Farzandlarim meros talashmasin desangiz vorislik huquqiga oid amaliyotni vaqtida bajarish zarur Yaqin qarindoshlar orasida mol-mulk bilan bog‘liq nizolar uchrayotgani


Download 20.16 Kb.
Sana05.01.2022
Hajmi20.16 Kb.
#221380
Bog'liq
meros


Farzandlarim meros talashmasin desangiz vorislik huquqiga oid amaliyotni vaqtida bajarish zarur

Yaqin qarindoshlar orasida mol-mulk bilan bog‘liq nizolar uchrayotgani, oqibatda aka-ukalarning bir-biridan yuz o‘girishi kabi holatlar sodir bo‘layotgani sir emas. Buning asosiy sababi – odamlarimizning meros masalasiga jiddiy qaramasligida.
Misol uchun, ota vafot etib, undan farzandlarga uy-joy meros bo‘lib qoladi. Lekin bu mulk bo‘yicha vasiyat qoldirilmagani sababli farzandlar o‘rtasida o‘zaro nizo chiqadi. Ota bu nizoning oldini olish uchun hayotligida vorislik huquqiga oid amaliyotlarni amalga oshirganida aka-uka yoki opa-singillar o‘rtasiga nifoq tushmasdi.
– Meros bilan bog‘liq nizolar asosan bir oila a’zosi bo‘lgan vorislar o‘rtasida yuzaga keladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov. – Meros nizosida vorislar o‘zaro kelishganlari eng maqbul yechim hisoblanadi. Chunki nizolashish (sud tomonidan qonuniy yechim topilgan taqdirda ham) vorislar o‘rtasidagi qarindoshlik munosabatlariga, ular o‘rtasidagi mehr-oqibatga putur yetkazadi.
Meros mulki bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha sud amaliyoti tahlilidan ko‘rinishicha, bu borada nizolarning kelib chiqishiga aksariyat holatlarda vorislarning amaldagi qonun talablarini bilmasligi va biri boshqasining huquqini tan olmasligi sabab bo‘lmoqda.
Vorislik huquqiga doir qonun normalarini kengroq sharhlash va tushuntirish orqali amalda bunday nizolarning oldini olish mumkin.
Shuni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida “Vorislik huquqi” amaliy qo‘llanmasi hamda “O‘zbekistonda meros huquqi” broshyurasi tayyorlanib, chop etildi.
“Vorislik huquqi” amaliy qo‘llanmasi vorislik huquqi va uni himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan. Unda qonun va vasiyatnoma bo‘yicha vorislik, vasiyatnoma, uning turlari, vasiyatnomani rasmiylashtirish tartibi va ahamiyati, merosni qabul qilish bilan bog‘liq tartib, huquq va majburiyatlar yuzasidan tushuntirishlar berilgan. O‘quvchi uchun tushunarli, sodda va ravon tilda yozilgan. Sxemalar, savol-javoblar, sud amaliyotidan olingan muammoli vaziyatlar va ularning o‘ziga xos yechimi ham qamrab olingan.
Shu bilan birga, qo‘llanmada vorislik huquqi bo‘yicha yuzaga kelgan huquqiy munosabatlarning xalqaro kelishuv va shartnomalar asosida tartibga solinishi borasidagi ma’lumotlar o‘rin olgan. Meros huquqini amalga oshirish jarayonida tuziladigan hujjatlar, ushbu masalaga oid sud qarorlari namunalari, sohaga taalluqli me’yoriy-huquqiy hujjatlardan ko‘chirmalar keltirilgan.
“O‘zbekistonda meros huquqi” broshyurasida esa meros qilib qoldirish mumkin bo‘lgan mulklar, vasiyatnoma tuzishning muhim jihatlari va tartibi, merosni egallash, uning taqsimlanishi o‘rin olgan. Shuningdek, notariuslar notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun to‘lanadigan davlat boji miqdori va boshqa ma’lumotlar qiziqarli infografikalar, jadvallar, sxemalar va rasmlar yordamida aks ettirilgan.
Mazkur nashrlar aynan fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish orqali ular o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oilaviy nizolarning oldini olishga xizmat qiladi. Qo‘llanmalar mahallalar kutubxonalariga bepul tarqatildi.

Meros huquqi – qonun himoyasida

Bosh Qomusimizning 36-moddasida meros huquqi qonun bilan kafolatlanishi qayd etilgan.

Darhaqiqat, milliy qonunchiligimizda meros huquqini vujudga keltiruvchi turli mulk shakllari va mulkdorlar manfaati himoyasiga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Har bir shaxs mulkdor bo’lishga haqli. Mulkdor mulkiga o’z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.

– Qonunchilikka muvofiq, meros huquqi – mulkka nisbatan vorislikdir, vorislik esa vasiyat va qonun bo’yicha amalga oshiriladi, – deydi Fuqarolik ishlari bo’yicha Toshkent viloyati sudi sudyasi Sadir Tolipov. – Meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo’lgan, uning o’limidan keyin ham bekor bo’lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi. O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida vorislik huquqiga alohida bo’lim ajratilgan. Unda meros tarkibining barcha jihatlari qamrab olingan bo’lib, merosga egalik qilishga oid barcha zarur me’yorlar mavjud.

Shu o’rinda mustaqillik yillarida meros tushunchasi kengayganini aytib o’tish joiz. Ayniqsa, hayotimizga xususiylashtirishning kirib kelishi bunga keng yo’l ochdi. Avvallari uy-joy fondining asosiy qismi davlatga tegishli edi. Hozir bunga deyarli barham berildi. Uy-joylar fuqarolarimizning xususiy mulki bo’lib, vaqti kelib farzandlarga meros sifatida o’tadi.

Qonunlardan yaxshi xabardor fuqarolar o’zlaridan keyin farzandlari orasida turli nizo yoki kelishmovchilik kelib chiqishining oldini olish maqsadida vasiyat qoldirishga harakat qiladi. Bu yuzaga kelishi mumkin bo’lgan ayrim muammolarga o’z vaqtida barham beradi.

Vasiyat – fuqaroning o’ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasidir. Vasiyatnoma faqat shaxsan tuziladi. Ya’ni uning vakil orqali tuzilishiga yo’l qo’yilmaydi. Vasiyatnoma faqat davlat notariuslari tomonidan tasdiqlanganda yuridik kuchga ega bo’ladi.

Meros fuqaroning o’limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinganidan keyin ochiladi. Meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo’yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo’ladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug’ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradi.

Vasiyat mavjud bo’lsa, meros shu asosda taqsimlanadi. Ammo meros qoldiruvchining voyaga yetmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, farzandlikka olingan bolalari, shuningdek, eri (xotini) va ota-onasi, shu jumladan, uni farzandlikka olganlar, vasiyatnomaning mazmunidan qat’i nazar, majburiy ulush oluvchi merosxo’rlar hisoblanadi. Merosga majburiy ulush olish huquqiga ega merosxo’r uchun vasiyatnomada belgilangan har qanday cheklashlar va shartlar unga tegadigan merosning majburiy ulushdan ortiqcha qismiga nisbatangina haqiqiydir.

Sud amaliyotida meros bilan bog’liq nizolar ichida uy-joy bilan bog’liqlari talaygina. Tahlillarga nazar tashlasak, ayrim fuqarolar o’z mulkiga nisbatan egalik huquqini hatto rasmiylashtirmaganiga ham guvoh bo’lamiz. Ya’ni yer olib uy qurayotgan, ammo uni hujjatlashtirmayotgan fuqarolar hamon uchrab turadi. Mabodo bunday imoratlar belgilangan tartibga zid ravishda qurilgan bo’lsa, xususiy mulk maqomini ololmaydi. Bunday holatda uni meros sifatida qoldirib bo’lmaydi.

Ayrim fuqarolarning sohaga oid qonunchilikdan yaxshi xabardor emasligi ba’zi muammolarni keltirib chiqarayotganini aytib o’tish lozim. Misol uchun, ota vafot etib, undan uy-joy meros qoldi. Yillar o’tsa-da, farzandlar bir-biridan andisha qilib, merosga oid huquqiy ishlarni amalga oshirmaydi. Vaqti kelib, uy-joyga oid hujjatlarni aka-ukalardan birortasi, masalan, ularning kenjasi nomiga o’tkazmoqchi bo’ladi. Ammo merosga nisbatan bir necha kishining, akalarning ham huquqi bor. Chunki ular merosdan vaqtida voz kechmagan.

Qonunchilikka muvofiq, merosxo’r o’zining vorislikka chaqirilganini bilgan yoki bilishi lozim bo’lgan kundan boshlab olti oy ochida merosdan voz kechishga haqli. Uzrli sabablar bo’lsa, bu muddat sud tomonidan ko’pi bilan ikki oyga uzaytirilishi mumkin. Merosdan voz kechish merosxo’r tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi. Merosxo’rlar merosdan voz kechishi uchun o’ziga berilgan muddat o’tganidan keyin bunday huquqni yo’qotadi. Bunday holatda qonun barcha merosxo’rlardan merosning o’ziga tegishli qismini tasarruf etishni talab qiladi. Shuni ham ta’kidlash kerak, qonunga binoan merosxo’r merosdan voz kechgan bo’lsa, unga qayta da’vogarlik qilolmaydi.

Misol uchun, Zangiota tumanining “Xonobod” qishlog’idagi bir xonadonda uch nafar farzand tug’ilib, voyaga yetgan. Ulardan ikkitasi alohida uy-joy qurib chiqib ketgan. Ota-ona vafotidan keyin shu uyda qolgan uka o’z oilasi bilan yashay boshlaydi. Ammo merosxo’rlardan birortasi meros masalasida tegishli idoralarga murojaat qilmaydi va mazkur uy-joyga nisbatan meros huquqi ochilmasdan qolib ketadi.

Kutilmaganda ukaning yolg’iz farzandi olamdan o’tadi. Katta hovlida kampiri bilan yolg’iz qolgan otaxon singlisining qizini oilasi bilan o’z uyiga ko’chirib keladi. Jiyan kelishi bilan uy-joyga tegishli hujjatlar bilan qiziqadi va xonadonga oid huquqiy ishlarni amalga oshirishga kirishadi. Meros masalasi ochiladi. Jiyan onasi vafot etgani, uning farzandi sifatida davlat notarial idorasiga meros huquqiga oid guvohnoma berishini so’rab murojaat etadi. O’z murojaatida o’zidan boshqa merosxo’rlar borligini ham ma’lum qiladi. Shunda barcha merosxo’rlar bu masalada ogohlantiriladi. Shunda jiyanning tog’alari, jumladan, boshqa merosxo’rlar mazkur merosdagi o’z ulushidan voz kechish haqida notariusga ariza bilan murojaat qiladilar. Shundan keyin jiyanga meros huquqi to’g‘risida guvohnoma qonuniy tartibda beriladi.

Oradan ancha vaqt o’tib, jiyan eski hovlini buzib, yangi imorat tiklashga kirishadi. Yangi hovli bitgach, arzimagan kelishmovchilik tufayli tog’alardan birining fe’li ayniydi. Shunda bu yer, hovli menga otamdan qolgan-ku, nega endi o’z nomimda bo’lmasligi kerak, degan fikrga keladi. Bu haqda u sudga murojaat qiladi. Lekin, afsus, g’isht qolipdan ko’chgan, endi uyning haqiqiy egasi jiyan edi. Qolaversa, tog’a vaqtida o’z ulushidan voz kechgan. Shu asoslarga tayangan Fuqarolik ishlari bo’yicha Zangiota tumani sudi tog’aning da’vosini rad etdi. Fuqarolik ishlari bo’yicha Toshkent viloyati sudi apellyatsiya instansiya sudi ham tuman sudining asosli qarorini o’zgarishsiz qoldirdi.



Fuqarolar hayotiy masala hisoblangan mulk, meros huquqlariga befarq qaramay, bu boradagi qonun-qoidalardan yaxshi xabardor bo’lsa va ularga amal qilsa, pand yemaydi.

Foydalanilgan adbiyotlar

1.O’zbekiston Respublikasi Fuqorolik kodeksi

2. Fuqorolik huquqi (maxsus qism) I.B.Zokirov 2006 y.
Download 20.16 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling