Abdulla qahhor haqida xotiralar


Download 191.1 Kb.
bet3/3
Sana13.01.2023
Hajmi191.1 Kb.
#1091233
1   2   3
Bog'liq
ABDULLA QAHHOR HAQIDA XOTIRALAR

2006, sentyabr
ADIBNING ADABIY MUHITI
Jahon adabiyoti, jumladan, milliy adabiyotimiz tarixidan ayonki, ulkan adiblar o‘z atrofida muayyan adabiy muhit yartganlar, ilg‘or, olijanob maqsad, g‘oyalar ruhi bilan yo‘g‘rilgan bunday muhit o‘ziga xos adabiy maktab tarzida millat adabiyoti rivojida yorqin iz qoldirgan. Yangi o‘zbek adabiyoti rivojida Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Hamza kabi ulkan iste’dodlarning har biri shunday muhit yaratishga qodir siymolar edi. Afsus, sho‘rolar adabiy siyosati sharoitida ular uchun bunday imkon yo‘q edi.
Mustabid hukmdor vafotidan so‘ng “eruvgarchilik” deb atalgan vaziyat taqozosi tufayli respublikada yagona yozuvchilar uyushmasi bilan yondosh holda jasur adib Abdulla Qahhor atrofida uyushgan g‘ayri rasmiy bir o‘ziga xos maktab paydo bo‘ldi. O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov o‘sha kezlardagi adabiy hayot manzaralarini shunday ta’riflaydi:
“Oltmishinchi yillarda umumsho‘ro adabiyotida bo‘lgani kabi o‘zbek adabiyotida ham ikki xil dunyoqarash o‘rtasida kurash avjiga chiqdi. Yangi to‘lqin an’anaviy qoliplarni buzib-yorib, bahorgi soylar kabi qirg‘oqqa sig‘may toshib kela boshladi. Lekin boshqa fikrdagi, asliyatga sodiq, an’analarni qadrlaydigan, hayotni tartib-intizomsiz tasavvur qilmaydigan kishilar uchun ushbu to‘lqin nomaqbul, xatarli bo‘lib ko‘rinishi tabiiy edi… Yozuvchilar uyushmasi raisi Komil Yashin atrofida uyushgan, adabiyotning rasmiy hay’ati hisoblangan qudratli guruh bilan Abdulla Qahor shogirdlari atalgan yanada qudratliroq bir saf o‘rtasidagi ichki kurash zohirdagi osoyishtalik, do‘stona munosabatlarga qaramay ashaddiy tus olgan edi” (Laziz Qayumov. Xotiralar. T., G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot, 2005, 7-bet).
“Abdulla Qahhor shogirdlari”, aiqrog‘i, Abdulla Qahhor odamlari safida Shuhrat, Said Ahmad, O. Yoqubov, P. Qodirov, O‘. Umarbekov, U. Nazarov, Sh. Xolmirzayev, O‘. Hoshimov kabi nosirlar, A. Muxtor, H. Sharipov, E. Vohidov, A. Oripovdek otashnafas shoirlar, O. Sharafiddinov M. Qo‘shjonov boshliq munaqqidlar ham bor edi.
Taqdir meni XX asrning bir qator dongdor so‘z ustalari bilan tanishish, muloqotda bo‘lish, hatto og‘a-ini, ota-bola tutinish baxtiga muyassar etdi. Men hayotda duch kelgan, yaqindan bilgan, hamsuhbat bo‘lgan adiblar ichida, shubhasiz, eng yorqin siymo, benazir iste’dod sohibi Abdulla Qahhordir.
El-yurt, millat, milliy adabiyot manfaati, sha’ni yo‘lida bu qadar yonib yashagan boshqa biror ijodkorni ko‘rgan emasman. Eng muhimi, u Abdulla Qodiriy iborasi bilan aytganda “shaxsi butun” zot edi. Xonadonida tor davralarda ham, katta anjuman, minbarlarda ham faqat dilidagini, haq gapni aytar edi. XX asr ikkinchi yarmida bizda, ijodkorlar orasida, Cho‘lponning “Kishan kiyma, bo‘yin egma, Ki sen ham hur tug‘ilg‘onsan!” degan shioriga to‘la amal qilgan yagona jasur siymo Qahhor edi desam, mubolag‘a bo‘lmas. Buni tasdiqlaydigan o‘nlab, yuzlab misollar bor.
Bunday shijoat, jur’at o‘z vaqtida mamlakatimizdagi ma’naviy, adabiy hayotga qanchalar ta’sir ko‘rsatgani, o‘nlab ijodiy ziyolilar ko‘zini ochgani, xususan, yosh ijodkorlar ko‘ngliga o‘t solgani, mustabid tuzum hukmdorlarini esa hushyor torttirgani keng jamoatchilikka ayon. Qahhor o‘shanday shijoati, haq so‘zi bilan vijdonli, chin iste’dod sohiblarini huddi ohanrabodek o‘ziga tortardi.
Kezi kelganda aytib o‘tay, Abdulla Qahhor xonadoni faqat adiblar emas, o‘z davrining turli peshqadam fan allomalari M. O‘rozboyev, M. Qulmatov, T. Zohidov, Y. Toshpo‘latov, H. Abdullayev, Sh. Xo‘jayev singari hur fikrli jamoat arboblari uchun ham qutlug‘ sajdagohga aylangan edi.
Aslida, Abdulla Qahhor maslakdosh do‘st, ustoz, shogird topishda hech qachon adashmagan. 2011 yili chop etilgan “Abdulla Qahhor arxivi katalogi”da keltirilgan son-sanoqsiz dalillar bu noyob zot odam tanlashda bolaligidanoq nozik did, ziyrak aql-farosat bilan ish tutganligini yana bir karra tasdiqlaydi. Chunonchi, u ilk bor Toshkentga kelganida o‘zi uchun ustod deb bilgan siymolar haqida gap borganda birinchi galda G‘ozi Yunusni, dilga yaqin tanish adiblardan Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Elbek, Oybek, G‘ayratiylarni tilga oladi. U bir umr o‘ziga ham, o‘zgalarga ham nihoyatda talabchan bo‘lgan. Adabiy jarayonni muntazam sinchkovlik bilan kuzatib borgan, adabiyotda yalt etib paydo bo‘lgan asarni, iste’dod sohibini ziyraklik bilan payqagan, ularni qo‘llab-quvvatlagan. 60-yillari sochiga oq tusha boshlagan kezlari mana bu satrlarni qog‘ozga tushirgan: “…ahvoling shu bo‘lsa, sal kunda yoshlarning oyog‘i ostida qolib ketasan. Adabiyotda Shukurlar, O‘tkirlar, Uchqunlar paydo bo‘lgan. Shularning oyog‘i ostida qolib ketasan! Seni hech kim ko‘tarib olomaydi, o‘zingni o‘zing ko‘tarasan, unda o‘zingga qiyin bo‘ladi. Mo‘min Kofirlar zamoni adabiyoti qolib ketdi, bugun Pirimqullar, Odillar, Said Ahmadlar adabiyoti! Husniddin Sharipovlar, Erkinlar, Abdulla Oripovlar, Oydin Hojiyevalar adabiyoti! Tanqidda Ozod, Umarali, Qo‘shjonovlar bosh ko‘targan!” (114, 128-129-betlar).
O‘zi, yangi avldod ijodkorlari xususida aytilgan bu xildagi mardona so‘zlar qog‘ozda qolib ketgan emas, amalda, turli anjumanlarda, matbuotda, shaxsiy muloqotlarda, xonadonidagi “majolis un-nafois”larda o‘rtaga tashlangan, matbuotdagi maqolalarida aks etgan, har xil yo‘llar bilan mehri tushgan chin iste’dod sohiblarini qo‘llab-quvvatlagan, himoya qilgan.
Birgina misol. 1967 yili Uchqun Nazarov Abdulla Qahhor tavalludining 60 yilligi munosabati bilan adib haqida film yaratishga chog‘langanida, suratga olish uchun adibning shaxsan o‘zi diliga yaqin bir guruh nosir, shoir, adabiyotshunoslarni taklif etdi. Bular – Shuhrat, Said Ahmad, O. Yoqubov, P. Qodirov, O‘. Umarbekov, E. Vohidov, A.Oripov, O‘.Hoshimov, Sh. Xolmirzayev, adabiyotshunos-tanqidchilardan M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinovlar… Ayni shu “Qahhor odamlari” XX asr ikkinchi yarmi o‘zbek adabiyoti va tanqidchiligining qiyofasini belgilagan ijodkorlardir. Ne baxtki, filmga taklif etilganlar orasida kamina ham bor edim! Hali yosh bir tadqiqotchi, boshlovchi munaqqid bo‘la turib, Qahhordek alloma nazariga tushganimni eslasam, hozir ham yuragim hapriqib ketadi. Shunday holat faqat kaminada emas, keyinchalik ijodiy shijoati bilan O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri, yozuvchisi, “Respublikada xizmat ko‘rsatgan Fan arbobi”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlagan, Akademik maqomiga erishgan Said Ahmad, Shuhrat, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov, To‘lovbergan Qayipberganov, Erkin Vohidov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, O‘. Umarbekov, Sh. Xolmirzayev, O‘. Hoshimovlar ham bir umr ustozdan cheksiz minnatdor bo‘lib dunyodan o‘tdilar.
Men Qahhor xonadonidagi, adibning shahardagi uyi va Do‘rmondagi bog‘ hovlisida bo‘lib o‘tgan ko‘plab adabiy gurunglarda ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘lganman. Bu davradagi suhbatlar shaxsan men uchun universitet adabiyot ta’limidan yuksakroq bo‘lgan desam, buni mubolag‘aga yo‘ymagaysiz, aziz o‘quvchim.
Davra gurunglarida asosan hayot va adabiyot ustida gap borar, muallifi kim bo‘lishidan qat’i nazar yangi chiqqan asarlar xususida faqat haqiqat aytilardi. Rasmiy davralarda ijobiy baholangan, mukofotu sovrinlar bilan taqdirlangan ko‘p soxta asarlarning avra-astari ochib tashlanardi. Bugina emas, matbuotda, universitet auditoriyasida “reaksion”, “antisovet” sifatida qoralanib turgan g‘arb va rus faylasuflari, ruhshunoslari, san’atkor, adiblari asarlari ustida ham iliq gaplar, o‘zgacha qarashlar bildirilardi. Shopengauer, Nitshe, Freyd, Kafka nomlarini ilk bor shu davralarda eshitganman. Suhbatlar o‘z-o‘zidan hayot muammolari, siyosatga borib taqalar, “sotsializmning Sharqdagi mash’ali” deb nom olgan respublikamizdagi real ahvol, yuritilayotgan munofiqona siyosat, mehnatkash xalqning, xususan, qishloq ahlining nochor turmushi, ayollarning, maktab bolalalarining qullarcha mehanati haqida mardona gaplar aytilardi… 1977 yili Moskvadagi Oliy Adabiyot kursida sobiq Ittifoq yosh tanqidchilarining bir oylik seminarida qatnashib edim. Taniqli rus adiblari F. Abramov, A. Astafyev, Ye. Yevtushenko, V. Rasputinlarning mardona chiqishlarini tinglab beixtiyor Qahhor xonadonidagi gurunglarni eslardim. O‘n yil burungi o‘sha gurunglar shukuhi parvozi bu yerdagi gap-so‘zlardan aslo qolishmas edi. Men o‘shanday gurunglar shohidi bo‘lganim uchun o‘zimcha faxrlanardim. Bu an’ana Qahhor vafotidan keyin ham davom etdi. Mana, qirq yildan oshibdiki, har yili adib tug‘ilgan kun – 17 sentyabrda uning xonadonida to‘planamiz, bu xonadonda bo‘lib o‘tgan mashhur gurunglarni qo‘msaymiz, ulug‘ adibni, Kibriyo opani eslaymiz, ustoz o‘gitlarini, mardona so‘zlarini yodga olamiz, Qahhor shaxsiyatining keyingi yarim asrlik milliy adabiyotimiz, xususan, adabiy-tanqidiy tafakkur rivojiga beqiyos ta’siri ustida o‘y suramiz. Ozod aka bilan Matyoqub aka to umrining oxiriga qadar shunday davralarning to‘rida o‘tirar, davrani boshqarib borardilar.
Qahhor xonadoni davralarida, jumladan, adabiy tanqid haqida ham biz hech qayerda o‘qimagan, eshitmagan gaplar bo‘lardi. Shulardan ayrimlari esimda qolgan: “Tanqidchi ijodkor bilan kitobxon orasida Qorabotir emas, do‘st – tilmoch bo‘lishi kerak”; “Tanqidchi – bamisoli mehribon doya kabi yangi tug‘ilgan yaxshi asarni yo‘rgaklab olishi lozim…”; “Belinskiy, Dobrolyubovlar bilan Pushkin, Lermontovlar munosabatini eslang – ular bir-birlariga do‘st, mehribon bo‘lganlar, bir maqsad yo‘lida kurash olib borganlar. Bir-birlarini naqadar yaxshi tushunganlar. Bir tilda so‘zlashganlar. Bizda esa buning butunlay teskarisi. Yozuvchi “A” desa, tanqidchi “B” deydi. Iste’dodli asarni qo‘lda guldasta tutib qutlash o‘rniga nayza ko‘tarib qarshi oladi. Dilidagi gapni aytish o‘rniga, yuqoridagilarning qosh-qovog‘iga qarab gapiradi. Ular nazarida asar yozgan yozuvchi – qora kursida o‘tirgan jinoyatchi, o‘zlarini esa hukumatning himoyachisi – posboni deb biladi”.
Darhaqiqat, o‘tgan asrning 20-yillari o‘rtalaridan tortib to 60-yillarga qadar bizdagi tanqidchilik manzarasi ayni adib aytganiday bo‘lgan. O‘sha kezlari Cho‘lpon bilan Oybekning ko‘ngil lirikasi, “O‘tkan kunlar”, “Abulfayzxon”, “Hind ixtilochilari”, “Sarob”, “Navoiy”, “Qo‘shchinor”, “Tobutdan tovush” singari e’tiborga sazovor barcha asarlar va ularning mualliflari boshiga ne-ne savdolar tushganligini, “Tirik satrlar”, “Yoshlar bilan suhbat” kitoblari o‘tda yoqilganini yaxshi bilamiz. Bu ofat 70-80-yillarda ham turli ko‘rinishlarda davom etdi… Shaxsiy g‘araz, baxillik, jaholat va demagogiya samarasi bo‘lmish ur-yiqitchilik avj olgan kezlar milliy tanqidchiligimiz tarixidagi, Qodiriy ta’biri bilan aytganda, “eng kirlik, qora kunlar” bo‘lib qoldi.
Darvoqe, Qahhor davralarida tanqidchining mas’uliyati, talabchanligi, adabiyotdagi xalturaga, bo‘sh, yolg‘on va soxta asarlarga qarshi murosasiz bo‘lishi zarurligi doimo ta’kidlanar, adibning o‘zi bu jihatdan ham safdosh va shogirdlariga o‘rnak ko‘rsatardi. “Tanqidchilikdagi ofarinbozlik” iborasining ijodkori ham, bu illatga birinchi bo‘lib o‘t ochgan ham uning o‘zi edi. Oltmishinchi yillari tanqidchilikda javlon urgan, yaxshi-yomon asarlarning farqiga bormay, ularning barchasiga birdek ofarin aytishni kasb qilib olgan bir munaqqid haqida so‘z ochib: “Bu odam nushqurd chiqarmaydi, yam-yashil beda bilan sassiq alafning farqiga bormay barobariga tushiraveradi” degan edi. O‘ziga eng yaqin adib va munaqqidlar asarlaridagi kamchilik va nuqsonlarni ham o‘ziga dangal aytar, ayni paytda o‘z asarlari xususida oqilona bildirilgan e’tirozlarni e’tibor bilan tinglardi. Ustoz ko‘pincha katta ilmiy maqolada ifodalash mumkin bo‘lgan o‘tkir masalalarni birgina jumla – istehzo orqali aytib yuborar, adabiyotdagi noxush hodisalarga nihoyatda teran, odilona baho berardi. Bir gal Do‘rmondagi bog‘da gurunglashib o‘tirganimizda, o‘zini Abdulla akaga yaqin olib yuradigan hozirjavob jurnalist qalamkash kelib qoldi. O‘sha kuni gazetada uning cho‘chqachilikni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorga javoban yozilgan hikoyasi chiqqan edi. Salom-alikdan so‘ng Abdulla aka birdan “Hikoyangizni o‘qidik, antiqa narsa – Cho‘chqa obrazini adabiyotga olib kiribsiz” dedilar. Shunda boyagi jurnalist yozuvchining rangi o‘chib ketdi. Hammamiz yerga qarab qoldik. Shu birgina istehzoning o‘zi ham yozuvchi, ham tanqidchi uchun jiddiy saboq edi. Bunaqa voqealar ko‘p bo‘lgan.
Qahhor xonadonidagi bu xil gurunglar ruhi birinchi galda Matyoqub Qo‘shjonov va Ozod akalar orqali Milliy universitet auditoriyalariga ham bamisoli nur tezligida kirib kelar, o‘z navbatida yosh munaqqidlar, men va mening safdoshlarim – Norboy, Abdug‘afur, o‘sha kezlarda talaba bo‘lsa-da yaqin suhbatdosh va maslakdoshim Ibrohimjonlarning shuurida chuqur iz qoldirib, bizlarning maslak va e’tiqodimizga aylanib borardi. Men ham talabalar oldidagi ma’ruzalarimda, Yozuvchilar uyushmasidagi muhokama-munozaralarda, matbuotdagi chiqishlarimda baholi qudrat Qahhor odami kabi so‘zlashga, yozishga intilardim. Qahhorga bo‘lgan ehtirom sabab nomzodlik ishim zamonaviy hikoyachilik masalalariga bag‘ishlangan edi. Hikoyachilikka oid turkum maqolalarim el og‘ziga tushdi, hatto “Sharq yulduzi”da chiqqan “Dahshat” hikoyasi tahliliga bag‘ishlangan maqola xususida Abdulla Qahhordek talabchan murabbiy iliq gap aytdi. Bu hol meni nihoyatda ruhlantirib yubordi, shundan keyin butunasi adabiyot, tanqid olamiga sho‘ng‘ib ketdim. Bu orada meni Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilishdi, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimovlar safida 1966 yil bahorida Moskvada o‘tgan o‘zbek yosh yozuvchilari seminariga yuborishdi. Moskvadan yanada dadilroq bo‘lib qaytdim. Qahhor davralaridan boshlangan, adabiyot, adabiy tafakkur rivoji yo‘lida g‘ov bo‘lib turgan aqidaparastlikka qarshi qalbda jo‘sh urgan isyon menga tinchlik bermasdi. Ustoz Ozod aka izidan borib ehtirosga berilib qaltis masalalarda “quyushqon”dan chiqib ketganim uchun goho tanbehlar eshitar edim.
Shu orda faylasuf bir munaqqidning aqidaparastlik ruhidagi chiqishlari xususida so‘z ochib shunday degan edim: “Uning qarshisida har gapning birida materiya birlamchi, ong ikkilamchi deb turmasang baloga qolasan”. Oqibat men aytgandan ham battar bo‘ldi. Bu kimsa menga qarshi bir quloch maqola yozib “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalida e’lon etdi, meni materialzim va marksizmni haqorat qilishda aybladi, nomimni jahon falsafasi tarixidagi “eng ilg‘or ta’limot”ning ashaddiy dushmanlari – idealistlar qatoriga tirkab qo‘ydi. Bugina emas, bunaqa siyosiy savodsiz odam universitetda dars berishi, yozuvchilar safida turishi mumkin emasligi xususida yuqori idoralarga xatlar yo‘lladi… Nima qilarimni bilmay gangib yurgan kezlarim, Kibriyo opa xonadonimizga telefon qilib qoldilar: “Abdulla akangiz yo‘qlayaptilar, bir kelib ketar ekansiz” dedilar. Bordim. Abdulla akaning stoli ustida o‘sha mash’um maqola chiqqan jurnal turardi. Gap nimada ekanligini angladim. Ustoz mening atrofimdagi g‘alvalardan xabar topib, bu xususda Yozuvchilar uyushmasi rahbari, Markaziy Qo‘mita xodimlari bilan suhbatlashibdi. “Xatar o‘tdi, xotirjam bo‘l. Ko‘rib turibman, o‘zingni ancha oldirib qo‘yibsan. Birgina mushtga shunchalikmi, — dedilar kulib va qo‘li bilan boshiga ishora qilib so‘zida davom etdilar, — bu boshga bunaqa mushtlardan son-mingtasi tushgan, o‘lib qolganim yo‘q, mana, tirik yuribman. Navoiy aytmoqchi, emas oson bu maydon ichra turmoq… Adabiyot ishi chidaganga chiqargan!” So‘ng jurnaldagi maqolaga sha’ma qilib dedilar: “Qip-qizil demagogiyaning o‘zginasi. Demagog bilan shallaqi, bezori orasidagi masofa bir odim. Bunaqa kimsalar bilan olishib baraka topmaysan. Yaxshisi, ulardan uzoqroq yur”.
Shu-shu ikkinchi bor uning nomini tilga olmaydigan bo‘ldim.
Oradan ko‘p o‘tmay ustoz Matyoqub akaning maslahatiga ko‘ra Abdulla Qahhor tug‘ilgan kunning 60 yilligiga atab u haqda kitob tayyorlaydigan bo‘ldik. Men kitobning “Hikoyanavis san’ati” qismini yozdim. Qo‘lyozma tayyorlanib nashriyotga topshirildi. Negadir nashr ishi yurishmay qoldi. Shu orada kitob qo‘lyozmasiga yozilgan muallifi sir tutilgan ichki taqrizni qo‘limga tutqizishdi. Unda qo‘lyozmaning kamina qalamiga mansub qismi keskin tanqid qilingan, Qahhor hikoyalarining g‘oyaviy-siyosiy jihatlari yetarli ochib berilmagan, muallif A. Alimuhamedov izidan borib adib hikoyalarini “burjua estetizmi” ruhida tekshirgan, deya ayblar qo‘yilgan, uni shu holda chop etish mumkin emas deya hukm chiqarilgan edi. Ilk kitobim qo‘lyozmasi haqidagi bu xil keskin hukm meni dovdiratib qo‘ydi. Shunda Matyoqub aka jonimga ora kirib: “Bu siyosiy safsatabozlikdan boshqa narsa emas, Siz xotirjam bo‘ling, o‘zim gaplashaman, kitob, albatta chiqadi” dedilar. Domla aytganiday bo‘ldi, kitob o‘zgarishsiz chiqdi, afsus, adib vafotidan keyin chiqdi…
O‘tgan yarim asr davomida Qahhor mavzusi, Qahhor ruhi men uchun xuddi Qodiriy mo‘’jizasi kabi doimiy hamrohimga, betinim o‘y-mushohadalar xilqatiga aylandi. Shu yillari Qodiriy kabi Abdulla Qahhor qismati, ijodiy merosi tevaragida ketgan bahs-munozaralar, adolatli va adolatsiz “jang”lar ichida bo‘ldim, bunday “jang”lar chog‘i goho chalg‘igan paytlarim ham bo‘ldi. Yaratganga shukurkim, asos-e’tibori bilan ustozga, ustoz adabiy muhiti, maktabidan olgan saboqlarimga bir umr sodiq qolishga intildim. Shu intilish samarasi o‘laroq, adib haqidagi turkum maqolalarim, xotira, suhbatlarim, “Qahhorni anglash mashaqqati”, “Ustoz ibrati”, nihoyat, “Abdulla Qahhor: shijoat va mahorat jozibasi” kitoblarim dunyoga keldi. U yog‘ini surishtirsangiz kaminaning hozirga qadar matbuotda e’lon qilingan 600 dan ortiq adabiy-tanqidiy maqolalarim, chop etilgan 50ga yaqin katta-kichik kitoblarim asosan Qahhor adabiy muhiti – maktabi odamlari, qolaversa, adib ulug‘lagan tabarruk zotlar ijodi haqida bahs etadi.
Download 191.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling