Abdulla qahhor haqida xotiralar
Download 191.1 Kb.
|
ABDULLA QAHHOR HAQIDA XOTIRALAR
- Bu sahifa navigatsiya:
- YoSHLAR BILAN SUHBAT” KO‘RGILIKLARI
USTOZ ARMONI
Ustoz Abdulla Qahhorni bilganlar, suhbatini olganlar yaxshi eslashadi: bu alloma davralarda kam gapirar, gapirganda esa hamisha obrazli qilib so‘zlar, gaplari hazil-mutoyiba, lutf, kinoya-kesatiqlar, keskin istehzo bilan yo‘g‘rilgan bo‘lardi. Uning so‘zlari oshkora donishmandlik, pand-nasihatlardan xoli, biroq hamisha muhim bir fikr, hodisalarga yangicha qarashi, obrazliligi bilan esda qolardi. Adibning turli uchrashuvlarda, davralarda aytgan ayrim mulohazalarini, lutflarini siz — aziz gazetxonlarga havola qilmoqchiman. 60-yillarning boshlari, yoz fasli. Do‘rmondagi mo‘’jazgina ijod uyida osoyishta hayot hukm surar, xonalarda adiblar ijod bilan band, jumladan,, Pirimqul Qodirov “Qora ko‘zlar” romani, Ozod aka “Zamon — qalb — poeziya” kitobi ustida ishlar, ularga hech kim xalal bermas, binoga yaqinlashganlar sekingina yurar, so‘zlashganda ovozini balandlatmas edilar. Tushlik va kechki dam olish vaqtlarida esa suv bo‘yida, chinor ostida maroqli suhbatlar, hazil-mutoyibalar avjiga minardi. Ba’zan oshxo‘rliklar ham bo‘lib turar, haddi siqqanlar ijod uyining shundaygina biqinidagi bog‘ hovlida istiqomat qiladigan Abdulla akani davraga taklif etishar, ta’bi suysa bu odam kelardi. Kunlarning birida shunday davraga Pirimqul Qodirov Abdulla akani taklif qildi, ustoz uzr so‘rab qandaydir tadbirda qatnashishi zarurligini aytdilar. Oshxo‘rlik zo‘r o‘tdi, qittak otildi ham. Quvnoq gurung, hazil-mutoyibalar avjiga chiqqan paytda, Abdulla aka kelib qoldilar. Salom-alikdan so‘ng oromkursida shirakayf va quvnoq holda o‘tirgan Pirimqul akaga qarata: — Pirimqulning oyog‘i yerga tegmay qolganidan ziyofat zo‘r o‘tganga o‘xshaydi, — dedilar. Davrada zo‘r qahqaha ko‘tarildi. Davra ruhiga bundan oshirib baho berish mumkin emas edi. Odatda ziyofatlarda kam ichadigan, balki ustoz adibga ilk bor shirakayf holda duch kelgan Pirimqul aka ustoz hazilidan qulog‘igacha qizarib, ajib bir holga tushdi. Abdulla akaning benazir lutfida Pirimqul akaning hozirgi holatiga, qolaversa, bo‘yi bastiga nozik ishora bor edi. Shundan so‘ng tanqid ustida so‘z ketdi. O‘sha kezlari tanqidchilikda javlon urgan, minbarlarni egallab olib boshqalarga so‘z bermay uzundan-uzoq tumtaroq nutq irod etadigan bir munaqqid haqida gap ochib, dedilar: — Bu odam tanqidchilikni faqat nutq so‘zlash, og‘izni ochib-yopish deb biladi, shekilli. Majlislarda unga razm solsam, zalda gapirmay o‘tirgan paytida ham og‘zi ochilib-yopilib turar ekan. Tanqidchi aytmasa turolmaydigan, tinglovchiga zarur gapi bo‘lgandagina minbarga chiqishi kerak-ku, axir! So‘ng tanqidchining boshqalarnikiga o‘xshamaydigan o‘z fikri, o‘z so‘zi, ifoda tarzi bo‘lishi darkorligini ta’kidlab: “Ozod, mabodo kitobing eskirib biror nosfurushning qo‘liga tushib qolsa, u nos o‘rab sotgan varag‘iga ko‘zi tushgan odam qog‘ozdagi biror jumlani o‘qib: “Bu Ozodning so‘zi-ku”, desin va o‘sha varaqni avaylab olib qo‘ysin”. O‘shanday davralardan yana birida men ilk bor Abdulla Qahhorning og‘zidan Nitshe, Freyd haqida iliq, Marks haqida esa tanqidiy gaplarni eshitib hayratda qolgan edim. Mana u kishining aytgan mulohazalari: — Ko‘plar hayot, inson haqida faqat Marksning qarashini haqiqat deb biladi. Nitshe va Freydni o‘qisang, dunyoda boshqacha gaplar ham borligiga amin bo‘lasan! Inson tabiati, ruhiyati g‘oyat murakkab. Unda nafs, yana ko‘p biz uchun qorong‘i boshqa haqiqatlar ham bor. Odam bolasi dunyoga kelib, hali ko‘zini ochmay turib onasining ko‘kragiga yopishadi, “Ber!”, deydi. Marks bo‘lsa soqolini to‘rvaday qilib odam bolasi tabiati, mayli bilan hisoblashmay, hammani tenglashtirib, yoppasiga kommunizmga olib boraman, deb yuravergan ekan… Abdulla Qahhor o‘z ijodi, asarlarining tanqidchilikdagi bahosi, talqini ustida so‘z ketganda, ayniqsa, “Sarob” xususida kuyunib gapirar edi. Tarjimai holida u shunday yozgan: “Avval O‘rta Osiyo Davlat universitetining pedagogika fakultetida, undan keyin Til va adabiyot ilmiy-tekshirish institutida o‘qiganimga, tarjima ishlari bilan qattiq mashg‘ul bo‘lganimga qaramay, “Sarob”ni to‘rt yilda yozib tugatdim. Kitob respublika konkursida mukofotlandi. Uni kitobxon xush qabul qildi, lekin ba’zan arzon shuhratparastlik, ba’zan siyosiy demagoglik, ba’zan esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri jaholat natijasi bo‘lgan tanqid nayza ko‘tarib qarshi oldi. Bu narsa ba’zi hollarda hatto farosatli odamlarni ham chalg‘itdi”. — “Sarob” yozilgan, u kitob holida chiqqan paytlari, — degan edi adib suhbatlaridan yana birida, — sochimda birorta ham oq tola yo‘q edi: demagog, johil tanqidchilarning betinim to‘qmoqlari tufayli romanning ikkinchi nashriga qadar sochimda birorta ham qora tola qolmadi. Keyinroq, 1965 yili bir davrada adib “Sarob” romani munosabati bilan berilgan savolga: “Tanqid shu paytga qadar “Sarob”dan nuqul siyosat izladi. Romandagi odamlarning dardi-dunyosini, ohu zorini eshitadigan bir azamat topilmadi”, deya javob qaytargan edi. Adibning nadomat bilan aytgan bu gapi uzoq vaqt menga tinchlik bermay, “Sarob” personajlarining dardi-dunyosini yoritadigan bir narsa yozishga undab keldi. 1990 yili “Sharq yulduzi”da e’lon etilgan “Hayot saboqlari” maqolasida shu xususdagi ayrim mulohazalarimni izhor etishga urindim. Biroq 90-yillari “Sarob” tevaragida kechgan tanqidiy bahs-munozaralar ta’sirida “Haqiqat taqozosi” sarlavhali maqolada o‘sha fikrimdan qaytganimni aytdim. Aytarga aytdim-u lab tishlab qoldim. Buning uchun birinchi bo‘lib Kibriyo opadan dakki eshitdim. Sal fursat o‘tmay, tushimda Abdulla akani ko‘ribman. Bu odam o‘ziga xos nimtabassum va istehzo bilan: “Umarali, sen ham “Sarob”ga qarshi nayza ko‘targanlar qatoriga o‘tib qolibsan-ku!”, dedilar. Birdan uyg‘onib ketdim. Shundan keyin ko‘ring — ko‘ngildagi qiyomatni! Bir necha kunlar o‘zimga kelolmay yurdim. Yozgi ta’til payti “Sarob”ga oid jamiki adabiyotlarni jomadonga joylab Do‘rmondagi Yozuvchilar bog‘iga otlandim. Ko‘p izlanishlardan so‘ng “Saidiy jumbog‘i” sarlavhasi ostidagi tadqiqotning rejasi tayyor bo‘ldi. Bu reja bo‘yicha adabiyotshunos Shuhrat Rizayev bilan maslahatlashdim. Shuhrat niyatim bilan tanishgach, “Sarob” haqidagi gap, baribir, oxir-oqibat mafkura — siyosatga borib taqalmasmikan, degan xavotirini aytdi… Ish yana cho‘zildi. Nihoyat, asr nihoyasiga kelib, ish tayyor bo‘ldi, hamkasabalar davrasida u haqda ma’ruza qildim. Maqola “Jahon adabiyoti”da “Mafkuraviy tazyiq va iste’dod qudrati” sarlavhasi ostida e’lon etildi. Maqola tevaragida bahs-munozaralar bo‘lyapti. Mazkur maqolani men “Sarob” haqidagi barcha qabul qilishi lozim bo‘lgan hukm-xulosa deb da’vo etishdan yiroqman, balki uni yirik asarning yana bir talqini, tanqidiy versiyasi sifatida qabul qilishlarini istardim… Kishini mamnun etadigan jihat shundaki, ozod mamlakatimizning yangi ozod avlodi ma’naviy qadriyatlarimizni, jumladan, ko‘pgina murakkab adabiy hodisalar qatori “Sarob” romanini ham yangicha idrok qilib, undagi odamlarning dardi-dunyosini anglash, teran his etish yo‘lidan borayotirlar. Bir yosh tadqiqotchi qizimiz ayni “Sarob”dagi odamlarning dardi-dunyosi ifodasi, talqini ustidagi tadqiqotini yakunlash arafasida. Nihoyat, bugunga kelib ustozning armoni ushalsa, ajab emas. 2002 “YoSHLAR BILAN SUHBAT” KO‘RGILIKLARI 1966 yilning may oyi boshlari. Toshkent zilzilasidan keyingi notinch, to‘s-to‘palon kunlar. Ustoz adib Abdulla Qahhor 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot uning olti tomlik asarlarini, “Yosh gvardiya” nashriyoti esa “Yoshlar bilan suhbat” kitobini nashr etishni rejalashtirgan. Adib o‘z odatiga ko‘ra bo‘lg‘usi kitoblarga kiradigan asarlarining jiddiy tahriri bilan band. Shu orada u kishi meni xonadoniga taklif etdilar va qo‘limga 20 chog‘li maqolalar ro‘yxati bitilgan qog‘ozni tutqazib, “Bularning qo‘lyozmasi saqlanmagan. Kutubxonalarga borib qidirishga vaqtim bo‘lmayapti. Shu ro‘yxatdagi narsalarni topib ko‘chirib bersang. Ularning bir qismini “Olti tomlik”ning 6-tomiga, munosiblarini esa “Yoshlar bilan suhbat”ga kiritmoqchiman, – dedilar va davom etib. – Arab, lotin yozuviga qalaysan?” – deb so‘radilar. “Eplasam kerak, qiynalsam, yordam beradigan shogirdlardan bor” deya ustozni xotirjam qildim. Darhaqiqat, ro‘yxatda arab va lotin yozuvida chiqqan 20-30-yillarga oid qator maqolalar nomlari ham bor edi. O‘tgan yili universitetni tugatib, “Madaniyat” gazetasida ish boshlagan, bolalik yillari Shinjonda yashab, o‘qib, arabcha yozuvni puxta egallagan Yoqubjon Yakvalxo‘jayevni yonimga olib zilzilada darz ketgan “Navoiy”, “Turon”, universitetning asosiy kutubxonalarida o‘tirib ikki-uch kun ichida ro‘yxatdagi barcha maqolalarni topib ko‘chirib, talabchan adib oldida xijolatga qolmaslik uchun ko‘chirilgan matnlarni asliyatga qayta-qayta solishtirib chiqdik. Muhim bir hol: adib tuzib bergan ro‘yxatda maqolalarning chop etilgan nashr manbalari ham ko‘rsatilgan, ular yoniga “taxminiy” degan so‘z qayd etilgan edi. Shunisi qiziqki, “taxminiy” deyilgan manba va sanalarning barchasi aniq bo‘lib chiqdi; ro‘yxatda ko‘rsatilgan nashr sonini qo‘lga olib ochib ko‘rsak, hammasi o‘z o‘rnida. Shunda men bu alomat allomaning xotirasi nihoyatda tiniqligiga tan berganman. Ko‘chirmalarni olib borib berganimda, “Muncha tez!” dedilar va minnatdorchilik bildirib davom etdilar, – “Yosh gvardiya” direktori Sotvoldi nihoyatda odobli, intizomli yigit. Yaxshi bo‘ldi. “Yoshlar bilan suhbat”ni va’da qilingan kundan oldinroq olib borib uning qo‘liga tutqazadigan bo‘ldim”. Ayni shunday bo‘ldi. Direktor Sotiboldi Yo‘ldoshev kitob qo‘lyozmasini mamnuniyat bilan qabul qilib oldi. Yaqinginada universitetni tugatib ishga kelgan, ilk ijodiy mashqlari bilan Qahhordek talabchan ustoz nazariga tushgan yosh yozuvchi Shukur Xolmirzayevni kitobga muharrir etib tayinladi, taniqli munaqqidlar, “Qahhor odamlari”dan M.Qo‘shjonovni kitob uchun maxsus so‘z boshi yozishga, O.Sharafiddinovni esa mas’ul muharrirlikka ko‘ndirdi. Ish yurishgandan yurishib ketdi. Hammasi taxt bo‘lib, qo‘lyozma 1967 yilning boshlarida bosmaxonaga topshirildi, shitob bilan terilib bosishga tayyor bo‘ldi, taomilga ko‘ra “Lit” deb atalgan qilko‘prikka yetganida, birdan ishkal chiqib, harakat to‘xtab qoldi. Oradan bir necha kun o‘tib kitobning bosma sahifalari nashriyotga qaytib keldi; uning deyarli har bir sahifasi hoshiyasi savol alomatlari, tahdid, dag‘dag‘ali so‘z va jumlalar bilan to‘lib-toshgan edi. Butun-butun abzas, sahifalar, qator maqolalar ustiga chiziq tortilib ularni olib tashlashga amru farmon o‘qilgan edi… Redaksiya rahbariyati kitob muallifi Abdulla Qahhordek so‘z san’atkori ruxsatisiz bunaqa qo‘pol taklif, aniqrog‘i, buyruqqa rozi bo‘lolmas edilar. Maslahatga ko‘ra muharrir qo‘lyozmani qo‘ltiqlab adib huzuriga bordi, bor gaplarni unga dangal aytdi. Bunaqa mashmashalarni ko‘raverib pishib ketgan adib “Ikki-uch kun ichida ko‘rib qo‘yaman. Kelib olib ketarsan” deya ko‘zi javdirab turgan Shukurni yupatdi. Darhaqiqat, adib va’da qilgan muddat davomida hoshiyadagi qaydlar asosida qo‘lyozmani “qayta ishlagan” bo‘ldi, keskin tahdidga uchragan jumla, abzas, maqolalar o‘rnini boshqa – ulardan-da keskinroq jumla, abzas va maqolalar bilan to‘ldirdi. Muallif bilan “Lit” orasidagi bunaqa jang o‘yini yana uch bor takrorlandi. Bu orada Sotiboldi Yo‘ldoshev boshqa ishga o‘tdi. Nashriyotga yangi kelgan boshliqning jur’atsizligi tufayli nashr ishi yana to‘xtab qoldi. Adib yubileyiga to‘yona tarzida G‘afur G‘ulom nashriyoti “Olti tomlik”ning ikki kitobini taqdim etdi. Ammo “Yosh gvardiya” va’da qilgan jajjigina kitobcha chiqmay qoldi. Kimlarningdir aralashuvi tufayli yubileydan keyin “Yoshlar bilan suhbat” ustidagi ish yana harakatga tushdi; adib uni yana qayta ko‘rib bir qator yangiliklar bilan to‘ldirdi. Nihoyat, yangi 1968 yil boshlarida adib xonadonida Ozod aka, Matyoqub aka, Shukur va kamina maslahatga to‘plandik. Bu kezlari Abdulla aka og‘ir xasta, rangi aftodahol, ko‘ngliga qil ham sig‘maydi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zlarini dadil tutib, Shukur qo‘lidagi qo‘lyozma jildiga ishora qilib, “Xo‘sh, yana qanday da’volari bor ekan?” deya istehzoli savol berdilar. Shukur “Bu safar uncha ko‘p emas”, deya da’vo, takliflar to‘g‘risida ma’lumot bera boshladi. Boshda ish xiyla silliq kechdi. Murosayu madora deganlaridek, ko‘p shov-shuvlarga sabab bo‘lgan 60 yillik yubiley tantanasida so‘zlangan nutq matnini tushirib qoldirishga muallif rozilik bildirdi. Biroq o‘sha matn o‘rniga “Men partiyaning soldati emas, ongli a’zosiman” degan aforistik jumlani kiritishni taklif etdi. Bu taklif davradagilarning hammasiga ma’qul tushdi. Bosma sahifalardan birining hoshiyasida savollar qo‘yilgan yozuvchi qaydlaridagi “Adabiy tanqidda laganbardorlik vujudga kelayot”gani, “Notavon asar adabiyotning cho‘qqisi bo‘layot”gani, “Paxta dalalarida odamlarning o‘lgani, ayollar mayib bo‘lishi, bolalarning pachoq bo‘lib o‘sishi”ga oid keskin jumlalar tushirib qoldiriladigan bo‘ldi. Yana bir sahifada yoniga savol va xitob alomatlari chekilgan mana bunday jumlalar bor edi: “Mamlakatimizda Stalindan so‘ng uzundan-uzun momaqaldiroq bo‘ldi-yu o‘tdi. Bu momaqaldiroqning birinchi sadosi xalqlar ko‘nglida juda katta orzu-umidlar uyg‘otdi, xalqlar buning ketidan keladigan obirahmatni kutdi, biroq momaqaldiroq, shamol to‘palon qildi-yu, obirahmatdan bir tomchi ham tommadi”. Ajab, davr haqida bu qadar qahr bilan topib aytilgan keskin aybnomani tushirib qoldirishga muallifning o‘zi rozi bo‘ldi. Biroq oxirgi mulohaza “Yevtushenko singari shoirlar, yozuvchilar ko‘nglida borini aytayotibdi, xolos, shunga muncha shovqin? Axir bular kesak emas-ku, o‘t chiqsa nima qipti!” degan qaydga nisbatan e’tirozga kelganda, adibning peshonasi tirishib toqati toq bo‘lib: “Agar shu gaplar ham o‘tmaydigan bo‘lsa, kitob chiqmay qo‘ya qolsin. Papkani qoldirib ketaver” dedilar. Bu qayd qoldiriladigan bo‘ldi… Shunday qilib, 1967 yil 16 fevralida bosmaxonaga berilgan 5 bosma taboqlik to‘plam shu xil mashmasha, bordi-keldilardan so‘ng oradan bir yilu besh kun o‘tib 1968 yil 21 fevralda bosishga ruxsat etildi. Bu yog‘i nima bo‘lgani o‘quvchilarga ma’lum. “Yoshlar bilan suhbat” adib vafotidan so‘ng kitob bo‘lib chiqdi. O‘ttiz ming nusxada chop etilgan kitobcha kitob do‘konlariga yetib borar-bormas, muallif oyoq tirab turib o‘tkazgan boyagi ikki jumla qaltis gap uchun ta’qibga uchradi, yig‘ishtirib olinib, o‘tda yoqildi. Download 191.1 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling