Annotatsiya: Ushbu maqolada o‘zbek adabiyotining zabardast vakillarida biri O‘tkir Hoshimov
Download 15.89 Kb.
|
Документ (6)
O‘TKIR HOSHIMOV IJODIDA ONA OBRAZI 1923 guruh Majitova Munisa Annotatsiya: Ushbu maqolada o‘zbek adabiyotining zabardast vakillarida biri O‘tkir Hoshimov ijodiga to‘xtalib o‘tilgan. Shuningdek, ushbu ijodkorning asarlaridagi Onalar obrazining ichki ruhiyati, kechinmalariga asarda yoritilgan davrning ta’siri haqida mulohazalar yuritilgan. Kalit so‘zlar: badiiy asar, zohiriy harakat, botiniy kechinma, qahramon ruhoniyati, badiiy obraz, Ona obrazi, fojeaviylik, davr inqiroz. Asrlar davomida shakllangan milliy qadriyatlarimizga tayangan, bugungi kunda istiqlol mafkurasi bilan sug‘orilgan, shu bilan birga, bizni umumbashariy ulug‘ ma’naviyat sari yetaklayotgan milliy ongimiz, shuurimiz va dunyoqarashimizning shakllanishida badiiy adabiyotning o‘rni beqiyosdir. Badiiy asarlar haqida gap ketganda, adabiyot ahli orasida: “Badiiy asar qisqartirilgan borliq yoki voqelikning modelidir”, -degan fikrlar mavjud bo‘lib, bu avvalo, har bir yaratilgan badiiy asarning insoniyat hayotining in’ikosi ekanligini tasdiqlaydi. O‘zining badiiy asarlarida millatimizning yaqin o‘tmishi va bugungi hayoti, unung butun murakkabliklarini,milliy urf-odatlar va qadriyatlarni izchil badiiy dalolatlar bilan tasvirlab adabiyot taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shgan O‘tkir Hoshimov haqida gap ketganda adabiyotshunos U.Normatovning quyidagi fikrlarini keltirish mumkin: “… istiqlol yillarida sho‘rolar davrida ijod qilgan ko‘pgina yozuvchilar o‘zlarining avval yaratgan asarlarini mustaqillik mafkurasi nuqtai nazaridan qayta tahrir etishga majbur bo‘ldilar. Ammo O‘tkir Hoshimov asarlari bunday tahrirlarga ehtiyoj sezmadi”.[1.27-bet] Albatta, bu so‘zlar bejiz aytilgan emas. Chunki O‘tkir Hoshimov asarlarida insonlar hayotining zohiriy harakatlari, botiniy kechinmalari yetakchilik vazifasinin o‘taydi. O‘tkir Hoshimov o‘z asarlarida qahramonlarining ruhoniyati orqali inson va davr ma’naviy dunyosining sarhadlarini tasvirlaydi. Akademik B.Nazarov yozuvchi ijodi to‘g‘risida to‘xtalar ekan: “O‘tkir Hoshimov ijodini to‘lib-to‘lg‘anib, shiddat va karomat bilan oqayotgan daryoga o‘xshatgim keladi… O‘tkir Hoshimov asarlarini daryoga bejiz o‘xshatganim yo‘q. O‘qisangiz, ularning dilidagi daryovash sifatlarni aniq ko‘rasiz, anglaysiz va his etasiz”. [2.110-bet] Aniqki, hech bir asarga badiiy obrazlar o‘z-o‘zidan kirib kelmaydi. Yozuvchi asariga qahramon tanlar ekan, avvalo, uni o‘z atrofidan izlaydi. Shu boisdan ham Chingiz Aytmatov: “Badiiy asar odamning odam haqidagi hikoyasidir”, -deydi. [3.25-bet] Ijodkor asar uchun qahramon tanlar ekan, avvalo, asar qahramonlarining jamiyatga, ijtimoiy muhitga va aksincha, jamiyatning qahramonlar hayotiga ta’sirini diqqat markazida tutadi. Misol uchun, O‘tkir Hoshimovning “Urushning so‘nggi qurboni” hikoyasida ikkinchi jahon urushining insonlar turmush tarziga, shu bilan bir qatorda ularning ruhoniyatiga qilgan ta’sirlarini ko‘rishimiz mumkin. Hikoyasining asosiy qahramoni- Umri xola. Ona, ya’ni Umri xola, Shone’mat uchun o‘zining ikkinchi o‘g‘li Shoikromning hovlisidan o‘g‘rilik qilishga majbur bo‘ladi. Bu o‘g‘rilik orqali yozuvchi davrning qay darajada murakkabligini, qahramonlar taqdiriga ta’siri va uning fojiaviy oqibatini ochib beradi. Bu fojeaviylik o‘g‘rini ushlash alamida yurgan o‘g‘il Shoikrom harakatining oqibatida yuz beradi. Oqibat mushfiq onaizorning ayanchli o‘limi bilan yakun topadi. Xo‘sh, onaizorning ko‘nglida yomonlik yoki qalbida jaholat, yovuzlik bormidi? Axir u farzandi uchun shu ishni qilishga majbur bo‘ldi-ku! Unda o‘g‘ri kim? O‘g‘ri – jaholat va yovuzlikka asoslangan davr va jamiyatdir. Ana shu sabab yozuvchi Umri xolani ham, Shoikromni ham o‘g‘rilik-u qotilliklarni, avvalambor, davr hayotidan kelib chiqqan holda mulohazalantiradi. Bu mulohazalarning tub ildizida esa urush va uning oqibatlari gavdalanadi. Ona ruhoniyatiga urushning ta’siri O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romanida ham o‘z ifodasini topgan. Romandagi Qora amma, Robiya, Ra’no obrazlari buning yaqqol namunasidir. Bu onalarning qismatida ham davr ta’sirini ular hayotida ro‘y bergan voqealar tasvirida ko‘rishimiz mumkin. Yozuvchi Qora ammaning o‘g‘li Kimsanni kutishi epizodlari, Robiyaning Muzaffar ismli bolaning onasiga aylanishi, Ra’noning vijdon azobidan qutila olmasligi, farzandidanvoz kechishi lavhalarida ONAlarning ma’naviy fazilatlari va yetukliklari, ma’naviy tubanligi va qashshoqligi davr inqirozi ekanligini obrazlarning ruhiyatida, zohiriy harakatlari va botiniy tuyg‘ularida tasvirlaydi. Xulosa qilib aytganda, O‘tkir Hoshimov davr va Ona obrazini chizar ekan, har bir asarida xalq hayotining negizini, ma’naviy-axloqiy e’tiqodlarini badiiy tahlil etishni bosh maqsad qilib qo‘yadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Normatov U. Umidbaxsh tamoyillar.-T.: Ma’naviyat, 2000. 2. Nazarov B. Xalq mehrini qozongan adib.-T.: Mumtoz so‘z. 2011. 3. Yo‘ldosh Q.,Yo‘ldosh M. Badiiy tahlil asoslari.-T.: Kamalak. 2016. Download 15.89 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling