Huvaydo lirikasi Uvaysiy ijodiy merosi Huvaydo lirikasi


Download 24.49 Kb.
Sana07.05.2020
Hajmi24.49 Kb.
#103865
Bog'liq
Roziqov shahboz-201-guruh


Oraliq nazorat savollari.

  1. Huvaydo lirikasi

  2. Uvaysiy ijodiy merosi

Huvaydo lirikasi

Huvaydo (taxallusi; asl ismi Xo’janazar G’oyibnazar o’g’li) (1704 — O’sh shahrida tug’ilgan-1780/81, Farg’ona viloyati Chimyon qishlog’ida vafot etgan.) — shoir, tasavvuf she’riyatining yirik vakili. Huvaydo mumtoz she’riyatning deyarli barcha janrlarida ijod qilgan. Huvaydo she’rlari vafotidan so’ng nabiralari tomonidan devon holiga keltirilgan. Unga shoirning 351 g’azal, 28 ruboiy, 41 to’rtlik, 3 muxammas, 1 musaddas, 1 musamman, 1 mustazod, 3 masnaviy hamda ahloqiy-didaktik mazmundagi “Rohati dil” manzumasi kiritilgan.

Huvaydo mumtoz adabiyotimizdagi didaktik nasrchilik hamda epik dostonchilik an’analarini davom ettirib “Rohati dil” hamda “Ibrohim Adham” asarlarini yaratdi. Insoniyatni loqaydlik, jaholat, g’aflat tanazzulga yetaklaydi. Ezguliklardan yiroqlashtiradi. Ma’naviy qashshoqlikka mahkum etadi. Shuning uchun ham mumtoz adabiyotimiz vakillari barkamol insonni tarbiyalashni muhim vazifa, burch deb bilishgan. Zamondoshlariga kamolotga, ma’naviy xazinalarga yo’l ko’rsatishgan. Jumladan, Huvaydo “Rohati dil” dostonini ham xuddi shu muammolarga bag’ishlagan. Uning masnaviy yo’lda yozilgan ushbu dostoni xalq orasida mashhur. U she’rlaridagi mazmun, g’oyani to’ldiradi, teranlashtiradi. Shoir dostoning yozilish sababiga alohida kichkina bob bag’ishlaydi. Undan biz shoirning nasl-u nasabi, tug’ilgan joyi, ismi sharifi haqidagi ma’lumotlarni bilib olamiz. “Rohati dil” dostonini falsafiy-tasavvufiy ruhdagi asar bo’lishi bilan birga, unda shoir tarjimayi holiga dahldor o’rinlar ham bor. Kitobning yozilish sabablari ham doston muqaddimsidan anglashiladi:

Kitobimning otidur “Rohati dil”

Erur har bir so’zi tanbehi g’ofil…

Demak, shoirning “Rohati dil” ni yozishdan maqsadi zamondoshlarini ma’naviy g’aflatdan uyg’otish. U asarni dastlab nasrda yozgan. Keyinchalik talab va takliflarni inobatga olib, uni nazm yo’li bilan qayta yaratgan. Shoirning butun umri kechgan Chimyon shahri aholisi turkigo’y bo’lgani sababdan dostoni turkiy tilda yozilgan. Doston 30 bobdan va Ibrohim Adham hikoyatidan iborat. Asar an’anaviy tarzda Ollohga hamd va payg’ambarlarga na’t bilan boshlangan. Keyin chahoryorlar - Abu Bakr Siddiq, Umar, Usmon va Alining ibratli faoliyatlari bayoni berilgan. Shariat qonun-qoidalari, talablari sharhlangan. Shundan so’ng bir qancha pandnoma hikoyatlar keltirilgan. “Rohati dil” asarining g’oyasini insonning ichki dunyosini boyitish, islom shariati ruknlariga ongli ravishda chuqur e’tiqod bilan amal qilish kabi mavzular tashkil etadi. Ulardagi obrazlarning bir guruhi iymon, soflik, halollik, poklik, insoniylik, ikkinchi guruhi esa g’azab, nafrat uyg’otuvchi obrazlardir. Shunday qilib, manzuma ko’p asrli adabiyotimizda qalamga olinib, tashviq-targ’ib etib kelingan shariat yo’riqlarini adabiy vositalar, obrazlar, she’r orqali xalqqa ta’sir o’tkazishga bag’ishlangan asardir. “Rohati dil” diniy-didaktik asar bo’lib, unda islom va tasavvuf ta’limotining umuminsoniy g’oyalari ibratli hikoyalar vositasida tahlil etiladi. Mol-dunyoga hirs qo’yish, nafsga qul bo’lishning oqibatlari, bilim olishning ulug’ligi, ilm ahli izzatini o’rniga qo’yish; ota-ona oldidagi farzandlik burchini ado etib, roziligini olish; qo’ni-qo’shnilarning bir-biriga mehr oqibatli bo’lishi; er-u xotinning bir-biriga meht-muhabbatli , izzat-hurmatini joyiga qo’yishi; riyokorlik, xiyonat, ta’magirlik, takabburlik, munofiqlik kabi inson tabiatidagi fazilat-u qusurlar asarning markazida turadi. Bu muammolarning har biri qisqa hajmli hikoyalarda xalqona uslubda sodda, tushunarli tilda bayon etib beriladi. Bu asar komil insonni tarbiyalashga qaratilgan. Inson o’z-o’zini tanishga, tabiatidagi nuqsonlarini yo’qotishga da’vat etiladi. Asar yaxlit syujet chizig’iga ega emas. Ammo undagi fikr, g’oya, mazmunni birlashtirib turadigan yagona umumlashma - komil inson tarbiyasi masalasi bor. “Rohati dil” dostoni yuqorida aytilganidek, 30 bobdan iborat bo’lib, hamd va na’t bilan boshlangan. So’ngra “Hikoyati tobuti Jabroil alayhissalom” keladi. Hikoyatda aytilishicha, Jabroil alayhissalom Muhammad Mustafoga bir tobut keltirib, bu o’lim belgisi ekanini aytadi. Shunda Payg’ambar o’lim haqligiga iymon keltirish bilan birga, men bu dunyodagi barcha g’arib-qurobolar bilan birgaman. Ularni razolatga tashlab, o’zim arshi a’loga keta olmayman, men ularga shafoat etishim, bu imtihon-duyodin o’tishda haq yo’lga yo’llashim kerak mazmunida javob beradi.

“Rohati dil” ko’p asrlik adabiyotimizda mavjud bo’lgan din tarixini adabiy orqali o’rganishga qaratilgan asardir. Afsuski, zamona zayli bilan bu doston o’z vaqtida nashr qilinmay kelingan. Vaholanki, bu kitobda insonning falsafiy dunyoqarashi, yaratuvchiga bo’lgan eng nozik dil tuyg’ularini, qolaversa, iymondagi sobitlik, toat-ibodat, halollik,, rostgo’ylik, poklik kabi har bir musulmon farzandi bilishi ham farz, ham qarz bo’lgan eng yaxshi insoniy xislatlar kuylangan. Asar maxsus yaxlit bir syujet va kompozitsiya chiziqlarida tizilmagan bo’lsada, hikoyatlardagi o’zaro bog’lanish, aniqrog’i, har bir rivoyatning mazmunan uzviy bog’lanib birma-bir bayon etilishi shakl bilan mazmunning uyg’unligidan dalolat beradi. Asarda fikr-g’oyalarni umulashtirib, birlashtirib turuvchi reja bor. U KOMIL INSON masalasi. Asarning markazida, musulmon olamidagi Olloh yaratgan banda- inson yotadi. Asardagi barcha hikoyatlar, mav’izalar, fikrlar kamolotning mohiyati, shartlari, belgilarini yoritishga qaratilgan. Musulmon dunyosida amalgam oshiriladigan har bir savobli, xayrli ishning “Bismillohir-rahmonir rahim” ilohiy jumlasi bilan boshlanishi muqaddas an’anadir. Sharq dostonchiligida o’rta asrlarda barcha sarlar xudoning madhi bilan boshlangan. Huvaydo ham o’z dostonini shu an’anaga amal qilgan holda Olloh hamdi bilan boshlaydi. Unda shoir hamma narsani yaratgan Xudoning osmon va quyoshdan tortib har bir zarrani, butun o’simliklar,va hayvonot olamini, kishilik jamiyatini o’z yuksak aqli, har bir insonga mehri bilan boshqarib, harakatga keltirib, bir-biriga bog’lab, qovushtirib turishini katta zavq-shavq bilan tasvirlagan. Ollohning shunday mehribonchiligi uchun olamdagi hamma narsa har bir zarra unga minnatdorchilik bildirib, shukr etib, unga hamd-u sano o’qigan.

Sanov-u hamd xalloqi jahong’a,

Ki hukm ko’rsatib yaxshi yamong’a.

Tutibdur besutun ko’kni muallaq,

Borib shams-u qamar dunyoga ravnaq.

Aytish kerakki, Allohni anglash va unga mehr qo’yish, Allohga xos yuksak sifatlarni ulug’lash diniy-tasavvufiy adabiyotga xos an’anaga aylangan. Ollohning, shubhasiz, birligi va tanholigini bayon etishda Huvaydo salaflariga ergashdi. Adabiy an’anaga ko’ra Huvaydo Xudoning madhidan so’ng Islom dinining asoschisi Muhammad payg’ambar madhiga o’tadi. Shoir ‘’Fi na’ti Rasululloh sallollohu alayhi va sallam” qismida payg’ambarimizning sifatlari bayon qilingan. Alloh Muhammad payg’ambarning vujudida barcha yaxshi xususiyatlarini zohir etgani, shu asosda “Xudoning do’sti” (“habibulloh”) darajasiga ko’tarilgani, uning onadan bamisoli bir oftob bo’lib tug’ilgani hamda oxir zamon payg’ambari ekanliklari haqida hikoya qiladi.

Durdi beadaddur Mustafog’a,

Habibi Haq nigini anbiyog’a.

Sharofat bobida uldur yagona,

Erur payg’ambari oxir zamona…

Shundan so’ng Huvaydo payg’ambarning izdoshlaridan Abu Bakr Siddiq, Umar, Usmon va Ali, Imom Hasan va Husayn haqida, ularning Islom ishiga fidoyiligi, sadoqati haqida ham iliq fikrlarni bayon qiladi.

Xo’janazar Huvaydoning “Rohati dil” asaridagi axloqiy-ta’limiy masalalardan biri til va so’z muammosi bo’lib, unda kishilar o’rtasidagi muomala-munosabat madaniyatining eng oddiy ko’rinishidan eng yuksak insoniy fazilatlari haqida fikr yuritiladi. Unda shoir tilning, ya’ni so’zlashning fazilatlari va qusurlari haqida fikr yuritadi. Til bilan inson ro’shnolikka chiqadi. Ilohiy ne’mat bo’lgan so’zni har bir inson qadrlamog’i kerak.:

Amalning yaxshisi zinhor, ey yor,

Dedi oz so’zlamak Sultoni abror.

Tan ayturki kam so’zlagil, ey til.

Bo’lur yuz ming gunohlar sanda hosil…

Kishi ko’p so’zlasa tortar azani,

Eshitur xalq aro ko’p nosazoni.

Huvaydo “Rohati dil” dostonida insonni komillikka yetaklovchi xususiyatlar, uning ruhini nopoklikdan xalos etish kabi muhim masalalar xususida o’zining umrboqiy fikrlarini bayon etadi. Shubhasiz, shoir bunda Qur’oni karim, Hadisi sharif va tasavvuf ta’limotiga tayanadi. “Rohati dil” Huvaydo ijodidagina emas, umuman, o’zbek adabiyoti tarixida ham o’zining munosib o’rniga ega bo’lgan asardir. Asar islomiy g’oyalarni targ’ib qilish an’anasiga ko’ra “Hayrat ul-abror” ning hamd-u na’tida ta’riflangan fikrlarga yaqin turadi. Lekin har ikki shoirning diniyfalsafiy qarshlari o’ziga xos uslubda bayon etilgan. Agar Alisher Navoiy diniy qoida va tushunchalarni badiiy tasvir, falsafiy kechinmalar bilan idrok etsa, shu asosda odamlarda islom diniga e’tiqod ruhini kuchaytirsa, Huvaydo diniy qoida va tushunchalarni shariat nuqtai nazaridan targ’ib qiladi, ularni mulohaza yuritish asosida idrok etish emas, balki ko’proq to’g’ridan-to’g’ri amal qilishga da’vat etadi.

Huvaydoning quyidagi g’azal va ruboisida ham, “Rohati dil” dostonidagi kabi tasviriy vositalardan foydalanish san’at darajasiga aylanishi uning mohir so’z san’atkori bo’lganligini ko’rsatadi:

Hech kimga so’zlamasdim, dod etdurdi falak,

Ko’p xaloyiq oldida faryod etdurdi falak.


Arzi holim yetkudek bir yori hamdam topmadim,

Shod ko’nglimni, netay, noshod etdurdi falak.


Man g’aribu xastani hardam firoq o’ti bilan

Kuydirib, ko’kka kulum barbod etdurdi falak.


Soldi ko’ngil saydig’a har lahza g’am shahbozini,

G’amni man bechorag’a sayyod etdurdi falak.


Ey Huvaydo, bo’lma qul bu charhi kajraftorg’a,

Lahzada yuz shevalar bunyod etdurdi falak.


***
Xoliqo, lutfu inoyat aylagil.

Jumla mo’minlarga rahmat aylagil.

Tongla ko’frikdin salomat o’tkarub,

Jannat ul-firdavs karomat aylagil.



Uvaysiy ijodiy merosi

Oʻzbek adabiyoti tarixida mumtoz oʻringa ega boʻlgan Jahon otin – Uvaysiy XVIII asr oxiri XIX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan mashhur oʻzbek shoirasidir. U Margʻilon shahrining Childoʻxtaron mahallasida, taxminan 1779 yillarda dunyoga kelgan. jahon otinning otasi toʻquvchi, ham kosib boʻlib, oʻzbek va tojik tillarida sheʼrlar yozgan, onasi Chinnibibi esa oʻz davrining donishmand ayollaridan boʻlib, maktabdorlik qilgan. Jahonbibi oilada xat savodini chiqarib, soʻng onasining yonida maktabdorlik qilgan, akasi Oxunjon hofiz yordamida kuy-musiqaga ham ragʻbat paydo qilgan. Jahonbibining hayot yoʻldoshi Tojixon juda erta vafot etgach, u qizi Quyosh va oʻgʻli Muhammadxonlarni oʻzi tarbiyalab voyaga yetkazgan. Jahonbibi oila aʼzolarining taʼsirida koʻproq shaxsiy mutolaaga berilib, oʻzbek, tojik va ozarbayjon allomalarining asarlarini muhabbat bilan oʻqib, Vaysiy, Uvaysiy taxallusi bilan sheʼrlar yoza boshlaydi va tez orada shoira, otin sifatida taniladi.

Uvaysiyning hayoti oʻz davrida Markaziy Osiyoning katta ilm-fan va madaniyat markazlaridan boʻlgan Margʻilon hamda Qoʻqonning isteʼdodli adib va shoirlari davrasida oʻtdi. U Mohlaroyim – Nodira bilan ijodiy hamkorliqda boʻlgan. Saroyda sheʼriyat ilmidan dars berib, ustozlik qilgan. U Nodira bilan Konibodom, Xoʻjand, Oʻratepa, Toshkent, Andijon kabi shaharlarda boʻlib, ijodiy doiralar va ziyolilar bilan munosabat oʻrnatgan. 1842 yili Buxoro amiri Nasrullaxon Qoʻqonni egallagach, Margʻilonga qaytib umrining oxirigacha shu yerda yashagan. Oltmish yildan koʻproq umr koʻrgan Uvaysiydan bizga kattagina adabiy meros yetib kelgan. Uning qoʻlyozma devonlari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va Andijon Davlat Pedagogika instituti kutubxonasida saqlanmoqda. Shoira devonining qoʻlyozmalarini aniqlash, ommalashtirish va tadqiq etishda akademik A. Qayumov, professor H. Razzoqov va E. Ibrohimovalarning xizmatlari kattadir. Shoiraning 4 ta devon tuzganligi maʼlum. Uvaysiy ijodining gʻoyaviy-badiiy mohiyatidan oʻzbek mumtoz adabiyoti anʼanalarini ijodiy davom ettirganligi koʻrinib turadi. Shoiraning Navoiy, Fuzuliy gʻazallariga bogʻlagan koʻplab muxammaslari va naziralari, Bedil sheʼrlariga izdoshligi Uvaysiyning poetik balogʻatidan dalolat beradi. Shoira adabiyotda taraqqiyparvar namoyandalarning qarashlari asosida maydonga kelgan inson taqdiri, shaxs erki va maʼrifatparvarlik gʻoyalarida latif va dilkash asarlar yaratadi, asarlarida insonni eʼzozlash, odamning tabiat va hayot noz-neʼmatlaridan bahramand boʻlishga undash, doʻstlik, vafo va sadoqat kabi oʻzining ulugʻvor niyatlarini Qurʼon oyatlari, hadislar va tasavvufiy talqinlar bilan asoslagan holda ijodiy barkamollikka erishdi. Uning sheʼrlarida tariqatning talab va qoidalariga taalluqli boʻlgan talqinlar koʻp uchraydi. Shoira shunday yozgan edi:

Fano mardumlarini sirridin hech kimsa yoʻq ogoh,

Qabih guftor mardumdin koʻngul dogʻ oʻddi, dogʻ oʻldi.

Shoiraning bu kabi orifona satrlari Alisher Navoiyning insonni komillik yoʻlidagi izlanishlarida tasvirlagan – yuz kufirga ketganda ham bir tavba qilishni xayoliga keltirmaydigan, pokni nopokdan ajrata bilmaydigan dilozor kishilarni qattiq qoralagan satrlariga hamohangdir.

Uvaysiy oʻz asarlarida insonga xos boʻlgan ilohiy muhabbat tuygʻularini eʼzoz bilan kuylaydi. Tabiatning hisobsiz goʻzalliklari mavjida ishq hissiyoti ham shaloladek tugʻyon uradi. Bu ishq-sevgi hayotni qadrlashga, uning lazzatlaridan bahramand boʻlishga chaqiradi. Shoira muhabbat tuygʻulari zavqiga berilib, bora-bora uning nozik qaʼriga nazar tashlaydi:

Zaboningni keturgil, ey shakarlab toʻgi guftora,

Nechukkim marhamat oʻlsun necha mendek dil afgora.

Nigohing tashlagʻil, lutf aylabon, ey shoʻxi beparvo,

Yoʻlingda intizor oʻlgʻon meni bul oshiqi zora.

Uvaysiy dastlab yuksak odamiylikni, shu odamiylikni qalb toʻrida avaylovchi vafodor yorni ulugʻlar ekan, uni quyosh bilan qiyos qiladi. Quyosh har tong ufqdan bosh koʻtarib oʻzining otashin nuri bilan olamga, odamlarga oʻz mehr va shafqatini sochadi. Shoira yor va oftob tashbehlarini qarshilantirish sanʼati orqali katta mahorat bilan eng goʻzal tuygʻular silsilasini guldasta qiladi. Uning lirik qahramoni mushohadakor donishmand, vafoli oshiq. Shuning uchun ham shoira:



Vaysiy, boshing uzra qoʻy, xurshed talʼat yorni,

Bilmadingmu zarralar boshinda dastor oftob,

deb vafoli yorni eng zarif satrlar bilan ulugʻlaydi. Uning uchun yor bilan suhbat, doʻst bilan mubohasa, dilkash mutrib taronalari yuksak bir sharafdir.

Maʼlum boʻlishicha, Uvaysiy uzoq vaqt maktabdorlik ham qilgan. U oʻz davrining yosh toliblariga Alloh kalomi boʻlgan Qurʼon va hayot goʻzalliklaridan saboq bergan. U talabalar uchun tez fikrlash, chiroyli soʻzlash va boshqa taʼlim-tarbiya vositalari bilan bogʻliq boʻlgan chiston-topishmoqlar yarattan. Uning anor haqidagi mashhur chistoni oʻzining muhim mazmuni va yuksak badiiyligi bilan shoira ijodining yorqin bir sahifasi sifatida koʻzga tashlanadi:

 

Bu na gumbazdur, eshigi, tuynugidin yoʻq nishon,



Necha gulgunpoʻsh qizlar manzil aylabdur makon?

Tuynugin ochib alarning holidan olsam xabar,

Yuzlarida parda tortugʻliq tururlar bagʻri qon.

 

Uvaysiyning lirik sheʼrlaridan tashqari “Shahzoda Hasan”, “Shahzoda Husan” kabi liro-epik asari va “Voqeoti Muhammad Alixon” kabi tarixiy dostonlari mavjud. Shoiraning liroepik dostonlari islom tarixi bilan bogʻliq voqealar asosida yaratilgan boʻlib, bu Uvaysiyning oʻz davrini bilimdon otini – muallimasi va dinimiz tarixidan chuqur xabardorligidan dalolat beradi. Uvaysiy hayotiylik davridayoq nafis lirikasi bilan mashhur boʻldi va zamondoshlarining eʼtiborini qozondi. Uning zamondoshi va izdoshi shoira Dilshod Barno oʻzining Nodirabegimga bagʻishlangan “Tong mahal chiqdi haramdin turfa moh” deb boshlangan gʻazalida Nodira bilan bir qatorda Uvaysiyni ham juda katta eʼzoz bilan xotirlaydi:



Kim? – dedim, Nodira – dedilar ani,

Yonida Vaysiy turur olampanoh.

Har biri ming shoira oʻrnidadur,

Ikkovi birla tulur har borgoh.

  Uvaysiy asarlari oʻzining latif mazmuni va dilkash badiiyligi bilan davrlar osha muxlislar qalbiga bitmas-tuganmas estetik zavq bagʻishlab kelmoqda. Ular xalq ommasi orasida keng yoyilgan, hofizlar, xonandalar tomonidan maqom va xalq ohanglari bilan hozirgacha kuylanib keladi.


201-guruh talabasi



Roziqov Shahboz.
Download 24.49 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling