Boshlang’ich sinf ona tili darslarida qo’llaniladigan metodlar namazova Gulbaxor Muzaffarovna oriental universiteti Boshlang'ich ta'lim kafedrasi o’qituvchisi Annotation


Download 18.44 Kb.
Sana09.04.2023
Hajmi18.44 Kb.
#1345556
Bog'liq
Namazova Gulbaxor Muzaffarovna inglizcha


BOSHLANG’ICH SINF ONA TILI DARSLARIDA QO’LLANILADIGAN METODLAR
Namazova Gulbaxor Muzaffarovna
ORIENTAL universiteti
Boshlang'ich ta'lim kafedrasi o’qituvchisi
Annotation: Mazkur maqolada boshlang’ich sinf ona tili darslarida qo’llaniladigan metodlar haqida ma’lumot berilgan. XIX - ХХ asrlarning oxirgi yillariga qadar ona tili o`qitishda tushuntirishbayon metodi, suhbat metodi, analiz-sintez metodi, mustaqil ish metodi, induktiv va deduktiv metodlar ko’proq qo’llanilib kelindi. Jahon didaktiklari keyingi yillarda ta’lim metodlari va ularning tasnifiga oid anchagina salmoqli ilmiy izlanishlar olib bordilar.
Key words: Alphabet, reading, student, teaching literacy, scientific, psychological, linguistic, writing, skill.
KIRISH
Ona tilini o’qitishda o’qituvchi bilan o’quvchining birgalikdagi faoliyatini tashkil etish shakllari, metodlari va usullari ta`lim tizimining takomillashuvi bilan bog’liq holda rivojlanib, yangilanib bormoqda. XIX - ХХ asrlarning oxirgi yillariga qadar ona tili o`qitishda tushuntirish bayon metodi, suhbat metodi, analiz-sintez metodi, mustaqil ish metodi, induktiv va deduktiv metodlar ko’proq qo’llanilib kelindi. Jahon didaktiklari keyingi yillarda ta’lim metodlari va ularning tasnifiga oid anchagina salmoqli ilmiy izlanishlar olib bordilar. Ular o’qitish metodlarini turlicha tasnif qilmoqdalar. Bir guruh olimlar (S.I.Perovskiy, E.Y.Golant) ta’lim metodlarini bilim olish manbaiga qarab, og’zaki, ko’rsatmali va amaliy metodlarga bo’lsalar, ikkinchi guruhdagi olimlar (M.A.Danilov, B.P.Esipov) ma’lum tipdagi darslarda bajariladigan o’quv vazifasidan kelib chiqib bilimlarni egallash, ko’nikma va malakalarni shakllantirish, egallagan bilimlarni mustahkamlash, malaka va ko’nikmalarni tekshirish va baholash kabi metodlarga ajratmoqdalar.
Y.K. Babanskiy esa ta’lim metodlarini uch katta guruhga ajratadi:
1. O’quvchilarning o’quv-biluv faoliyatini tashkil etish metodlari.
2. O’quvchilarning o’quv-biluv faoliyatini rag’batlantirish metodlari.
3. O’quvchilarning o’quv-biluv faoliyatini nazorat qilish metodlari.
To’rtinchi guruh olimlar (M.N.Skatkin, I.YA.Lerner) bilish faoliyatining o’ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib ta’lim metodlarini:
1.Tushuntirish-namoyish etish metodi.
2. Qayta xotiralash metodi
3. Muammoli bayon metodi.
4. Qisman izlanuvchanlik metodi.
Tadqiqot (izlanuvchanlik, ijodiylik) metodi kabilarga ajratadilar. Ta’lim metodlarining I.YA. Lerner va M.N. Skatkin tomonidan taklif etilgan ushbu tasnifi o’quvchilarning fikrlash faoliyatida tadqiqotchilik va muammoli vaziyat borligi bilan ajralib turadi. Mazkur tasnif til o’qitishning tabiatiga ham ancha mos tushadi. Shu bois ona tili o’qitishda I.YA.Lerner va M.N.Skatkin tasnifiga kengroq to’xtalamiz.
1. Tushuntirish-namoyish etish metodi. O’qituvchi tomonidan bilimlar tayyor holda beriladi. Ona tilining qonun-qoidalari o’qituvchi tomonidan tushuntiriladi va uni mustahkamlash maqsadida misollar keltiriladi. O’quvchilar bayon qilinayotgan bilimlarni tinglaydilar va xotirada saqlashga harakat qiladilar.
2. Muammoli bayon qilish metodi. O’qituvchi o’quvchilar oldiga ma’lum bir muammo qo’yadi va ularning mustaqil aqliy faoliyat ko’rsatishlarini ta’minlash orqali bu muammoni hal qilishga kirishadi. Ta’limning bu metodi o’quvchilar tomonidan o’quv materialining o’qituvchi rahbarligida mustaqil tahlil etilishi, kuzatilishi, guruhlanishi, umumlashtirilishi bilan ajralib turadi.
3. Qayta xotiralash metodi. Bu metodning o’ziga xos xususiyati shundaki, o’quvchi o’quv topshirig’ini egallangan bilimlarga asoslangan holda yoki berilgan namunaga qarab bajaradi. O’quvchi muayyan andoza asosida harakat qiladi.
4. Qisman izlanuvchanlik metodi. Ta’limning bu metodi shu bilan ajralib turadiki, o’qituchi dars jarayonida ma’lum o’quv muammosini qo’yadi, ammo uni mustaqil hal qilish yo’llarini ko’rsatmaydi. Har bir o’quvchi muammoni mustaqil hal qilish uchun o’zicha izlanadi. Ammo qiyinchilik tug’ilganda unga yordam ko’rsatiladi. O’quvchi bu yordamni o’qituvchining tushuntirishidan, o’quvchilarning o’zaro suhbatidan yoki darslikdan olishlari mumkin. Topshiriqni bajarish jarayonida olinadigan yordam metodni qisman ijodiy qilib qo’yadi.
5. Tadqiqot metodi. Bu metod o’quvchidan to’la ijodiylikni talab etadi. Yangi bilimni egallash maqsadida o’quvchi matnni mustaqil ravishda tahlil qiladi va o`zi shunday matnlar yaratadi. O’qituvchi tomonidan beriladigan ijodiy amaliy topshiriqlar ham hech qanday yordamsiz yoki namunaga asoslanmagan holda bajariladi. Mazkur tasnifning ustunligi shundaki, o`quvchilarning bilish faoliyatini bosqichma-bosqich faollashtirish nazarda tutilgan hamda unda o`quvchilarning qobiliyatlarini rivojlantirishga va o`quv faoliyati tarkibida tadqiqotchilik unsurlari bo`lishi zarurligiga e`tabor berilgan.
Yuqorida berilgan metod tasniflari ta`limning umumiy qonuniyatlaridan kelib chiqqan. Ularni boshlang`ich ta`limda o`qish darslarida badiiy matn ustida ishlashga va ona tilini o`qitishga tadbiq etish mumkin. Xususiy metodlar, shu jumladan, ona tili o`qitish metodikasi ham o`qitishning barcha masalalari qatori talim metodlarini tanlashda umumdidaktik sistemaga asoslansa-da, ammo uning o`ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadigan metodlari ham mavjud. Ona tili o`qitish metodikasida ta`lim metodlari kam o`rganilgan.
Metodist H.Rustamov bilimlarni olish manbaidan kelib chiqib, ona tili o`qitish metodlarini quyidagicha tasniflaydi: 1) o`qituvchining bayoni; 2) suhbat; 3) til hodisalarini kuzatish va analiz metodi; 4) grammatik tahlil; 5) darslik ustida ishlash; 6) ko`rgazmali qurollardan foydalanish; 7) sayohat. Bu metodlar, birinchidan, qayta xotirlashga asoslangan metodlar bo`lib, ular o`quvchilarda ijodiy qobiliyatlarini o`stirishga to`la muvofiq kelmaydi. Bu metodlarda, asosan, o`qituvchi faoliyati nazarda tutilgan; ta`lim jarayonining sub`ekti sanalgan o`quvchi e`tibordan chetda qolgan. Mazkur tasnifda o`quvchilarda izlanuvchanlikni shakllantirishga xizmat qiladigan muammoli bayon, qisman izlanuvchanlik, tadqiqot (izlanuvchanlik) metodlari tamoman o`z ifodasini topmagan.
Shuningdek, M.Yusupov, Q. Abdullayeva, K.Qosimova, R. Safarova kabi metodistlar boshlang`ich ta`lim ona tili darslarida qo`llanadigan metodlar va ularning tasnifi bo`yicha bir qancha fikr-mulohazalar bildirishgan. Ma`lumki, dars ikki yoqlama jarayon bo`lib, unda o`qituvchi faoliyati, balki o`quvchi faoliyati ham asos bo`lib xizmat qilmog`i lozim. Ona tili darslarida qo`llaniladigan o`qitish metodlari nafaqat bilimlarni bayon qilish yoki uni mustahkamlashga xizmat qilishi, balki o`quvchilarning mustaqil bilim olishini ham hisobga olishi, ta`lim jarayoniga izlanuvchanlik va tadqiqotchilik unsurlarini qo`shish orqali ularni ijodiy faoliyatga tayyorlashi lozim.
Ana shu nuqtai nazardan qaraladigan bo`lsa, ta`lim metodlarini ikki katta guruhga ajratish mumkin: 1. O`qituvchi faoliyati bilan bog`liq metodlar. 2. O`quvchi faoliyati bilan bog`liq metodlar. O`qituvchi faoliyati bilan bog`liq metodlarni: 1. Bilimlarni tayyor holda bayon etish metodlari. 2. Bilimlarni muammoli yo`l bilan bayon qilish metodlari.
O`quvhchi faoliyati bilan bog`liq metodlar o`z navbatida qayta xotirlash, qisman izlanuvchanlik va izlashga asoslangan metodlarga bo`linadi. Bilimlarni tayyor holda bayon qilish metodi ona tili darslarida eng ko`p qo`llanib kelinayotgan metodlardan sanaladi. Bayon yordamida murakkabroq, ayniqsa, o`quvchilarga oldindan ma`lum bo`lmagan ma`lumotlar izohlanadi.
Ko`pincha til hodisalarining mohiyatini tushuntirish, o`quvchilar bilimidagi bo`sh tomonlarni to`ldirish, qo`shimcha ma`lumot berish, savollarga javob qaytarish maqsadida bu metodga murojaat qilinadi. Bu metod ham ijobiy, ham salbiy tomonlariga ega. Uning ijobiy tomonlaridan biri vaqtni tejash imkoniyatini beradi. Bu o`z navbatida bilim, malaka va ko`nikmalarni mustahkamlash va takrorlashga ajratilgan vaqt miqdorini ko`paytiradi. Bilimlarni tayyor holda bayon qilishning salbiy oqibatlaridan biri esa bu jarayonda o`quvchining fikrlash faoliyati ma`lum darajada chegaralanishidir. Ko`p hollarda o`quvchi ta`lim jarayonining faqat tinglovchisiga aylanib qolishi mumkin. Bu metoddan foydalanish uchun quyidagilarga amal qilishni maqsadga muvofiq deb bilamiz:
1. O`qituvchining nutq madaniyatiga e`tiborini kuchaytirish. O`qituvchining nutqi mantiqiy talablarga javob berishi shart. Sodda, mazmunli, ifodali, izchil nutq o`quvchilarda bilimga nisbatan kuchli qiziqish uyg`otadi.
2. O`quv materialini qat`iy bir reja asosida bayon qilish (qat`iy reja asosida bayon qilingan fikrlarni o`zlashtirish o`quvchi uchun ancha qulay).
3. Bilimlarni tayyor holda bayon qilish: ishontirish va asoslashni talab etadi. Ishontirish va asoslash o`rganilayotgan materialga qiziqish uyg`otadi. Yuqorida sanalganlardan tashqari, til hodisalarini sharhlash maqsadida keltiriladigan misollarning ilmiy, badiiy va tarbiyaviy yo`nalishda bo`lishini ta`minlash, o`qituvchi bayoni bilan namoyish etiladigan vositalarni bir-biriga muvofiqlashtirish o`quvchining faollik darajasini oshiradi. Bilimlarni tayyor holda bayon qilishda o`quvchilar diqqatini o`rganilayotgan til hodisasining asosiy tomonlariga jalb qilish, o`rganilgan, o`rganilayotgan va keyinchalik o`rganiladigan til hodisalari o`rtasida mustahkam bog`lanishlarni vujudga keltirish ular faoliyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bayon qilish metodi ona tili darslarida qo’llangan asosiy metodlardan biri bo’lgan. Bunda o’qituvchi bayon qilishdan oldin o’quvchilarning o’rganilayotgan mavzu yuzasidan bilimlarini aniqlab olgan. Bu o’quvchilarni o’qituvchi bayonini kuzatib, tinglab borishga, faol bo’lishga undagan. Bunda o’qituvchi zimmasiga o’rganilayotgan grammatik mavzuning muhim o’rinlarini aniq, lo’nda, misollar tahlili bilan izchil bayon qilib berish vazifasi yuklangan. Boshlang’ich sinflarda bayon qilish metodi o’quvchilarning yoshi va eslab qolish holatidan kelib chiqqan holda 3-5 daqiqaga mo’ljallangan.
Bayon qilish metodini qo’llash holatlari hozir ham uchraydi. Suhbat metodi boshlang’ich sinflarda ona tilini o’qitishda keng qo’llaniladigan va shu bosqich o’quvchilari tabiatiga mos metod sanaladi. Suhbat metodi savol-javob metodi deb ham yuritilgan. Suhbat metodi o’qituvchidan mavzuning xususiyatini o’zida aks ettirgan o’quv materialini topishni, grammatik mavzuning muhim belgilarini aniqlash, ularning o’xshash va farqli jihatlarini ajratish, o’xshash va farqli jihatlariga qarab guruhlash, umumlashtirishga, xulosa chiqarishga yo’naltirilgan savollar tuzishni, ularni o’quvchilarga izchil berib borishni talab etadi. Boshlang’ich sinflarda suhbat metodining muammoli o’qitish metodi sifatida qo’llanilishi ta`limda o’quvchilarni faollashtirishga katta ta`sir ko’rsatadi.
Muammoli o’qitish metodiga amerikalik pedagog va psixolog Dj. D`yun 1894 yilda asos solgan. Bu metodning maqsadi ilmiy tushunchalarni o’zlashtirishga yordam berishgina emas, balki o’quvchilarning bilish qobiliyatini ham rivojlantirish, ijodiy qobiliyatlarini o’stirish hamdir. Bunda suhbat davomida o’qituvchining topshirig’i bilan o’quvchining oldiga biror muammo qo’yiladi va darsda muammoli vaziyat yaratiladi. Bu muammoni o’quvchi oldin egallagan bilimlari asosida hal etadi.
Boshlang’ich sinf o’quvchilarining hayotiy tajribalari kamligi sababli o’qituvchi muammoni hal qilishga yordamlashuvchi savollar beradi. Muammoni o’quvchi hal qila olmasa, uni o’qituvchining hal qilishiga to’g’ri keladi. SHuning uchun boshlang’ich sinfda muammoli o’qitish metodi yarim izlanishli metod deb ham yuritiladi. Ona tili darslarida bilimlarni muammoli yo`l bilan bayon qilish metodi. Ma`lumki, izlanishga asoslangan har qanday faoliyat sermahsul faoliyatdir. O`quvchi til hodisalarini tayyor holda o`zlashtirmay, o`zi izlansa, aktiv ijodiy faoliyat ko`rsatsa, o`zlashtirish jarayoni ancha samarali bo`ladi. Muammoli ta`lim ana shunday izlanish va ijodiy faoliyat ko`rsatish uchun yaxshi imkoniyat yaratadi. Bu metod shaxs va uning ijtimoiy faolligini har tomonlama rivojlantirish vositasi sifatida xizmat qiladi. “Muammoli ta`lim” tushunchasi pedagogik adabiyotlarda garchand keyingi yillarda paydo bo`lgan bo`lsa-da, ammo bu izlanuvchanlikka asoslangan g`oya ming yildan ortiqroq tarixga ega.
Adabiyotlar
1.Abdullaeva Q. Birinchi sinfda nutq o’stirish. –T.: O’qituvchi, 1968. –114 b.
2.Abdullaeva Q., SHodmonova SH., Yo’ldosheva SH. Savod o’rgatish metodikasi. –T.: O’zbekiston, 1996. –80 b.
3.Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. –T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1993. –188 b.
4.Alisher Navoiy. Lisonut tayr. matnni nashrga tayyorlovchi Vahob Rahmon. –T.: G’afur G’ulom, 1991. –462 b.
5.Yo’ldoshev M. Badiiy matn lingvopoetikasi. –T.: Fan, 2008. –160 b.
Download 18.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling