3-seminar mashg'ulot. Mavzu: Sakkokiy g'azal va qasidalari badiiyati. Savol va javoblar


Download 30 Kb.
Sana29.11.2020
Hajmi30 Kb.
#154535
Bog'liq
Sakkokiy


3-seminar mashg'ulot.

Mavzu: Sakkokiy g'azal va qasidalari badiiyati.

Savol va javoblar.

1. Sakkokiy hayoti va ijodining manbalarini ayting

Javob.Sakkokiy hayoti va faoliyati haqida juda oz ma'lumot saqlanib qolgan. Bu shoir haqida Alisher Navoiyning "Majolisun nafois", "Xutbai davovin" asarida va Yaqiniyning "O`q va yoy" munozarasi asarida Sakkokiy turk (oʻzbek) shoirlarining mujtahili (gʻayratlisi) deb taʼriflanishi, uning oʻz zamonasining zabardast shoirlaridan biri ekanligini bildirgan ayrim ma'lumotlar saqlanadi.

2. Shoir hayoti va ijodining o‘rganilish tarixi haqida ma’lmot bering.

Javob.Sakkokiy movarounnahrlik boʻlib, u Temuriylar saltanatining poytaxti Samarqandda umrguzaronlik qilib ijod etgan.Sakkokiy – shoirning taxallusi boʻlib, uning asl nomi maʼlum emas. “Sakkok” (pichoqchi) soʻzidan, shoir hunarmand oilasida tugʻilgan degan fikrni taxmin qilish mumkin. Sakkokiy XIV asrning ikkinchi yarmida yoki XIV asrning oxirgi choragida tugʻilganini esa hijriy 810 (1407–08) yilda Amir Temurning nabirasi Xalil Sultonga bagʻishlagan qasidasidagi:

Tarixqa sakkiz yuz dogʻi oʻn erdiyu qadr axshomi,

Bir oy tugʻuddi dunyoda kim mamalakatda xon erur.

– misrasidan taxminan bilib olish mumkin. Chunki shoir bu qasidasini ancha ijodiy tajribaga ega boʻlgandan keyin, taxminan 30 yoshlarida yozgan boʻlishi kerak.

Sakkokiy ijodining gullagan davri Ulugʻbek hukmronlik qilgan davrlarga (1409–1449) toʻgʻri keladi. Tarixdan maʼlumki, buyuk munajjim va yetuk davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek maʼrifatparvar podshoh boʻlish bilan birga ilm-fan, sanʼat va adabiyot ahlining homiysi ham edi. Ana shu fikrdan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Sakkokiy Ulugʻbekdan panoh topgan allomalar sirasiga kirib, uning ijodiy faoliyati odil podshoh bilan bogʻliqdir.Sakkokiy XV asr oʻrtalarida vafot etganligini Navoiyning Samarqandda boʻlgan yillarida (1465–1469) Sakkokiy muxlislari bilan uchrashgani va suhbatlashgani bilan izohlash mumkin. Nimagaki, Sakkokiy bu davrda hayot boʻlmagan, agar hayot boʻlganida Navoiy uning oʻzi bilan uchrashgan boʻlardi.

3. Shoir adabiy merosi.

Javob Sakkokiyning bizgcha 11 ta qasidalari va g'azallari yaratgan . Shoirning g'azal va qasidalari keyinchalik devon qilib to'plangan bo'lsada bizgacha to'liq yetib kelmagan.Sakkokiy devoni Londonda, Britaniya muzeyida va Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Asarlarida inson muhabbati, orzu-tilaklarini, dard-alamlarini, tabiat goʻzalliklarini tasvirlagan. Gʻazallarida maʼno va shakl birligini saqlab, soʻz oʻyinlari va qochirimlardan unumli foydalangan. Uning lirikasida jaholat va nodonlikka qarshi adolatparvarlik gʻoyalari ilgari surilgan. Bunday gʻoyalar Sakkokiyning qasidalarida ochiqroq namoyon boʻlgan.

Sakkokiy lirikasining asosiy tematikasi koʻpgina shoirlarnikidek asosan sevgi muhabbatni sharaflashdan iborat. U insonni insonga boʻlgan muhabbatini kuylarkan, sevgini hayotga, uning zavq-shavqi, tabiat manzarasi va insoniy ezgu xislatlarga boʻlgan mehr-muhabbat bilan uzviy holatda tarannum etadi. U oʻz sheʼrlarining maʼno va tuzilishiga katta eʼtibor bergan. Sakkokiy oʻz gʻazallarida zamondoshlari kabi ajoyib soʻz oʻyinlaridan ustalik bilan foydalanadi. Tasvirlanayotgan maʼshuqaning gʻamzasini taʼriflar ekan:

Qochonkim gʻamzasi koʻzlab oʻqin kirpiki kezlosa,

Qora qoshlaridan paydo boʻlur ushshoqning yosi,

– deydi.Sakkokiyning adabiy faoliyati zamondoshlari Lutfiy, Gadoiy, Atoiy kabi Navoiy ijodiga ham katta taʼsir koʻrsatgan; oʻzbek dunyoviy lirikasini ham mazmun, ham shakl jihatdan boyitgan. Sakkokiy gʻazallarining oʻziga xosligi samimiy va ohangdorligida. Shoir gʻazallarining asosiy qahramoni oshiq, magʻshuqa va raqib timsollari.



4. Sakkokiy “Devon”idagi she’riy janrlar haqida gapiring.

Javob. Sakkokiy devonining asosiy janri g`azallardir.Sakkokiy gʻazallarida keltirilgan koʻpgina badiiy tasvirlar va oʻxshatmalarni Alisher Navoiy, Bobur va boshqa shoirlarning gʻazallarida ham uchratish mumkin. Shoir g`azallarida dunyoviy-samimiy sevgini kuylaydi, ulug`laydi. Uning g`azallarida ham uch obraz: oshiq yor va raqib obrazlari talqin qilinadi. Oshiq ishqda samimiydir. Orzuli-umidlidir. Shoir ana shu umidlar, orzular yo`lidagi oshiqning kechinmalarini tasvirlaydi. Oshiq avvalda ishq yo`li dushvorliklarini his etmagan, bu yo`lga tushgach esa uning jabru-jafolaridan aziyat chekkan bir «jon»dir.

Ishq ishin Sakkokiy avval bilmayin oson ko`rub,

Oxiri o`z jonining ishini dushvor ayladi.

Lekin oshiq bu qiyinchilikdan chekinmaydi, balki, Farhod

ishqida "ko`hkan" bo`lsa, u "jonkan" bo`lishni orzu qiladi. Shuning uchun ham u yoridin nuqsonlardan soqit bo`lib vafo taraf bo`lishini istaydi.

Bilursenkim kechar dunyoi foniy,

Qulungga qilmagil javru jafoni.

Base ko`p va'dalar qildingu bording,

Kel emdi va'daga qilgil vafoni.

Yor odatdagidek go`zal, biroq purjafodir.

Turrang ko`ngul shahrinda ko`b oshibu g`avg`o qunqorib,

Jon mulkini g`orat qilur har lahza zulfing lashkari.

Bosqinchi lashkar mamlakat mulkini talasa, yorning "zulf lashkari" jon mulkini talaydi, bosqinchi lashkarlar mamlakat shahrida g`avg`o chiqarsa, turra (kokili) ko`ngul shahrida g`avg`o chiqaradi. Raqib oshiq va yor o`rtasiga rahna soladi, oshiqning nazdida u yorni vafo yo`lidan chalg`itadi. Go`yoki raqib jarangli soz changning ovozi orasiga tushib qolgan karnayga o`xshaydi.

Tangriliq bulg`oy raqibni majlisingdin qoblasang,

Xay erur xud odamiy sak birla bo`lsa oshno,

Sen bukundin so`ng hukm qil, o`z maqomin saqlasun,

Ne qilar changu chig`ona orasida karranoy.

Chang bilan karnayni qo`shib chiroyli kuy chiqarib bo`lmaganidek, vafoli bo`lmoq uchun o`rtaga (itni) raqibni qo`yib yovlashib bo`lmaydi. Sakkokiy o`ziga xos chiroyli usullarni yaratadi.



5. Sakkokiy – qasidanavis

Javob. Sakkokiy oʻzbek adabiyotida qasida janriga asos solgan shoirlardan. Sakkokiy 11 qasida (5 tasi Ulugʻbekka, Xalil Sulton, Xoja Muhammad Porso, Arslon Xoja Tarxonlar va boshqalar) yozgan va zamonasining ulugʻ shaxslarini madh etgan. Qasidalaridan birida Ulugʻbekni xalqning mehribon hukmdori, maʼrifatparvar va buyuk olim sifatida ulugʻlaydi. Shunday maʼrifatparvar podshoh bilan zamondosh boʻlganidan faxrlanadi va: Falak yillar kerak sayr etsayu keltirsa ilkiga, Meningdek shoiri turku seningdek shohi dononi, degan misralarini yozgan.

Qasidalari:

1.Ulug`bekka-5ta.

2.Xalil Sultonga-1ta.

3.Xoja Muhammad Porsoga-1ta.

4.Asrlon Xoja Tarxonga-4ta qasida bitadi.



Bular ichida Ulug`bekka atalgan qasidasi alohida o`rin tutadi.Sakkokiyning qasidachilik borasidagi mahoratini nazarda tutadigan boʻlsak, shak-shubhasiz, uni oʻzbek qasidachiligining asoschisi desak yanglishmagan boʻlamiz. U ulugʻ shoir Lutfiy bilan bellasha oladigan shoir darajasida boʻlgan. Bu haqda Alisher Navoiy “Xutbai davovin” asarida shunday jumlalarni keltiradi: “Uygʻur iborati fusaxosindin va turkiy alfozining bulagʻosindin Mavlono Sakkokiy ham Lutfiylarkim, birining shirin abyotining ishtihori Turkistonda bagʻoyat va birining latif gʻazaliyotining intishori Iroq va Xurosonda benihoyatdurur va devonlari mavjud boʻlgay”. Bundan koʻrinadiki, Sakkokiy Turkiston, yaʼni Movarounnahrda oʻz ijodi bilan juda katta obroʻga ega boʻlganki, uning goʻzal qasidalari, sevgini vasf etuvchi betakror gʻazallari Samarqand ilm ahlining koʻnglidan mustahkam joy olgan.
Download 30 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling