Abdulla qahhor haqida xotiralar


Download 191.1 Kb.
bet1/3
Sana13.01.2023
Hajmi191.1 Kb.
#1091233
  1   2   3
Bog'liq
ABDULLA QAHHOR HAQIDA XOTIRALAR


ABDULLA QAHHOR HAQIDA XOTIRALAR
Umarali NORMATOV

ADABIY TANQID JONKUYARI
Ko‘plar qatori esimni tanib, xat-savod chiqarib dunyodagi yetti xazinaning biri sanalmish so‘z san’ati namunalari bilan tanisha boshlagan paytdan boshlaboq, bu hayratomuz mo‘’jizalarning ijodkorlari, ular yaratgan qahramonlar aslida qanaqa odamlar ekan, deya o‘y surib, yozuvchi-adiblarning kitoblardagi suratlariga termilib uzoq xayollarga tolardim… Shu orada ilk bor ham tirik yozuvchini, ham tirik hayot qahramonini ko‘rish sharafiga muyassar bo‘ldim.
Ikkinchi jahon urushi yillari edi. Qo‘shni qishloqdan chiqqan, o‘sha kezlari nomi tillarda doston bo‘lib ketgan urush qahramoni Ahmadjon Shukurov jangdan qisqa muddatli otpuskaga kelib bir guruh hamrohlari bilan qishlog‘imizga tashrif buyurdi. Avval qishloq guzarida Qahramon sharafiga katta uchrashuv tantanasi – miting o‘tkazildi, so‘ng biznikida ziyofat berildi, o‘sha davrga xos kamtarona dasturxon yozildi. O‘spirin mezbon sifatida xizmat yuzasidan mehmonxonaga kirib-chiqib turardim, fursat kelishi bilanoq poygakroqda dadam yoniga cho‘kka tushib, uy to‘rida o‘tirgan tirik qahramon – ko‘ksida Oltin Yulduz medali yaraqlab turgan Ahmadjon aka-yu, tirik yozuvchi – charm kurtka kiygan miqtidan kelgan, istarasi issiqqina odam – Abdulla Qahhorga hayrat va hayajon bilan tikilardim. Ahmadjon aka jangdagi sarguzashtlari – goh dahshatli hodisalar, goh g‘aroyib, bir oz kulgili voqealar haqida berilib gapirar, goh qishloqdagi tanish-bilishlari, jangga ketganlar, ularning bevalari, bola-chaqalari hol-ahvolini surishtirar, goho bir dam davr tashvishlaridan andak uzoq ketib, urushdan burungi, xususan, Katta Farg‘ona kanali qurilishi davri xotiralarini esga olar, bolalikda Rapqonga kelganda o‘zi guvoh bo‘lgan qiziq-qiziq hangomalardan so‘zlar, goho suhbatga boshqa gapga chechan hamqishloqlarimiz qo‘shilib davrada askiya, kulgi-qiyqiriq yangrardi. Xullas, Ahmadjon aka tun yarmidan oqqunga qadar davrani to‘ldirib, bir uy odamni o‘z og‘ziga qaratib o‘tirdi. Yozuvchi Abdulla Qahhor esa o‘ziga yarashadigan bir sipolik bilan suhbatga qo‘shilmay, ammo ichdan yayrab-yozilib, davradagilarning har bir gap, xatti-harakatiga zimdan razm solib, xayolga tolib o‘tirardi; davrada askiya, kulgi-qiyqiriq yangragan paytlarda esa xiyol jilmayib qo‘yardi…
Mehmonlarni kuzatgach, ertasi dadam: “Yozuvchi-shoir gapga chechan odam bo‘ladi, deb yurardim. Bolaligimda qishlog‘imizga shoir Muqimiy kelgan edi, guzardagi choyxonada qiziq hangomalar aytib, she’r o‘qib tonggacha hammani o‘ziga rom etgan edi… Bu Abdulla Qahhor bo‘lsa, shuncha o‘tirib bir og‘iz gapirmasa-ya!” – deb qoldilar. Oradan ko‘p o‘tmay Abdulla Qahhorning “Oltin Yulduz” povesti chiqdi, dadam uni o‘qib “Buni qarang-a, nega o‘shanda Abdulla Qahhor sira gapga aralashmadi desam, nuqul gap terib o‘tirgan ekan-da… Hamma yozganlari shundoqqina odamlarning og‘zidan olingandek! Ahmadjon ham quyib qo‘ygandek o‘zginasi… Qoyil!” – dedilar.
Darvoqe, dadam inqilobdan burun madrasada ta’lim olgan, arab, fors tillarini yaxshigina bilar, yangicha imlolarni mustaqil o‘rgangan, ko‘p kitob mutolaa qiladigan odam edilar; shunga ko‘ra qishloq ahli uni “Qori aka” deb atashardi; qishloqda sho‘ro hokimiyatini barpo etish, kolxoz tuzish ishlarida faol qatnashgan, hukumat orden va medallari bilan mukofotlangan, o‘sha kezlari qishloqdagi “Sovet” kolxoziga raislik qilar edilar… Ahmadjon aka otpuskaga kelganida uyiga borib, urush davri jabrini chekaverib paymonasi to‘lib ketgan qishloq ahlini jang qahramoni bilan tanishtirish, odamlarning ruhini ko‘tarish niyatida uni va u haqida asar yozish payida unga hamroh bo‘lib yurgan Abdulla Qahhorni qishloqqa taklif etib kelgan ekanlar…
O‘sha-o‘sha bir bor uyimizda mehmon bo‘lgan bu yozuvchi bir umr uyimizning eng aziz kishisiga, o‘z odamiga aylandi. O‘shanda davrada so‘zi bilan emas, keyinroq yozgan asari, asardagi so‘zlari, san’ati bilan faqat dadamnigina emas, ko‘plarni qoyil qoldirgan Abdulla Qahhorning har bir yangi asarini intizorlik bilan kutib, ishtiyoq bilan o‘qib, u haqida jurnal va gazetalarda nimaiki chiqsa, barchasini kuzatib boradigan bo‘ldim; “Qo‘shchinor” tevaragidagi bahslardan, ularda aytilgan o‘rinsiz achchiq gaplardan o‘kindim, “Shohi so‘zana” dovrug‘idan behad quvondim, Qo‘qon teatrida sahnaga qo‘yilganida, yayov borib tomosha qildim. Konibodom pedbilim yurtida o‘qib yurgan kezlarim havaskor talabalar bu asarni sahnalashtirganlarida, Odilov rolini ijro etganman, komediya shahar klubida bir necha bor namoyish etilib, o‘zbek-tojik tomoshabinlarining olqishiga sazovor bo‘lgan edi…
Oradan yillar o‘tdi, Toshkentga kelib universitetda, filologiya fakultetida o‘qish, so‘ngra aspiranturada ta’lim olish nasib etdi. Universitetda, Yozuvchilar soyuzida Abdulla Qahhor ishtirok etgan uchrashuvlar, har xil adabiy anjumanlarga kanda qilmay borar, bu alloma adibning to‘la mag‘izli, nihoyatda zarur va nishonga bexato uradigan, goho omburdek uzib oladigan, davrani to‘lqinlantirib yuboradigan nutqlarini maroq bilan tinglar edim. Ablulla Qahhorning har bir chiqishi shahar adabiy jamoatchiligi og‘ziga tushib ketar, yaxshi ma’nodagi shov-shuvlarga sabab bo‘lardi… Bu odamga butun vujudim bilan talpinsam, boshlagan ilmiy ishim – hikoyachilik masalalari bo‘yicha Qahhordek hikoya ustasidan ba’zi narsalarni so‘rab olish, u bilan maslahatlashishni ko‘ngilga tugib yursam ham, uning yaqiniga borishga, hatto unga xat yozib vaqtini olishga jur’at etolmas edim.
Matbuotda ba’zi tanqidiy mashqlarim, hikoya haqidagi maqolalarim chiqib, o‘zimcha quvonib, o‘zgalar, xususan, yozuvchilar bu haqida nima der ekan, deya hadiksirab yurgan paytlarim – 1961 yili kutilmaganda Abdulla Qahhordan maktub kelib qolsa bormi… Xat qisqa va lo‘nda edi, “Sharq yulduzi”da chiqqan hikoya haqidagi bir maqolam unga ma’qul bo‘lgani aytilgan edi… O‘shanda qanday holatga tushganligimni ta’rif-tavsif etishga qalamim ojizlik qiladi, buning uchun faqat yozuvchi bo‘lish kerak… Shundan keyin dadilroq bo‘libmi yoki bir oz hovliqibmi, ketma-ket maqolalarni qalashtirib tashlay boshladim; tanqid tig‘ini xiyla keskinlashtirib, ko‘proq, beozor yoshlarga qaratar edim. Shu orada Yozuvchilar soyuzida qandaydir adabiy yig‘in bo‘ldi-yu, Abdulla Qahhor so‘z oldi; jumladan, yoshlar ijodi va adabiy tanqidchilik xususida to‘xtalib, kutilmaganda: “Mening yosh tanqidchi Umarali Normatovdan umidim katta edi, men uni halol, obyektiv munaqqid deb bilardim… “Madaniyat”dagi keyingi maqolasini o‘qib qattiq ranjidim. Umarali xuddi sirk pahlavonlari kabi yeng shimarib maydonga tushibdi-da, ikkita ulug‘ga ta’zim qilib, so‘ng kuchi yetadigan yoshlarni rosa do‘pposlabdi… “ – desa bo‘ladimi…
Bu so‘zlarni eshitib a’zoyi-badanimdan sovuq ter chiqib ketdi. Abdulla Qahhor haq edi, o‘sha maqolamda ikkita mansabdor yozuvchining o‘rtacharoq asarlari ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan, beozor yoshlarning hikoyalari esa xiyla qattiq tanqid qilingan edi. Bu dakki men uchun unutilmas saboq bo‘ldi.
Sal fursat o‘tmay Abdulla Qahhor meni ustozim Ozod Sharafiddinov orqali uyiga – Do‘rmondagi bog‘iga taklif etdilar. Men u kishiga ro‘para kelishim bilanoq Ozod akaga qarab: “Umarali shumi, o‘zim ham shundoq bo‘lsa kerak, deb yurardim”, – dedilar, so‘ng bizni ayvonga taklif qildilar. Stol tevaragida uzoq suhbat boshlandi, Ozod aka o‘ziga xos odamshavandalik, chechanlik, bir oz erkalik bilan gapni gapga ulab turdi… Bildimki, Abdulla Qahhor davrada men ilk bor uyimizda ko‘rganimdagidek o‘ta “indamas” odam emas ekan; ammo gurungda uzundan-uzoq so‘zlash, hikoya qilishni emas, suhbatdoshlarini gapga solishni, ko‘proq ularni tinglashni xush ko‘rar ekan. O‘ziga gap kelganda lo‘nda, jonli, obrazli qilib gapirar, gaplarining so‘zlari hamisha to‘la mag‘izli, hikmatlarga boy, lekin didaktikadan, pand-nasihatlardan xoli va, albatta, yumor, piching, kinoya-kesatiqlar bilan yo‘g‘rilib ketar; gapirganda hech qachon ovozini baland ko‘tarmas, ehtirosga berilmas, eng keskin, jiddiy hodisalar haqida ham osoyishta so‘zlar, biroq ko‘nglidagi ehtiros, his-hayajonlarni suhbatdoshiga to‘la yetkaza olar ekan. Uning so‘zlash ohangi, davradagilar bilan suhbat, muloqot tarzi menga shundoqqina hikoyalaridagi personajlar nutqi, dialogini eslatdi.
O‘shanda suhbatimiz, asosan, adabiy tanqid ustida bordi. Abdulla aka o‘zbek adabiy tanqidchiligi chinakamiga oyoqqa turib kelayotganligi, Matyoqub Qo‘shjonov, Laziz Qayumov, Ozod Sharafiddinov, Salohiddin Mamajonov, Norboy Xudoyberganov maqolalari, ularning yaxshi fazilatlari xususida gapirdi. Tanqid uchun eng muhimi – iste’dod, katta bilim, shu bilan barobar halollik va obyektivlik ekanligini alohida ta’kidladi. “Tanqid, tanqidchi hammadan burun halol bo‘lishi kerak, – degan edi u o‘sha gurungda. – Tanqid nihoyatda pokiza bir maydon. Bilasizlarmi, musulmonlar nazarida masjid pokiza dargoh sanaladi. Musulmonchilik taomiligi ko‘ra, bu dargohga kiradigan odam yuvingan-tarangan, tahorat olgan bo‘lishi shart; dargohga kirgandan keyin hamma o‘y-xayollarni ko‘nglidan quvib, faqat bir narsani – Allohni o‘ylashi kerak, salgina bo‘lsa-da xayoli boshqa tomonga ketdimi – tamom, toat-ibodati, duosi ijobatga o‘tmaydi… Bir oz erish tuyulsa-da, tanqid maydonini ham shunga qiyos qilish mumkin. Bu maydonga qadam qo‘ygan odam ham o‘ta pokiza, har qanday g‘uborlardan, shaxsiy ta’ma, g‘arazlardan butunlay xoli bo‘lishi shart; bu maydonda u faqat bir narsani – adabiyot, kitobxon manfaatinigina o‘ylashi kerak. Shaxsiy ta’ma, g‘araz yoki boshqa subyektiv mayllar aralashdimi, ish tamom deyavering. Tanqid maydonida e’tiqoddan salgina bo‘lsin chetga chiqishning real xunuk oqibati bor. Bundan yozuvchi, tanqid, adabiyot, qolaversa, kitobxon zarar ko‘radi…”
Bu gaplarni u, albatta, bo‘lib-bo‘lib, orada necha bor suhbatdoshlari luqmasini tinglab, ularni shunga undab turib aytdi.
Shu davrada Abdulla aka aytgan yana bir gap yodimda qolgan. O‘sha kezlari tanqidchilikda javlon urgan, deyarli har kuni gazetalarda quloch-quloch maqolalari bilan chiqib turadigan, adabiy majlislarda albatta so‘zga chiqib uzoq gapiradigan, nuqul aravani quruq olib qochadigan bir munaqqid haqida so‘z ochib: “Bu odam tanqidchilik hunarini nuqul yozish-chizish, gazeta-jurnallarda maqola chiqarish, minbarda bulbuligo‘yo bo‘lib sayrash, deb biladi shekilli… Majlislarda unga razm solsam, gapirmagan paytlari ham og‘zi ochilib yopilib turar ekan, ichida tinmay sayrasa kerak… Holbuki, tanqidchi ham xuddi yozuvchi, shoir kabi ko‘nglida aytadigan zarur gapi, ko‘pchilikka kerakli fikri bo‘lsa, ko‘ngil dardini yormasa turolmaydigan holga tushsagina gapirishi, qo‘liga qalam olishi kerak-ku, axir! Belinskiy bilan Dobrolyubov maqolalarini o‘qib ko‘ring! Ulardagi gaplarni aytmaslik, yozmaslik mumkinmidi?! Aslo! Qanday holda va nima maqsadda yozish, gapirish kerakligini ana o‘sha allomalardan o‘rganish lozim !” – degan edi.
Bu suhbat mening adabiy tanqid haqidagi sodda tasavvurlarimni alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi. Avvallari tanqidchilik tabiati, prinsiplari haqida ancha-muncha narsalar o‘qigan bo‘lsam ham o‘shanda ilk bor tanqidning asl tabiatini, tanqid va tanqidchining yozuvchi, adabiyot, xalq oldidagi nihoyatda katta mas’uliyati, tanqidchining yuksak insoniy va grajdanlik burchini yurakdan his etganday bo‘ldim.
Abdulla Qahhorning o‘zi tanqidchilik faoliyatida shu prinsiplarga rioya etishning yaxshi namunasini ko‘rsatgan. Uning markaziy matbuotda, xususan, “Literaturnaya gazeta”da, qolaversa, o‘zimizda bosilgan qator maqolalari, adabiy anjumanlarda so‘zlagan nuqtlari, hamkasb do‘stlar davrasida aytgan gaplari buning uchun yorqin dalil. Adibning o‘z vaqtida matbuotda chiqqan, keyinchalik, to‘plamlaridan joy olgan maqolalari, katta adabiy yig‘inlarda tinlovchilarni to‘lqinlantirgan nuqtlari ko‘pchilikka ayon. Men sakkiz yil davomida Abdulla akaning goh shahar hovlisida, goh Do‘rmondagi bog‘ida u kishi bilan yakkama-yakka uchrashuvlarda, ko‘pincha, Said Ahmad, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinovlar, shuningdek, men tengli va mendan yoshroq tanqidchi, yozuvchilar – O‘lmas Umarbekov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev, Uchqun Nazarov, Norboy Xudoyberganov ishtirok etgan gurunglarda aytgan ayrim ibratli tanqidiy gap-so‘zlarini, mulohazalarini esga olganimda, hamisha bu odamning yuksak e’tiqodiga, halol va prinsipialligiga ich-ichimdan tan beraman.
Har gal uning xonadoniga borganimda, adibning umr yo‘ldoshi Kibriyo opa birinchi bo‘lib eshik ochar, ochiq yuz bilan qarshi olar, Abdulla aka huzuriga boshlab kirar, nihoyatda did bilan dasturxon tuzab, so‘ng suhbatga xalaqit bermaslik uchun bo‘lsa kerak, bizni xoli qo‘yar edi.
Abdulla akaning har bir adib – o‘ziga tengdosh yozuvchilar, shogirdlari, iste’dodli yoshlar haqida aniq-ravshan qarashi bor edi. Ayniqsa, u o‘ziga tengdosh ulkan talant sohiblarini nihoyatda yuksak qadrlar edi. Bir gal Oybek haqida so‘z ochib shunday degan edi: “U o‘zbek adabiyotida bamisoli hamma tomondan barchaning ko‘ziga tashlanib turadigan ulkan, salobatli qoya. Bulutli kunlar dovullari ham, serg‘alva davr zilzilalari ham bu qoyani qulata olmadi. Ammo, afsus, o‘sha dovulu zilzilalar paytida unga darz ketdi. Shunga qaramay, u hamon qoyaday bardam turib, tinmay ijod qilyapti”.
G‘afur G‘ulom vafotidan so‘ng ham afsus, ham iftixor bilan degan edi: “U mislsiz iste’dod egasi edi. Afsuski, o‘zidagi shu ulkan iste’dodning hammasini to‘la ishga sololmay, to‘qson foizini o‘zi bilan olib ketdi. Ammo chin iste’dod mahsuli bo‘lgan chin asarlari bilan ham u adabiyotimizda klassik bo‘lib qolaveradi”.
Abdulla Qahhor adabiyotdagi yangiliklarni, har bir yozuvchi ijodini sinchiklab kuzatib borar, ular iste’dodi, ijodiga xos bosh xususiyatlarni, ularning yutuq hamda kamchiliklarini aksari bexato belgilab olar, yutuqlari haqida quvonib, kamchiliklari to‘g‘risida esa kuyunib gapirar edi. Mabodo asarida jiddiy xato, kamchilik ko‘rsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar, bor gapni xoh yuziga, xoh maqolasi orqali, xoh minbarda turib dangal aytaverar edi.
U Said Ahmadni o‘ziga nihoyatda yaqin olar, asarlaridagi milliy ruhni, xalqchil yumor va jo‘shqin ehtirosni xush ko‘rar, shu bilan barobar: “ Bir oz shoshiladi, kerakli o‘rinlarda ehtirosini jilovlay bilmaydi; goho kitobxon kulavermasa, qitiqlab kuldirishga, yig‘layvermasa, ko‘ziga piyoz surtib yig‘latishga urinadi”, – deb koyirdi.
“Ufq” romani, “Turnalar” hikoyasi o‘zbek adabiyotining yuzini, bugungi bo‘y-bastini ko‘rsatadigan, jiddiy tahlillarga arziydigan asarlar deb aytganini va o‘sha o‘zi ardoqlaydigan adibning matbuotda bo‘sh hikoyasi yoki hajviyasi chiqib qolganida esa qattiq ranjiganligini ko‘p ko‘rganman. “Said Ahmadning “Mikrob”ini o‘qidingmi?” – deb so‘rab qoldi bir kuni va o‘zi davom etdi. – Har narsadan jirkanaverib asab kasaliga mubtalo bo‘lib qolgan odam ustidan kulib yozibdi. Kasal odamni hajv qilib bo‘ladimi? Hajvchi tan, asab kasali emas, sotsial jarohatlar ustidan kulishi kerak-ku!.. Siz – tanqidchilar bunaqa hollarga befarq qaramasliklaring lozim…”
Odil Yoqubov bilan Pirimqul Qodirovni u yangi tipdagi bilimdon, hozirgi rus va jahon taraqqiyparvar adabiyotidan chuqur xabardor, chinakamiga ruscha ta’lim ko‘rgan yozuvchilar deb bilardi. “Ammo ularning til va ifodalarida bir oz shira, o‘zbekona ruh yetishmaydi… Ular goho ruscha o‘ylab, o‘zbekcha yozishadi”, derdi. – “Gazetada Odilning yangi romanidan parcha o‘qidim, – dedi u bir gal.- Odil roman qo‘lyozmasini ko‘rib bering, deb tiqilinch qilyapti. “O‘tmishdan ertaklar”ni nihoyasiga yetkazish bilan ovoraman… Qo‘lyozmasini o‘qishga sira fursat topolmayapman … Gazetada chiqqan parchadan ham ko‘rinib turibdiki, asar yoshlik ehtirosi bilan yonib yozilibdi. Biroq Odil ehtirosga berilib goho she’r tilida gapirishga urinibdi. Mana bu gaplarga qara, – u gazetada chiqqan parchadan ikki-uch jumla o‘qib, so‘zida davom etdi. – Jumlalarning oxiri chayonning dumidek gajjak qilib tashlangan. Tildagi inversiya she’rda o‘zini oqlasa ham, prozada uncha ketmaydi. Bunaqa til-ifoda Turob To‘laga yarashadi, Odilga esa sira o‘tirishmabdi… Buni hoziroq unga aytish kerak” .
Abdulla aka O. Yoqubovga buni aytgan bo‘lsa kerak, yozuvchi ustoz maslahatini olib, asar tili ustida ishlagani aniq, roman, ya’ni “Er boshiga ish tushsa…” jurnalda to‘la chiqqanida, o‘sha Abdulla Qahhor aytgan kamchiliklar tuzatilgan edi.
“Erkin Vohidovni shaxsan taniysanmi? – deb so‘radi bir kuni. – Juda aqlli, bilimdon, boodob, o‘ta serandisha, yetti o‘lchab bir kesadigan yigit ko‘rinadi. Buni she’rlaridan ham bilsa bo‘ladi… Lekin she’riyatda, ijodda o‘ta ehtiyotkorlik har doim ham o‘zini oqlayvermaydi… Buni Erkinga tushuntirish kerak.”
Adibning, ayniqsa, shoir Abdulla Oripovga ixlosi baland edi. Shoirning “Munojot”ni tinglab” she’rini o‘qib, uzoq xayolga tolib, so‘ng shunday degandi: “O‘zi boladay mas’um, beozor, osoyishta ko‘rinsa ham, yuragida g‘alayon jo‘sh urib turadi. Zamonlar dramasini, odamlar dardiyu g‘amini butun vujudi bilan his etadi… His-hayajonlari, aytmoqchi bo‘lgan gaplari ko‘nglidan sharsharadek shitob bilan otilib chiqsa kerak; ularni qog‘ozga tushirishda qo‘li shoshilib qolarov deyman… Bunaqa noyob talantni yomon ko‘zdan asrash lozim”.
“O‘tkir kuyib-yonib, o‘rtanib, shavq bilan yozadi… Qani endi, shunday yoniq iste’dod tezroq kengroq ufqqa, Ittifoq minbariga chiqib olsa!- deya gap boshladi u Do‘rmonda uchrashuvlarimizdan birida va “Muhabbat” hikoyasining fazilatlari haqida gapirib, u haqida maxsus maqola yozishni menga maslahat berdi.
Abdulla aka o‘zi tanqid qilgan yozuvchining yaxshi asari chiqqanida quvona bilar edi. Chunonchi, Mirmuhsinning “Ziyod va Adiba” romani to‘g‘risida ancha keskin salbiy fikr bildirgan adib bir suhbatda uning “Arab hikoyalari” turkumi, aniqrog‘i, shu turkumdagi “Yo‘qolgan javohir” bilan “Iskandariya ko‘rfazi” haqida mamnuniyat bilan: “Bularni asar desa bo‘ladi. Ularda hayot bor, qalb qo‘ri bor, dard, odam bolasining tashvishiga hamdardlik bor”, – degan edi.
Abdulla Qahhor o‘z ijodi haqida yozilgan ilmiy ishlar, maqolalar ustida ham odilona fikr yuritar edi. U o‘zining insonlik, yozuvchilik sha’nini yuksak qadrlar, kerak bo‘lganida qattiq turib o‘zini himoya qila olar, shu bilan birga o‘z ijodidagi yaxshi va zaif asarlarni farqlay bilar, asarlaridagi kam-ko‘stlarni mardona turib tan olardi.
U afsus-nadomat bilan degandi: “Lazizxonning 1957 yili “O‘zbekiston madaniyati”da chiqqan maqolasiga qadar “Sarob” yigirma yil tanqid ta’qibida bo‘ldi. “Sarob” ilk bor bosilganida, sochimda birorta ham oq tola yo‘q edi. “Sarob” tufayli yigirma yil boshimda tanqid tayog‘i sinaverib, sochimning birorta ham qora tolasi qolmadi… “Sarob” tevaragidagi janjallardan birida tuppa-tuzuk tanqidchi meni murosaga chaqirib: “Tuflab tashlangan narsani qayta og‘izga olmay qo‘ya qoling endi”,- deganida, o‘zimni tutolmay: “Avvalo “Sarob” hecham tuflashga loyiq asar emas. Agar tuflash kerak bo‘lsa “Sarob”ni tan olmaydigan, tushunmaydigan, johil, nodon, chalasavod, demagog tanqidchilarning yuziga tuflayman! – deb yuboribman… Zamon “Sarob” xalqqa, jamiyatga kerakli asar ekanini tasdiqladi. Tanqidchilar e’tirof etganidek, bu tipdagi asarlar adabiyotimiz uchun yot emas ekan-ku!”
“Dahshat” to‘g‘risida “Sharq yulduzi”da bosilgan maqolamni o‘qib: “Hikoyaning lahm joylarini sixga tortganday tizib chiqibsan… “Dahshat” qahramoni bilan “O‘g‘ri”, “Bemor”, “Anor” hikoyalari personajlari orasidagi farqni ham to‘g‘ri topibsan…”- dedi. “Nurli cho‘qilar” to‘g‘risidagi maqolamni o‘qiganda esa: “ Maqtovni oshirib yuboribsan, hikoyani nurli cho‘qqiga chiqarib qo‘yibsan”, – deya dakki bergandi.
Badiiy adabiyot nashriyoti Abdulla Qahhor tug‘ilgan kunning oltmish yilligiga bag‘ishlab uning ijodi haqida monografiya tayyorlaydigan bo‘ldi. Monografiya yozish tanqidchi Matyoqub Qo‘shjonovga topshirilgan edi. Matyoqub aka menga kitobning hikoyachilikka oid qismini yozishni taklif etdi. Kitob dastlab “Tasdiq va inkor ustasi” deb atalgan edi. Matyoqub aka Abdulla Qahhordan kitob nomi xususida fikrini so‘raganida, bunday nom unga ma’qul tushmadi. So‘ng kitobni “Mahorat sirlari” deb atashga qaror qildik. Buni eshitib Abdulla Qahhor: “Yaxshi nom, ammo bunday nom Navoiy, Tolstoy, Chexov haqidagi kitoblarga yarashadi. Ularning ijodi mahorat sirlariga to‘la… Menda “sir” nima qilsin… Iloji boricha boshqa “odmiroq” nom topinglar”, – deb iltimos qildi. Boshqa “odmiroq” nom topilmadi, kitob “Mahorat sirlari” nomi ostida chiqdi, ammo uni yozuvchining o‘zi ko‘rmay ketdi. Agar hayot bo‘lganida kitob shu nom bilan chiqqani uchun ranjirmidi…
“O‘tmishdan ertaklar” universitet studentlari davrasida muhokama etilganida, notiqlardan biri asarning oxirgi qismlari, xususan, “Qo‘qon xarobalari orasida” bobi bir oz bo‘sh yozilgani, tasvir sur’ati juda tezlashib ketgani, bu yerda avvalgi boblarga xos jonli, lo‘nda lavhalar, yorqin, tugal xarakterlar yo‘qligi haqida tortinmay gapirdi. Shunda Abdulla aka qulog‘imda shivirladi: “Bu bala balo ekan-ku! “Ertaklar”ning zaif joyini topib tanqid o‘qini nishonga bexato urdi-ya!”
Hamisha haq gapni aytgani, haqiqat oldida hech kimni, hatto o‘zini ham ayamagani uchun bo‘lsa kerak, haqiqiy iste’dod egalari, garchi undan qattiq dakki eshitsalar-da, baribir unga talpinaverardilar. Abdulla Qahhor bamisoli ohanrabodek chin iste’dod ma’danlarini, xususan, yosh iste’dodlarni o‘ziga tortib turardi. Iste’doddan mahrum shuhratparast qalamkashlar esa uning haq so‘ziga, achchiq tanqidiga dosh berolmay ustidan ig‘vo, fisqu fasod tarqatib yurar, har xil yo‘llar bilan payt topib o‘ch olishga harakat qilardilar.
Bir yig‘inda shunday kimsalar Abdulla aka aytgan haq va achchiq gap uchun unga qattiq tashlanganliklarini eshitib, kechqurun ko‘ngil so‘rash uchun uyiga bordik. Davrada o‘tirgan o‘ta andishali, mulohazakor yozuvchi-shogirdlaridan biri Abdulla aka ko‘nglini ko‘taradigan ko‘p yaxshi so‘zlar aytdi, pirovardida, umuman olganda, katta yozuvchi bunaqa janjallardan uzoqroq yurgani, tinchgina ijod bilan mashg‘ul bo‘lgani ma’qul, degan ma’noda gap qildi. Abdulla aka uning so‘zlarini jimgina tinglab bo‘lib osoyishtalik bilan Nozim Hikmatning inson yonmog‘i kerakligi haqidagi mashhur satrlarini turkcha yod aytdi. So‘ng:” Es-hushi joyida har bir odam ko‘rib-bilib turib haq gapni aytmasa, kim aytadi!”- deya ilova qildi. Adib yana so‘zida davom etib: “Men ularning hamlasidan aslo xafa emasman, qaytaga haq gapni aytib ularni talvasaga solib qo‘yganimdan xursandman. Ko‘pdan beri ko‘nglimda tosh bo‘lib yotgan dardni to‘kib yengil bo‘lib oldim”, – deganida uning huzuriga ko‘ngil so‘rash, unga dalda berish uchun kelgan bizlar bir oz noqulay holatga tushib qolgan edik.
Adib xush ko‘radigan jangovar tanqidchilardan biri o‘z maqolasida nomdor bir shoirning bo‘sh she’rlarini tanqid qilgani uchun siquvga olinib, ruhi tushib yurganida, Abdulla aka unga dalda berib: “Bardam bo‘l, agar o‘zini shoir-yozuvchi deb sanaydigan odamda ozgina iste’dod va insof bo‘lsa, ertami-kechmi haq gapga, adolatli tanqidga tan beradi. Agar unda ikkisi ham bo‘lmasa, haq gaping uchun ketingdan bolta ko‘tarib yuguradi… Agar shunaqa kimsalarning boltasidan qo‘rqsang, yaxshisi, tanqidchilik dastgohini yig‘ishtir-da, vaqtida boshqa biror tinchroq, yog‘liroq kasbning etagidan tut!”- degandi.
Abdulla Qahhor bevosita adabiyot nazariyasi bilan maxsus shug‘ullangan yoki shug‘ullanmaganligini bilmayman, ammo adabiyot, tanqid tabiati, qonuniyatlari, prinsiplari xususida aytgan pishiq-puxta gaplarini ko‘p eshitganman. Bir gal ijodiy metod haqida gap ketganda shunday degandi: “Yaqinda Polshadan kelgan adabiyotchilar mendan shu xususidagi fikrimni so‘rashdi. Men ularga: “Ijodiy metod ko‘cha qoidalari yig‘indisi emas. U yozuvchi uchun haqiqatga eltadigan yo‘lni yoritib turuvchi mayoq”, – deb javob qilgan edim, ma’qul bo‘ldi shekilli, yon daftarlariga shu so‘zlarimni yozib olishdi”.
“Tanqidning eng asosiy vazifasi – talantni, talantli asarlarni kashf etish”, – degan so‘zlarni ko‘p takrorlardi va tanqidchi do‘stlarini, shogirdlarini shunga da’vat etardi.
Abdulla Qahhor umrining so‘nggi yillarida Yozuvchilar soyuzidagi shoir Mirtemir bosh bo‘lgan yoshlar seminari mashg‘ulotlariga muntazam qatnashar, muhokama, munozara qatnashchilari, ayniqsa, yoshlarning so‘zlarini e’tibor bilan tinglar, yon daftariga doimo nimalarnidir qayd qilib o‘tirar, ammo har qancha qistovga olishsa ham, bu yig‘inlarda so‘zga chiqmas, gapirmas edi. Men buning sababini so‘raganimda: “Yoshlar hayotidan asarlar yozish niyatidaman. Hozirgi yoshlar dili, tili, kayfiyatini bizlardan ko‘ra yosh ijodkorlar yaxshiroq biladi, nozik his etadi… Yoshlar oldida gapirish, ularga o‘rgatish uchun emas, ulardan o‘rganish uchun bu yerlarda yuribman”, – deb javob qilgan edi.
Qarang, Qahhorday ustoz san’atkor yoshlarga o‘rgatibgina qolmay, ulardan o‘rganar ham ekan. Darhaqiqat, uning so‘nggi yillarda yaratgan yoshlar hayotidan olingan “Nurli cho‘qqilar”, “Muhabbat” asarlarida o‘sha kezlardagi iste’dodli yoshlar ijodi bilan mushtarak jihatlar ko‘p.
Bular sakkiz yil davomida Abdulla Qahhor bilan bo‘lgan muloqotlar, shaxsan o‘zim guvoh bo‘lgan voqea-hodisalar, o‘z og‘zidan eshitgan gaplarning bir qismi, xolos. Afsuski, men o‘z vaqtida kundaliklar tutib, muntazam ularni yozib bormagan ekanman. Mening xotiramda qolgan va yuqorida keltirilgan uning gaplari, ehtimol, aynan uning o‘zi aytganday emasdir. Aslida ular men keltirgandan ko‘ra lo‘nda, obrazli, shirali, ta’sirchanroq ekani shubhasiz. Men uning so‘zlarini hamisha ham aynan o‘zinikiday qilib keltirolmagan bo‘lsam, ustoz ruhi oldida uzr so‘rayman.
Nihoyat, uning ko‘p yoshlar qatori menga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligidan, jonkuyarligidan, maslahat va madadlaridan behad minnatdor ekanligimni ham aytib o‘tishim kerak. U mening oilaviy, moddiy ahvolim, yashash, ishlash sharoitim, o‘qishim haqida doimo surishtirib turar edi. Meni Yozuvchilar soyuziga o‘tishga ilk bor maslahat bergan, birovning uyini ijaraga olib nochor turishimni bilib, Yozuvchilar soyuzidagi ma’sul shaxslarni xabardor etgan, turish-turmushimizni bilib kelish uchun biz yashaydigan uyga shaxsan o‘sha paytlari respublikamizda yashab ijod etayotgan, Yozuvchilar uyushmasida ma’sul vazifada ishdaydigan yozuvchi, urush qahramoni V. Karpovni yuborgan, og‘ir xastalikka duchor bo‘lganimda, o‘ziga tanish bir tajribali vrachga ko‘rsatgan va yana ko‘p tig‘iz hollarda madad qo‘lini cho‘zgan, asossiz hamlalardan qattiq turib himoya qilgan bu tabarruk zot oldida men bir umr ma’naviy qarzdorman. Abdulla Qahhordek buyuk so‘z san’atkori oltmish yoshlik to‘yi arafasida u haqida kinofilm yaratmoqchi bo‘lganlarida mendek oddiy bir tanqidchini talay shogirdlari, iste’dodli yosh yozuvchilar qatori suratga tushish uchun taklif etganida, ham quvonch, ham xijolatdan o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qolganman.
Men ustoz Abdulla Qahhor haqida o‘ylaganimda, yosh bir shoirning adiblar aytgan pand-nasihatlari bilan emas, ijodi, shaxsiy ibrati, ko‘rsatgan jasoratlari bilan ustozga aylanadilar, degan satrlari yodimga tushadi. Abdulla Qahhor bebaho, o‘lmas asarlari bilangina emas, bevosita amaliy ishlari, shaxsiy ibrati, yuksak e’tiqodi, metin irodasi, haqiqat yo‘lida jonbozligi, jasorati bilan bizlar uchun ustoz-murabbiy edi va shunday bo‘lib qolaveradi.
1986

Download 191.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling