko’p jihatdan bola nutqining rivojlanish darajasiga, uning lug’at boyligiga, mustaqil, aniq, ifodali va grammatik jihatdan to’g’ri gapira berishiga bog’liq bo’ladi. Nutq-aqliy faoliyatning asosiy qismi (komponenti) va bolaning shu faoliyati natijalarini aytib bera oladigan asosiy vosita bo’ladi. O’qishda ijobiy natijalarga erishishning muhim asoslaridan bilimdonlik, tirishqoqlik hisoblanadi.
Bolada maktabga borish bilan nafaqat hayot tartibi va asosiy faoliyatida, balki ijtimoiy o’rnida ham o’zgarishlar sodir bo’ladi. Bola munosabatlari shakllangan tanish tengdoshlar va kattalar jamoasidan, notanish bolalar va kattalar jamiyatiga o’tadi. Oldingi jamoada (kollektivda) bola ma’lum bir o’rinni egallash o’zining huquq, burch va imtiyozlarini bilar edi, yangi shakllanayotgan maktab jamoasida esa bola o’zini boshidan ko’rsatishi kerak. Bolaning burch va huquqlari maktabgacha davrga nisbatan, aniqroq va qattiqroq belgilanadi. Bola faoliyatini baholashning muhim mezonlardan biri, nafaqat maktabda, balki oilada tengdoshlar davrasida — bu muvaffaqiyatli o’qish bo’lib qoladi.
Baho qo`yish va baholash ijtimoiy ahamiyatga va rasmiy hujjat shakliga ega.
Maktabda uzoq muddat ota-ona g’amxo’rligisiz bo’lgani sababli, bola o’z yoshiga mos his -tuyg’u va iroda mustahkamligiga ega, o’z xulqini nazorat qila olishi kerak. Agar o’quvchi o’qishga ijobiy yondashsa, o’qishni xohlab, intilsa, ta’limdagi boshlang’ich qiyinchiliklar tezroq va osonroq bartaraf etiladi. Iroda bolaga barcha maktab vazifalarini doimiy va muvaffaqiyatga bajarishga kerak bo’ladi.
Bilim va ijtimoiy hayot qonun-qoidalariga rioya qilish, harakterning ijobiy jihatlarining shakllanganligi bolaga boshqa bolalar bilan muloqot o’rnatishda, sinfdoshlar bilan do’stona munosabat o’rnatishda va jamoada faol ishtiroq etishda juda katta yordam beradi.
Bolani maktabga umumiy tayyorgarligi deganda uning har tomonlama, ya’ni uning ma’lum bir taraflari emas, balki hamma taraflari rivojlangan bo’lish kerak. Har qanday bir tarafini rivojlanmagani, zaifligi (aqliy, his-tuyg’uli, irodaviy yoki amaliy-harakatli) maktabda o’zlashtirmaslikning sabablaridan bo’lishi mumkin.
Shu bilan birgalikda, birinchi sinfda o’quv fanlarning (o’qish, yozish, matematika) mazmunini o’zlashtirish uchun maxsus bilim, malaka va ko’nikmalarga ega bo’lishlari kerak. Masalan, matematika o’qitishda o’qituvchi bola narsalarning rangi, shakli, katta-kichiqligi, sonini ajrata biladi deb hisob-laydi; yozuvni o’rganishda esa bola yozuv va rasm qurollarini to’g’ri ishlata olishini, grafik mashqlarni bajara olishga tayanadi. Shu kabi bilim, malaka va ko’nikmalar maktabga maxsus tayyorgarlikni tashkil etadi. Umumiy va maxsus tayyorgarlik bir-biriga zid kelmaydi, bir-birini chiqarib tashlamaydilar. Maktab fanlarining mazmunini o’zlashtirishda bolaning maxsus tayyorgarligi umumiy tayyorgarlikdan kelib chiqadi, o`nga mos keladi va tayanadi va aksincha, maxsus tayyorgarlikning mazmuni ta’limning umumiy tayyorgarligiga yordam berishi kerak.
Bola shaxsini rivojlantirishda ma’lum bir tarafiga (asosan, aqliy) kuchli yo’naltirish berishga alohida e’tibor berish kerak. Kattalar har doim shuni esda to`tishlari kerakki, bolaning yoshini hisobga olinmagan tezlashtirilgan, jadal o’qitish zarur hisoblanadi.
Maktabgacha davr inson shaxsini shakllantirishda juda katta ahamiyatga ega, chunki shu davrda shaxsning asoslari olinadi. Agar shaxsni har taraflama shakllantirishda aynan shu yoshdagi qulay sharoitlar qo’llanilmasa, rivojlanish-ning to’xtab qolishi yoki chetlashini bartaraf etish nihoyatda og’ir kechadi.
7 yosh-bu bola yangi sharoitga tez o’rganadigan va o’qish jarayonida muvaffaqiyatli ishtiroq etadigan davr hisoblanadi. Ya.A.Komenskiy bolaning yettinchi yili-bu bekorchilikda buzilib ketmaslik uchun maktabda o’qishni boshlaydigan vaqt hisoblagan. Bolani ona maktabida 5-6 yil ta’lim-tarbiya olishini (oilada bolani ona tarbiyasi nazarda tutilgan) u yetarli va optimal muhlat
deb hisoblagan.
Bolaning yoshi (7 yosh) mezonidan tashqari, sog’lig’ining umumiy holati va asosiy antropometrik ko’rsatkichlari jismoniy tayyorgarligini belgilashadi.Bunda bo’yi (7 yoshga 110 sm dan kam bo’lmasligi kerak), vazn (20 kg), ko’krak aylanasi (nafas chiqqanda 55 sm dan kam bo’lmasligi kerak), tanadagi o’zgarishlari suyaqlarning o’sishi, tishlarning almashuvi.
Maktabga tayyor bo’lgan bola jismoniy chiniqqan, har qanday ob-havoda uzoq vaqt yura oladi, asosiy harakat malakalarga, to’g’ri osankaga yega, o’zining harakatlarini nazorat qila oladi, tozalikka rioya qiladi.
Bolaning bilim jarayonlari rivojlanganligi uning jamiyat va tabiat, voqea hodisalarni tushunib yetishi, kuzatish qobiliyati, kundalik hodisalarni to’g’ri nomlash, bir-biri bilan bo’lgan aloqani tushunib yetishi ko’rsatiladi. Bola o’z fikrlarini ifoda eta bilishi kerak, ijodiy va mustaqil fikrlay olishi, aniq ko’rgazma materialga tayanib, masalalarni yecha bilishi kerak. 6-7 yoshli bola oiladan tashqarida ham o’zini dadil to`tishi kerak. Shakllangan madaniy ko’nikmalari o’z tengdoshlari bilan munosabatlar o’rnatishga yordam beradi.
Bolaga mustaqil o’zi kiyinishni, ovqat yeyishni, narsalarini toza va tartibli saqlashni o’rganishi kerak. Bola kattalar mehnatini muhimligini tushunishi va hurmat qilishi kerak. Har qanday ishga ijobiy yondashib, uni diqqat, e’tibor bilan vaqtida bajarishi lozim.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 5 ta metodika bo’yicha bolalarga ta’lim-tarbiya saboqlari berib boriladi. Bulardan eng asosiysi “Nutq o’stirish mashg’ulotlari” desak mubolag’a bo’lmaydi. Chunki nutq o’stirish nafaqat bolaning so’z boyligini oshirish, uning muloqot qobiliyatini rivojlantiradi, undagi bilish jarayonlarining shu jumladan, bolaning tafakkurini o’stirishda ham muhim vosita bo’lib hisoblanadi. Hozirgi paytda maktabgacha katta yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishga yanada yuqoriroq talablar quyilmoqda. Bu talablarga javob berish nutqni rivojlantirishga oid yangi izlanishlarni taqozo etadi. Shunday qilib, pedagogika ilmining hozirgi bosqichida maktabgacha katta yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishga nisbatan quyiladigan talablar bilan ushbu talablar ijrosi o’rtasida ziddiyatlar namoyon bo’lmoqda. Yuqoridagi fikrlarga asoslanib, biz mazkur kitobda maktabgacha katta yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishning samarali yo’llari hamda vositalarini ishlab chiqishda tayanch bo’ladigan nazariy, metodik qoidalarni yoritishga qaror qildik.
Maktabgacha ta’lim o`zluksiz ta’lim tizimining boshlangich turi hisoblanadi, hamda O’zbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g’risidagi Qonun» va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» talablari asosida tashkil etiladi.
-Maktabgacha ta’limning maqsadi: bola shaxsini maktabgacha yoshdagi bolalar ta’lim-tarbiyasiga quyiladigan Davlat talablariga muvofiq sog’lom va yetuk, maktabda o’qishga tayyorlangan tarzda shakllantirish.
-Maktabgacha ta’limning vazifalari: bolalarni xalqning boy milliy, madaniy-tarixiy merosigahurmat ruhida va ma’naviy axloqiy jihatdan tarbiyalash: bolalarda milliy vatanparvarlik hislarini shakllantirish, maktabgacha yoshdagi bolalarda bilim olish ehtiyojini, o’qishga intilish moyilliklarini shakllantirib, ularni muntazam ravishda ta’lim jarayoniga tayyorlash, bolalarning tafakkurini rivojlantirish, o’zining fikrini mustaqil va erkin ifodalash malakalarini shakllantirish, bolalarning jismoniy va ruhiy sog’lig’ini ta’minlashdan iborat.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirish va maktabga tayyorlash jarayoni oldiga quyilgan maqsad va vazifalarning bajarilishi «Maktabgacha yoshdagi bolalar ta’lim-tarbiyasiga quyiladigan Davlat talablari» orqali nazorat qilinadi. Davlat talablaridan maktabgacha yoshdagi bolalarga beriladigan ta’lim-tarbiya mazmunining asosiy yo’nalishlari hamda ularning maktabga tayyorgarlik darajasiga quyiladigan minimal talablar belgilab berilgan bo’lib, u davlat hujjati sifatida e’tirof etiladi.
Bolalarni rivojlantirish va maktabga tayyorlash jarayoni oldiga quyilgan maqsad va vazifalarning bajarilishiga erishish «Bolalarni rivojlantirish va maktabga tayyorlash» tayanch dasturi asosida amalga oshiriladi.
«Ta’lim to’g’risida»gi Qonun hamda «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’limning asosiy omili bo’lgan kadrlarni tayyorlash borasidagi eng zarur tadbirlar tizimi belgilab berilgan. Sog’lom avlodni tarbiyalash davlat va jamiyatning ustuvor yo’nalishidir.
Davlat talablari asosida tuzilgan «Bolalarni rivojlantirish va maktabga tayyorlash tayanch dasturi»ga asosan maktabgacha yoshdagi bolalarning ota-onalari, tarbiyachilari hamda o’zlari uchun turli sohalar bo’yicha dasturlar, qo’llanmalar, tavsiyalar, qiziqarli kitoblar, aqlan va jismonan rivojlantirishga yordam beradigan turli-tuman o’yinchoqlar va ta’lim tarbiya qurollari yoritiladi.
Maktabgacha yoshdagi bolalar ta’lim-tarbiyasiga quyiladigan Davlat talablarida belgilangan ko’rsatkichlarga erishish 6-7 yoshdagi bolalarni maktabga to’la-to’kis tayyorlashga, maktabda beriladigan ta’limni mukammal o’zlashtirish-ga, mustaqil O’zbekistonning ravnaqi uchun xizmat qiladigan barkamol inson bo’lib yetishishlariga zamin hozirlaydi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni rivojlantirish va maktabga tayyorlash jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi:

  1. Bolalarni jismonan rivojlantirish.

  2. Bolalarning nutqi va tafakkurini rivojlantirish.

  3. Bolalarni ma’nan rivojlantirish.

Maktabgacha ta’limning maqsad va vazifalariga tayangan holda «Bolalarni maktabga tayyorlash metodikasi» fanining maqsadi talabalarni maktabgacha yoshdagi bolalarni maktabga tayyorlashning metod va usullari bilan tanishtirishdan iborat.
«Bolalarni maktabga tayyorlash metodikasi» fani quyidagi vazifalarni o’z ichiga oladi:
Talabalar maktabgacha ta’limning maqsad va vazifalarini yaxshi bilishlari;
-Bolalarning maktab ta’limiga umumiy va maxsus tayyorgarligi tushunchalarini bilishlari;
-Bolalarni maktab ta’limiga tayyorlashni aniqlash yo’llari va metod, usullari to’g’risida bilimga ega bo’lishlari lozim.
Yosh avlodni tarbiyalash va o’qitish xalq ta’limi sistemasining boshlang’ich bo’limi bo’lgan maktabgacha tarbiya tashkilotlaridan boshlanadi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotida amalga oshiriladigan ta’lim-tarbiya ishini davr talabi darajasida olib borish maqsadida «Bolalar bog’chasida ta’lim-tarbiya dasturi» tuzilgan. O’zbekiston xalq ta’limi Vazirligi bu dasto’rni Respublikamiz-ning o’ziga xos tomonlarini: iqlimi, gegrafik, iqtisodiy, madaniy, milliy sharoitlarini hisobga olib, uni qayta ishlab chiqdi. Dastur tug’ilgandan to yetti yoshgacha bo’lgan bolalar egallashi lozim bo’lgan bilim va malakalar hajmini o’z ichiga oladi. U maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning psihologik-fiziologik va o’ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda ularni har tomonlama kamol toptirishni nazarda tutadi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiyani pedagog-tarbiyachi amalga oshiradi. U pedagogik jarayonda markaziy o’rinni egallaydi. Shuning uchun tarbiyachi o’z sohasini chuqur bilishi, har xil metodik vositalarni yaxshi egallagan, puxta pedagogik-psihologik tayyorgarlikka ega bo’lishi kerak. Shu bilan bir qatorda mutaxassislik bo’yicha fanlarni jumladan «Ta’lim to’g’risida»gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy Dasturini, maktabgacha tarbiya pedagogikasi, «Uchinchi ming yillikning bolasi tayanch dasturi»ni Davlat ta’lim standartlarini, Bolalarni maktabga tayyorlash fani va boshqalarni puxta egallagan bo’lishi lozimdir. Ayniqsa, bolalarni maktab ta’limiga tayyorlangan tarzda tarbiyalash «Bolalarni maktabga tayyorlash fani»da o’rni juda kattadir.
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar asosan maktab ta’limiga maktabgacha ta’lim tashkilotlarida va oilada tayyorlanadi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni rivojlantirish va maktab ta’limiga tayyorlash 3 bosqichda amalga oshiriladi.

  1. Bolalarni nutqini rivojlantirish.

  2. Jismonan rivojlantirish.

  3. Ma’nan rivojlantirish.

Bolalarni maktabga tayyorlashning maqsadi bolalarni bola shaxsini maktabgacha yoshdagi bolalar ta’lim-tarbiyasiga quyiladigan davlat talablariga muvofiq sog’lom va yetuk maktabga, o’qishga tayyorlangan tarzda shakllantirib borishdan iboratdir.
Bolalarni maktabga tayyorlashning asosiy vazifalari esa: bolalarni jismoniy, aqliy, ma’naviy jihatdan kamol toptirish ularning sog’lomligini muhofaza qilish, bolalarning ijodkorlik mustaqil erkin fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish uchun, shart-sharoitlar yaratish vazifalarini qo’yadi.
Bolalarni maktabga tayyorlash fani bir qator fanlar bilan bog’liq bo’lib, xususan, falsafa, etika, estetika, biologiya, psihologiya, yosh psihologiyasi barcha pedagogika fanlari bilan bog’liq holda rivojlanadi va boyib boradi.
Bolalarni maktabga tayyorlash fani ijtimoiy hodisa sifatida tarbiyani o`rganar ekan, falsafa fani bilan chambarchas bog’liqdir, chunki falsafa tarbiyaning maqsad va vazifalarini o’rganish metodologiyasini belgilaydi. Jamiyat to’g’risidagi materialistik falsafa tarbiya masalasiga ilmiy asoslangan holda yondoshish imkonini beradi. Tarixiy materializm tarbiyaning sinfiy mohiyatini ochib berish, uning paydo bo’lishi va rivojlanishi ijtimoiy hodisa ekanligini jamiyat hayotida va kishi shaxsining rivojlanishida ta’lim-tarbiyaning rolini baholashga yordam beradi. Didaktik masalalarni ishlab chiqishda bilish nazariyasiga, axloqiy tarbiya masalalarini o’rganishda etikaning axloq to’g’risidagi ta’limotiga tarbiyaning maqsadini, yo’llarini metodlarini belgilashda etika faniga asoslanadi.
Etika axloqni nazariy jihatdan asoslab, yosh avlodni, uning axloqiy tarbiyasi muammolarini, inson shaxsini shakllantirishda axloqiy g’oyalar rolini tushunishni chuqurlashtiradi.
Estetika insonning voqelikka, san’atga estetik munosabatlari rivojlanishi-ning umumiy qonuniyatlarini o’rganadi, nafosat tarbiyasining ilmiy asosi bo’lib xizmat qiladi.
Bolalarni maktabga tayyorlash fani boshqa fanlardan biologiya, psihologiya, yosh psihologiyasi bilan ham bog’liq holda rivojlanadi.
Fiziologiya bolalarni maktabga tayyorlash fanining tabiiy-ilmiy bazasi bo’lib, u birinchi navbatda inson oliy nerv faoliyatining rivojlanish, nerv sistemasining tipologik xususiyatlari, sezgi organlari, tayanch harakat apparati, yurak-tomir va nafas olish sistemalari, ichki sekresiya bezlari va shu singarilarning rivojlanishi haqidagi ma’lumotlarga tayanadi.
Bolalarni maktabga tayyorlash fani ana shu ma’lumotlar negizida ta’lim-tarbiya jarayonining samaradorligini oshirish masalalarini muvaffaqiyatliroq xal eta oladi, psixik voqealar va jarayonlarning ayrim qonuniyatlarini chuqurroq o’rganish imkoniyatiga ega bo’ladi. Hozirgi zamon fiziologiyasi eng muhim pedagogik muammolarni to’g’ri xal etishda: bolalarning rivojlanishiga, uning qobiliyatlarini shakllantirishga muhit, irsiyat va tarbiyaning ta’siri va shu singarilarni belgilashda yordam beradi.
O’sib borayotgan organizm tuzilishining va harakat qilish qonuniyatlarining asosiy prinsiplarini olib beruvchi yosh fiziologiyasi ta’lim-tarbiya berish masalalarini ishlab chiqish uchun ayniqsa katta ahamiyatga ega. Bu xususiyatlarni bilmay turib, tarbiyalanuvchilarning yoshiga muvofiq tarbiya vositalari va metodlarini, u yoki bu mashg’ulotlarni yoki tarbiyaviy tadbirlarni o’tkazishning tashkiliy shakllarini to’g’ri belgilab bo’lmaydi. Fiziologiyaning oliy nerv faoliyati, nerv sistemasining tipologik xususiyatlari to’g’risidagi xulosalar pedagogika o’quv-tarbiya jarayonini metodikasini ishlab chiqishda, bolalar faoliyatlari uchun yaxshiroq shart-sharoit yaratishda yordam beradi.
Insonning voqelikni belgilovchi hamda uning xulq-atvorini boshqaruvchi psixikaning qonuniyatlari va mexnizmlari to’g’risidagi fan bo’lgan umumiy psihologiya insonning rivojlanishi, tarbiyalanishi va atrof-muhit bilan o’zaro munosabatlari jarayonida shakllanadigan holat va hislatlarni (tafakkur, xotira, tasavvur, his-tuyg’u, iroda va xokazo) tadqiq qiladi.
Yosh psihologiyasi bolalarni maktabga tayyorlash fani turli yoshdagi bolalarning bilish imkoniyatlarini, u yoki bu tarbiyaviy ta’sirni ular qanday qabul qilinishini aniqlashda yordam beradi.
Psihologiya shaxsning rivojlanish qonuniyatlari, yosh va o’ziga xos xususiyatlari to’g’risidagi xulosalarni tarbiyalash va ta’lim berishning ratsionalroq mazmun, metodini asoslash va shaxsning shakllanish jarayonini to’g’ri loyixalash imkonini yaratadi. Pedagogika jamoani tashkil etishning samaraliroq shakllarini, shaxsni jamoada va jamoa orqali tarbiyalash metodlarini ishlab chiqishda sotsial psihologiya bilan qurollanadi.
Bolalarni maktabga tayyorlash fani jismoniy rivojlanish masalasini, bola organizmining shu qobiliyatini oshirish, uning faoliyatini normallashtirish, masalalarini o’rganishda umumiy va sotsial gigiyena, mehnat gigiyenasi, maktab gigiyenasi, pediatriya va boshqa fanlarning erishgan yutuqlaridagi xulosalardan foydalanadi.
Bolalarni maktabga tayyorlash fani umumiy pedagogika bilan ham bog’liqdir, chunki umumiy pedagogika tarbiyaning umumiy qobiliyatlari, jamiyatda yosh avlodni har tomonlama tarbiyalash hamda ta’limning mohiyati va qonuniyatlarini o’rganadigan fandir.
Shunday qilib, bolalarni maktabga tayyorlash fani yuqorida keltirilgan fanlar bilan bog’liq holda rivojlanib, boyib boradi. Yechilmay qolgan muammolar pedagogik nuqtai nazardan ilmiy asoslangan tarzda o’z yechimini topadi va kerakli xulosa, tavsiyalar beradi.
Bolalarni maktabga tayyorlashda O’zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim to’g’risidagi Nizomga muvofiq bola maktabgacha ta’limni uyda, ota-onalar mustaqil ta’lim berish orqali yoki doimiy faoliyat ko’rsatadigan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga jalb qilinmagan bolalar uchun bolalar bog’chalarida maktablarda, mahallalarda tashkil etilgan maxsus guruhlar yoki markazlarda oladi. Bu yerda ular xaftada 2-3 marta shug’ullanadilar. Ota-onalarga maktab ta’lim shaklini tanlash huquqi beriladi. 6-7 yoshli bolaning maktab ta’limiga tayyorgarligini aniqlashda maktabgacha yoshdagi bolalar ta’lim tarbiyasi bilan shug’ullanuvchilar asosiy shart hisoblanadi.
Bolaning maktabga tayyorgarligi maktabgacha va maktab davridagi hayot tarzi hamda faoliyati uchun ko’prik vazifasini o’tashni oila yoki bog’chadagi ta’lim-tarbiya sharoitlaridan maktab ta’limiga ozorsiz o’tkazishni ta’minlash zarurligini hisobga olishlari lozim.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash lozimki, boshqa fanlar qatori bolalarni maktabga tayyorlash fani ham o’z fani doirasida bir qator fanlar bilan bog’liq holda rivojlanadi va taraqqiy etib boradi.
Bolalarni maktabga tayyorlash fani falsafa fani bilan bog’liq ekan ushbu fanning metodologik jihatdan asoslaydi.
Yosh psihologiyasi har bir yoshda bolaning yoshga xos xususiyatlarini o’rganadi. Birinchi navbatda bola ruhiyati markaziy o’rin tutib, bu albatta psihologiyani bilish nazariyasi bilan bog’liqdir.
Bundan ko’rinib turibdiki, bolalarni maktabga tayyorlash fani barcha fanlar bilan chambarchas bog’langandir.
Inson, uning har tomonlama uyg’un kamol topishi va farovonligi, shaxs manfaatlarini ro’yobga chiqarishning sharoitlarini va ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, eskirgan tafakkur va ijtimoiy xulq-atvorning andozalarini o’zgartirish respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi va harakatlantiruvchi kuchidir. Halqning boy intelektual merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan-texnika va texnologiyalarning yutuqlari asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish O’zbekiston taraqqiyotining muhim shartidir.
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», «Ta’lim to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalariga muvofiq holda tayyorlangan Dastur kadrlar tayyorlash milliy modelini ro’yobga chiqarishni, har tomonlama kamol topgan, jamiyatda turmushga moslashgan, ta’lim va kasb-hunar dasturini ongli ravishda tanlash va keyinchalik puxta o’zlashtirish uchun ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, psihologik-pedagogik va boshqa tarzdagi sharoitlarni yaratishni, jamiyat, davlat va oila oldida o’z javobgarligini his etadigan fuqarolar tarbiyalashni nazarda tutadi.
Maktabgacha ta’lim bola sog’lom, har tomonlama kamol topib shakllanishni ta’minlaydi, unda o’qishga intilish hissini uyg’otadi, uni muntazam ta’lim olishga tayyorladi. Maktabgacha ta’lim bola 6-7ga yetgunicha davlat va nodavlat maktabgacha tarbiya bolalar tashkilotlarida hamda oilalarda amalga oshiriladi. Maktabgacha ta’lim maqsadi va vazifalarini ro’yobga chiqarishda mahallalar, jamoat va xayriya tashkilotlari, halqaro fondlar faol ishtirok etadi.
Maktabgacha tarbiyani rivojlantirish uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim bo’ladi:
-Malakali tarbiyachi va pedagog kadrlarni ustuvor ravishda tayyorlash;
-Maktabgacha ta’limning samarali psihologik-pedagogik uslublarini izlash va joriy etish;
-Bolalarni oilada tarbiyalashni tashkiliy, psihologik, pedagogik va uslubiy jihatdan ta’minlash;
-Zamonaviy o’quv-uslubiy qo’llanmalar, texnik vositalar, o’yinchoqlar va o’yinlar yaratish hamda ularni ishlab chiqarish;
-Maktabgacha yoshdagi bolalarni halqning boy madaniy-tarixiy merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash uchun shart-sharoitlar yaratish;
-Maktabgacha ta’lim tashkilotlarning har-xil turlari uchun turli variantlardagi dasturlarni tanlab olish, maktabgacha tarbiyaning barcha masalalari bo’yicha malakali konsultasiya xizmati ko’rsatish imkoniyatini yaratish;
-Maktabgacha tarbiya va sog’lomlashtirish tashkilotlari tarmogini qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish mexanizmini ishlab chiqish kabi vazifalarni maqsad qilib qo’yadi.
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasida Maktabgacha ta’lim to’g’risidagi Nizomda maktabgacha ta’limga aloxida urg’u berilib, maktabgacha ta’lim o`zluksiz ta’lim tizimining boshlangich turi hisoblanadi, hamda O’zbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g’risida», «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi», talablari asosida tashkil etiladi.
Maktabgacha ta’lim, bola 6-7 yoshga yetguncha oilada, hamda davlat va nodavlat davlatga qarashli bo’lmagan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshiriladi.
Maktabgacha ta’limning asosiy vazifalari quyidagilar deb belgilanadi:

  • Bolalarni halqning boy milliy, madaniy tarixiy merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida aqliy va ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash;

  • Bolalarda milliy g’urur, vatanparvarlik hislarini shakllantirish;

  • Maktabgacha yoshdagi bolalarda bilim olish extiyojini, o’qishga intilish mayllarini shakllantirib, ularni muntazam ravishdagi ta’lim jarayoniga tayyorlash;

  • Bolalarning tafakkurini rivojlantirish, o’zining fikrini mustaqil va erkin ifodalash malakalarini shakllantirish.

  • Bolalarning jismoniy va ruhiy sog’lig’ini ta’minlash kabilarni o’z oldiga maqsad qilib belgilaydi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining yasli va maktabgacha ta’lim yoshdagi bolalar guruhlariga bir xil yoshdagi, shuningdek turli yoshdagi bolalar qabul qilinishi mumkin.
Guruhlardagi bolalar soni quyidagicha belgilanadi:

  • 1 yoshdan 2 yoshgacha10 nafar.

  • 2 yoshdan 3 yoshgacha15 nafar.

  • 3 yoshdan 6-7 yoshgacha20 nafar.

  • Turli yoshdagi guruhlarda 15 nafar.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari hududlarining demografik, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda tashkil etiladi, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish va tugatish Qonunga muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari ularning yo’nalishlariga ko’ra quyidagi turlarga bulinadi:

  • Bolalar yaslisi, bolalar bog’chasi, bolalar yasli bog’chasi, xonadon bolalar bog’chasi (ham mustaqil tashkilot sifatida, ham filial sifatida);

  • Bog’cha maktab tashkiloti;

  • Tarbiyalanuvchilarning bir yoki bir necha ustuvor yo’nalishlarda rivojlantiradigan (til o’rganish, badiiy estetik, sport va boshqa yo’nalishlar bo’yicha) maktabgacha ta’lim tashkiloti;

  • Tarbiyalanuvchilarning jismoniy va ruhiy rivojlanishidagi kamchiliklarni bartaraf etishni ustuvor ravishda amalga oshiruvchi maxsus maktabgacha ta’lim tashkiloti;

  • Sanitariya-gigiyena, profilaktika va sog’lomlashtirish tadbirlari va muolajalari ustuvor ravishda amalga oshiriladigan sog’lomlashtiruvchi bolalar bog’chasi;

  • Aralash turdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti;

Maktabgacha ta’lim tashkilot turlari ota-onalar tomonidan tanlanadi. maktabgacha ta’lim tashkilotiga bolalarni qabul qilish tartibi, ularni bir tashkilotdan ikkinchisiga ko’chirish, tashkilotdan chiqarish davlat tashkilotlarida Halq ta’limi Vazirligi tomonidan belgilangan tartibda, davlatga qarashli bo’lmagan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa, tashkilotning Ustavi bilan belgilanadi.
Aqliy va jismoniy rivojlanishda kamchiliklari mavjud bo’lgan bolalar uchun maxsus maktabgacha ta’lim tashkilotlari yoki guruhlar tashkil etish ham maktabgacha ta’lim tashkilot to’g’risidagi Nizomda ko’rsatib utilgan.
Har bir soxada bo’lganidek, maktabgacha ta’lim tizimida ham maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tegishli ma’lumotga, kasb tayyorgarligiga hamda yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo’lgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug’ullanish huquqiga egadirlar.
Ta’limni boshqarish bo’yicha vakolati davlat organlari tomonidan pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, kasb sifatini raqobatbardosh darajasida saqlab turish ta’minlanadi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagogik kadrlarning o’quv pedagogik vazifasi MT turiga davlat talablaridan kelib chiqqan holda Halq ta’limi Vazirligi tomonidan belgilanadi. Ilg’or pedagogik va axborot texnologiyalarni, mutaxassislar tomonidan tavsiya etilgan yangi dasturlar, metodik qo’llanmalar, didaktik materiallarni joriy etish uchun shart-sharoitlarni ta’minlaydi.
Pedagogik kadrlarning o’zaro munosabatlari hamkorlik, demokratiya, hurmat, shaxsning o’z qadr-qimmatini bilishni e’tirof pedagogikasi asosida quriladi.
O’zbekiston Respublikasining maktabgacha tarbiya konsepsiyasida ham belgilangan bosh maqsad va vazifalar maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun yozilgan yangi dasturlar mazmunini amalga oshirishga qadar aniqlana boradi. Maktabgacha ta’lim muasasasidagi bolaning o’sishidagi psihologik va etnopsihologik xususiyatlarga asosilanib, ta’lim-tarbiya tizimida odob estetik, musiqiy-badiiy, jismoniy tarbiyani birinchi o’ringa chiqarish, gramatikani bu qadar majburiy o’rgatmaslik lozim bo’ladi. Shunday yo’l bilan maqsad asosida vazifa va usullar belgilanadi va rivojlantiriladi.
Nazorat savollari.

  1. Bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash metodikasi faning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?

  2. Maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarni rivojlantirish bosqichlari?

  3. Bolalarni maktab ta’yyorlash faning boshqa fanlar bilan aloqasi?

Download 140 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling