Korxona biznes-rejasining mohiyati, tuzilishi va vazifalari
Rejalarning har bir turi kabi, biznes-reja ham, bo`lim va ko`rsatkichlardan iborat bo`ladi. O`ntagacha bo`limni o`z ichiga oluvchi biznes-reja mazmuni va tuzilishiga ko`ra, eng maqbul hisoblanadi. Mavjud adabiyotlarda quyidagi bo`limlarni o`z ichiga oluvchi biznes-rejalar taklif qilinadi:
1. Tanlangan biznes kontseptsiyasi.
2. Hozirgi paytdagi holat (maqsad, vazifa va niyatlar).
3. Tashkil qilinayotgan korxona va uning mahsulot hamda xizmatlari tavsifnomasi.
4. Boshqaruv (menejment).
5. Bozor tadqiqoti va tahlili.
6. Marketing harakatlari rejasi.
7. Ishlab chiqarish rejasi.
8. Tavakkalchilikni baholash.
9. Moliyaviy reja.
10. Biznes-loyihaning samaradorligi.
Tanlangan biznes yo`nalishining kontseptsiyasini tuzishda uning raqobatbardoshligi (sifat, narx, iste`molchiga etkazib berish shakli, tayyorlash texnologiyasi va hokazo); mablag`larga bo`lgan ehtiyojlar; o`ziga jalb qilishning asoslanganligi (taklif qilinayotgan mahsulotning boshqa mahsulotlardan afzalliklari, mahsulot ishlab chiqarishning qaysi bosqichda ekanligi va hokazo)ga katta e`tibor qaratish lozim.
Kontseptsiyada tanlangan tovar bozoridagi ahvol; korxonaning tanlangan biznes sohasidagi kuchli va kuchsiz tomonlari; boshqa bozorga chiqish imkoniyatlari; bozorga ta`sir o`tkazuvchi qonunchilik, siyosat, demografik holat kabi omillar aks ettiriladi. Bundan tashqari kontseptsiya bahoning o`zgarishi, inflyatsiyaning o`sishi, kapital olib chiqish yoki mahsulot olib kirishni cheklovchi qonun hujjatlarini qabul qilinishi kabi sharoitlarda, mahsulotni sotishni ko`paytirish uchun zarur bo`lgan chora-tadbirlarni ham o`z ichiga oladi. Ushbu bo`lim tanlangan biznes yo`nalishi maqsadlari va niyatlarining shakllanishi bilan yakunlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |