8-seminar E. Vohidovning hajviy lirikasiga xos belgilarini ko‘rsating


Download 20.43 Kb.
Sana31.05.2020
Hajmi20.43 Kb.
#112580
Bog'liq
304 Shokir 8


8-seminar

1. E. Vohidovning hajviy lirikasiga xos belgilarini ko‘rsating.

Vohidov ijodida hajviy yo‘nalish alohida o‘rin egallaydi. “Donish-qishloq latifalari” Matmus haqida bo‘lib, shoir unda laganbardorlik, sotqinlik, xasislik, tamagirlikni mazax qiladi. She’rlari hayot kuzatuvlari, chuqur ma’nosi, o‘ziga xos ifoda vositalari bilan qiziqarli.

“Tuyaqush” masalida E.Vohidov jonzodning ikkilamchi nomlanishidan maromida foydalangan, ya’ni - tuya hamda qush. Shunday qilib, hajmi katta bo‘lmagan, lekin ma’nosiz, munofiq va qo‘rqoq insonlar haqidagi juda o‘tkir she’r yaraladi.Erkin Vohidovning muhabbatga yo‘g‘rilgan she’rlari ham e’tiborga loyiq. Shoirni g‘azal janrining chinakam davomchisi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. “Bulbul tuni bilan noladi”, “G‘uncha” kabi she’rlarida an’anaviy g‘azal belgilari - ixtirosli fojiaviy sevgini jonlantiruvchi bulbul va atirgul, Farhod va Majnun timsollari mavjud.

An’analarga ehtiyotkorona rioya qilgan holda, muallif o‘zining mustaqil sevgi tushunchasini yetkazib beradi. “Orzu chashmasi” she’rida u chashma oldida o‘tirgan qiz timsolini gavdalantiradi. Real lavhalardan chekingan holda, shoir lirik sevgi tarixini, to‘g‘rirog‘i, sevgi umidini yaratadi. She’rdagi lirik qahramon sevgisi yer tubidan chiquvchi musaffo chashma kabi. Porloq tuyg‘u umididagi she’r qahramoni mag‘rur va soddadir.

“O‘zbegim” qasidasida shoir xalqning eng qadrli yutug‘i — Vatan erkinligi va mustaqilligini tarannum etadi. Erkin Vohidov “o‘rdani vahshiyona toptashdi va yer jarohatlari sezildi” misralari orqadi ona diyorining tarixiy o‘tmishiga yuzlanadi. Shoir azaliy erkinlik uchun intilish va diyor ravnaqini “Alpomish”, “Toro‘g‘li” kabi dostonlarida ifodalagan. Vatanni afsonaviy qahramoni bo‘lmish baxodirlarning qanotli tulpori - kuch, qudrat va erkinlik timsoli bilan uzviy va aniq bog‘lay olgan.

Shoir Robert Rojdestvenskiy uning ijodi bilan zavqlanib, shunday yozgan:

Menga uning “Nido” dostoni juda manzur bo‘ldi, uning bengal shoiri Nazrulla Islom haqidagi ko‘p qirrali va jarangdor “Ruhlar isyoni” dostoni yoqdi. Bu yerda mualliflik ovozi barcha imkoniyat va qirralarni namoyon etgan - shivirlashdan qichqiriqqacha.

“Fikrimcha, bular — juda yaxshi va aniq she’rlar. Shuningdek, ularda dono xotirjamlik va kenglik mavjud. Yana, og‘riq bor. Haqiqiy inson og‘rig‘i...” - deb yozadi rus shoiri Robert Rojdestvenskiy o‘zbek shoiri Erkin Vohidov haqida.



2. Egamanlik davri o‘zbek dostonchiligiga xos belgilarni ko‘rsating.

Xalq baxshilari yurtimizning barcha hududlaridan yetishib chiqqan. Keyingi avlod baxshilari bergan ogʻzaki maʼlumotlarga qaraganda, XIX asr va XX asr boshlari dostonchilikning eng gullagan, ijro usullari gʻoyatda takomiliga yetgan davri hisoblanadi. Bu davrda baxshilar repertuarida 200 ga yaqin xalq dostoni boʻlib, ularni mashhur soʻz sanʼati ustalari kuylab kelgan. Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Poʻlkan shoir, Islom shoir, Saidmurod Panoh oʻgʻli, Abdulla shoir, Umir shoir, Bola baxshi, Nurmon Abduvoy oʻgʻli, Xolyor Abdukarim oʻgʻli, Qodir baxshi, Haydar Boychayev, Razzoq Qozoq oʻgʻli, Zohir Qoʻchqor oʻgʻli kabi yetakchi sanʼatkorlar oʻziga zamondosh boshqa baxshilar bilan birga bu epik anʼanani qabul qilib olib, uni yanada rivojlantirdi, barkamol va goʻzal holatda bizgacha olib keldi. Ular davrning muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarini tasvirlovchi 20 dan ortiq yangi doston yaratgan. Folklor zaminida mustahkam turgan bu sanʼatkorlar yangi-yangi forma va imkoniyatlar izlab topib, anʼanaviy usul va tasviriy vositalarni yangi tematika va gʻoyalarga boʻysundirgan.

Dostonchilik anʼanalari bugungi kunda ham ayrim oʻzgarishlar bilan izchil davom etmoqda. Aka-uka Qora va Chori Umirovlar, Xushboq Mardonaqulov, Qahhor Rahimov, Shoberdi Boltayev, Abdunazar Poyonov, Qalandar Normatov, Norbek Abdullayev kabi baxshilar va ularning koʻplab shogirdlarining ijodkorlik va ijrochilik faoliyati tufayli baxshichilik anʼanalari XX asrdan XXI asrga olib oʻtildi, terma ijodkorligi rivojlandi. Bu esa yurtimizning turli hududlarida folklor ansambllari tashkil topishi, yoshlar orasida dostonchilik sirlarini oʻrganishga ishtiyoq kuchayishiga olib kelmoqda.

Yuqorida aytilganidek, dostonchilik – yuksak professional sanʼat. Shuning uchun ham yetakchi xalq shoirlari boʻlajak baxshi – shogird tayyorlashga alohida eʼtibor berganlar. Ogʻzaki yaratilib, ogʻzaki kuylab kelingan dostonlarni avloddan avlodga faqat shu yoʻl bilangina yetkazish mumkin edi. Yetakchi baxshilar shogirdlariga 2-3 yil davomida dostonchilik yoʻllarini oʻrgatgan. Barcha oʻqitish-oʻrgatish ishlari ustoz kuylashini tinglash orqali amalga oshirilgan. Shogird ustoz repertuarining muayyan qismini oʻrganib, mustaqil ijrochi darajasiga koʻtarilgach, unga oq yoʻl tilangan.

Ilgari shunday edi. Hozir esa dostonchilik yoʻllarini oʻrganish va oʻrgatishda yangi imkoniyatlar ochildi, xalq dostonlarining asosiy qismi nashr etildi, radio va televideniye orqali xalq ijodi namunalari asosida koʻrsatuv va eshittirishlar tashkil etilmoqda

3. Sh. Rahmon she‘riyatida ijtimoiy ohanglar ustuvorligi sababi nimada?

Vaqt oʻtgan sari Shavkat Rahmon siymosining adabiyot tarixida haybatli togʻdek namoyon boʻla borishining asosiy sabablaridan biri uning estetik idealiga daxldor. Estetik ideal – ijodkor butunligi, estetik ideal – ijodkor maʼnaviy-ruhiy, amaliy-estetik hayotining badiiy ifodasi. Yuksak estetik ideal – shoir hayotining davomi. Agar shu nazariy tamoyil mayda maishiylik yo oʻtkinchi mafkuraviylik bilan cheklanib qolsa yoki turli gʻiybatu gʻurbatlar girdobida qolib ketsa, ijodkorning “men”i, shaxs sifatidagi qiyofasi, oʻzligi, martabasi, badiiy olami koʻzga koʻrinmay qoladi. Bunday qalamkash hech kimga yoki “kimdir”ga aylanadi; tabiiyki, bu bechora toifa adabiyot tarixida izsiz yoʻqoladi.

Shavkat Rahmon sheʼriyatida his-tuygʻu, ruhiyat, fikr, ramz shoirning ulkan umuminsoniy dardi vositasida, ulkan bir estetik ideal doirasida original adabiy voqelikka aylanadi.

Qurʼoni Karimning “Shuaro” surasida shoirlarning oʻzlari qilmaydigan narsalarini gapiradigan, soʻz vodiylarida adashib yuradigan imonsiz bir toifasi haqida soʻz boradi. “Illo” istisnosidan keyin esa soʻzlari amallariga muvofiq keladigan shoirlarning ham borligi, ularning haq yoʻldan ozmagani toʻgʻrisida fikr keladi. Haqiqat yoʻlida, haq soʻzida sobitlik, soʻzi, qalami bilan adolat, haqiqat uchun kurashish, insonlarni ezgulikka chorlash Shavkat Rahmon sheʼrlari tabiatiga xos xususiyat.

Shu bois bu shoirning lirik qahramoni oʻziga ravo koʻrgan narsasini doʻstiga ilinadi, oʻz baxtiyorligini ovoza qilishga shoshilmaydi, avval boshqalarning baxtli kunlarini koʻrishni xohlaydi. Lirik qahramoni tuhmatga uchragan doʻstiga qalqon boʻlishni oʻziga farz deb biladi, oʻlimning koʻziga tik qaraydi. “Doʻstim-la yonma-yon turib oʻlardim, ehtimol, oʻlardim undan oldinroq…”, degan gapiga sizni soʻzsiz ishontiradi.

“Avtobusdagi oʻylar” sheʼrida “turkona hovlilar”ning odamlari holiga nazar tashlab, eshiklari oldida teraklaridan koʻra majnuntollarning koʻpligiga eʼtibor qaratadi. Va shoir shu ikki daraxt savlatiga ham poetik maʼno yuklaydi. Siniq iljaygan, koʻngli kemtik odamlarni “sabr daraxti”ga, saksovulga, “erga botib ketgan bahodirlar”ga oʻxshatadi. Shu tarzda u odamlar ichidan “butun bir odamni” izlaydi, ammo qarashlari kalta “odamning zarralari”ga duch keladi. “Elning yuki” – muhim gap. Uni kim koʻtarajak? Shoir – qalbi uygʻoq odam. Shu bois u: “birgina Turkiston degan soʻz uchun shoir yuragimni yulib berardim”, deydi. Koʻngil koʻzi ochiq odamlar elning dardi bilan bezovta boʻladi. Shoirning koʻz oldida namoyon boʻlgan hol esa ayanchli:

Bolalar, kampirlar,

chollar mudraydi,

mehnatkash qoʻllari yoziqligicha,

bu dono yigitlar,

bu dono qizlar

uxlaydi koʻzlari ochiqligicha”.

Shavkat Rahmon odamlarni “koʻngilning koʻzi-la” olamni koʻrishga, “jaholat makridan” aldanib qolmaslikka chorlaydi. Bu shoir rost soʻzlaydi. Shuning uchun ravon yozadi. Uning lirik qahramoni “ruh hurligi haqida” oʻylaydi va: “Dilimning dilidan chiqqan” soʻzini tiliga koʻchirganini eʼtirof etadi.



Koʻp kulish, koʻp gapirish dilni oʻldiradi. Kamgaplik, shodon kunlarda miyigʻida kulib, ogʻriqlarni eslab qoʻyish bu shoirga xos. Uning tashqi koʻrinishi shunday. Ichkari esa “isyonlarga, gʻazab, nafratga, ogʻriqlarga toʻla…”. Bu sheʼrlarni toʻy yoki bayramlarda qoʻshiq qilib aytib boʻlmaydi. Negaki bir xonadonda “chaqmoq koʻzli bolalar” oʻrnida qullar oʻsib ulgʻaysa, daholar oʻrnida “muttaham, oʻgʻrilar” unsa, goʻzal tuygʻular chirigan, orzu-xayollar irigan boʻlsa – bunday muhitni surur tark etadi. Biroq shoirning lirik qahramoni ham qoʻshiq aytishi mumkin.
Download 20.43 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling