14-mavzu. Islom qadriyatlari


Download 29.36 Kb.
Sana13.04.2023
Hajmi29.36 Kb.
#1352943
Bog'liq
14-Mavzu


14-mavzu. ISLOM QADRIYATLARI
Reja

  1. Islom atrof muhitini muxofaza qilishning ustuvor yo’nalishlari

  2. Islom dinida vatanparvarlik g’oyalarining talqini

  3. Islomda oilaviy munosabatlarida er-xotinning xuquqi va majburiyatlari

Yurtimizga islomning kirib kelishi xalqimizning ma’naviyati boyib borishiga, ularning o‘zligini saqlab qolishlariga, diniylik va dunyoviylik uyg‘unligiga asoslangan umuminsoniy axloqiy fazilatlarning shakllanishiga keng imkoniyatlar yaratdi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda islom dinining yoyilishi hamda u bilan bog‘liq bo‘lgan diniy rasm-rusumlar, shariat va tariqat qonun-qoidalari, aqidalarining tarkib topib borishi mahalliy xalq namoyondalarining milliy o‘zligini anglashda ham katta ijobiy rol o‘ynadi. Odamlar har xil xudolar, chiltonlarga, muqaddas sanalgan narsalarga topinishdan, sig‘inishdan xalos bo‘lib, yakkayu yagona Allohga, uning rasuli Muhammad alayhisalom ko‘rsatmalariga amal qiladigan bo‘ldilar. Qur’on va hadislarga asoslangan g‘oyalar: axloq, insof, vijdon, halollik kabi sohalardagi umumbashariy ahamiyatga molik yo‘l-yo‘riqlari va qoidalari u umuminsoniy qadriyat sifatida Markaziy Osiyo xalqlari ongi va turmush tarziga singib bordi. Islom qadriyatlari xalq ma’naviy hayotining uzviy qismi bo‘lib, uning turmush tarzidan, urf-odat, bayram va marosimlaridan munosib o‘rin oldi.
Shunday qilib, yurtimizda islom madaniyatining rivojida IX-XII asrlar alohida o‘rin tutadi va bu davrda islom dini, madaniyati, ma’naviyati va ma’rifatining barcha sohalarida katta muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritildi. Yuqorida ham ta’kidlanganidek, islom madaniyatining gultojisi hisoblangan Hadisshunoslik ilmi rivojida ham peshqadamlikni O‘rta Osiyolik buyuk muhaddis olimlar egalladilar. Shuningdek, Islomda shariat va uning ruknlari ham muhim o‘rin tutadi. Shariat (arabchada to‘g‘ri yo‘l, qonunchilik ma’nosida) - islom diniy huquqi, ya’ni barcha musulmonlar uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan qonunlar, hukukiy-axloqiy ko‘rsatmalar majmuidir. Bu sohada ham buyuk vatandoshimiz Burxoniddin Marg‘inoniy (1123-1197) “Hidoya” (“To‘g‘ri yo‘l”) nomli asar yaratib, jumlai musulmonlar duch keladigan dolzarb masalalar, jumladan, oilaviy va ijtimoiy munosabatlar, mulkchilik, savdo-sotiq, jinoiy jazo va insonning burch va mas’uliyatlariga taalluqli juda ko‘p murakkab muammolarni islomiy huquq nuqtai nazaridan hal etib berdi.
Markaziy Osiyolik olimu fuzalolar Islom ilmi rivojiga buyuk hissalarini ko‘shar ekanlar, Allohning yakkayu yagonaligi, Allohning bir ekanligi to‘g‘risidagi tavhid bilan ham mashhur bo‘ldilar. Fanning bu jabhasida zamon ulamolari va fuzalolari orasida buyuk qobiliyat egasi Abu Mansur Moturidiy nomi alohida ajralib turadi. Uning mashhur asarlari jumlasiga “Tavxid” asarini nisbat berish mumkin. Islom madaniyatida tasavvuf ta’limoti ham muhim ahamiyatga ega. Tasavvuf - bu odamlarni halollik, poklik, tenglik, inson qadr –qimmatini ulug‘lash, o‘z mehnati bilan kun ko‘rish, boshqalar kuchidan foydalanmaslik va ijtimoiy adolat qoidalariga da’vat etuvchi ezgu ta’limotdir.
Xuroson va Movarounnahr aholisi o‘rtasida tasavvuf-falsafiy ilmi taraqqiyotida Yusuf Xamadoniy katta obro‘-e’tibor va hurmat qozongan. Shuningdek, Yurtimizda ildiz otgan Yassaviya (Ahmad Yassaviy), Kubroviya (Najmiddin Kubro), Naqshbandiya (Xoja Bahovuddin Naqshband) ta’limotlari mohiyatan olijanob g‘oyalar ruhi bilan sug‘orilgan. Jumladan, “Yassaviya” tariqatining bir qator asosiy qoidalari (odoblari)ga nazar tashlar ekanmiz, bunda insonlarning Alloh visoliga yetishish yo‘lida tinimsiz izlanishlari hayotning turli-tuman sinov-sinoatlariga dosh berishlari, o‘z e’tiqodlarida sobit, ezgulik, haq yo‘lida hamisha sa’y-xarakatlarda bo‘lishlari kerakligiga alohida urg‘u berilganligi ayon bo‘ladi. Shu bois Yassaviy “Hikmat”larida poklik, halollik, to‘g‘rilik, mehr-shafkat, o‘z kuchi, peshona teri va halol mehnati bilan kun kechirish, Alloh taolo visoliga yetishish yo‘lida insonni botinan va zohiran har tomonlama takomillashtirish kabi ilg‘or umuminsoniy qadriyatlar ifoda etilgan.
Temur va temuriylar davri O‘rta Osiyo madaniyatida alohida davr hisoblanib, bu davr madaniyati Temur asos solgan kuchli davlatchilik tamoyillari asosida shakllangan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot bilan bog‘liqdir. Bu davrda ilm-fan, madaniyatning barcha sohalari kabi diniy madaniyat ham taraqqiyotga erishdi. Avvalo Amir Temurning o‘zi din ahliga – avliyo va ulamolarga alohida ehtirom ko‘rsatgani, din peshvolariga homiylik qilgani tarixiy manbalar guvohlik beradi. Qad rostlagan ko‘plab masjid va madrasalar ham o‘sha davrdagi diniy madaniyat taraqqiyotidan guvohlik beradi.
Temuriylar davrida ayniqsa tasavvuf adabiyoti yanada rivojlandi. Shu davr mutafakkirlaridan Sa’dudin Taftazoniy(1322-1392), Mir Sayyid Sharif Jurjoniy(1339-1413)lar islom falsafasi, mantiq, she’riyat va arab tiliga bag‘ishlangan ko‘plab asarlar yaratishdi. O‘zbek xalqi ma’naviy dunyosining shakllanishiga g‘oyat kuchli va samarali ta’sir ko‘rsatgan ulug‘ zotlardan yana biri – bu Alisher Navoiy ham shu davr vakilidir. Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyandasi, millatimizning g‘ururi, sha’nu sharafini dunyoga tarannum qilgan o‘lmas so‘z san’atkoridir. Buyuk ajdodimizning bebaho merosidan qanchalik ko‘p bahramand bo‘lsak milliy ma’naviyatimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma’rifiy qurolga ega bo‘lamiz.
Xonliklar davrida Markaziy Osiyoda o‘zaro nizolar to‘xtamagan bo‘lsada, diniy madaniyat ma’lum darajada rivojlandi, bir qator masjid va madrasalar qurildi, diniy asarlar yozildi. Bu davrda Markaziy Osiyoda ikki turdagi maktab mavjud edi: quyisi - maktab va oliysi - madrasa. Boshlang‘ich maktabda savod o‘rgatilar va diniy matnlar yodlanar edi. Madrasada ham ilohiyat o‘qitilar, shuningdek arab tili sarfu nahvi (grammatikasi), notiqlik san’ati, aljabr va handasa asoslari o‘rgatilan. Bundan tashqari Xofiz, Bedil, Navoiy asarlari o‘qitilgan.
Chor Rossiyasi istilosi, ayniqsa Sovetlar hukmronligi davrida diniy madaniyatimiz katta qarshilikka uchradi, ta’qib qilindi. “Din xalq uchun afyun”, deb e’lon qilindi, diniy ulamolarga reaksion sinf, degan tamg‘a bosildi, o‘tmish diniy merosimiz “eskilik sarqiti”ga chiqarildi. Ammo xalq o‘z diniy qadriyatlarini unutmadi, e’tiqodidan kechmadi.Mustaqillik sharofati bilan 1300 yil mobaynida ota-bobolarimiz e’tiqod qilib kelgan islom diniga munosabat ham tubdan o‘zgara boshladi.
Sobiq Ittifoq davrida butun O‘zbekistonda bori-yo‘g‘i 80ga yaqin masjid faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, mustaqillikning dastlabki yillaridayoq minglab yangi masjidlar ishga tushdi. Ilgari birgina Buxoroda kichik bir madrasa tor doirada diniy bilim berib kelgan bo‘lsa, bugungi kunda deyarli barcha viloyatlarda madrasalar ishlab turipti. Toshkent oliy ma’hadining mavqei ko‘tarilib, endi uning diplomi ham bakalavr darajasida tan olinadigan bo‘ldi. O‘zbekiston hukumati mo‘minlarning istaklarini inobatga olib, musulmon dunyosining eng muqaddas yodgorliklaridan biri — xalifa Usmon "Mushaf"ini ular ixtiyoriga qaytib berdi. Qator tarixiy obidalar diniy tashkilotlar ixtiyoriga o‘tkazildi. Davlat diniy asarlarni chop etishda yordam beryapti. Har yili yurtimizdan minglab musulmonlar haj va umra safarlariga emin-erkin borib kelmoqdalar. Din peshvolari matbuot, radio va televideniye orqali o‘z qarashlarini emin-erkin bayon etmoqdalar. O‘nlab o‘tmish diniy ulamolarimizning tabarruk nomlari, meroslari tiklanmoqda. Maqbaralari qadamjoyga, ziyoratgohga aylanmoqda. Jumladan, Imom Buxoriy maqbarasi majmuining bunyod etilishi, Bahovuddin Naqshband masjidi-maqbarasining yangidan ta’mirlanib, obod etilishi, imom Moturidiy, Burhonuddin Marg‘inoniy kabi buyuk siymolarning xoki poklari qo‘yilgan Samarqanddagi Chokardiza qabristonini tiklash va o‘rganish ishlarining jiddiy yo‘lga qo‘yilishi – barchasi mustaqil O‘zbekiston rahbariyatining muqaddas dinimizga, ushbu dinni ma’rifat, ma’naviy qadriyat darajasiga ko‘tarilib, jahonga tanitgan ulug‘ ajdodlarimizga bo‘lgan yuksak va samimiy ehtiromning yorqin namoyishidir.
Yurtimiz tarixida, uning ma’naviy sarchashmalarida sezilarli iz qoldirgan, ularni o‘z pok ruhoniy ta’limotlari ila boyitgan ulug‘ salaflarimiz - Ahmad Yassaviy, Bahovuddin Naqshband, Najmiddin Kubro, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Kaffol Shoshiy, Xoja Ahror Valiy singari bobokalonlarimiz aziz nomlari tiklanib, asarlari chop etilib, bebaho meroslaridan bahra olayapmizki, bu biz uchun katta baxtdir. Diniy urf-odatlarning shaxs dunyoqarashi va tafakkuriga ta’siri. Din voqelikni o‘ziga xos aks ettiruvchi ijtimoiy hodisadir. Din insonga to‘g‘ri, haqiqiy hayot yo‘lini ko‘rsatadigan va o‘rgatadigan ilohiy qudratga ishonchni ifoda etadigan ta’limotdir. Dinning mohiyati turlicha izohlansada, uning asosida ishonch, e’tiqod tuyg‘usi yotadi. Zero bunday tuyg‘udan mahrum xalq, odam yo‘q. Hech bir xalq dinsiz, e’tiqodsiz, biron-bir narsaga ishonchsiz yashay olmaydi. Har bir din turlicha urf-odat, marosim va bayramlar orqali o‘z qavmidagi odamlar turmushini tartibga solish, nazorat qilish, insonlarning ma’naviy-axloqiy dunyoqarashini shakllantirish, tafakkurini yuksaltirishga harakat qiladi. Har qanday jamiyatda din ma’lum ijtimoiy, ma’naviy va ruhiy vazifalarni bajaradi. Uning ijtimoiy hayotga ta’siri kuchlidir. Dinlar o‘z marosim va bayramlarining qavmlar tomonidan qat’iy tartibga amal qilgan holda bajarilishini shart qilib qo‘yadi, shuningdek, o‘z qavmlarining birligini, jamiyat va shaxsning o‘zaro aloqada bo‘lishini ta’minlashga intiladi.
Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, xalqimiz garchi islom diniga e’tiqod qilsada, uning turmush tarzida zardushtiylik dinidan qolga urf-odatlar, marosim oradan necha asr o‘tgan bo‘lsada saqlanib qolmoqda. Bu ayniqsa olovga bo‘lgan munosabat, ya’ni o‘t, olovni ulug‘lashda yaqqol namoyon bo‘ladi. Masalan, kelin-kuyovni olov orasidan olib o‘tish, olov atrofida aylantirish kabi udumlar hamon saqlanib qolmoqda. Shuningdek, xasta kishiga sog‘lik tilab yoki vafot etganlar arvohiga bag‘ishlb turli xil sham yoqishlar ham otashparastlik (zardushtiylik) elementlaridir. Qolaversa, yerga, donga (non) ga bo‘lgan alohida ehtirom ham zardushtiylik davridan beri yashab kelayapti. Ushbu holatlar, bir tomondan, xalq ongiga singib ketgan urf-odatlarning qanchalik darajada yashovchanligini ko‘rsatsa, boshqa tomondan, ushbu urf-odat va marosimlarning xalq ma’naviyati, madaniyati hamda shaxs dunyoqarashi va tafakkuriga hamon ijobiy ta’sir ko‘rsatib kelayotganligi uchun ulardan voz kechishni hohlamayotganligidan dalolat beradi. Masalan, zardushtiylikda ulug‘langan ona tabiatga mehr, yer, suv, olovni e’zozlash, yaratuvchilik mehnatini ulug‘lash kabi g‘oyalar hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi va bugun ham xalqimizda ushbu fazilatlarning shakllanishiga o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Mintaqamizga islom dini kirib kelgach, u bilan bog‘liq urf-odatlar, marosimlar xalqimiz turmush tarzidan, ma’naviyatidan chuqur o‘rin oldi va va uning madaniyatining tarkibiy qismiga aylandi.
Islom dinida ayniqsa diniy bayramlar alohida ahamiyatga ega. Islomiy bayramlar qatoriga: Iydi-ramazon (Al-fitr) Qurbon xayiti (Al-adha), Meroj - rajab oyi bayrami, shuningdek Imom Husaynni xotirlash kuni - Ashuro bayrami, takdir kechasi - Laylatul qadr, Islomiy yangi yil, Mavlud an Nabi (Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) tavallud kunlari, Laylat al - Barot kabi diniy bayramlar kiradi. Shu diniy bayramlarimizdan bir bo‘lmish Hayitlar qadimiy diniy bayram bo‘lib, ularning tarkibiga kirgan ko‘pgina marosimlar islomdan oldin ham xalq taomilida bo‘lgan. Islom ularni omixtalab, o‘z qonunlarini qo‘shib, hayit bayramlarini kengaytirgan. Hayit bayramini ikki xil nishonlaymiz. Iydi ramazon va Iydi Qurbon hayiti. Bular haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tish joyiz.
Demak Iydi ramazon — poklanish oyi, ramazon oyi tugagandan so‘ng bayram tarzida nishonlanadi. Bunda hamma insonlar ro‘zani eson-omonlik bilan to‘la-to‘kis ado etib bo‘lganligi sababli bir-birlarini tabriklab, muborakbod etadi.
Iydi-qur’bon xayiti iydi – al-fitrdan taxminan 70 kun keyin nishonlanadi. Ushbu bayram an’anasiga ko‘ra qo‘y yoki mol so‘yib, uning go‘shti oila, do‘stlar va beva-bechoralarga tarqatiladi. Bu xayit bayrami Makkadagi xaj marosimini tugashiga to‘g‘ri keladi.
Hayit kunlari odamlar orasida gina va kuduratlar unutiladi. Hayit arafasida hamma honadonlarda osh yoki boshqa bayramona taomlar pishirilib, qo‘shnilarga, yaqinlarga ulashiladi, dasturxonlar bezatiladi, mehmonlar kutiladi. Hayit kunlari kambag‘al, beva-bechoralar, yetim-yesirlarga, gadolarga hayitlik, hayriya va sadaqalar berish savob hisoblanadi. O‘tganlarning ruhiga duoi-fotiha qilinadi.
Нayit kuni hamma uchun bayram hisoblanadi. Ko‘chalarda odamlar gavjum, kimdir qarindosh-urug‘larinikiga yana kimdir ota-onasi oldiga borib, bayram munosabati bilan ularni qutlab, ko‘ngillarini ko‘taradilar. Ko‘cha-kuyda turli o‘yin-kulgi tomoshalar, turli xil xalq o‘yinlari o‘tkaziladi.
Islom dini marosimlari asosan 2 guruhga bo‘linadi: 1. Hursandchilik ko‘rinishidagi marosimlar. 2. G‘amginlik ko‘rinishidagi marosimlar. Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, kundalik turmushda urf-odat va marosim tushunchalari bir-biri bilan aynan bir tushunchalardek tuyulsada, lekin ular o‘rtasidagi hayotiy farqlar mavjud hamda asosiy tafovut shundaki urf-odat hayotiy voqealarga to‘laligicha singib ketgan. Masalan: salom berish — kun tartibiga aylangan. Marosim esa ma’lum bir voqea tarzida nishonlanadi. Masalan: To‘ylarda yor-yor aytish kabi. Marosim ham turli dinlarda har xil bo‘ladi. U tarixiy davrga xosdir. Islom dinidagi marosimlar orasida ham sof diniy, umuminsoniy va ibtidoiy marosimlar bor.
Islomning boshqa dinlardan keskin farqi unda g‘oyat ko‘p marosimlar mavjudligi bo‘lib, marosimlar asrlar bo‘yi xalq ommasi hayotiga keng singib ketgan, barchani o‘z ta’siriga olgan, jamotchilik fikri va ijtimoiy psixologiyaga ta’sir qilib, turmush tarzi belgilangan, tartib-intizomga solib, odamlarni jamoaviylik, hamkorlikka o‘rgatgan, ulardan ma’lum darajada vaqt va sarf-harajat sarflashni talab etgan, musulmonlarning dunyoqarashi va iymon-e’tiqodini kengaytirib borgan. Islom marosimlari muayyan demokratik harakterga ega, ya’ni ularga rioya qilishda jamiyatdagi turli tabaqa, sinf va guruh, boylaru kambag‘allar birdek huquqqa va majburiyatga egalar, ammo imkoniyatlar darajasi turlicha.
Marosimlar:
1. Islom marosimlari o‘z mazmuni va mohiyatiga ko‘ra umumbashariy, umummilliy, oilaviy turli mazhab va yo‘nalishga xos bo‘lib, yuqorida ta’kidlanganidek shodiyona yoki marsiyaviy harakterda bo‘ladi.
2. Islom marosimlari majburiy, majburiy bo‘lmagan guruhlarga ajraladi:
A) majburiy, ya’ni «farz» hisoblangan marosimlarga kalimai shahodat keltirish, namoz o‘qish, ro‘za tutish, zakot to‘lash, hajga borishlar kirib, ular rukn hisoblanadi va arkoni-din deyiladi;
B) majburiy bo‘lmagan marosimlar «sunnat» deyiladi, ularga nikoxdan o‘tish, o‘g‘il bolalarni sunnat qildirish (qo‘lini halollash), qurbonlik, mavlud, ashurlik, xatmi-qur’on, vafot etganlarni eslash uchun uch, yetti, yigirma, qirq, yil muddatlarini o‘tkazish va h.k.
Aqiqa (arabcha – “chaqaloq sochini olish, qurbonlik so‘yish” – musulmon oilalarida yangi tug‘ilgan bolaga ism qo‘yish va “qorin sochi” (bolaning tug‘ilgandagi sochi)ga qaychi urish bilan bog‘liq odat. Johiliyat davridagi turli ma’bud va ma’budalarga atab qilishadigan qurbonliklar o‘rniga musulmon oilasida farzand tug‘ilganligining shukronasi sifatida bir qo‘y so‘yib (imkoniyatga qarab) Aqiqa marosimini o‘tkazishlik joriy etilgan. So‘yiladigan qo‘y sog‘lom, nuqsonsiz bo‘lishi lozim. Islom an’anasida Aqiqani chaqaloq tug‘ilgan kunning 7 yoki 14 yoxud 21 kunlari o‘tkazish tavsiya etiladi.
Xulosa qilib aytganda, islom dini urf-odatlari, marosimlarida eng avvalo, mehr-oqibat, saxovat, rahm-shafqat, insof-diyonat, adolat g‘oyalari ustuvorlik qilgan. Odamlarni yaqinlarini e’zozlashga, o‘zgalarni hurmat qilishga da’vat etgan. Ayniqsa nochor, mehr-shafqatga muhtoj, g‘arib kimsalar xolidan xabar olish, ularni yakkalab qo‘ymaslikka, kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilingan. Xaromdan xazar qilishga chaqirilgan. Manmanlik, isrofgarchilik qattiq qoralangan. Ana shu xususiyatlarning o‘zi shaxsda ijobiy dunyoqarash va teran tafakkurning shakllanishi uchun eng oliy namunalardir.
Diniy madaniy an’analarning ahamiyati va ularning o‘zaro ta’siri. Xalqimizning ko‘p asrlik tarixi shundan guvohlik beradiki, bizda diniylik va dunyoviylik, milliylik va umuminsoniylik hamisha yonma-yon mavjud bo‘lgan, ular bir-birini to‘ldirgan, bir-birini boyitgan. Shu boisdan qadimiy va go‘zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lgan. Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar yetishib chiqqan, umumbashariy sivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, islom dini bilan bog‘liq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga ko‘tarilishida beqiyos hissa qo‘shganlar.Shunday ekan ulug‘ ajdodlarimiz merosida aks etgan diniy va dunyoviy bilimlar majmuiga teng ko‘z bilan qarashimiz, ularni uyg‘unlikda olib o‘zlashtirishimiz lozim, faqat shundagina ma’naviy mukammallikka erishish mumkin bo‘ladi. Bunday noyob va bebaho boylikni har tomonlama chuqur o‘rganish, uning ma’no-mazmunini anglab yetish barchamiz uchun ham qarz, ham farz bo‘lishi shart.
Diniy ta’limotlar, diniy g‘oya, diniy qadriyatlar hayot tarzi sifatida jahon xalqlari hayotida muhim o‘rin tutadi. Din va diniy e’tiqod insonning ruhiy ehtiyojlarini qondirsa, ilm, fan, kashfiyotlar odamlarning ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan.
O‘zbekiston qadimdan ko‘p konfessiyali hududlardan hisoblansa-da aksariyat xalq islom diniga e’tiqod qilib kelgan. Islom dini mintaqamiz xalqlari hayotiga kirib kelishi, uning qadriyatlari odamlar ongi va shuuri, turmush tarzidan o‘rin olishi bilan shaxs ma’naviyatining shakllanishi va yuksalishida yangi bosqichni boshlab berdi. Chunki “...din o‘z mazmun-mohiyati bilan azaldan jamiyat taraqqiyotiga, kishilarning tafakkuri va ma’naviyatiga, shu jamiyatga xolisona xizmat qiladigan ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashdek sharafli ishga xizmat qilib kelgan”1. Haqiqatdan ham, islom dinining xalqimiz ma’naviyati va madaniyati rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotganligini ko‘pchilik tadqiqotchilar e’tirof etmoqdalar.
Qur’oni karim va hadisi sharifga suyangan holda mahalliy xalqlarning o‘z milliy madaniyati, urf-odatlari va marosimlarini bajarishi (ayniqsa, hanafiya mazhabida) taqiqlanmagan. Bunda islomiy qadriyatlar bilan milliy qadriyatlar yonma-yon yashagan, hattoki, ayrim hollarda uyg‘unlashib ham ketgan.
Bizning hududimizda islomdan tashqari boshqa dinlar (zardushtiylik, buddaviylik, xristianlik) ham mavjud bo‘lib, ularning din sifatida faoliyat ko‘rsatishi, qadriyatlariga amal qilish islom tarqalgandan keyingi asrlarda ham davom etgan.
Allohdan tinchlik va salomatlik, ezgulik istab muomalaga kirishamiz. Shunday ekan, yurt osoyishtaligi, insonlararo ahillik va murosa, o‘zgani tushunishga intilish, Alloh yaratgan barcha mavjudotga samimiy mehr ko‘zi bilan yondoshuv - haqiqiy islomiy qadriyatlardandir va bugun biz mustaqillik ma’naviyatini, diniy madanitimizni ushbu asos nuqtalarga tayanib shakllantirmoqdamiz. Agar biz adolatli davlat, erkin jamiyatni qurmoqchi bo‘lsak, bu oliyjanob maqsadni amalga oshirish yo‘llari ming yillik diniy aqidalar bilan mushtarak ekanligini yodda tutishimiz lozim.
Bugun ham ulug‘ ajdodlarimiz yaratgan ulkan va qutlug‘ ma’naviy (ilmiy, badiiy, falsafiy) meros, ularning ibratli hayotlari, muqaddas dinimiz, qadriyatlarimizda ifodalangan buyuk va boqiy haqiqatlar, yuksak tuyg‘ularga tayanishimiz, ularning hayot yo‘llaridan ibrat olishimiz zarurdir.
Mustaqillik tufayli yurtimizda insoniyatni bag‘rikenglik, poklik va mehr-oqibatga chorlovchi muqaddas dinimizni asrab-avaylashga, yosh avlodni xalqimizning milliy va diniy qadriyatlariga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotir. Diniy ta’lim tizimini takomillashtirish, puxta bilimga ega, sog‘lom fikrli mutaxassislarni tayyorlash doimiy e’tiborda. Darhaqiqat, biz o‘z millatimizni mana shu muqaddas dindan ayro holda aslo tasavvur qila olmaymiz. Diniy qadriyatlar, islomiy tushunchalar hayotimizga shu qadar singib ketganki, ularsiz biz o‘zligimizni yo‘qotamiz.
Demokratik taraqqiyot va fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidan borayotgan O‘zbekistondagi ma’naviy hayotni tashkil etuvchi, uni birlashtirib turuvchi o‘zak o‘q – diniylik va dunyoviylik o‘rtasidagi muvozanatga asoslanadi. O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat qurish vazifasida din ma’naviyatning tarkibiy qismi sifatida barcha milliy qadriyatlar qatorida teng huquqli qadriyat hisoblanadi. Tarixga nazar tashlasak, sobiq Ittifoq davrida har qanday dinga va diniy e’tiqodga qarshi kurashilgan bo‘lsa, mustaqillik yillarida haqiqiy vijdon erkinligi o‘rnatilib, barcha diniy tashkilotlarga, dindorlar va ularning urf-odat, marosimlarni ado etishlariga keng imkoniyatlar yaratib berildi. Davlatimiz tomonidan diniy tashkilotlarga ko‘pgina shart-sharoitlar yaratilib, jamiyat taraqqiyotining turli jabhalarida ularning faol qatnashishlari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu borada hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosat bugungi kunda har tomonlama o‘zini oqlamoqda.
Aytish mumkinki: birinchidan, Markaziy Osiyoda islom dini e’tiqod sifatida kirib kelgan dastlabki davrlardan boshlab tashkil etilgan maktab, madrasa va diniy ta’lim muasasalari diniy maqsadda tuzilgan bo‘lishiga qaramay, jamiyat ma’naviy madaniyatining tarkibiy qismi sifatida dunyoviy bilimlarning rivojlanishiga ham yo‘l ochgan. Binobarin, O‘rta asrlarda shakllanib, ijod etgan savodli kishi, olim, shoir, ma’rifatparvar mutafakkirlarning hayoti va faoliyatida islomning katta ijobiy roli bo‘lgan; ikkinchidan, islom O‘rta Osiyo xalqlari turmush tarziga, shaxs ma’naviyati va madaniyatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.
Har qanday diniy e’tiqod kabi islom ham barcha davrlarda, shu jumladan, dahriylik keng targ‘ib etilgan sho‘ro tuzumi zamonida ham, ijtimoiy munosabatlar va ma’naviy-ruhiy hayotga o‘z ta’sirini o‘tkazib turgan muhim omillardan biri bo‘lib qolaverdi. Ijtimoiy munosabatlar va ma’naviy-ruhiy hayotning uyg‘unligi esa, har qanday jamiyatning ichki siyosiy barqarorligini belgilovchi asosiy omillardan ekani sir emas. Shu nuqtai nazardan qaraganda, din va siyosat o‘rtasidagi muayyan bog‘liqlikni inkor etib bo‘lmaydi. Buning sababi esa islomning xalqimiz ongu shuuri va mentalitetiga shu qadar singib ketganidadir. Uni hech qanday kuch, hech qanday tashviqot bilan chiqarib bo‘lmaydi.
Bundan kelib chiqadigan mantiqiy xulosa shuki, islom dini va musulmonchilik degan tushuncha bizning mintaqamiz uchun faqat o‘tmish yoki bugunning tajribasigina bo‘lib qolmasdan, u kelajak voqeligi hamdir. Islomning jamiyat hayotidagi roli tom ma’nodagi hurfikrlilik qaror topayotgan mustaqillik davrida o‘zini yanada yaqqolroq namoyon etayotgani ham shunday xulosa chiqarishga asos bo‘ladi.
Hoh dunyoviy, hoh diniy ilm yo‘lida zahmat chekkanlar esa jisman yo‘q bo‘lsalar ham ma’nan tirikdirlar. Bunga Imom Buxoriy va Muso Xorazmiy, Imom Moturidiy va Abu Nasr Forobiy, Imom Marg‘inoniy va Ibn Sino, Imom Termiziy va Beruniy, Imom Zamahshariy va Ahmad Farg‘oniy, Hoja Ahror Valiy va Ulug‘bek va boshqalar yaqqol misol bo‘ladilar. Bu buyuk zotlar yaratgan asarlar insonlarning hayot yo‘lini asrlar osha nurafshon etib kelmoqda. Ular meros qilib qoldirgan asarlarni o‘qib-o‘rganib kishilar ma’nan oziqlanib har on va har lahzada ularni eslab turadilar. Ularga bo‘lgan muhabbat insonlar qalbida abadiy yashab kelmoqda


ADABIYOTLAR:
1.A Ochildiyev. Dinshunoslik asoslari T.2013.
2.A.Mo`minov . Dinshunoslik. Toshkent . 2004
3.X.Yo`ldoshov. Dinshunoslik.(ma`ruza matnlari) 2000
4.Xusanov. S. Dinshunoslik. (o`quv- uslubiy qo`llanma.) Toshkent 2005
5.S.Jabborov. Jahon dinlari tarixi. 2002


1 Uvatov U. Iymon nuri. – T.: ―Yozuvchi‖, 1996. 4-bet



Download 29.36 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling