Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


-§. Falsafiy teologiya (ilohiyot)


Download 1.69 Mb.
bet30/38
Sana24.02.2020
Hajmi1.69 Mb.
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   38

3-§. Falsafiy teologiya (ilohiyot)
Din falsafasi falsafaning bir qismi sifatida Xudo to‘g‘risidagi, ilohiy mohiyat haqidagi fikr-mulohazalar bilan bog‘liq holda falsafa bilan shug‘ullanish demakdir. U falsafa ilmining nisbatan mustaqil qismi bo‘lib, eng avvalo falsafiy teologiya sifatida maydonga chiqadi. Falsafiy ilohiyot har qanday dinning konseptual, nazariy qismini ifodalovchi ilohiy aqoidlar bilan bevosita aloqadorlikda va ayni paytda ulardan farqli ravishda mavjuddir.

Teologiya atamasi (deus - Xudo, logos- ta'limot) qadimgi Yunonistonda paydo bo‘lgan va dastlab hyech qanday falsafiy yukka ega bo‘lmagan. «Teologiya» so‘zi ilohlar to‘g‘risidagi dostonlarda qo‘llanilgan, bunday asarlarning mualliflarini esa teologlar deb atashgan.

Arastu «teologiya» atamasidan falsafaning muayyan qismini belgilash uchun foydalanib, mazkur atamani sharhlashda burilish yasadi. U nazariy falsafani matematikaga, fizikaga va teologiyaga ajratdi. Arastu ilohiyot ilmini «birinchi falsafa», oliy mushohada fani yoki «oliy falsafa» deb nomladi. U ilohiyot ilmini borliq, uning ibtidosi va mavjudligi sabablari to‘g‘risidagi fan sifatida belgilab berdi.

Musulmon Sharqida Arastu g‘oyasi ba'zan Aflotun qoidalariga qo‘shilgan holda (yoki bahslashgan holda) qat'iy yakkaxudolik ruhida qayta talqin etildi (masalan, al-Kindiy, al-Forobiy).

Falsafaning (al-falasifaning) vujudga kelishi antik andozalar ta'sirida ro‘y berdi. Musulmon faylasuflari borliqning ilohiy mohiyatini rad etmagan holda, fanlarni yozma rivoyatlarga (ulum naqliya) asoslangan teologiya faniga hamda borliqni ratsional talqin etishga asoslangan ratsional (ulum aqliya) fanga ajratganlar. Al-falasifa shu ma'noda kalom ilmiga yaqin turadi. Kalom ilmida Arastu dialektikasining ustunligi sezilib turadi.

Markaziy Osiyo ham turli maktablarga mansub bo‘lgan (Al-Beruniy, Ibn Sino, Al-Forobiy maktablariga) mashhur faylasuflar silsilasini dunyoga tuhfa etgan. Bu faylasuflarning jahon falsafa fani oldidagi xizmatlari shundaki, ularning asarlarida falsafa va teologiyaning ajratilishi asoslab berilgan. Bunda falsafa «butun borliqni bilishning asosi» - g‘oyalar sifatida tasavvur etilgan bo‘lib, g‘arbiy yevropa faylasuflari yuz yillardan keyingina shunday xulosaga kelganlar.

XI-XIII asrlar yevropa falsafasida teologiya tushunchasiga konseptual ilohiyot deya ta'rif berilgan. Teologiya o‘rta asrlar yevropasining konseptuallashtirilgan hukmron tafakkuriga aylangan. Teologiya dinni tadqiq etuvchi fan sifatida, falsafa esa «ilohiyot ilmining xizmatkori» (slujanka «bogosloviya») sifatida qabul qilingan va u teologiyaning qoidalarini asoslab berishi kerak deb hisoblangan. U teologiyani, ratsional uslubdagi qotib qolgan nuqtai nazarlarni birlashtiruvchi sxolastika shaklida va shakliy-mantiqiy masalalarga moyil holatda maydonga chiqdi.

Yangi zamonda falsafa teologiyadan ajratiladi va dindan uzoqlashtiriladi. Fan va din bir-biridan mustaqil holda yashay boshlaydi. Shu bilan birga ular bir-biriga qarama-qarshi turadi.

Teologiya «ilohiy haqiqat» bilan, falsafa esa yaxlit fan sifatida – tabiiy olam bilan shug‘ullanadi. Falsafa o‘zini bilishning hamma narsani, shu jumladan dinni ham o‘z muhokamasiga, tafakkur ila bilish doirasiga tortishi lozim bo‘lgan oliy ko‘rinishi sifatida his eta boshladi. Shu bois falsafa ilmning tili va tushunchalaridan Xudoning g‘oyalarini hamda «ilohiy haqiqatni» asoslash uchun foydalanuvchi falsafiy teologiya g‘oyalari tez suratlarda rivojlana boshladi.

Hozirgi vaqtda teologiya (konfessiyaviy, cherkov teologiyasi) tushunchasi nazariy ilohiyot, ilohiy haqiqat sifatida qabul qilinadigan matnlar asosida tuzilgan, Xudoning mohiyati va xatti-harakatlari to‘g‘risidagi xilma-xil xulosalar va ta'limotlar majmui sifatida tushuniladi. Falsafiy teologiya esa sof falsafiy vositalar orqali, ya'ni ilohiy haqiqat dalili va mazmunidan qat'i nazar, falsafiy asoslash, isbotlash va sistemalashtirish mezonlari hamda standartlariga muvofiq Xudo to‘g‘risidagi ta'limotni yaratishga bo‘lgan intilish sifatida anglanadi.

Bu Xudoni falsafiy anglash demakdir. Falsafiy teologiyaning vazifasi Xudo to‘g‘risida falsafiy ta'limot yaratishdan iborat. Uning maqsadi birinchidan, Xudoning mavjudligini, ikkinchidan, imkoniyat darajasida, Xudoning tabiatini tushuntirib berishga, uchinchidan Xudo va Olam o‘rtasidagi, Xudo va inson o‘rtasidagi munosabatlarni tavsiflashga qaratilgan.

Aytib o‘tish joizki, falsafiy teologiya, diniy teologiya kabi Xudoni to‘liq va mukammal anglab yetish uchun da'vogarlik qilmaydi. Falsafiy teologiya Xudoning asosiy sifatlarini ko‘rsatib berishga va anglashga intiladi. Qodirlik, har narsadan voqiflik, har yerda hozirlik, doimiylik, g‘oyibiylik va boshqa shu kabilar Xudoga xos fazilatlar sifatida e'tirof etiladi. Eng muhim muammo Xudo va Olam, Xudo va yaratuvchilik, Xudo va inson o‘rtasidagi munosabatlardan iboratdir.

Xudo va olam o‘rtasidagi munosabatlar masalalari borasida falsafiy teologiyaning turli yo‘nalishlari o‘rtasida qizg‘in bahslar bormoqda. Teizm ( grekcha Deus – Xudo) mumtoz, an'anaviy falsafiy-ilohiy ta'limot hisoblanadi. Teizm mutlaq borliqni, olamni o‘z xohish-irodasiga ko‘ra yaratgan va uni mangu boshqaradigan, olamga nisbatan barhayot ilohiy xilqat (shaxs) sifatida tushunishdan kelib chiqadi. Teistik ta'limotga ko‘ra Xudo olamning, umuman, rang baranglikdan iborat butun borliqning bosh negizidir. Hamma narsaning ildizi Unda, chunki hamma narsa bosh sabab sifatida Undan kelib chiqadi va oxirgi maqsad sifatida Unga intiladi. Xudo – birinchi va so‘nggi sababdir, ya'ni olamning sababkori va maqsadidir. Xudo o‘z xususiy mohiyatidagi mutlaq zarurat tufayli ham shundaydir. Teizmda Xudo cheksiz, barhayot, tabiatdan ustun turuvchi yaratilmagan shaxsiyat voqyeligi sifatida anglanadi. U O‘zidan tashqaridagi hamma narsani yaratgan, butun borliqqa nisbatan transsendentdir (ya'ni bilib bo‘lmas, har qanday tajriba doirasidan tashqarida), shu bilan birga u olamdagi ta'sirchan ishtirokini saqlab qoladi.

Deizm va panteizm kabi noan'anaviy teistik ta'limotlar birmuncha boshqacharoq yondashuvlarga tayanadilar.

Deizm ta'limoti yevropada Uyg‘onish davrida XUP asrda yoyilgan bo‘lib, unga ingliz mutafakkiri lord Cherberi asos solgan.Deizm ta'limoti Xudoning olam yaralganidan keyingi ta'sirchan ishtirokini inkor etadi. Xudo olamni yaratib bo‘lgach, keyingi jarayonlarning qonuniy kechishida hyech qanday tarzda ishtirok etmaydi va unga aralashmaydi.

Panteizm yana bir falsafiy-ilohiy oqimlardan biri hisoblanadi. Mazkur atama XIX asrda K. Krauze tomonidan muomalaga kiritilgan. Ushbu ta'limotga ko‘ra, olam Xudoning o‘zida yashaydi, lekin Xudo olamga singib ketmaydi. Panenteizm panteizmga yaqin ta'limot bo‘lib, u Xudoni koinot bilan tenglashtirmaydi, ayni paytda ularni ajratmaydi ham.

Panteistik g‘oyalar qadimiy hind tafakkurida – ayniqsa, braxmanizm, hinduizm, vedanta ta'limotlarida, shuningdek qadimiy Xitoy falsafasi - daosizmda, qadimiy yunon falsafasida – Fales, Anaksimen, Anaksimandr ta'limotlarida allaqachon mavjud edi. Bu ta'limotlar o‘rta asrlarga kelib ham musulmonlar Sharqida, ham yevropada rivojlana boshladi. Panteistlar olamning Xudo tomonidan hyech narsadan yaratilganligi haqidagi hukmron teistik tasavvurlarga zid ravishda tabiatning vaqtdan tashqarida, doimiy ravishda shaxsiyatsiz Xudo tomonidan vujudga keltirilishi to‘g‘risidagi konsepsiyani rivojlantirdilar. Bu g‘oyalar neoplatonchilar va ularning Yaqin Sharqdagi izdoshlarining emanatsiya to‘g‘risidagi ta'limotlarida o‘z ifodasini topdi. Emanatsiya g‘oyasi, masalan, sharq peripatetizmi vakillaridan biri bo‘lgan Forobiy falsafiy ta'limotining asosini tashkil etgan. Forobiy ta'limotiga muvofiq Alloh – «o‘z-o‘zidan zaruriy mavjudiyat» har biri osmonning muayyan sohasiga taalluqli bo‘lgan, koinot «aqllaridan» (aql qadimiy yunon tilida Nus) boshlanuvchi qator emanatsiyalar (kechimlar) orqali abadiy olamni – «o‘zga tufayli zaruriy mavjudiyat»ni yaratadi. Mazkur «aqllarning» maqsadi oy ostidagi olamda ro‘y beradigan vujudga keltirish va yo‘q qilib yuborish jarayonlarini boshqaradigan «faol aql»ga (ongga) borib taqaladi.

Panteistik g‘oyalar Uyg‘onish davrida yevropalik faylasuflar – N.Kuzanskiy, J. Bruno, B. Spinoza va boshqa shu kabilar ijodida o‘z ifodasini topgan. Masalan, Bruno fikricha, cheksiz zoxiriy mutlaqlik bo‘lgan Xudo tabiat bilan tobora to‘laroq birlashib borgan, bu hol to Xudo mohiyatan tabiatning taxallusiga aylangunga qadar davom etgan399.

Shu tariqa falsafiy teologiya e'tiqod nuqtai nazaridan keltirib chiqariladigan diniy teologiyadan – ilohiyotdan farqli ravishda Xudo to‘g‘risidagi masalalarni «oldindan taxmin qilish» va ularni falsafiy usullar vositasida ko‘rib chiqishga da'vogarlik qiladi. Xudoga oid masalalarni, ilohiy voqyelikni talqin etish muayyan falsafiy oqimlar, ta'limotlar, konsepsiyalar nuqtai nazaridan, ular tomonidan ontologik, antropologik, gnoseologik, sotsiologik va boshqa muammolarni hal etish orqali amalga oshiriladi. Bu yerda fikrlar olamni anglashdan Xudoni anglash sari harakat qiladi.

Falsafiy teologiyadan diniy falsafani yoki teosofiyani ( yunoncha Deos – Xudo, sofia – donolik) ajrata bilish kerak. Diniy falsafa o‘zining ontologik, antropologik va boshqa muammolarni qanday hal etishidan kelib chiqqan holda, olamni, insonni, qadriyatlarni, shu jumladan ilohiy voqyelik masalalarini ko‘rib chiqishni o‘z predmeti qilib oladi. Bu yerda fikrlar diniy dunyoqarashlardan falsafiy muammolarni, ya'ni inson-olam munosabatlari muammolarini ko‘rib chiqish sari harakat qiladi. Diniy falsafa, uning tomizm, islom falsafasi (kalom), dzen-buddizm, neotomizm, nasroniylik antropologiyasi, umumiy mushtaraklik metafizikasi kabi boshqa oqimlari ilohiyot ilmi bilan falsafa ilmi to‘qnashadigan nuqtada joylashgan. Ular borliq, olam, inson muammolarini ko‘rib chiqishda diniy dunyoqarashning asosiy qoidalaridan kelib chiqadilar.
2 bob. DIN FeNOMeNI (DINNING MOHIYaTI)
1-§. Din ta'rifining muammolari
Fanda taxminan besh mingta din ma'lum bo‘lib, ular rang barang diniy shakllari va til ifodasidagi o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Bunday holat din tushunchasi va ta'rifini ishlab chiqish, ya'ni din nima degan savolga javob topish muammosini bir qadar murakkablashtirib yuboradi. Hozirda dinning taxminan 250ta ta'rifi, shu jumladan, diniy, ya'ni teologik ta'rifi, aniq fanlarning qoidalari va empirik materiallari asosida shakllanadigan ta'riflari, shuningdek dinning mohiyatini ochib berishga da'vogarlik qiluvchi falsafiy ta'riflari mavjud.

«Religiya» atamasi lotincha «relegere» - birgalikda bog‘liq degan so‘zdan, mazkur holatda dindor odamning ilohiy mavjudotlar bilan bog‘liqligini anglatuvchi so‘zdan, shuningdek «religio» – xudojo‘ylik, ehtirom degan so‘zdan kelib chiqqan. Bu atama nasroniylik (xristianlik) ana'analari uchun xosdir.

Sansrkitchada dharma atamasi qo‘llanilib (oriy tilida dhar – tasdiqlamoq, qo‘llab-quvvatlamoq, himoya qilmoq) ta'limot, ezgulik, axloqiy ibtido, burch, adolat, qonun degan ma'nolarni anglatadi. Bu so‘z buddizmda qo‘llaniladi, Hindistonda xalqning turmush tarziga hamda uni belgilovchi qoidalar yig‘indisiga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Islomda din atamasi qo‘llanilib, u dastlab hokimiyat, bo‘ysundirish degan ma'noni anglatgan, keyin esa Parvardigorga va Uning cheksiz hukmiga so‘zsiz itoat etish, o‘zini Allohga topshirish, diniy ko‘rsatmalarni bajarish, chin e'tiqod yo‘lida komillikka intilish ma'nosida ishlatilgan. Din - iymon (arabcha ishonmoq, e'tiqod qilmoqa), islom ( o‘zini Allohga bag‘ishlamoq, itoatgo‘ylik, diniy ko‘rsatmalarni bajarish), ixson (samimiylik, vijdonlilik, pok qalblilik) degan so‘zlarni ifodalay boshladi.

Xitoy tilida dinga nisbatan chiao – ta'limot degan so‘z qo‘llaniladi.

Qadimiy slavyanlarda «vera»(«e'tiqod»), «verstvo»(«e'tiqodlilik»), «verovaniya» («e'tiqod qilmoq») degan so‘zlar qo‘llaniladi. Rus tilida XUSh asrdan boshlab «religiya»degan so‘zdan foydalanib kelinadi.



Din falsafiy jihatdan guruh, individ ma'naviy hayotining sohalaridan birini; olamni anglash vositasini; inson va jamiyatning vujudga kelish jarayonida zaruriy tarzda yuzaga keladigan ma'naviy ishlab chiqarish sohalaridan birini; hayotiy faoliyatning bir jihatini anglatadi. U voqyelikni o‘ziga xos shaklda ifodalaydi va aks ettiradi, madaniyat fenomeni hisoblanadi.
2-§. Dinning vujudga kelishi va mavjudligi shart-sharoitlari
Dinning asoslari va dastlabki shart-sharoitlariga oid muammolarni hal etish yuzasidan turlicha nuqtai nazarlar mavjud.

Diniy nuqtai nazar Xudoning mavjudlik prezumpsiyasidan kelib chiqadi. Unga muvofiq harakat qiluvchi Xudo hamda muayyan shart-sharoitlarda Xudoni idrok etuvchi inson borligi tufayli din vujudga kelgan va yashamoqda. Agar Xudo bo‘lmaganda insonning ongida Xudoga e'tiqod ham bo‘lmas, va inson o‘z tabiatiga ko‘ra Xudoga o‘xshash mavjudot hisoblanmas edi.

Dinning vujudga kelish asoslari va shart-sharoitlari din falsafasi doirasida inson va olam o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar nuqtai nazaridan, inson ongining o‘ziga xos xususiyatlari, muvaqqatlilik va mangulik, cheklilik va cheksizlik nisbatini hisobga olgan holda ko‘rib chiqiladi.

Shunday ko‘rib chiqish yo‘nalishlaridan biri Inson hayotining individ va «inson majmui» sifatidagi jihatlarini tadqiq etish bilan bog‘liq bo‘lib, ularda borliqning mo‘rtligi: mavjudlikning cheklanganligi; kasalliklar, epidemiyalar, irsiy mutatsiya, keksayish va o‘limning yaqinlashuvi; muayyan xalqlar genofondi darajasining keskin pasayib ketishi; Homo sapiensning paydo bo‘lishi va insoniyatning yo‘q bo‘lib ketishi xavfi hamda boshqa shu kabilar aniqlanadi. Masalan, kasalliklar, kuchli ta'sir o‘tkazuvchi antropologik omillardan biri hisoblanadi. O‘rta asrlarda millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan vabo, chechak kasalliklari Xudoning qahrli jazosi oldida qo‘rquv uyg‘otgan. O‘tgan asrda va XXI asr boshlarida yana vabo, o‘lat, ispanka (eng qattiq gripp kasali) kasalliklarining xuruji qayd etildi. Insoniyat bugungi kunda odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV kasalligi) xavfi bilan to‘qnash keldi. Bunday holatlar yakka va ijimoiy diniy tafakkurda ratsional jihatdan emas, balki «Xudoning jazosi» sifatida qabul qilinadi.

Dinning paydo bo‘lishi va yashab qolishi turli xalqlar, ijtimoiy guruhlar va alohida odamlar darajasida iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning notekisligi kabi ijtimoiy holatlar, shuningdek mutelik, cheklanganlik, hukmronlik-bo‘ysundirish, ya'ni inson hayotining sobitqadamlik bilan tartibga solib bo‘lmaydigan sohalariga aloqador «tutqunlik» munosabatlari bilan bog‘liqdir.

Insonning tabiat va tengsizlik bilan kurash olib borishdagi ojizligi va chorasizligi odamlarda g‘ayritabiiy olamga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydigan omillar kabi namoyon bo‘ladi. Din nafaqat biror bir voqyelik in'ikosi bo‘lib qolmay, u insonga yetishmayotgan kuch-qudratni xayolan to‘ldiruvchi vosita hamdir.

Insonning bilish jarayonida ham diniy tasavvurlar, tushunchalar va g‘oyalarni yuzaga kelishi sabablari mavjud. Masalan, muayyan bir vaqtda bilish imkoniyatining cheklanganligi, bilimlarning xatolar bilan qo‘shilib ketishi, hissiy va ratsional bosqichlarning bir-biridan ajralib qolishi, shuningdek ularning amaliyotdan uzilib qolish ehtimoli shular jumlasidandir.

Insonning bilishi bilimsizlikdan bilish sari, nisbatan noto‘liq bilimdan to‘liqroq bilim sari, nisbiy bilimlardan mutlaq (absolyut) bilimlar, mutloq haqiqat sari harakat qiladi. Biroq mazkur bosqichlarning har birida voqyelikning anglab yetilmagan, o‘rganilmagan sohalari mavjud va shu sababli ular to‘g‘risidagi ilmlar mavjud emas, ya'ni allaqanday sirlilik bor. Tarixan taraqqiy etib kelayotgan bilishda haqiqiy bilish xatoliklar, ob'ektlar xossalarining noo‘xshash ifodalari bo‘lgan xomxayollar (illyuziyalar) bilan qo‘shilib ketgan.

Ratsional bosqichda tafakkur voqyelikni hissiy bosqichga nisbatan, ya'ni sezish, idrok etish, tasavvur etishga nisbatan chuqurroq anglaydi. Biroq bu yerda voqyelikdan ajralib qolish imkoniyati ko‘proq paydo bo‘ladi. Tafakkur voqyelikdan «balandga chiqib ketishi» mumkin. Mavhum, umumiy narsa yagonadan alohida tasavvur etiladigan «mavjudotga aylantirilishi» mumkin. Bunda giposteziyalashuv ( yunoncha – tayanch, asos, mohiyat) deb ataluvchi hodisa - munosabatlar tomonlarining ayrim xossalarini fikran mustaqil mohiyatga aylantirish hamda ularga ob'ektiv xossalar berish jarayoni ro‘y beradi.

Shu tariqa sub'ektivlik va ob'ektivlikni farqlamaslik, obrazni va predmetni ajratmaslik, faraz qilish qobiliyati, har qanday bilimning nisbiyligi, bilishning ratsional bosqichini hissiy bosqichdan, mohiyatni hodisotdan, umumiyni yagonadan ajratish, tajribani haqiqatning mezoni sifatida e'tirof etmaslik va boshqa shu kabilar dinning vujudga kelishi va qayta tiklanishi uchun gnoseologik shart-sharoit bo‘lib xizmat qiladi.


3-§. Din ijtimoiy quyi tizim sifatida
Din jamiyatga nisbatan muayyan quyi tizimdan iborat bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rniga ega va tegishli vazifalarni bajaradi.

Ilmiy adabiyotlarda dinning elementlari va tuzilishi haqida turli fikr-mulohazalar mavjud. Bunda mualliflar quyidagilarni ajratib ko‘rsatadilar: 1) diniy mafkura, his-tuyg‘ular, ibodat400; 2) diniy ong, ibodat, tashkilotlar401; 3) diniy ong, munosabatlar, diniy tashkilotlar402; 4) ta'limot, mif, axloqiy qadriyatlar, ibodat qilish amaliyotining diniy marosimlari va boshqa shakllari, dinni tarqatishning turli shakllari403; 5) diniy e'tiqod (miflar), diniy marosim (ibodat), etnos, dunyoqarash, ramzlar tizimi404 va boshqalar. Ko‘rsatib o‘tilganlarni umumlashtirgan holda, taraqqiy etgan dinlarning quyidagi qurilmaviy elementlarini ajratib ko‘rsatish mumkin: diniy ong, faoliyat, munosabatlar, institutlar va tashkilotlar. Bunda diniy ong uyg‘unlashtiruvchi tarkibiy qism hisoblanadi. Diniy ongning mazmuniga muvofiq diniy faoliyat rivojlanadi, diniy munosabatlar yuzaga keladi, diniy institutlar va tashkilotlar shakllanadi.

Jamiyat va sivilizatsiya turi, mintaqa va mamlakatning tarixiy taraqqiyot bosqichi bilan bog‘liq holda diniy yondashuvlar, ularning vazifalari va ta'sir doirasi o‘zgarib borgan.

Insoniyat tarixining dastlabki bosqichlarida diniy jamoalar etnik jamoalarga mos kelib, diniy ong yetakchilik qilgan. Diniy faoliyat jamiyat faoliyatning umumiy zanjirida muqarrar bo‘g‘inni tashkil etgan, diniy munosabatlar jamiyatdagi boshqa aloqalarga ta'sir ko‘rsatgan, diniy institutlar esa (cherkov) diniy va dunyoviy hokimiyatni o‘zida birlashtirgan.

Vaqti bilan diniy ong jamiyatda yetakchilik qilishdan to‘xtaydi. Shu bilan bir qatorda dunyoviy ongning turli shakllari rivojlanadi, diniy faoliyat asta-sekin faoliyatning umumiy zanjiridan ajralib, muayyan joy va vaqtga bog‘lanib qoladi. Etnik va diniy jamoalarning ajralishi jarayoni ro‘y beradi. Shu bilan birga ko‘pincha diniy mansublik va davlatga mansublikning bir-biriga o‘xshashligi ma'lum qilinadi.

Zamonaviy jamiyatlarda (ayniqsa, yevropada) diniy ongning ta'siri kamayib, dunyoviy ong ustunlik qilmoqda. Diniy guruhlar etnik jamoalardan ajratilgan. Diniy va dunyoviy hokimiyat turli institutlarga tegishli.


4-§. Diniy ong
Diniy ong har qanday dinning uyg‘unlashtiruvchi elementi hisoblanadi. U muayyan tadrijiy jarayonni bosib o‘tgan va turli shakllarda mavjud bo‘ladi.

Dinning nisbatan mustaqil ma'naviy soha sifatida paydo bo‘lishidan ilgari mifologik ongning shakllanish va rivojlanish jarayoni ro‘y bergan. Mifologiya (yunoncha – nutq, so‘z, hikoya, tasavvur, naql, rivoyat) afsonalar yig‘indisidan iborat bo‘ladi. Mifologiya inson ongi rivojlanishining dastlabki bosqichlarida olamni ma'naviy jihatdan o‘zlashtirishning yagona vositasi bo‘lgan va diniy bilimlar, badiiy obrazlar, ijtimoiy normalar va xatti-harakat namunalarini mushtarak holda birlashtirgan.

Mifologiya doirasida protodin va unga xos e'tiqod hamda marosimlar vujudga keladi. Shunday e'tiqodlarga fetishizm (fransuzcha fetiche – sanam, g‘ayritabiiy xislatlarga ega bo‘lgan tilsim) taalluqlidir. Fetishizm real narsalarda aslida ularga xos bo‘lmagan sifatlarning mavjudligiga ishonish va bu narsalarni qadrlashdan iboratdir. Turli tuman tabiiy jismlar – toshlar, daraxt bo‘lagi, jonivorning qoziq tishi va boshqalar, keyinchalik esa sun'iy ravishda tayyorlangan narsalar ham fetishlarga aylangan. Fetishlar kasalliklardan, ko‘z tegishidan xalos etish, asrash, ovda yordam berishga xizmat qilgan va hokazo.

Totemizm, magiya, animizm va boshqa shu kabi diniy e'tiqodlar ham mavjud bo‘lgan. Totemizm (shimoliy amerikalik hindulari tilida «o-toteman» – «uning qavmi» degan ma'noni anglatadi) odamlar qavmi, qabilasi o‘rtasidagi hamda jonivorlar va o‘simliklarning ayrim turlari o‘rtasidagi bog‘liqlikka e'tiqod qilish, mazkur e'tiqoddan kelib chiqadigan xatti-harakat va diniy marosimlardir. «Sher qavmi», «odam qavmi» va boshqa shu kabi etnonimlar totemizm bilan bog‘liqdir. Totemizm shu asnoda birinchi marta etnik mansublik belgisini yaratdi.

Magiya (yunoncha – jodugarlik, afsungarlik ) - odamlarning voqyelikdagi ayrim xatti-harakatlari bilan ayrim voqyealar o‘rtasida sababiy bog‘liqlik mavjudligiga e'tiqod qilish, mazkur e'tiqoddan kelib chiqadigan diniy marosimlar, rasm-rusumlar.

Animizm (lotincha anima + tus - jonli) ruhiy fenomenlarning – barcha moddiy narsalarda jonning, ruhlarning mavjudligiga e'tiqod qilishdir.

Tarixiy taraqqiyot, ijtimoiy tabaqalashuv va mehnat taqsimotining chuqurlashuvi jarayonida mifologik shakllar voqyelikni tushuntirishning universal va yagona vositasi bo‘lishdan to‘xtaydi. Garchi miflar o‘zidan o‘zi yo‘q bo‘lib ketmasa-da, din, falsafa, san'at, axloq, siyosat, huquq, ilmiy fanlar paydo bo‘ladi.

Tugab borayotgan urug‘chilik tuzumi sharoitida polidemonizm (ikki yunoncha so‘zdan kelib chiqqan – ko‘p va xudolilik) yuzaga keladi, ya'ni qabila xudosi sifatlariga ega bo‘lgan ustuvor ruh ajratib olinadi. Qabila xudolarining ta'sir doirasi chegaralangan bo‘ladi va bir-birini cheklaydi.

Nisbatan kuchliroq xudo tevaragida qabilalar ittifoqining vujudga kelishi mazkur qabila xudosining oldingi o‘ringa o‘tishiga sharoit yaratib berdi. U qabilalararo xudoga aylanib, boshqa qabilalarning xudolari tobelik huquqi ostida kiradigan panteon (xudolar silsilasi) boshlig‘i bo‘lib qoladi. Politeizm ( yunoncha – ko‘p, xudo; so‘zma-so‘z – ko‘pxudolik) vujudga keladi. Politeizm bir nechta yoki ko‘plab xudolar mavjudligi to‘g‘risidagi diniy tasavvurdir. Tabiat va jamiyatning qator sohalarida amal qiluvchi xudolar timsollari yuzaga keladi. Faoliyat maydoni bir qancha sohalarni qamrab olgan Xudo timsoli boshqa xudolar ham mavjudligini e'tirof etish bilan uyg‘unlashib, voqyelikning boshqa sohalari ana shu xudolar yordamida tushuntirilgan. Bugungi kunda buddizm, hinduizm, sintoizm va konfutsiylik politeistik dinlar hisoblanadi.

Mehnat taqsimoti, jamiyatning tabaqalashuvi, xalqlarning, monarxiya tuzumidagi davlatlar shakllanishining yanada chuqurlashuvi natijasida politeistik tizimlar ham yanada rivojlanadi. So‘ngra bitta xudo boshchiligidagi ko‘plab xudolar mavjudligi e'tirof etilishini anglatuvchi supromoteizm (lotincha supro – ustun, ustida, + yunoncha – xudo), shuningdek ko‘plab xudolarning mavjudligini e'tirof etsa-da, biroq bittasini qadrlovchi genoteizm paydo bo‘ladi.

Diniy e'tiqodlarning uzoq davom etgan tadriji natijasida monoteizm (yunoncha yakka, yagona xudo, so‘zma-so‘z – yakkaxudolik) vujudga keladi. Barcha rang barang tabiiy va ijtimoiy hodisalarni nazorat qiluvchi Xudo timsoli yuzaga keldi. Ko‘proq yoki kamroq darajada cheklangan va bir-birini cheklaydigan ko‘plab xudolarning rivojlanishi jarayonida umumiy va yagona Xudo to‘g‘risidagi tasavvur paydo bo‘ladi. Iudaizm, nasroniylik va islom monoteistik dinlar hisoblanadi.


5-§. Diniy e'tiqod
Diniy e'tiqod diniy ongning ajralmas xususiyati hisoblanadi. Ko‘pincha «e'tiqod» tushunchasi faqat diniy e'tiqod bilan tenglashtiriladi. Biroq har qanday e'tiqod ham diniy xarakterga ega bo‘lavermaydi.E'tiqod so‘zi lotincha veritas (haqiqat, voqyelik, haqqoniyat) va vents (zehnli, adolatli) degan so‘zlarga mos keladi. Kimga-nimaga yoki kimgadir-nimagadir e'tiqod qilish individ, guruh, omma ruhiyatining (e'tiqod qiluvchi sub'ektlarning) qat'iy ishonish, shaksiz ishonch va umid orqali ifodalanuvchi alohida holatidir.

Faoliyatning alohida turlarida va umuman hayotda mazmunan maqsadga erishish e'tiqod predmeti sifatida xizmat qilishi mumkin. Bu nimaningdir, qandaydir voqyeaning yoki voqyealar rivojining so‘nggi natijasi yaqinlashuvi va boshqa shu kabilar bo‘lishi mumkin, bunda qo‘yilgan maqsadga erishish haqidagi aniq axborot taqchilligi sharti mavjud bo‘ladi.

E'tiqodning mazmuni u faoliyat ko‘rsatadigan turli sohalarda turlicha bo‘lib, aniq harakat predmeti bilan bog‘liqdir. U odamlar hayotiy faoliyatining har qanday sohasida – siyosiy sohasida, masalan, xarizmatik siyosiy arbobga e'tiqod; iqtisodiyotda – muvaffaqiyatga ishonch, misol uchun, ishlab chiqarilgan mahsulotni foyda evaziga sotish; axloqda – axloqiy ideallarga e'tiqod qilish; badiiyatda – tasvirlangan voqyealar va obrazlarning haqiqiyligiga ishonish va boshqalar. Hyech bir odam, agar u hyech narsaga – jonning qutqarilishiga, jahon inqilobiga, bilimning kuchiga, Insonga va h.k. ishonmas ekan, to‘laqonli bioijtimoiy ob'ekt sifatida mavjud bo‘lolmaydi. Insonga tabiiy mayl, refleks, idrok, aqldan tashqari nimagadir yoki kimgadir – taqdirga, yalpi baxtga erishish mumkinligiga va boshqa shu kabilarga ishonish xususiyati xosdir.

Diniy e'tiqod umumiy e'tiqodning shakllaridan biri hisoblanadi. U ming yillar davomida e'tiqodning asosiy shakli bo‘lib kelgan. Eng qudratli va mukammal, mo‘jizaviy kuch sifatida qabul qilinadigan Xudo diniy e'tiqodning asosiy ob'ekti hisoblanadi.

Teologiyada e'tiqod Xudoning qobiliyati va faoliyatini Xudoga bo‘lgan shaksiz ishonch bilan mutloq va yaxlit holda qabul qilish sifatida gavdalanadi. Insonning Xudoga munosabati Xudoning o‘zi tomonidan yuzaga keltiriladi, bu munosabat haqiqatni ochib berishda namoyon bo‘ladigan va ifodalanadigan bilim bilan, ya'ni insonga Xudo tomonidan berilgan bilim bilan bog‘liq bo‘ladi.

E'tiqodni teologik jihatdan anglash ilohiy yozuvlarni sharhlash, shuningdek ilohiy matnlardan nisbatan mustaqil bo‘lgan, «e'tiqod va tafakkur», «e'tiqod va xatti-harakat», «e'tiqod va iroda» va boshqa shu kabi muammolarga bag‘ishlangan nazariy ishlanmalarni yaratish orqali amalga oshiriladi. E'tiqod ta'limot sifatida, ya'ni diniy aqidalar va hayotiy tajriba sifatida ko‘rib chiqiladi. Taraqqiy etgan dinlar - iudaizm, nasroniylik, islom, hinduizm va buddizm olamning – foniy dunyo (biz yashab turgan transsendental dunyo) bilan boqiy dunyoning (narigi dunyoning, transsendent (g‘ayritabiiy) dunyoning) muayyan manzarasini yaratuvchi belgilangan ilmiy tizimga, diniy aqidalarga ega bo‘ladi. Bu ilmiy tizim va diniy aqidalarda tegishli dinlarning mifologik va ramziy tilida ifodalangan narsalarni keng qamrovli va aniq-ravshan holda bayon etishga harakat qilinadi. Shu tariqa har bir din o‘z ta'limotiga, ya'ni o‘z-o‘zidan anglanadigan so‘nggi, ilohiy voqyelikning mavjudligi tasdiqlanadigan bazaviy qoidalarga ega bo‘ladi. Bu ta'limotlar diniy amaliyotning va umuman dindorlar hayotiy faoliyatining asosiga aylanadi. Shunday qilib, e'tiqodni teologik jihatdan sharhlash olamni va insonni yaratgan, O‘zi haqidagi bilimlarni ochish qobiliyatini odamlarga bergan eng mukammal xilqat (shaxs) sifatida Xudoga mutloq ishonishdan iboratdir.

Falsafada diniy e'tiqod inson hayotining muayyan tarzda namoyon bo‘lishi, insonning alohida ruhiy, ma'rifiy va hissiy holati sifatida ko‘rib chiqiladi.

Falsafada Xudo emas, balki u haqidagi tasavvurlar asosiy ob'ekt hisoblanadi. Bunda Xudoning mavjudligi to‘g‘risidagi bilim muammoga aylantiriladi, u avvaldan mavjud va shubhasiz haqiqat bo‘lgan bir narsa sifatida qabul qilinmaydi, balki ochib berilishi talab etiladigan narsa sifatida ko‘rib chiqiladi. Boshqacha qilib aytganda, falsafa e'tiqodning qonuniyligini yaxlit holda aniqlashga intiladi. Bunda masalaga uni yoqlash yoki betaraf qolish, nigilistik, ateistik nuqtai nazardan yondashish mumkin.

Birinchi holatda tafakkur va e'tiqod munosabatlari muammolariga, tafakkurning diniy e'tiqodlar tizimini asoslashda o‘z rolini bajara oladimi yo‘qmi degan masalaga alohida e'tibor qaratiladi.Ushbu savollarga javob berishda turli yondashuvlar mavjud.

U yoki bu diniy e'tiqodni tafakkur uchun maqbul bo‘ladigan tarzda asoslash zaruriyatini e'tirof etuvchilar keskin yondashuvga tayanadilar. Shu munosabat bilan e'tiqodni ilmiy jihatdan baholashda ratsional uslub imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanishga chaqiriqlar yangraydi. Bunda diniy dunyoqarashlarni tanqid qilishga yo‘l qo‘yiladi.

Falsafiy-teologik yondashuv ham mavjud bo‘lib, unga muvofiq e'tiqod tarkibidagi bilim, eng avvalo Xudoning mavjudligiga bo‘lgan ishonch shu bilimning o‘zagi sifatida ratsional dalillar bilan asoslashga muhtoj emas. Fideizmning turli variantlari shunga kiradi. Fideizm (fransuzcha fideisme va lotincha fides - ishonch) e'tiqod faqat ilohiy haqiqatning yoki diniy e'tiqod an'analarining nufuzi bilan belgilanishi kerak deya ta'kidlaydi. Fideizm nuqtai nazariga ko‘ra diniy bilimning tabiati aqldan ustun turadi va shu sababli uni na asoslab bo‘ladi, na tafakkur bilan ta'sir etib bo‘ladi. Diniy e'tiqodlar asosga juda ham boy, ulardan asosliroq hyech bir narsa yo‘qki, ular vositasida diniy e'tiqodlarni isbotlab bo‘lsa. Hatto e'tiqodning mazmuni shubha tug‘dirgan taqdirda ham, iroda kuchi va «ekzistensial» intilish bilan bu shubhani yengib o‘tib, e'tiqodni asrash va saqlash zarur. Diniy e'tiqodning o‘zi e'tiqod qiluvchi odam uchun asos bo‘ladi.

Falsafa o‘zining butun tarixi davomida diniy e'tiqodni, umuman dinni tanqid qiluvchi fan sifatida namoyon bo‘ladi. Diniy e'tiqodning tanqidi agnostitsizm, indeferentizm, ateizm va antiteologik empirizm (diniy aqidalarni mantiqiy pozitivizm doirasida mazmunsiz deb e'lon qilish) shaklida yuzaga chiqadi. Agnostitsizm dinning o‘zida Xudo haqidagi ishonchli bilimlarni mujassam etganligi to‘g‘risidagi da'vosini shubha ostiga oladi yoki diniy ilm, agar bunda allaqanday voqyelik to‘g‘risidagi bilim tushunilgudek bo‘lsa, u ilm emas deb ta'kidlaydi.



Ateizm (fransuzcha atheisme, yunoncha «a» inkor etuvchi qo‘shimcha, + Xudo, so‘zma-so‘z tarjimasi – xudosizlik) Xudoning mavjudligi va har qanday transsendent (g‘ayritabiiy) mohiyatlar xususida u yoki bu turdagi ratsional dalillar vositasida bahslashadi. Ateizmning quyidagi turlari mavjud: nazariy ateizm – muayyan nazariya va dunyoqarash pozitsiyasi; amaliy ateizm – insonning amaliy xatti-harakati bo‘lib, bu xatti-harakat Xudoning mavjudligi bilan biror bir bog‘liqqa ega bo‘lmasligi, Xudoni nazariy jihatdan inkor etish bilan bog‘liq bo‘lmasligi ham mumkin; siyosiy ateizm – dinni, uning aqidalarini va eng avvalo cherkov institutlarini tanqid qilish insonni ozod qilishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

Nazariy ateizmning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Antik zamonlarda hukmron dinga nisbatan boshqa qandaydir dinning foydasiga shubha bildiruvchilar «ateistlar» deb tushunilgan. Ilohiy voqyelikni «asil», haqiqiy tarzda tushunish uchun hukmron dinni almashtirishni talab etuvchi faylasuflar ham «ateistlar» qatoriga kiritilgan.

Ateizm butkul xudosizlik va Xudoning mavjudligini inkor etuvchi ta'limot sifatida yevropada XU1-XUP asrlarda paydo bo‘lib, X1X asrda Lyudvig Feyerbax asarlarida bir oqim sifatida shakllandi. XX asrda vaXX1 asr boshlarida ateizm turli shakllarga kiradi. Bu eng avvalo dinni falsafiy-antropologik tanqid qilish shakli bo‘lib, u dinning kelib chiqishi va yashashini Xudo bilan emas, balki insonning o‘zi bilan bog‘laydi. Xudo g‘oyasi insonda uning doimiy yaratuvchilik va reflektiv faoliyatida o‘ziga tayanch izlashi asnosida yuzaga keladi. Din asosan borliqqa nisbatan ojizlik tajribasidan kelib chiqadigan ruhiy va dunyoqarashga oid muammolarini hal etish vositasi hisoblanadi.

Yana boshqa yetarlicha keng tarqalgan qarashlardan biri – antiteologik empirizm, xususan mantiqiy pozitivizmdir. Unga muvofiq Xudo to‘g‘risidagi, g‘ayritabiiy, xayoliy olam to‘g‘risidagi fikrlar asosli emas. Ular aniqlashtirilishi, verifikatsiya qilinishi mumkin emas, chunki empirik kuzatuvlar olib borib bo‘lmaydi. Shundan diniy e'tiqodlardagi ichki qarama-qarshilik hamda mazmunsizlik muqarrarligi to‘g‘risidagi xulosa kelib chiqadi. Umuman, e'tiqod tarkibidagi diniy bilimga nisbatan falsafiy yondashuvlarning hyech biri bu bilimga so‘zsiz maqom berishga va diniy bilimni noaniqlikdan xalos etishga qodir emas.


3-bob. ASOSIY DINIY KONFeSSIYaLAR
Asosiy diniy konfessiyalar – bular, avvalo, uchta jahon dini: buddaviylik, xristianlik va islomdir.

Download 1.69 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   38




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling